Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Yaxshi so‘z sadaqadir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yaxshi so‘z asaldan lazzatli, jazirama issiqda muzdek suvdan ham totli bo‘ladi. Ba’zilar asalni yoqtirmasligi va sovuq suvdan saqlanishi mumkin, lekin shirin so‘zni yaxshi ko‘rmaydigan insonni hargiz uchratmaysiz. Yosh bolalar va emizikli chaqaloqlar ham shirin so‘zning gadosi bo‘ladi. Yaxshi so‘zni eshitishi bilan hursand bo‘lib, qalbi farah va sururga to‘lganining alomati yuzida aks etadi.
Biror insonga mol berilsa, uning qalbi sururga to‘lib, hadiya bergan odamga nisbatan qalbida muhabbat paydo bo‘ladi. Natijada unga bo‘lgan ba’zi gina-kudratlarni ham unutadi. Shuningdek, yaxshi so‘z yaxshi ham inson qalbiga hursandchilik va farah baxsh etadi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) yaxshi so‘zni sadaqadir deganlar.
Hadisi sharifda zikr qilingan yaxshi so‘zdan umumiy ma’no tushuniladi. Oddiygina salom berish va unga alik olish kabilar ham yaxshi so‘zdir. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahoba (roziyallohu anhum)lar bilan o‘tirgan edilar. Bir kishi kelib: “Assalomu alaykum”, dedi. Unga alik oldilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “O‘n”, dedilar. Boshqa odam kelib: “Assalomu alaykum va rahmatulloh”, dedi. Unga ham alik olishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “yigirma”, dedilar. Uchinchi odam kelib: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh”, dedi. Unga javob berdilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “O‘ttiz”, dedilar. Sahoba (roziyallohu anhum)lar: “Yo Rasululloh, o‘n, yigirma va o‘ttiz nima?” deb so‘radilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Bitta yaxshilik o‘n barobar bo‘ladi. Ya’ni, birinchi kishi “Assalomu alaykum”, dedi bu bitta kalima, ikkinchisi “Rahmatulloh”ni ziyoda qildi, keyingisi “Barakotuhu”ni qo‘shdi har bir kalima yaxshilikdir. Bir yaxshilik o‘n barobar bo‘ladi. Yaxshi so‘z qanday bo‘lsa ham u sadaqadir”, dedilar (Imom Navaviy rivoyati).
Tilning yaxshi so‘zlarni gapirishi Alloh taoloning buyuk in’omidir. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar doimo yaxshi so‘zlarni zikr qilib, haq bo‘lsa ham yomon so‘zdan saqlanishlari lozim. Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shaytonga lanat aytmanglar! Uning yomonligidan Allohdan panoh so‘ranglar!” deganlar. Tilimiz lanatga odatlanmasin. Har onda iblisga, shaytonga lanat aytilsa, keyin insonlarga so‘ngra boshqalarning ota-onasiga, lanat aytiladi. Shuning uchun banda tilini yaxshi so‘zga odatlantirmog‘i lozim. Ba’zilar yaxshi so‘zni odat qiladilar. Natijada uzr so‘rashga hargiz muhtoj bo‘lmaydilar. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“…odamlarga shirinso‘z bo‘ling…” (Baqara, 83).
Yaxshi so‘zning izi qalbda boqiy qoladi. Yomon so‘z esa g‘azabni keltirib, uning izi nafsda bo‘qiy qoladi. Tig‘ bilan berilgan jarohat vaqt o‘tishi bilan bitadi. Til bilan berilgan jarohat esa abadiy bitmaydi.
Inson farzandlar, er-xotin, qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘st kabilar bilan muloqotda bo‘ladi. Ular bilan chiroyli uslubda go‘zal va shirin so‘z bilan muomala qilmog‘i sadaqadir. Ularga aytgan har bir shirin so‘zi sadaqa deb yoziladi. Bu borada Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayotlari mobaynida ummatlarga namuna bo‘ldilar.
Biror kishini sizda hojati bo‘lsa, unga yordam berishga sizni imkoniyatingiz bo‘lmasa, yaxshi so‘z bilan tushuntiring. Shuning uchun Ali (roziyallohu anhu): “Insonlarga molingiz bilan yordam bera olmasangiz, ularga chiroyli xulqingiz bilan yordam beringlar” degan.
Qur’oni karimda marhamat qilinadi:
“(Sadaqa bermasdan) yaxshi gap (qilish) va (bera olmagani uchun) kechirim (so‘rash) ketidan ozor yetkaziladigan sadaqadan yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir” (Baqara, 263).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Do‘zaxni zikr qilib, undan panoh so‘rab, yuzlarini burdilar. So‘ngra yana do‘zaxni zikr qilib, undan panoh so‘rab, yuzlarini burdilar. Bir bo‘lak xurmo bilan bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlaninglar! Agar uni topolmasangiz yaxshi so‘z bilan saqlaning!” dedilar.
Manbalar asosida
Bahriddin JO‘RABЕK O‘G‘LI tayyorladi
Fazilatli shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadilar:
"Hindistonlik ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh haqida eshitgansizlar. Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh hind ulamolari orasida nihoyatda mashhur olim bo‘lgan. U zot rohimahulloh qirq yoshga yetmasdan, ya’ni o‘ttiz to‘qqiz yarim yoshda vafot etgan, qirqqa kirib ulgurmagan. Shunga qaramay, u juda ulkan ilmiy meros qoldirgan: uning yozgan asarlari 115 dan ortiq! Ularning ichida kichik risolalar ham, katta kitoblar ham bor. Ammo o‘sha kichik risolalarning o‘zi ham katta bir kitobning o‘rnini bosa oladigan darajada edi, chunki ularning har birida ma’lum bir ilmiy masala nihoyatda puxta va mukammal tarzda yoritib berilgan.
Buning sababi quyidagicha: Bir kuni o‘sha paytdagi Laknav amiri shayxning ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, unga chuqur sho‘ng‘ib ketgani va aqlbovar qilmas iste’dodi haqida xabar topadi va uni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Shayx amirning oldiga borgach, amir u zotga shunday deydi…
Uning shayxga nima deganini aytishdan avval ushbu voqeani hikoya qilib bergan hind ulamosi menga aytgan yana bir gapni zikr qilib o‘tay: "Biz olti kishidan iborat oila edik: ota-onam va to‘rt nafar farzand - jami olti kishi. Oyiga to‘rt rupiy bizga kifoya qilar edi". Mazkur ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy vafotidan o‘ttiz yil o‘tib tug‘ilgan. Ya’ni, o‘sha davrda to‘rt rupiy hozirgidan ancha katta xarid quvvatiga ega bo‘lib, avvallari bu pulga bugungi kundan ko‘ra ko‘proq narsa sotib olish mumkin edi. Shunga qaramay, bu kishi: "Bizning oilamizga oyiga to‘rt rupiy yetardi", deyapti...
Endi avvalgi gapimizga qaytsak: Shunday qilib Laknav amiri Shayx Abdulhayni huzuriga chaqirtirib, u zotga: "Men sizga o‘z hisobimdan oyiga to‘rt yuz rupiy maosh tayinlayman. Siz ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zingizni ilmga bag‘ishlang!" deydi.
Shayx bu voqeadan keyin ilmga butkul berildi va ana shunday buyuk natijaga erishdi! Ey yoshlar, e’tibor bering, aytilgan raqamlarni mulohaza qiling! To‘rt yuz rupiy shayx uchun naqadar katta mablag‘ bo‘lgan. Nega? Ayni mana shu narsa uchun - men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu: Tolibi ilmni o‘z kafilligiga olish, ya’ni ilm talab qiluvchini moddiy jihatdan ta’minlash!
Bu uning ilmga bo‘lgan ta’siridir. Tarix bizga buni real voqelik misolida ko‘rsatib bermoqda. Shu bois ushbu ishni barcha musulmonlar orasida, jumladan, boy-zodagonlar va ulamolar o‘rtasida yana qayta tiriltirishimiz kerakki, ular o‘zaro hamkorlik asosida shar’iy ilmlar uchun vaqf qo‘llab-quvvatlovini qayta tiklasinlar".
Muhaddis Muhammad Avvoma suhbatlaridan
HIM talabasi
Nazirxonov Hasanxo‘ja tarjimasi