Bugungi kun davr talabi barcha sohalar kabi diniy soha vakillari oldiga ham bir qator muhim vazifa va talablarni qo‘ymoqda. Ana shunday yangilanish va islohotlarning ba’zilari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (TII)da amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin;
Maxsus sirtqi bo‘lim;
Maxsus sirtqi bo‘lim bu yil ya’ni 2017-2018 o‘quv yilidan ilk bor o‘z faoliyatini boshlaydi. Bundan asosiy maqsad Respublikamizda faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid va ziyoratgohlarning o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lgan imom-xatib, imom noibi, ziyoratgoh mas’uli kabi mutaxassislarini oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlashdan iborat. Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish muddati 3 yildan iborat bo‘lib, unga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar o‘rta maxsusta’lim muassasasini tugatgan, O‘zbekiston musulmon idorasi (O‘MI) tizimida ma’lum muddat davomida faoliyat olib borayotgan bo‘lishi talab etiladi. Maxsus sirtqi bo‘lim talabalari uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratib beriladi. Ularga TIIning yuqori malakali, uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilari dars berishlari ko‘zda tutilmoqda. Talabalar institut maxsus fan va o‘quv auditoriyalaridan, axborot resurs markazidagi darsliklar, manba va adabiyotlardan, kompyuter xonalaridan foydalanishlari mumkin. Ular o‘quv mashg‘ulotlari paytida bepul tushlik bilan ta’minlanadilar. Qisqa qilib aytganda kunduzgi bo‘lim talabalariga qanday imtiyoz va shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa, maxsus sirtqi bo‘lim talabalari ham ulardan bemalol foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Maxsus sirtqi bo‘limni tugatgan talabalarga diniy oliy ma’lumot darajasidagi TII diplomi beriladi.
Qayta tayyorlash kurslari;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida imom-xatib, pedagog-o‘qituvchi vazifalarida faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus diniy ma’lumot bilan birgalikda oliy dunyoviy ma’lumotga ega o‘qituvchilar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Ushbu mutaxassislar to‘liq oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun Toshkent islom institutida diniy mutaxassislikka yo‘naltirilgan 6 oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.
Doktorantura;
Zamon talablari va xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, O‘MI diniy ta’lim tizimini to‘liq shakllantirish, ta’limning uzviyligini ta’minlash maqsadida Respublikamizda birinchi marotaba TII da oliy diniy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim – islom fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura hamda islom fanlari bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi tashkil etilmoqda.
Bu orqali Respublikamizdagi diniy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish hamda Islom sivilizatsiya markazi va bir qator ilmiy markazlar - Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis markazi va Respublikamiz viloyat markazlarida tashkil etilayotgan ilmiy markazlarni malakali ilmiy xodimlar va fan doktorlari bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.
Qorilar musobaqasi:
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 sentyabr kuni Hazrati Imom majmuasidagi tashrifi chog‘larida Qur’on musobaqalarini o‘tkazish haqida o‘zlarining taklif va tavsiyalarini bergan edilar. Darhaqiqat, hozirda Qur’onni to‘liq yod olishni o‘rgatadigan ta’lim dargohi Toshkent islom institutining “Tahfizul Qur’on” kafedrasi Respublikamizda yagona bo‘lib turibdi. Shunday bo‘lsada, qorilarimiz jahon miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda oliy o‘rin sohiblari bo‘lmasalarda, Yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqdalar. Allomalar yurti, buxoriylar, termiziylar yurtidan kelgan qorilar sifatida Eron Islom Respublikasi, Iordaniya Hoshimiylar qirolligi, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Kuvayt va Rossiya Federatsiyasi kabi mamlakatlarda islom instituti va o‘rta maxsus bilim yurti talabalari shu kunga qadar ishtirok etib kelishayotgan edi. Xudo xohlasa, Islom sivilizatsiya markazi tashkil etilishi bilan jahon miqyosidagi qorilar musobaqasi allomalar yurtida ham tashkil etiladi. O‘shanda murattab va mujavvid qorilarimiz ajdodlariga munosib voris sifatida yurtimiz dovrug‘ini jahonga yoyishadi, Qur’on tilovati taralayotgan Yurtda Yaratganning barakotlari yog‘iladi, inshaalloh. Bundan tashqari Islom sivilizatsiya markazidagi konferensiyalar zalida ilmiy-amaliy, diniy-marifiy yo‘nalishdagi xalqaro konferensiyalar o‘tkaziladi.
Onlayn darslar;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati ko‘rsatmasi va bevosita rahnamoligida “muslim uz.” portalida diniy-ma’rifiy onlayn darslar tashkil etilganligi “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining yana bir ko‘rinishi bo‘ldi. Tafsir, aqida, hadis, fiqh, islom tarixi va arab tili fanlaridan yurtimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari va TII o‘qituvchilari dinimiz asoslarini xalqimizga xolisona yetkazib berishda o‘z bilim va salohiyatlarini ayamayaptilar. Bu esa xalqimizni dinu diyonatni to‘g‘ri anglaydigan, yot g‘oyalarga aldanib qolmaydigan, ilm-ma’rifatli shaxslar bo‘lib tarbiyalanishlariga xizmat qiladi.
Yaratilgan shart-sharoitlar;
Yaratganga cheksiz shukronalar, sababchi insonlarga minnaddorlik bildirishga arzigulik xushxabarlardan yana biri TII va o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga berilgan kvotalar soni oshirib berilganidir. Mir Araab oliy madrasasining 2017-2018 o‘quv yilida ish boshlagani quvonchimizga quvonch qo‘shadi. Bu ham kelajakda oliy va o‘rta ma’lumotga ega diniy mutaxassislar yetarli darajada bo‘lishiga olib keladi.
Shuningdek, Toshkent islom instituti hamda o‘rta islom ta’lim muassasalari o‘quv reja va fan dasturlari yanada takomillashtirildi. Unga ko‘ra mutaxassislik fanlarining soatlari ko‘paytirildi. Bu esa diniy xodimning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ko‘proq va chuqur ilmga ega bo‘lgan yetuk kadr bo‘lib yetishishiga olib keladi.
TIIning axborot resurs markazida (ARM) bugungi kunda 20 mingdan oshiq diniy, ilmiy, badiiy kitob va darsliklar, 1000 dan ortiq elektron shakldagi adabiyotlar va 200 dan ortiq toshbosma va qo‘lyozma manba va adabiyot mavjud. Bundan tashqari ARMda 800 dan oshiq institut bitiruvchilari tomonidan yozilgan bitiruv malakaviy ishlari saqlanadi. ARM doimiy ravishda professor-o‘qituvchilar va talabalar xizmatida.
TIIda 2017-2018 o‘quv yili uchun o‘quv auditoriyalar soni yetarli darajada ko‘paytirildi, auditoriyalarda dars o‘tish uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan .
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlanganlik darajasi;
Toshkent islom instituti bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida O‘MIning Kadrlar bo‘limi bilan doimiy hamkorlik olib borilmoqda. Hamkorlik doirasida institut bitiruvchilari O‘MI va uning joylaridagi vakilliklari, O‘MI tasarrufidagi masjid va ta’lim muassasalarida o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, institut bitiruvchi talabalari magistratura va ikkinchi mutaxassislik yo‘nalishlarida ham tahsil olayotganlari bor.
Bugungi kunda barcha TII ni bitirgan mutaxassislar to‘liq ish bilan ta’minlangan.
Yaratgandan umid qilgan so‘raymizki, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ustoz va talabalari yaratilgan bu imkoniyatlardan unumli foydalanishadi, ilm va tajribalarini kishilar diyonati, Vatan ravnaqi, Yurt obodligi, xalq farovonligi uchun sarflaydilar va kelajakda ajdodlariga munosib vorislar bo‘lib yetishadilar.
TII o‘quv va ilmiy ishlar
bo‘yicha prorektori
Ibodulla Ahrorov
Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Samarqandda tavallud topgandir. Samarqand o‘zining ko‘p olimlari bilan mashhur bo‘lgan hamda Samarqand ahli ilmni yaxshi ko‘rgan. Bu ma’lumotlar Najmiddin Umar ibn Muhammad Nasafiyni “Al qand fiy ulamai Samarqand” asarida keltirilgan.
Abu Lays Samarqandiy boshlang‘ich ta’limni Samarqandda olgan. So‘ng ulamolarining ko‘pligi bilan mashhur bo‘lgan Balxga ketadi. Ilmni mustahkamlab Samarqandga qaytadi. Abu Lays nafaqat Samarqand va Balx ulamolari orasida ilmiy mavqega ega, balki Hanafiy ulamolarining orasida ham o‘z mavqega egadir. Bunga bir qancha misollar dalolat qiladi:
U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod etgan alloma samarali meros qoldirgan. Uning “Bahr al-ulum” (“Ilmlar ummoni”), “Uyun al-masoyil” (“Masalalar sarchashmasi”), “Tanbehul-g‘ofilin” (G‘ofillarga tanbehlar”), “Bo‘ston al-orifin” (“Oriflar bo‘stoni”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashrlar etilgan.
Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310 yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatadilar. Olimning kunyasi Abu Lays, ya’ni “Laysning otasi”. “Lays” lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki “Abu Turob” singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. Kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilar edi, masalan: "Faqih Abu Lays aytdi" kabi. Laqablaridan biri “al-Faqih” bo‘lib, shu laqab bilan mashhur bo‘lgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi. Faqih so‘zining
oldida arab tilidagi “al” artikli qo‘shilib, uni “al-Faqih” deb atalishi ham shunga ishoratdir.
Abu Laysning o‘zi ham “al-Faqih” laqabini yaxshi ko‘rar edi. Chunki, rivoyatlarga qaraganda, “Tanbehul g‘ofilin” kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo Faqih! Kitobingni ol!” deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin “Faqih” degan nomni yaxshi ko‘rdi va u tufayli ko‘p barokatlarga noil bo‘ladi. Ikkinchi unvoni “Imomul-huda”. Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.
Abu Laysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining “Tabaqot al-Mufassirin” kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. “Javohir al-mo‘zi’a” asarida 373-seshanba kechasida, “Kashf az-zunun” asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy vafot etgan deyilgan.
Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida hech narsa yozib qoldirilmagan. Abu Lays Samarqandiy Samarqandda shayxul-islom darajasiga ko‘tarilgan. Lekin uning rasman qozi bo‘lgani haqidagi ma’lumot manbalarda kuzatilmaydi. U o‘z davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. Jumladan, Salohiddin Nohiy uning fiqhiy asarlari matni tuzilishiga ko‘ra o‘z tadqiqotida allomani madrasalarda mudarrislik qilganini taxmin qiladi. Shuningdek, Abu Lays tafsirida hadislar, rivoyatlar, qiroatlar, lug‘aviy manbalarga alohida ahamiyat berilishi ham uning mudarrislik qilganini tasdiqlashi mumkin. Abu Lays Samarqandiy ilmiy salohiyatining shakllanishida avvalo olim oilasida tavallud topgani ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, keyinchalik Balx, Samarqand va Buxoro kabi muhim ilmiy mavqega ega bo‘lgan shaharlar olimlarining ta’lim-tarbiyalari sezilarli bo‘lgan. Abu Lays Samarqandiy Balxlik olimlarning Samarqandga kelishi, u yerga safar qilish munosabati bilan ilm o‘rgangan bo‘lsa, ayrim hollarda ularning asarlarini mutolaa qilish va o‘rganish orqali ularni o‘zining ustozi deb hisoblagan.
Abu Lays Samarqandiy shakllangan ilmiy muhit asosan hanafiy mazhabi olimlari ta’sirida bo‘lgan. Ko‘pchilik tarojum asarlarida Abu Lays Samarqandiyning ikki yoki uch ustozi zikr etiladi xolos. Bunga sabab balki olimga ko‘proq tahsil bergan ustozini zikr etish bilan kifoyalanish bo‘lsa kerak. Uning asarlarida o‘z davridagi ko‘plab olimlarning so‘zlari, rivoyatlari keltirilgan. Olim ularni o‘z asarlarida zikr etgan. Tadqiqot doirasida Abu Lays Samarqandiyning 24 ustozi aniqlandi. Tafsirida 20 ustozi, “Tanbih-l-g‘ofilin”da 4 ustozi zikr etilgan. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiliklarining silsilasi Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Bu ustozlarning ba’zilari haqidagi ma’lumotlar tarojum asarlarida zikr etilgan. Muhammad ibn Fazl Buxoro va Samarqandga kelgani va Samarqandda vafot etgani, Xalil ibn Ahmad Farg‘ona qozisi bo‘lgani va shu yerda yoki Samarqandda vafot etgani, Abu Ja’farning Buxoro va Samarqandga kelgani va Buxoroda vafot etgani haqidagi ma’lumotlar ularning Samarqand ilmiy muhiti bilan bog‘likligini ko‘rsatadi. Ular o‘z zamonlarining yetuk olimlari bo‘lib, Abu Lays Samarqandiyga ustozlik qilganlar Abu Lays Samarqandiy tafsirining O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan nusxasining birinchi varag‘ida shunday ma’lumot mavjud: “Abul-Mahomid Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Hasiyriy “Hodiy Hasiyriy” asarining oxirgi qism ikkinchi – “Fatvo berishda ehtiyot qilish” nomli faslida shunday yozadi: 258/872 sanada vafot etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim. Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. O‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan.
“Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. Vaki’, Muhammad ibn Hasan, Ibn Muborak, Abu Yusuf va boshqa olimlar kitoblarini mutolaa qilar edi. Uning ko‘plab asarlari bor”.
Barcha manbalarda Abu Lays Nasr ibn Sayyor hofiz, Nasr ibn Muhammad esa faqih deb atalgan. Yuqoridagi ma’lumotda Abul-Lays Nasr ibn Muhammad bilan hofiz Abu Lays Nasr ibn Sayyor ibn Fath haqidagi ma’lumotlar chalkashtirib yuborilgan. Shuningdek, ko‘rsatilgan vafot yili ham hofiz Abul-Lays vafot etgan yiliga yaqinroq keladi. Shu kabi ushbu ikki allomani adashtirish hollari manbalarda uchraydi.
Jumladan, u ikkisini bir olim deb ko‘rsatilgan o‘rinlar ham mavjud. Faqih Abu Lays Samarqandiyning Muhammad Shayboniyning kitobi bilan tanishganligi, o‘z ijodida Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Vaki’, Ibn Muboraklarning silsilalar orqali rivoyatlarini ko‘p keltirganligi sababli bu ma’lumotlar Abu Lays Nasr ibn Muhammadga tegishli deb hisoblash mumkin. U o‘zining tafsirida Muhammad ibn Hasan “As-Siyar al-Kabir” asaridan ma’lumot keltiradi.
Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. “Bahr al-ulum” tafsirining kirish qismida u shahar haqida bunday deyiladi: “Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir”. Bir shoir bu yer haqida shunday degan edi:
Insonlar uchun oxiratda jannat bordur,
Bu dunyoning jannati Samarqanddur.
Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi, chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.
TII talabasi Mirzaqosim Saidmirzayev
[1] Tarixi at-turas al-arabiy. 1-jild, 3-juz, 107 va undan keyingi sahifalar.