Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sallollohu alayhi vasallam:
«Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi», dedilar”.
Bu dunyoda odamlarning boshiga tez-tez turli g‘am-g‘ussa, qiyinchilik va mashaqqatlar tushib turadi. Boshiga mashaqqat tushgan odam darhol o‘z yaqinlaridan yordam kutadi. Chunki bandaning bir o‘zi mashaqqatga qarshi turishi oson emas. Shuning uchun ham dinimiz insonlarni bir-birimizga ko‘makchi bo‘lib yashashga chaqiradi.
Lekin ba’zida birovlarning boshiga mashaqqat tushib qolsa, odamlar undan o‘zini olib qochadi, unga yordamchi bo‘lishni xohlamaydi. Aksincha, amaldor odam atrofida o‘ralashadi. Bu – besh kunlik dunyoning matohiga uchgan kimsalarning ishidir. .Haqiqiy mo‘min birodarining boshiga tushgan mashaqqatni aritishga harakat qiladi. Shu bilan birga qiyomat kuni o‘z boshiga tushadigan bir mashaqqatni aritgan bo‘ladi.
Xalqqa yaxshilik qilishimiz,nafaqat ular uchun foyda, balki o‘zimizning ikki dunyo saodatiga erishishimizga vosita bo‘ladi.
X.XOLBOYEV,
Bekobod tumanidagi “Ulug‘bek” jome masjidi imom-xatibi
2026 yilning ilk kunlarida viloyat bosh imom-xatibi rahbarligida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda yangi yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar, joylarda diniy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirish, aholi o‘rtasida ma’naviy targ‘ibotni yanada kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi, amaliy ko‘rsatma va tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, imom-xatiblarning mas’uliyati va intizomi, jamiyat oldidagi muhim burchi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda 2026 yilda diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada tizimli, mazmunli va samarali tashkil etish zarurligi qayd etilib, mazkur muloqot joylarda amalga oshiriladigan ishlar uchun mustahkam dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati