Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.
Robbimiz inson zotini O‘zi yaratgan barcha maxluqotlar ichida aziz va mukarram qilib yaratgani hech kimga sir emas. Ana shu mukarramlik insonning o‘ziga xos bo‘lgan bir necha fazilatlarida namoyon bo‘ladi. Ulardan biri, albatta, insonning poklik, tozalik, saramjon-sarishtalik va shinamlikka bo‘lgan intilishidir. Shundan kelib chiqib inson avvalo o‘zini, libosini, ishlatadigan jihozlarini, yashab turgan uy-joyini, mahallasini, qishloq va shaharlarini, yurtini, qolaversa, butun yer kurrasini toza va pokiza saqlashga harakat qiladi. Ana shu kurrai zaminda doimiy holda pokiza saqlashga eng loyiq va munosib bo‘lgan joy esa, albatta, barchamiz ibodat qiladigan muqaddas maskan – masjidlardir.
Alloh taolo Qur’oni karimda Ibrohim va Ismoil alayhissalomlarga:
أَنْ طَهِّرَا بَيْتِيَ لِلطَّائِفِينَ وَالْعَاكِفِينَ وَالرُّكَّعِ السُّجُودِ
“Uyimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, ruku’ va sajda qiluvchilar uchun poklab qo‘yinglar», deb amr qildik”, degan (Baqara surasining 125-oyati).
Demak, Alloh taoloning bayti bo‘lmish masjidlarni pok tutish oddiy urf yoki insoniylik tabiatidan kelib chiqib qilinadigan ish emas. Balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Robbil olamiynning amri bo‘lib, har bir musulmon uchun bu buyruqni bajarmoq buyuk sharaf va o‘z o‘rnida ibodatdir. Bizning yurtimiz mo‘min-musulmonlari dinimiz ko‘rsatmalarini doimo og‘ishmasdan bajarish borasida namuna bo‘lib kelgan.
So‘zimizning isboti uchun hozirgi kunda yurtimizda faoliyat ko‘rsatib turgan masjidlardagi ozodalik va poklikka bo‘lgan e’tibor haqida ma’lumot bermoqchimiz. Yurtimizdagi har qanday shahar va qishloqlardagi hattoki eng chekka hududlarimizda joylashgan masjidlarni-da borib ko‘rsangiz, ko‘zingiz quvnaydi, ibodat qilsangiz qalbingizda o‘zgacha shukuh va halovatni his qilasiz. Yer yuzining hech qayerida topilmaydigan eminlik va xotirjamlik ham aynan masjidlarga xos bo‘lgan xususiyatdir. Zotan, Alloh taolo Oli Imron surasining 97-oyatida marhamat qilib:
فِيهِ آَيَاتٌ بَيِّنَاتٌ مَقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَنْ دَخَلَهُ كَانَ آَمِنًا
“Unda ochiq alomatlar va maqomi Ibrohim bor. Kim unga kirsa, tinch bo‘ladir...” degan.
Ha, musulmon kishi masjidlarga kirar ekan nafaqat jismoniy xavf-xatar, balki eng asosiysi ruhiy-ma’naviy, e’tiqodiy va tarbiyaviy tomonlama ham xotirjamlikka erishadi. Buning uchun avvalo insonning o‘zi har taraflama ana shu fazilatlarga loyiq va munosib bo‘lishga harakat qilishi kerak. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, albatta, masjiddagi holat ham har taraflama talabga javob bera olishi kerak. Bizda esa alhamdulillah bu borada hech qanday kamchiliklar yo‘q. Xizmat safarlari va ziyoratlar sabab ko‘pgina yurt va shaharlarda bo‘ldik. To‘g‘risini aytishimiz kerak, islomning markazi bo‘lgan ba’zi shaharlarda ham markaziy masjidlardan tashqari bo‘lgan masjidlarda poklik va tozalikka bo‘lgan e’tibor ko‘ngildagidek emas. Ibodat to‘liq va benuqson bo‘lishi uchun avvalo, tahorat mukammal bo‘lishi lozim. Buning uchun esa albatta tahoratxona ozoda va shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi kerak. Yurtimizda deyarli hamma masjidlarda shunday sharoitlar mavjud.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi masjid imom-xatiblari va shu ishlarga mas’ul bo‘lgan boshqa xodimlarning bu borada olib borayotgan buyuk xizmatlarini e’tirof etishimiz kerak. Masjidlardagi barcha tahoratxonalar har taraflama sharoitlari namunali. Issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan. Xonalarning issiqligi, yozda esa salqinligi ham, u yerdagi havoni tozalash va uni aylantirib-shamollatib turadigan jihozlar, yuz va qo‘llarni artish uchun alohida sochiqlar, qo‘lni yuvish uchun sovunlar, ko‘zgular, hattoki tahoratdan keyin surtish uchun xushbo‘yliklardan tortib tahoratxonalarning badiiy bezagiga ham alohida e’tibor berilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, o‘zimizning uylarimizda ham bunday qulay sharoitlarni topish qiyin. Tahorat olib chiqqandan so‘ng ibodat qilish uchun xonaqolarga kirilar ekan beixtiyor o‘ta mamnun bo‘lganingizdan masjidni qurgan va xizmat qilayotganlarning otasiga rahmat aytib yuborasiz. Butun masjidlarga to‘shalgan gilamlarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Shunday ham toza va shinamki sajda qilsangiz bosh ko‘targingiz kelmaydi. Masjiddagi barcha jihozlar, bezaklar, qandillar, milliyligimizga dalolat qiluvchi o‘ymakorlik va naqqoshlik ishlari-yu ularga berilgan ranglar hamma-hammasi bir-biriga mutanosib.
Xulosa qilib aytganda, bunday go‘zal holatga erishish oson bo‘lmagan. Ne-ne zamonlar va ne-ne ajdodlar o‘tdilar. Albatta hammalarining ham o‘ziga yarasha xizmatlari bor. Sportchilarda bir maqol bor “chempion bo‘lish oson, uni saqlab, himoya qilib turish qiyin”. Azizlar, masjidlar hammamiz har taraflama halovat va xotirjamlik topadigan muqaddas maskanlardir, u yerni ko‘z qorachig‘idek avaylab, asramoq Robbil olamiynning amridir. Ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifani bajarishni faqat imom-xatib va masjidlarning xodimlariga tashlab qo‘ymasdan, ularning yonida kamarbasta bo‘lib har tarflama yordam berib turishimiz kerak. Ana shunda yurtimizning ko‘rki, salobati, haybati va ziynati bo‘lib turgan masjidlarimiz son jihatidan yanada ko‘payadi va sifati jihatidan bundan-da ko‘rkam bo‘ladi. Zotan, musulmonlar o‘z yurtidagi diniy va ma’rifiy dargohlar bilan faxrlanadi, bunda esa so‘zsiz masjid va madrasalar beqiyos o‘rin tutadi.
Is'hoqjon BЕGMATOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Masjidlar bo‘limi xodimi
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.