Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Mart, 2025   |   18 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:12
Quyosh
06:30
Peshin
12:36
Asr
16:45
Shom
18:36
Xufton
19:49
Bismillah
18 Mart, 2025, 18 Ramazon, 1446

Ahmad ibn Muhammad al-G‘omidiy: “Uzoq-yaqindan kelgan namozxonlar masjidni to‘ldirib ibodat qilayotganlaridan behad mamnunman”

07.11.2017   5656   4 min.
Ahmad ibn Muhammad al-G‘omidiy: “Uzoq-yaqindan kelgan namozxonlar masjidni to‘ldirib ibodat qilayotganlaridan behad mamnunman”

Bugun, 7 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi parlamentining Ahmad ibn Muhammad al-G‘omidiy boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonlar bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minavarov muloqot qilishdi.

Uchrashuv avvalida, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning tarixida yangi sahifa boshlangani, o‘zaro do‘stona va ishonchli munosabatlar, ittifoqchilik va hamkorlikni rivojlantirish borasida dadil qadamlar tashlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. Shuningdek, suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ko‘p jabhalarda, jumladan, parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani, bunday hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash uchun ikki tomonda ham qiziqish katta ekani alohida ta’kidlandi.

Muloqotda muftiy hazratlari mehmonlarga so‘nggi vaqtlarda diyorimizda din sohasidagi ulkan o‘zgarishlar bo‘layotgani, ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani va ixtisoslashgan ilmiy maktablar ish boshlagani to‘g‘risida gapirib berdilar.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavarov suhbat chog‘ida yurtimizda islom madaniyatiga oid osori atiqalar va ma’naviy merosni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlab, mana shu yo‘nalishdagi ishlarni keng ko‘lamda olib borish maqsadida, Prezidentimiz tashabbuslari bilan poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Sh.Minavarov diyorimiz aholisining Saudiya Arabistoni mamlakatiga bo‘lgan muhabbati o‘zgacha ekani, ayniqsa, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvaraga doimo talpinib yashashlarini alohida qayd etdi.

Sh.Minavarov so‘zida davom etib, mamlakatimiz hududida juda ko‘p sahobalarning hoki poklari qo‘nim topganini, xalqimizning ularga bo‘lgan hurmat va ehtiromi cheksiz ekanini gapirib berdi. Islom tamadduniga munosib hissa qo‘shgan allomalarga beshik bo‘lgan bu zaminning o‘ziga xosligi, mo‘tadil iqlimi bugungi kunda xorijiy sayyohlarning e’tirofiga sazovor bo‘layotgani, xususan, Saudiya Arabistoni mamlakatidan diyorimizga sayyohlarni jalb etib, mana shunday go‘zal maskanlar, tabiatimiz va milliy urf-odatlarimiz bilan ularni tanishitirish maqsadida, ziyorat turizmi tashkil etilayotganini batafsil izohladi.

Uchrashuvda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti rektori Abdurahim Mannonov ishtirok etib, ushbu institut tarkibi, faoliyati va arab tilini o‘qitish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida gapirib berdi.

Uchrashuvda Saudiya Arabistoni delegatsiyasi rahbari Ahmad ibn Muhammal al-G‘omidiy so‘z olib, O‘zbekiston zamini qadim-qadimdan o‘zining yetuk allomalari, ko‘plab noyob asarlari va ilmiy kashfiyotlari bilan ma’lumu mashhur ekanini alohida qayd etdi. Ayniqsa, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Ibn Sino kabi olimlarning musulmon dunyosi rivojidagi xizmatlari beqiyos ekanini e’tirof qildi. Ahmad ibn Muhammal al-G‘omidiy so‘zida davom etib, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston parlamentlaro do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan ikki mamlakat manfaatdor ekanini izhor qildi.

Saudiya Arabistoni delegatsiyasi a’zosi Abdulla ibn Rufud as-Sufyoniy muloqotda so‘z olib, O‘zbekistonda oxirgi yillarda qilinayotgan ishlarni kuzatib borayotganini bildirib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganini qo‘llab-quvvatlab, Saudiya Arabistonida ham “2030 yilga nigoh” dasturi asosida juda katta ishlar boshlab yuborilagini va bu dastur doirasida Saudiyada ulkan muzey tashkil etilayotgani va albatta ushbu muzeyda O‘zbekistonning alohida o‘rni borligini bayon qildi. Imom Buxoriyning zaminida qilinayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlarni, albatta, Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyatiga yetkazishini, - Abdulla ibn Rufud as-Sufyoniy bildirdi.

Muloqot yakunida Ahmad ibn Muhammal al-G‘omidiy so‘z olib, o‘tgan kuni diyorimizdagi masjidlarning birida asr namozini ado etgani va u yerdagi uzoq-yaqindan kelgan namozxonlar masjidlarni to‘ldirib ibodat qilayotganini ko‘rib behad mamnun bo‘lganini aytdi.

Delegatsiya a’zolarining “Hazrati Imom” majmuasiga tashrifi davomida Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Mo‘yi Muborak madrasalari, “Tilla Shayx” va “Namozgoh” masjidi kabi obidalarni ham ziyorat qilishdi. Mehmonlar Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan qadimiy “Usmon Mus'hafi”ni ko‘rib, o‘zlarining hayratlarini berkita olishmadi.

{gallery}/saudiya{/gallery}

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jamoliddin Karimov: O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

17.03.2025   2283   9 min.
Jamoliddin Karimov: O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

Bugun bebaho merosimizni chuqur o‘rganish, uni tadqiq etish, bu borada xalqaro hamkorlikni tobora kengaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi amaliy ishlarning yana bir yorqin ifodasidir. Mamlakatimizda mohi Ramazonning shukuhi kezayotgan shunday fazilatli kunlarda mazkur qarorning qabul qilinishi ajdodlarimiz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, ruhini shod etish bilan birga, ular merosini atroflicha o‘rganish borasidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Yuqorida nomi keltirilgan qarorning mazmun-mohiyati haqida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining direktori, taniqli dinshunos olim, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jamoliddin Karimov bilan suhbatlashdik. 

– Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori ahamiyati haqida to‘xtalsangiz.

– So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.

Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyat berilishi diqqatga sazovor. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.

So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.

Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.

Mazkur qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy-tadqiqot mavzulari qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilanib, asosiy faoliyat yo‘nalishlari muvofiqlashtiriladi.

–Buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy ilmiy merosi ma’naviy hayotimizda qanday o‘rin egallaydi?

–  Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda.

Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.

Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmdan yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.

– Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati haqida qisqacha so‘zlab bersangiz. Shu bilan birga, yuqorida nomi keltirilgan qaror  markaz zimmasiga qanday vazifalarni yuklaydi?

– Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy-tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.

Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Markaz tomonidan Misrning Al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu, o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.

Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.

– Samimiy suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri 

Nazokat Usmonova suhbatlashdi.

MAQOLA