Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
Robbimiz inson zotini O‘zi yaratgan barcha maxluqotlar ichida aziz va mukarram qilib yaratgani hech kimga sir emas. Ana shu mukarramlik insonning o‘ziga xos bo‘lgan bir necha fazilatlarida namoyon bo‘ladi. Ulardan biri, albatta, insonning poklik, tozalik, saramjon-sarishtalik va shinamlikka bo‘lgan intilishidir. Shundan kelib chiqib inson avvalo o‘zini, libosini, ishlatadigan jihozlarini, yashab turgan uy-joyini, mahallasini, qishloq va shaharlarini, yurtini, qolaversa, butun yer kurrasini toza va pokiza saqlashga harakat qiladi. Ana shu kurrai zaminda doimiy holda pokiza saqlashga eng loyiq va munosib bo‘lgan joy esa, albatta, barchamiz ibodat qiladigan muqaddas maskan – masjidlardir.
Alloh taolo Qur’oni karimda Ibrohim va Ismoil alayhissalomlarga:
أَنْ طَهِّرَا بَيْتِيَ لِلطَّائِفِينَ وَالْعَاكِفِينَ وَالرُّكَّعِ السُّجُودِ
“Uyimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, ruku’ va sajda qiluvchilar uchun poklab qo‘yinglar», deb amr qildik”, degan (Baqara surasining 125-oyati).
Demak, Alloh taoloning bayti bo‘lmish masjidlarni pok tutish oddiy urf yoki insoniylik tabiatidan kelib chiqib qilinadigan ish emas. Balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Robbil olamiynning amri bo‘lib, har bir musulmon uchun bu buyruqni bajarmoq buyuk sharaf va o‘z o‘rnida ibodatdir. Bizning yurtimiz mo‘min-musulmonlari dinimiz ko‘rsatmalarini doimo og‘ishmasdan bajarish borasida namuna bo‘lib kelgan.
So‘zimizning isboti uchun hozirgi kunda yurtimizda faoliyat ko‘rsatib turgan masjidlardagi ozodalik va poklikka bo‘lgan e’tibor haqida ma’lumot bermoqchimiz. Yurtimizdagi har qanday shahar va qishloqlardagi hattoki eng chekka hududlarimizda joylashgan masjidlarni-da borib ko‘rsangiz, ko‘zingiz quvnaydi, ibodat qilsangiz qalbingizda o‘zgacha shukuh va halovatni his qilasiz. Yer yuzining hech qayerida topilmaydigan eminlik va xotirjamlik ham aynan masjidlarga xos bo‘lgan xususiyatdir. Zotan, Alloh taolo Oli Imron surasining 97-oyatida marhamat qilib:
فِيهِ آَيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آَمِنًا
“Unda ochiq alomatlar va maqomi Ibrohim bor. Kim unga kirsa, tinch bo‘ladir...” degan.
Ha, musulmon kishi masjidlarga kirar ekan nafaqat jismoniy xavf-xatar, balki eng asosiysi ruhiy-ma’naviy, e’tiqodiy va tarbiyaviy tomonlama ham xotirjamlikka erishadi. Buning uchun avvalo insonning o‘zi har taraflama ana shu fazilatlarga loyiq va munosib bo‘lishga harakat qilishi kerak. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, albatta, masjiddagi holat ham har taraflama talabga javob bera olishi kerak. Bizda esa alhamdulillah bu borada hech qanday kamchiliklar yo‘q. Xizmat safarlari va ziyoratlar sabab ko‘pgina yurt va shaharlarda bo‘ldik. To‘g‘risini aytishimiz kerak, islomning markazi bo‘lgan ba’zi shaharlarda ham markaziy masjidlardan tashqari bo‘lgan masjidlarda poklik va tozalikka bo‘lgan e’tibor ko‘ngildagidek emas. Ibodat to‘liq va benuqson bo‘lishi uchun avvalo, tahorat mukammal bo‘lishi lozim. Buning uchun esa albatta tahoratxona ozoda va shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi kerak. Yurtimizda deyarli hamma masjidlarda shunday sharoitlar mavjud.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi masjid imom-xatiblari va shu ishlarga mas’ul bo‘lgan boshqa xodimlarning bu borada olib borayotgan buyuk xizmatlarini e’tirof etishimiz kerak. Masjidlardagi barcha tahoratxonalar har taraflama sharoitlari namunali. Issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan. Xonalarning issiqligi, yozda esa salqinligi ham, u yerdagi havoni tozalash va uni aylantirib-shamollatib turadigan jihozlar, yuz va qo‘llarni artish uchun alohida sochiqlar, qo‘lni yuvish uchun sovunlar, ko‘zgular, hattoki tahoratdan keyin surtish uchun xushbo‘yliklardan tortib tahoratxonalarning badiiy bezagiga ham alohida e’tibor berilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zimizning uylarimizda ham bunday qulay sharoitlarni topish qiyin. Tahorat olib chiqqandan so‘ng ibodat qilish uchun xonaqolarga kirilar ekan beixtiyor o‘ta mamnun bo‘lganingizdan masjidni qurgan va xizmat qilayotganlarning otasiga rahmat aytib yuborasiz. Butun masjidlarga to‘shalgan gilamlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Shunday ham toza va shinamki sajda qilsangiz bosh ko‘targingiz kelmaydi. Masjiddagi barcha jihozlar, bezaklar, qandillar, milliyligimizga dalolat qiluvchi o‘ymakorlik va naqqoshlik ishlari-yu ularga berilgan ranglar hamma-hammasi bir-biriga mutanosib.
Xulosa qilib aytganda, bunday go‘zal holatga erishish oson bo‘lmagan. Ne-ne zamonlar va ne-ne ajdodlar o‘tdilar. Albatta hammalarining ham o‘ziga yarasha xizmatlari bor. Sportchilarda bir maqol bor “chempion bo‘lish oson, uni saqlab, himoya qilib turish qiyin”. Azizlar, masjidlar hammamiz har taraflama halovat va xotirjamlik topadigan muqaddas maskanlardir, u yerni ko‘z qorachig‘idek avaylab, asramoq Robbil olamiynning amridir. Ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifani bajarishni faqat imom-xatib va masjidlarning xodimlariga tashlab qo‘ymasdan, ularning yonida kamarbasta bo‘lib har tarflama yordam berib turishimiz kerak. Ana shunda yurtimizning ko‘rki, salobati, haybati va ziynati bo‘lib turgan masjidlarimiz son jihatidan yanada ko‘payadi va sifati jihatidan bundan-da ko‘rkam bo‘ladi. Zotan, musulmonlar o‘z yurtidagi diniy va ma’rifiy dargohlar bilan faxrlanadi, bunda esa so‘zsiz masjid va madrasalar beqiyos o‘rin tutadi.
Is'hoqjon BЕGMATOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Masjidlar bo‘limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Keling, o‘zimizga bir necha savollar beraylik. Isrof nima? Ibodatga sarf qilingan pul qachon isrof hisoblanadi? Umraga borayotgan inson sadaqa qilishga majbur, Turkiyaga borayotganlarga bu shart emasmi? To‘yda ming dollarga mebel olish zarurat, qayta-qayta hajga borish ortiqcha ish bo‘lib qoldimi? O‘zi nafl haj va umralarga salafi solihlarimiz qanday qarashgan? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘rt marta umra qilganlarida Madinadagi barcha ehtiyojlarni ravo qilib, keyin ketganlarmi? Eng muhim savol: Dinga adovati bor kimsalar, musulmonlarning iymoniy ehtiyojlarini qachon ehtiyoj o‘rnida qabul qilasiz?
Ushbu kichik maqolamizda, qayta-qayta umra qiladigan insonlarni boshqa ehtiyojlarga pul ajratmaganlikda ayblashni shar’iy mezonda tahlil qilamiz. Haqiqatan ham islom dinida ko‘p bora umra qilish xush ko‘rilmaydimi? Bu muborak safarga mukkasidan ketish umrni va mablag‘ni isrof qilishga kiradimi? Avvalo, isrof nimaligiga biroz to‘xtalsak.
Isrof nima? Isrofga bir qancha ta’riflar berilgan. Shulardan asosiy uchtasini keltiramiz:
Isrof – to‘xtash talab etiladigan chegarani buzib o‘tishdir (Tafsiru g‘aribil Qur’an, 3/147)
Isrof – shariatda man qilingan har qanday ishni qilishdir (Ta’vilotu ahli sunna, 3/25)
Imom Jurjoniy: Arzimagan ishga ko‘p pul sarflash isrofdir, degan (Mavsu’atul axlaqil islamiya, 2/109)
Demak, nafl umra qiluvchilarni isrofgarlikda ayblaydiganlar nazdida umra arzimagan ish ekan. Darvoqe, bir tanishim ikki marta Tayland davlatiga besabab borib, bir nechta umraning pulini ishlatib kelganda bironta odam uni isrof qilganlikda ayblamadi, aksincha, dam olib keladi-da, deyishdi. Endi o‘ylab ko‘ring, sohil bo‘yida dam olish ehtiyoju, iymoniy hirsini qondirish ehtiyoj emasmi?
Yuqoridagi ta’riflardan ma’lum bo‘ladiki, to‘xtash talab etilgan chegaradan narisi isrof hisoblanar ekan. Shariatda umraning chegarasi bormi? Biron kitobda falon adaddan keyingi umra makruh deyilganmi? Istinjoda ko‘proq tosh ishlatishning hukmiga to‘xtalib o‘tgan shariat umraning adadiga ham to‘xtalishi kerak edi. Biroq nega sukut qildi. Chunki Allohning nazdida bu ibodatning isrof adadi yo‘q. Aksincha, umrani qayta-qayta qilishga ishora qiluvchi hadis bor: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umra keyingi umraga qadar oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir” deganlar. (Muttafaqun alayh).
Takror haj yoki umra qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berish borasida salafi solihlarning munosabatlari qanday bo‘lgan?
Abdurazzoqda keladi: Tovusdan so‘rashdi: Nafl haj afzalmi yo sadaqami? U kishi hajning afzal ekaniga ishora qilib: “Safar, bedorlik, tik oyoqda yurish, Baytni tavof qilish, Bayt oldida namoz o‘qish qayerda-ya” dedi.
Bu masalaga mazhabboshi mujtahidlar xulosasi quyidagicha bo‘lgan:
(Bu qavllarda nafl haj haqida gap ketmoqda. Zotan, farz hajning sadaqadan ustun ekani kundek ravshan).
Nafl hajning sadaqadan afzal ekani barcha ulamolar bir ovozdan aytgan qavl emas, albatta. Ba’zi olimlar nazdida nafl umra yoki haj o‘rniga sadaqa qilishi mustahab. Biroq shuni unutmangki, sadaqa qilmay umra qilayotgan inson uzog‘i borsa, mustahab amalni tark qilayotgan bo‘ladi. Holbuki, bir kishi mustahab amalni tark qilgani uchun birov unga tanbeh berish mumkin emas, illo qo‘l ostidagi kishilarga mumkin (Anvarshoh Kashmiriy, Fayzul Boriy, 2/406).
Albatta, ocharchilik kelsa, boshqalarga yordam berish hatto farz hajdan ham afzal bo‘lishi mumkin. Biroq bizning jamiyatimizdagi holat ocharchilik zamoniga tushmaydi. Qanchadan qancha oilalar och-ku, deyishingiz mumkin. Biroq bu holat doim bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Qolaversa, nega o‘sha och oilalar o‘zingiz tansiq taomlarni paydar-pay yeganingizda esingizga kelmay, birov ibodatga bormoqchi bo‘lganda tinchingizni buzadi?!
Ibrohim alayhissalom ahli va farzandini Makkaga tashlab kelib, Alloh taologa shunday duo qiladi: “Bas, Sen O‘zing odamlarning dillarini ularga moil qilib qo‘ygil” (Ibrohim surasi, 37-oyat).
Aytingchi, ba’zi musulmonlarning Makkaga muhabbati qattiq bo‘lsa, har yili umra qilib kelmasa qalbi xotirjam bo‘lmasa, bu Ibrohim alayhissalomning ayni duolariga mos holat emasmi? Oyat tafsirida Suddiy: “Oyat musulmonlarning qalblarini Makkaga talpinadigan qilgin, degan ma’noda” degan.
Ha, bizning Makkaga mukkamizdan ketishimiz Ibrohim alayhissalomning duosi ijobatidir. Ibrohim o‘sha duoda qayta-qayta borishni emas, balki shunchaki mushtoq bo‘lib yashashimizni so‘ragan, desangiz, unda Ibrohim bizga azobni so‘ragan ekanda. Zotan, visolsiz ishtiyoq azobdan boshqa narsa emas.
Islomning ustuni bo‘lgan zotlar necha marta umra va haj qilishganini bir sira ko‘rib chiqib, maqolamizni yakunlaymiz.
Bu ro‘yxat shunchalik uzunki, yig‘sangiz kitob bo‘ladi. Undan ko‘ra, nafl haj va nafl umra qilmaganlarni sanash osonroq bo‘lsa kerak. Endi o‘ylab ko‘ring, ularning zamonida jamiyatda pulga muhtojlar yo‘qmidi? Faqirlar tugaganmidi? Yo‘q, albatta. Lekin biron olim ularni birovga pul bermasligda ayblagan emas.
Birodarlar! Bu tahlilimizdan maqsad birovni qayta-qayta umraga borishga targ‘ib qilish emas. Balki umraga borayotganlarni tanqid qilayotganlarni ogohlantirish. Har kim o‘zi topgan puliga o‘zi xo‘jayin. O‘zingiz zarur bo‘lmagan narsalarga pul sarflab turib, ko‘zingizga birovning umra puli ko‘rinmasin. Buni inson o‘zi ilg‘amasa-da, tagida hasad va adovat yotadi. Qalbingizni keng qiling. Qalbi Makka yoki Madinaga bog‘lanib qolganlardan kir izlamang, aksincha, “Muhabbati kuchli-da”, deb qo‘ying bas. “Odamlar boshqa niyatda umra qilishga o‘tib ketishyapti” degan vajh ham o‘tmaydi. Bu muammo odamlarni umradan sovutish bilan hal bo‘lmaydi, balki ularga ixlosni o‘rgatish kerak. Zotan, yomon niyatda namoz o‘qiydigan odamni namozni tark etishga chaqirilmaganidek, boshqa ibodatlardan ham turli bahonalar bilan odamlarni qaytarish joiz emas.
Abdulbosit Abdulvohid