Bolalar tarbiyasiga doir foydali maslahatlar
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Farzandlaringiz o‘rtasida adolat qilinglar». Imom Muslim rivoyat qildilar. Bashir roziyallohu anhuning ayollari: «Mening bolamga xizmatkor sovg‘a qiling va bu narsaga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni guvoh qiling», – dedi. Bashir roziyallohu anhu Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga keldilar-da: – Falonchining qizi (ayollarini aytayaptilar – tarj.) o‘zining o‘g‘liga xizmatkor tuhfa etishimni so‘rayapti… – dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): – Uning aka-ukalari bormi?, – deb so‘radilar. Bashir dedilar: – Ha. – Ularning hammalariga ham bunga qilganingdek tuhfa qilganmisan? – deb so‘radilar Rasululloh. – Yo‘q. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): – Bunday qilish yaramaydi, men faqatgina haq narsaga guvohlik qilaman, – dedilar. Imom Ahmad rivoyatlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Meni javrga guvoh qilma, albatta, bolalaringning sendagi haqqi ular orasida adolat qilishingdir», – dedilar.
Shuningdek, muqaddas dinimizda qiz farzandlarga alohida e’tibor berishligi haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) shunday marhamat qilganlar: «Kimning bir qiz farzandi bo‘lib, unga yaxshi ta’lim, go‘zal tarbiya hamda Alloh taolo unga ato etgan ne’matlaridan qiziga ham sarflasa, Qiyomat kuni shu qizi uning uchun do‘zaxdan to‘suvchi parda bo‘ladi» (Tabaroniy rivoyati).
Bayhaqiy rivoyat qildilar: Anas roziyallohu anhu dedilar: Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga o‘tirgan edi, uning o‘g‘ilchasi kelib qoldi va u o‘g‘lini o‘pdi-da, bag‘riga olib o‘tqazdi. Keyin uning qizchasi keldi, u qizchasini oldi-da, yoniga o‘tqazdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Sen ular o‘rtasida adolat qilmading», – dedilar. Salaflar bolalarini o‘pishda ham ular o‘rtasida adolat qilishni yaxshi ko‘rishardi.
Muslim Atayev,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo bo‘limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor...”.
Izoh: Ulamolarning aytishlaricha, yaxshilik (hasanot) – niyat va ixlosga bog‘liq holda ko‘payib ketishi mumkin. Yomonlik esa – bir marta yoziladi, lekin agar banda tavba qilsa, u gunoh ham kechirilishi mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim bir yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilmasa, unga bitta yaxshilik deb yoziladi. Kim bir yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilsa, unga o‘n barobardan yetti yuz barobargacha deb yoziladi. Kim bir yomonlikka shaylansa-yu, uni qilmasa, yozilmaydi. Agar uni qilsa, yoziladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yuqoridagi oyatning to‘lig‘i: “Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).