Ne rahraveki, toji hidoyat boshidadur,
Yo‘q bok anga havodisi aflok toshidin.
Hudhudki, qo‘ydilar azaliy toj boshig‘a,
Tushgaymu jola yoqqon ila toj boshidin.
Ruboiy, tuyuq, fard va qit’a kabi kichik she’riy namunalar shoirdan katta ma’noni yuklash mahoratini talab etadi. Bor-yo‘g‘i to‘rt satrdan iborat mazkur qit’ada shunday holni kuzatish mumkin. Birinchi satrdagi “rahrav” forsiy tilda yo‘lovchi, sayyoh ma’nosini beradi. Ammo u dunyo kezadigan oddiy kishidan farq qiladi. Dunyo yaralibdiki, yer yuzida yashayotgan odamlarning har biri uning yo‘lovchilaridir. Bu yo‘lning boshi beshik, oxiri qabrga borib tugaydi. Ammo bu yo‘ldagi yo‘lovchilarga taqdir azal ikki yo‘ldan biridan yurish ixtiyorini berdi. Biri hidoyat yo‘li, yana biri zalolat yo‘lidir. Qit’ada tilga olingan yo‘lovchi hidoyat – to‘g‘ri yo‘lda yurish tojini boshiga kiyib olgani bois unga zamon hodisalari ta’sir qilmaydi. Ya’ni u o‘z yo‘lida tinch-xotirjam holda davom etib, ortiqcha bezovta bo‘lmaydi. Alloh taolo O‘z dargohi ilohiysidan badarg‘a qilganida “(Iblis) aytdi: «Ey Rabbim! Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta, ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman” (Hijr surasi, 39-oyat). Shayton qutqu va vasvasa solib hidoyat yo‘lidan ozganlar zalolat yo‘lini tanlab adashadilar. Chunki shu ikkisidan boshqa yo‘l yo‘q.
Mazkur qit’ada “toji hidoyat”ni boshiga kiygan yo‘lovchi va uning bu dunyo yo‘lini qanday o‘tishi haqida so‘z bormoqda. U to‘g‘ri va haq yo‘lni tanlaganidan turli sinovlarga yo‘liqadi, dunyo va zamon hodisalari unga zarar yetkazish uchun boshiga toshdek yog‘iladi, qalbini shubha va vahima egallaydi. Lekin u bu yo‘ldan og‘ib, egri yo‘lga o‘tmaydi. Mumtoz adabiyotimizda bunday yo‘lovchini Hudhud qushga o‘xshatilishi bejiz emas. Ilmiy va badiiy manbalarda Hudhud – qushlarning murshid-rahbari bo‘lib, ularni ko‘zlangan manzilga to‘g‘ri va haq yo‘ldan eson-omon yetkazib boradi. To‘g‘rilik va rostlik timsoliga aylangan Hudhud qushlarni manzilga eson-omon yetkazib borishi badiiy adabiyotda ko‘p tasvirlangan. Haq yo‘ldan yurish Hudhudga azaliy toj sifatida taqdim etilgani uchun u boshqalarni ham haq yo‘ldan yurishga undaydi. Ammo bu dunyoga kelganlarning hammasini haq va to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi, mashaqqatlarga sabr-toqat qiladi, deb bo‘lmaydi. Nafs ularga Alloh taolo buyurgan yo‘ldan emas, balki shayton da’vat etgan egri va qing‘ir yo‘lni tanlashni chiroyli qilib ko‘rsatadi. Bu yo‘ldan biri abadiy baxt-saodat va rohatga olib borsa, yana biri abadiy xorlik va azob-uqubatga yo‘liqtiradi.
“Lison ut-tayr” dostonida bayon etilishicha, bir gala qushlar Hudhudning oldiga kelib, undan o‘zlariga yo‘lboshchi bo‘lishini so‘rashadi. Hudhud bunga rozi bo‘lib, ularga yo‘l azobi, qiynog‘i va undan o‘tish oson bo‘lmasligini xabar beradi. U qushlarga aytib bergan yo‘ldan o‘tishda ko‘plab to‘siqlar uchrashi va unda yurish qiyinligini ma’lum qiladi. Majoziy tasvirlar asosiga qurilgan yo‘lda ko‘p qushlar manzilga yeta olmay ora yo‘lda qolib halok bo‘ladi. Navoiy bobomiz “Xamsa” dostoni muqaddimasida haq yo‘lni tanlaganlarni “ahli qabul”, zalolat yo‘lini tanlaganlarni “ahli rad”, deb ataydi. Ya’ni ayni haq yo‘lni tanlab, boshiga hidoyat tojini kiyib yo‘lga tushganlar sinov-imtihon, balo va musibat kelganida dovdiramaydi, o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, Haqni yoddan qo‘ymaydi, yo‘lda yurish barobarida Haqqa iltijo qiladi, yaxshilik va ne’mat yetganida shukr qilib, Uni ulug‘laydi. Shuning uchun mazkur qit’a to‘g‘ri va haq yo‘lni tanlaganlarni maqtalmoqda.
Ota-bobolarimiz to‘g‘ri yo‘ldan yur, egri yo‘ldan qoch, deb uqtirishida ham shu ma’no bor. Inson aql-farosatini ishlatib, to‘g‘ri yo‘lni tanlashi, uning og‘irlik va mashaqqatidan qochmasligi kerak. Shuni amalda bajara olsa, bu dunyoda ko‘zlangan manzilga eson-omon yetib oladi. Qur’oni karimda ham bu ikki yo‘l egalari ta’rifi keltirib, birini o‘ng tomon egalari deb atalsa, yana birini chap tomon egalari deyilgan: “Sizlar esa uch toifa bo‘lursiz. Bas, (u uchtaning birinchisi) o‘ng tomon egalaridir. O‘ng tomon egalari (bo‘lmoq) ne (saodat)dir! (Ikkinchi toifa) chap tomon egalaridir. Chap tomon egalari (bo‘lmoq) ne (baxtsizlik) dir! (Uchinchi toifa ezgu ishlarda) o‘zib-o‘zib ketgan zotlardir. Aynan o‘shalar (Allohga) yaqin zotlardir noz-ne’mat bog‘larida. (O‘zib ketganlar) avvalgi (ummat)lardan ko‘pchilik, keyingilar (Muhammad ummatlari) dan esa ozchilikdir” (Ra’d surasi, 7-14-oyatlar). Haq yo‘ldan yurish mashaqqatini iymon-e’tiqod sohibi ko‘taradi. Biroq dunyo yaralganidan beri haq yo‘lni tutganlar, ya’ni o‘ng tomon egalari kamroq, chap tomon egalari ko‘proq. Ammo haq yo‘lni topa olmagan kishi zalolat va botil yo‘ldan yurishni o‘ziga ma’qul ko‘radi. Navoiy bobomiz to‘rt satrda ana shunday ulkan haqiqatni bizga bayon etib, haq va to‘g‘ri yo‘lda yurish oson bo‘lmasligi, bu yo‘lda turli sinovlarga duch kelishini badiiy bo‘yoqlar vositasida chizib bermoqda.
Bobomurod ERALI
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi