Bismillahir rohmanir rohim
Islomda har bir ish Qur’oni karim va sunnati nabaviya ta’limoti asosida bajariladi. Islom dinining jamiyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga munosabati ham shu ikki manbada o‘z ifodasini topgan. Ijtimoiy himoya deganda avvalo aholi orasida moddiy jihatdan qiynalgan, o‘zining ehtiyojini qoplay olmayotgan fuqarolarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish tushuniladi. Shu jihatdan, Qur’oni karim va hadisi sharifda ijtimoiy himoyaga naqadar katta e’tibor qaratilganini ko‘rishimiz mumkin.
Qur’oni karimda “faqirlik” va “faqirlar” lafzi moddiy ma’noda 13 marta takrorlangan. Ularning ba’zisi odamlarning Allohga faqir (muhtoj) ekanini bayon qilsa, ba’zilari shaytonning odamlarga faqirlikni va’da qilishini bayon qiladi, boshqalari esa faqirlarga molning ma’lum bo‘lagidan sadaqa berishga buyuradi. “Boylik” va “boylar” lafzi 26 marta kelgan. Bundan 21 tasi Allohning behojat zot ekanini ta’kidlasa, 5 tasi insonlarning sifati ma’nosida vorid bo‘lgan. “Miskin” lafzi ko‘plik va birlik siyg‘alarida 33 marta takrorlangan. “Soil” (tilamchi) lafzi 4 marta kelgan va uning barchasida ularga sadaqa berishga buyurilgan. Iqtisodiy jihatdan “zaiflar” lafzi 4 marta zikr qilingan va unda zaiflardan muayyan majburiyatlarni soqit qilish va ulardagi zaiflik sabablarini bartaraf etish haqida gapirilgan. Iqtisodiy jihatdan “mahrum” lafzi 2 marta kelgan va ikkisida ham boylarning molida ularning ham haqqi borligi ta’kidlangan. Barcha turdagi muhtojlarning nasibasi bor bo‘lgan “zakot” lafzi 32 marta takrorlangan. Gohida zakot lafzining, gohida esa nafl sadaqaning ma’nodoshi sifatida keladigan “sadaqa” lafzi 16 marta kelgan, uning hammasi ham sadaqa berishlikka undagan va buyurgan. Muhtojlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish ma’nosidagi “ehson” lafzi 63 marta zikr qilingan. “Alloh yo‘lida infoq qilish” jumlasi 70 marta vorid bo‘lgan.
Yuqoridagi raqamlarni jamlab chiqsak, Qur’oni karimda ijtimoiy himoya mavzusida 263 o‘rinda so‘z yuritilgani ma’lum bo‘ladi.
Ijtimoiy himoyaga oid hadislarni tahliliy hisob-kitob qilib chiqish mushkul ish. Chunki bir tomondan hadis kitoblarining xilma-xilligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan rivoyatlarning takrorlanishi natijasida aynan o‘xshash hadislar ham takrorlanib kelgan. Lekin shunga qaramay, hadis kitoblarini ko‘zdan kechirib chiqish natijasida ushbu mavzuga oid so‘zlar 157 marta vorid bo‘lganini ko‘rish mumkin va ularning aksarida faqirlarga xayrixohlik qilish to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Musulmonlar avvalambor har bir narsani Alloh taolo yaratgan, bandalar esa shu narsalarni tasarruf qilishga tayinlangan, degan tushunchaga suyanadi. Shunday ekan, banda qo‘lidagi molni uning haqiqiy egasi bo‘lgan Zotning roziligi yo‘lida tasarruf etmog‘i lozim bo‘ladi. Shunday qilish zarurligini Alloh taolo: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas”, deb bayon qiladi (Qasas surasi, 77-oyat).
Ushbu oyatdan hamma narsaning haqiqiy egasi Alloh taolo ekani va bizni O‘zi belgilab bergan me’yorga muvofiq ish yuritishga buyurgani ma’lum bo‘ladi. Bu me’yor oxiratda Allohning roziligiga erishish umidida bu dunyoda unga itoat qilishdir. Ibodatlarni to‘la ado etish, xayr sadaqa va zakot berish shular jumlasidandir. Boylarga yaxshilik tariqasida Alloh bergan moldan jamiyatdagi muhtojlarga ehson qilishga buyurishi esa shu molda Allohning ham haqqi borligini anglatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shu haqni faqir va muhtoj bandalariga berishga buyuradi. Faqir va miskinlar boylardan sadaqalarni olishni o‘zlariga or deb bilmasliklari uchun muhtojlarning moldagi nasibalarini ularning haqlari deb qaraydi. Chunki ular Qur’on oyatiga binoan o‘z haqlarini xuddi sherikchilik orqali topilgan daromaddagi o‘z ulushlarini olgandek qabul qilishlari lozim bo‘ladi.
Islom dinida faqirlik muammosi avvalo o‘sha faqirlarni mehnat qilish, kasb-hunar bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilish, dangasalikdan qochishga chaqirish bilan hal etiladi. Chunki mehnat qilish bu asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi bor-u, biroq undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham Islom dini o‘ziga xos tarzda rahnamolik qilishga yo‘llaydi. Masalan, zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib bo‘lgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf ishlari, nazrlar, kafforatlar, qo‘shnilar haqqi, mehmondorchilik haqqi, emmigrantlar (ibn sabillar) haqqi, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, tilamchilar (soil) haqqi, davlat tomonidan ijtimoiy ta’minot uchun ajratadigan haqlari shular jumlasidandir.
Islom dini – e’tiqod, shariat va axloqdan tashkil topgan bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga rahnamolik qilish ana shu uchovining har biri bilan chambarchas bog‘liqdir. E’tiqod va imon bilan bog‘liqlik jihati – Alloh taolo hamma narsaning egasi degan aqidaga tayanadi. Albatta, Alloh bandasi qo‘lidagi molidan bir qismini muhtojlarga berishni amr qilgan. Mo‘min kishi esa o‘z aqidasiga sodiq qolgan holda ushbu buyruqni bajaradi. Chunki Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yon qo‘shnisi och o‘tirganini bila turib qorni to‘q yotgan kishi mo‘min emas”, dedilar” (Hokim rivoyati).
Ijtimoiy himoyaning shariat bilan bog‘liqligi Islomning arkonlaridan biri bo‘lmish zakotda yaqqol namoyon bo‘ladi. Alloh taolo zakot olishga haqli bo‘lgan kishilarni Qur’oni karimda birma-bir bayon qilgan:
“Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”. (Tavba surasi, 60-oyat).
Ijtimoiy himoyaning islomiy axloq bilan bog‘likligini boshqa sadaqalar borasida ko‘rish mumkin.
“Ular (hozirda o‘z zimmalariga olgan) nazrlarini ado qilurlar va yomonligi (dahshatlari) keng yoyiluvchi kundan qo‘rqurlar. Taomni esa suyub tursalar-da, (o‘zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni yedirurlar. (Ular ayturlar): “Bizlar sizlarni faqat Alloh “yuzi” uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorchilik kutmasmiz. (Inson surasi, 7-9-oyatlar).
Shuni ham aytib o‘tish joizki, Islomdagi ijtimoiy himoya faqat moddiylik bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy va ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ham nazarda tutadi.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqa, yaxshilikka buyurishing ham sadaqa, yomonlikdan qaytarishing ham sadaqa, yo‘ldan adashgan kishini to‘g‘ri yo‘lga solib yuborishing ham sadaqa, ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing ham sadaqa, yo‘lni yuzida yotgan toshni, tikanni, suyakni chetga olib qo‘yishing ham sadaqa, chelagingdagi suvdan birodaringni chelagiga quyib berishing ham sadaqadir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Islom dinida bemorlarni ziyorat qilish, tanigan-tanimaganga salom berish, janozada ishtirok etish, marhumning yaqinlariga ta’ziya bildirish borasida ham ko‘rsatmalar berilgan va bu amallar uchun ulug‘ savoblar va’da qilingan. Bularning barchasi insonlarning ko‘ngliga xursandchilik bag‘ishlaydigan, ijtimoiy aloqani yanada mustahkamlaydigan islomiy fazilatlar sanaladi.
Ayni paytda Islom dinida muhtojga yordam qo‘lini cho‘zishdan qochish qattiq qoralanadi. Quyidagi hadisdan shu ma’noni anglash mumkin:
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni Alloh azza va jalla aytadi: Ey, Odam bolasi! Men betob bo‘ldim, sen esa meni ko‘rgani kelmading! U aytadi: Ey, Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday ko‘rgani boraman? U aytadi: Falon bandam bemor bo‘lganini bilib turib, uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda, o‘sha yerda meni topgan bo‘lar eding. Ey, Odam bolasi! Sendan taom so‘radim, sen esa bermading. U aytadi: Ey, Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday taomlantiray? U deydi: Falon bandam sendan taom so‘raganda sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni hozir shu yerda topgan bo‘lar eding. Ey, Odam bolasi! Men sendan suv so‘radim, sen bermading. U aytadi: Ey, Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, senga qanday qilib suv beray? U deydi: Falon bandam sendan suv so‘radi, sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni meni huzurimdan topishingni bilmasmiding?” dedilar” (Muslim rivoyati).
Islomda ijtimoiy himoya nafaqat mo‘min-musulmonlar o‘rtasida bo‘lishi, balki musulmon jamiyatida yashayotgan boshqa din vakillariga ham g‘amxo‘rlik qilinishi lozim ekani ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Kim zimmiyga aziyat yetkazsa men u bilan xusumatlashaman. Men kim bilan xusumatlashsam qiyomat kunida undan haqqimni olaman”, deganlar.
Zikr qilinishicha, Umar ibn Abdulaziz Basra shahridagi voliysi Adiy ibn Arto’tga maktub yo‘llab, unda jumladan shunday yozadi: “...So‘ngra, qaramog‘ingdagi ahli zimmalardan qaysilarining yoshi keksayib, quvvati zaiflashib, kasb qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, ularga baytul moldan yetarli miqdorda nafaqa ajratilishini joriy qilgin. Shuning uchunki, men eshitgan edim, mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uyma-uy yurib, odamlardan tilanchilik qilib yurgan ahli zimmalardan bo‘lmish bir qariyani ko‘rib: Yoshlingda sendan jizya olsag-u, keksayganingda qarovsiz qoldirsak, senga nisbatan insofsizlik qilgan bo‘lamiz, deganlar va baytul moldan unga yetarli miqdorda nafaqa berishni joriy qilganlar”. Demak, Islom tarixida birinchi marta davlat xazinasi hisobidan keksalarga ijtimoiy ta’minot uchun nafaqa tayinlanishi Umar ibn Xattob davridan boshlangan ekan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini ijtimoiy himoya borasida har bir haq egasining haqqini ado etishga keng targ‘ib qilgan dindir.
H. ISHMATBЕKOV, Fatvo bo‘limi mudiri
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun ushbu o‘n kunlikda qilinadigan solih amallardan ko‘ra sevimliroq amal yo‘qdir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Alloh yo‘lida jiddu jahd qilish hammi?” deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Ha, Alloh yo‘lida jiddu jahd qilish ham. Faqat bir kishi o‘z joni va moli bilan chiqib, undan biron narsasiz qaytib kelsa, bundan mustasno”, dedilar.
(Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Dorimiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati. Rivoyat lafzi Abu Dovudga tegishli).