Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyun, 2025   |   10 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:56
Xufton
21:33
Bismillah
06 Iyun, 2025, 10 Zulhijja, 1446

Bu dunyo yo‘lovchisi

15.11.2017   5599   5 min.
Bu dunyo yo‘lovchisi

Ne rahraveki, toji hidoyat boshidadur,

Yo‘q bok anga havodisi aflok toshidin.

Hudhudki, qo‘ydilar azaliy toj boshig‘a,

Tushgaymu jola yoqqon ila toj boshidin.        

Ruboiy, tuyuq, fard va qit’a kabi kichik she’riy namunalar shoirdan  katta ma’noni yuklash mahoratini talab etadi. Bor-yo‘g‘i to‘rt satrdan iborat mazkur qit’ada shunday holni kuzatish mumkin. Birinchi satrdagi “rahrav” forsiy tilda yo‘lovchi, sayyoh ma’nosini beradi. Ammo u dunyo kezadigan oddiy kishidan farq qiladi. Dunyo yaralibdiki, yer yuzida yashayotgan odamlarning har biri uning yo‘lovchilaridir. Bu yo‘lning boshi beshik, oxiri qabrga borib tugaydi. Ammo bu yo‘ldagi yo‘lovchilarga taqdir azal ikki yo‘ldan biridan yurish ixtiyorini berdi. Biri hidoyat yo‘li, yana biri zalolat yo‘lidir. Qit’ada tilga olingan yo‘lovchi hidoyat – to‘g‘ri yo‘lda yurish tojini boshiga kiyib olgani bois unga zamon hodisalari ta’sir qilmaydi. Ya’ni u o‘z yo‘lida tinch-xotirjam holda davom etib, ortiqcha bezovta bo‘lmaydi. Alloh taolo O‘z dargohi ilohiysidan badarg‘a qilganida “(Iblis) aytdi: «Ey Rabbim! Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga)  yerdagi  (barcha  gunoh  ishlarni)  chiroyli  ko‘rsatib  qo‘yurman  va  albatta,  ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman” (Hijr surasi, 39-oyat). Shayton qutqu va vasvasa solib hidoyat yo‘lidan ozganlar zalolat yo‘lini tanlab adashadilar. Chunki shu ikkisidan boshqa yo‘l yo‘q.   

Mazkur qit’ada “toji hidoyat”ni boshiga kiygan yo‘lovchi va uning bu dunyo yo‘lini qanday o‘tishi haqida so‘z bormoqda. U to‘g‘ri va haq yo‘lni tanlaganidan turli sinovlarga yo‘liqadi, dunyo va zamon hodisalari unga zarar yetkazish uchun boshiga toshdek yog‘iladi, qalbini shubha va vahima egallaydi. Lekin u bu yo‘ldan og‘ib, egri yo‘lga o‘tmaydi. Mumtoz adabiyotimizda bunday yo‘lovchini Hudhud qushga o‘xshatilishi bejiz emas. Ilmiy va badiiy manbalarda Hudhud – qushlarning murshid-rahbari bo‘lib, ularni ko‘zlangan manzilga to‘g‘ri va haq yo‘ldan eson-omon yetkazib boradi. To‘g‘rilik va rostlik timsoliga aylangan Hudhud qushlarni manzilga eson-omon yetkazib borishi badiiy adabiyotda ko‘p tasvirlangan. Haq yo‘ldan yurish Hudhudga azaliy toj sifatida taqdim etilgani uchun u boshqalarni ham haq yo‘ldan yurishga undaydi. Ammo bu dunyoga kelganlarning hammasini haq va to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi, mashaqqatlarga sabr-toqat qiladi, deb bo‘lmaydi. Nafs ularga Alloh taolo buyurgan yo‘ldan emas, balki shayton da’vat etgan egri va qing‘ir yo‘lni tanlashni chiroyli qilib ko‘rsatadi. Bu yo‘ldan biri abadiy baxt-saodat va rohatga olib borsa, yana biri abadiy xorlik va azob-uqubatga yo‘liqtiradi.

“Lison ut-tayr” dostonida bayon etilishicha, bir gala qushlar Hudhudning oldiga kelib, undan o‘zlariga yo‘lboshchi bo‘lishini so‘rashadi. Hudhud bunga rozi bo‘lib,  ularga yo‘l azobi, qiynog‘i va undan o‘tish oson bo‘lmasligini xabar beradi. U qushlarga aytib bergan yo‘ldan o‘tishda ko‘plab to‘siqlar uchrashi va unda yurish qiyinligini ma’lum qiladi. Majoziy tasvirlar asosiga qurilgan yo‘lda ko‘p qushlar manzilga yeta olmay ora yo‘lda qolib halok bo‘ladi. Navoiy bobomiz “Xamsa” dostoni muqaddimasida haq yo‘lni tanlaganlarni “ahli qabul”, zalolat yo‘lini tanlaganlarni “ahli rad”, deb ataydi. Ya’ni ayni haq yo‘lni tanlab, boshiga hidoyat tojini kiyib yo‘lga tushganlar sinov-imtihon, balo va musibat kelganida dovdiramaydi, o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, Haqni yoddan qo‘ymaydi, yo‘lda yurish barobarida Haqqa iltijo qiladi, yaxshilik va ne’mat yetganida shukr qilib, Uni ulug‘laydi. Shuning uchun mazkur qit’a to‘g‘ri va haq yo‘lni tanlaganlarni maqtalmoqda.

Ota-bobolarimiz to‘g‘ri yo‘ldan yur, egri yo‘ldan qoch, deb uqtirishida ham shu ma’no bor. Inson aql-farosatini ishlatib, to‘g‘ri yo‘lni tanlashi, uning og‘irlik va mashaqqatidan qochmasligi kerak. Shuni amalda bajara olsa, bu dunyoda ko‘zlangan manzilga eson-omon yetib oladi. Qur’oni karimda ham bu ikki yo‘l egalari ta’rifi keltirib, birini o‘ng tomon egalari deb atalsa, yana birini chap tomon egalari deyilgan: “Sizlar esa uch toifa bo‘lursiz. Bas, (u uchtaning birinchisi) o‘ng tomon egalaridir. O‘ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir! (Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik) dir! (Uchinchi toifa ezgu ishlarda) o‘zib-o‘zib ketgan zotlardir.  Aynan o‘shalar (Allohga) yaqin zotlardir noz-ne’mat bog‘larida. (O‘zib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan ko‘pchilik, keyingilar (Muhammad ummatlari) dan esa ozchilikdir” (Ra’d surasi, 7-14-oyatlar). Haq yo‘ldan yurish mashaqqatini iymon-e’tiqod sohibi ko‘taradi. Biroq dunyo yaralganidan beri haq yo‘lni tutganlar, ya’ni o‘ng tomon egalari kamroq, chap tomon egalari ko‘proq. Ammo haq yo‘lni topa olmagan kishi zalolat va botil yo‘ldan yurishni o‘ziga ma’qul ko‘radi. Navoiy bobomiz to‘rt satrda ana shunday ulkan haqiqatni bizga bayon etib, haq va to‘g‘ri yo‘lda yurish oson bo‘lmasligi, bu yo‘lda turli sinovlarga duch kelishini badiiy bo‘yoqlar vositasida chizib bermoqda.

Bobomurod ERALI

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   5073   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari