Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Oktabr, 2025   |   28 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:13
Asr
15:52
Shom
17:39
Xufton
18:51
Bismillah
20 Oktabr, 2025, 28 Rabi`us soni, 1447

“Mir Arab" oliy madrasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

06.09.2017   9481   2 min.
“Mir Arab

Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Tadbirlarning birida yurtboshimiz islom bilim yurtlari haqida shunday so‘zlarni aytgan edilar: “Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu ilm dargohlari tayanch bo‘lib xizmat qiladi”. Darhaqiqat, oliy madrasaning ochilishi islom shariati ahkomlarining yetuk bilimdoni, xalqimizning diniy-ma’rifiy bilim va saviyasi, sog‘lom e’tiqodini shakllantiradigan, turli xil yot g‘oyalarga qarshi o‘zining ma’rifati bilan kurasha oladigan malakali yosh kadrlarni tayyorlashda xizmat qiladi.

Mir Arab oliy madrasasiga qabul qilingan talabalar uchun dastlabki dars mashg‘ulotlari 4 sentyabr kuni Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan Mir Arab oliy madrasasi binosida boshlandi.

2017 yil 6 sentyabr oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi direktori Sh. Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘.Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri  v.b. A. Do‘smatov, Buxoro viloyati hokimi O‘. Barnoyev, Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi, Buxoro Davlat universiteti hamda boshqa davlat hamda nodavlat tashkilotlar vakillari va talabalarning ota-onalari qatnashdilar. Oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn tarzda yoritib borildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Keyin Yurtboshimizning tashabbuslari bilan ochilgan oliy madrasa haqida dil so‘zlarini bildirish uchun tashrif buyurgan mehmonlarga so‘z berildi.

Mehmonlar mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligi, yoshlarimiz ongi va tafakkurini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tishdi. Xalqimiz diniy sohada ham emin-erkin ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani, minglab masjidlar ochilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilgani va o‘nlab diniy ta’lim muassasalari barpo qilinib, u yerda talabalar diniy hamda dunyoviy fanlardan tahsil olayotganlari haqida fikrlar bildirildi.

Ayniqsa, Mir Arab oliy madrasasining oldingi maqomi yana o‘ziga qaytarilganligi, bu oliygoh orqali, avvalo, xalqimizning diniy saviyasi ko‘tarilishi, kelajakda mazkur dargohda xorijiy mamlakatlardan taklif bilan chiqqan mo‘min-musulmonlarga ham ta’lim berilishi to‘g‘risida alohida ta’kidlandi.

Tadbir so‘ngida Qur’on tilovat qilindi va davlatimiz ravnaqi, yurt tinchligi va  xalqimiz farovonligi, yangi ochilgan oliy madrasa faoliyati borasida duoyi xayrlar qilindi.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Qalbingni Allohga qaytar

17.10.2025   11481   1 min.
Qalbingni Allohga qaytar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.

Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».

Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari  qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan