Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Qizingiz turmush qurishga tayyormi?

12.07.2017   6276   5 min.
Qizingiz turmush qurishga tayyormi?

Janob Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimga amal qilmasa, u men (ummatim)dan emas” (Ibn Moja rivoyati).

Turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy va milliy an’analarimizga, mamlakatimizdagi joriy qonun-qoidalarga amal qilgan har bir kishi, avvalo, o‘z hayot tarzi tinch-osoyishta kechishi uchun ishonchli asosga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Shar’iy nikohdan o‘tish odoblari” to‘g‘risidagi fatvosida: “Shar’iy nikoh shartlariga davlatimizning nikoh va oila to‘g‘risida qabul qilgan qaror va qonunlari ham qo‘shiladi. Masalan, kelin-kuyov shar’iy nikohdan oldin nikohni qayd qiluvchi davlat idoralari ro‘yxatidan o‘tib, rasmiy guvohnoma olgan bo‘lishlari lozim. Rasmiy nikohdan o‘tmagan, FHDYO guvohnomasiga ega bo‘lmagan yosh oilalar ajrashib, ona bolasi bilan ko‘chada qolishini hisobga oladigan bo‘lsak, shar’iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan FHDYO guvohnomasining bo‘lishini ham muhim shartlardan biri deb e’tibor qilish o‘rinlidir. Imomlarning FHDYO guvohnomasini surishtirmay nikoh o‘qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘lsa, guvohnomani ko‘rib, so‘ngra nikoh o‘qishlari huquqiy jamiyat barpo qilayotgan bir vaqtda yosh oilalarning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir...”, deyiladi.

Mamlakatimizda amalda bo‘lgan Oila kodeksi hamda qonunlarda belgilab qo‘yilgan talablar, shuningdek, yoshlarning turmush qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart qilib belgilanishidan maqsad yigit va qizlarni oilaviy hayotga har jihatdan tayyorlashdir. Bu muhim ijtimoiy vazifani ota-onalar chuqur his etishlari, farzand­lari­ni oila qurishga tayyor ekaniga to‘la qanoat hosil qilib, so‘ngra nikohdan o‘tkazishlari shart.

Oilaviy hayotning ostonasi bo‘lmish nikoh doimo keng mushohada va tajribali insonlar bilan kenga­shib amalga oshirilishining fazilatlari ko‘p. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) turmushga chiqayotgan xotin-qizlarning o‘zlari bilan maslahatlashish kerakligini aytganlar. Maslahatlashish qizdan kuyovlikka tanlanayotgan yigit haqidagi fikrlarini bilishdangina iborat bo‘lib qolmay, uning kelinlik mas’uliyati vazifalarini qanday tushunishi, ularni ado etishga uquvi, malakasi, sog‘ligi, xohish-irodasi qay darajada ekanini hisobga olib, yo‘l tutishni ham taqozo etadi.

Agar bo‘lajak kelin balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsa-da, ammo oila, er va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini anglash, teran tasavvur etish darajasida bo‘lmasa, u oilada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rnini topa olmaydi. Xuddi shu mulohaza yigitlarga ham taalluqlidir.

Balog‘at yoshi – bu kamolot yoshi degani emas. Turmushda moddiy va ma’naviy jihatdan qiynalmay  o‘rnini topib olishi uchun yoshlar majburiy o‘rta ta’lim bosqichlarini bosib o‘tishlari, undan so‘ng uch yil kollej yoki litsey ta’limini olib, ma’lum bir hunarni egallashlari kerak. Zero, dinimiz ta’limotlarida ham ilm olish, ma’rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni hosil qilish har bir qiz bolaga zarurligi aytilgan. Bordi-yu, shundan oldin turmush qursalar, o‘qish, oila yumushlari, uy bekaligi va boshqa ishlarni bajarishga ulgurmay qiynaladilar. Ilmli va kasb-hunarli ayolgina farzandlariga yaxshi tarbiya bera oladi.

Jismonan va ma’nan voyaga yetmasdan turmush qurgan qizlarning hayoti og‘ir kechadi. Erta homiladorlik, nimjon bola tug‘ilishi, ro‘zg‘or yumushlaridagi uquvsizligi bois unga aytiladigan ta’nayu dashnomlar oxir-oqibatda ahvolini yanada og‘irlashtirib, tinkasini quritadi.

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Soib avlodlarining bir-birlari bilan quda-anda bo‘lishlarini ko‘rganda: “Farzandlaringiz zaif bo‘lmasligi uchun begonalardan uylaninglar”, deganlar (Ibrohim Harbiy, “G‘arib al-Hadis” kitobidan). Bu nasihat kasallik tarqalib, odamlari zaif, nimjon bo‘lib qolgan qavmga qarata aytilgan bo‘lsa-da, ibratli tomonlari ko‘pligi hayotda tasdiqlanib kelmoqda. Chunki quda-andachilikdan kelib chiqqan muammolar tufayli yaqin qarindoshlar orasiga sovuqchilik tushishi, ular yuzko‘rmas bo‘lib ketishlari  ko‘p kuzatilgan. Qondoshlik rishtalari bo‘lmagan odamlar quda bo‘lganda, qarindoshlaru qadrdonlar safi kengayadi. Yana muhim jihati, tibbiyot sohasi olimlari ilmiy izlanishlarining natijalaridan kelib chiqib,  yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilganlar orasida nimjon, aqli zaif bolalar nisbatan ko‘p ekanini aytadilar. “Irsiyat yetti pusht suradi”, deydilar. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qarindosh bo‘lmagan oilalarda har mingta go‘dakdan ikkitasi nogiron bo‘lib dunyoga kelsa, yaqin qarindoshlar eru xotin bo‘lgan oilalarda bu ko‘rsatkich ikki-uch barobar yuqori ekan.

Ma’lumki, biz, ota-onalar uchun o‘g‘limiz, qizimizni qanday qilib bo‘lmasin tezroq uylantirish yoki turmushga uzatish  emas, balki ularni chin oilaviy baxtga sazovor etadigan xislat, fazilatlari borligiga to‘la ishonch hosil qilgandan keyin mustaqil hayotga yo‘llash muhimdir. Zero, jamiyat istiqbolini sog‘lom, aqlli, ma’nan barkamol farzandlar yaratadilar. Ular tarbiyasi, hayot yo‘lini tanlashida xalqimizning ibratli an’analari va diniy-milliy qadriyatlariga asos­lansak, inshoalloh, xayrli niyatlarimiz amalga oshadi.

 

Maryam ABDULLAYEVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar

23.12.2024   785   12 min.
Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ULUG‘ HISOB-KITOB BO‘LISHI BAYONI


 - 55حِسَابُ النَّاسِ بَعْدَ الْبَعْثِ حَقٌّ فَكُونُوا بِالتَّحَرُّزِ عَنْ وَبَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Qayta tirilishdan keyin insonlarning hisob berishlari haqdir, shunday ekan (ey insonlar) yomon oqibatdan (qiyomatda yomon hisobga yo‘liqishdan) saqlanishda bo‘linglar.


Nazmiy bayoni:

Qiyomatda hisob bo‘lmog‘i aniq,
Yomon oqibatdan saqlan, xaloyiq.


Lug‘atlar izohi:

حِسَابُ – mubtado.

النَّاسِ – muzofun ilayh.

بَعْدَ – zarfi zamon.

الْبَعْثِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “yuborish”, “jonlantirish”, “uyg‘otish” kabi ma’nolarni anglatadi.

حَقٌّ – xabar. Voqelikning berilgan hukmga muvoq bo‘lishi haq deyiladi.

كُونُوا– noqis fe’l, oxiridagi واو ismi.

بِ – “majoziy zarfiyat” ma’nosida kelgan.

تَّحَرُّز – “saqlanish”, “o‘zini asrash” va “ehtiyot bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur كُونُوا ning xabari ekaniga ko‘ra nasb o‘rnida turibdi.

وَبَالِ – “zarar”, “halokat” ma’nolarida bo‘lib, yomon oqibatga olib boruvchi narsalarga nisbabtan ishlatiladi. Jor majrur تَّحَرُّز ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Bayt mazmunidan, ey insonlar, kelajakda hisob-kitob bo‘lishi haqdir, shuning uchun o‘tkinchi narsalarga aldanib qolmanglar, zimmalaringizdagi Alloh taoloning haqlarini ham, insonlarning haqlarini ham ado etinglar, agar hozir ado etmasangiz, ulug‘ hisob-kitob kunida badalini to‘laysizlar, degan ma’no tushuniladi.

So‘fi Ollohyor bobomiz qayta tirilgandan keyingi hisob-kitobni quyidagi sodda va ravon so‘zlari bilan bayon qilgan:

Udur hokim nechukkim hukm qildi,
Tiril degach hama olam tirildi.

                                                                  * * *

Yig‘ar mahshar yerida barcha jonni,
So‘rar bandasidin yaxshi-yomonni.

Qur’oni karimda zarra miqdorichalik yaxshiligu yomonlikning hisob-kitobi bo‘lishi xabar berilgan: “Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[1].

 Ya’ni o‘sha kunda insonlar hisob-kitob joyidan yaxshi va yomon qilgan amallarining samaralarini ko‘rish uchun guruh-guruh bo‘lib qo‘zg‘aladilar. Tuproq zarrasi vaznidagi yaxshi amalni qilgan bo‘lsa, uni o‘zining amallari yozilgan sahifada borligini ko‘radi va o‘shanga loyiq mukofotni oladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu zarra haqida: “Kaftingizni yerga qo‘yib ko‘targanda unga yopishgan har bir tuproq zarradir,” – degan.

Hisob-kitob kunida har bir bandaning dunyoda qilib o‘tgan barcha amallari yozilgan kitob chiqariladi va hamma o‘z kitobini o‘qiydi: “Biz har bir insonning amalini bo‘yniga ilib qo‘ygandirmiz. Qiyomat kunida unga ochiq holda uchratadigan kitobni (Nomai a’molini) chiqarib berurmiz. (Unga aytilur): “Kitobingni o‘qi! Bugun o‘z shaxsing o‘zingga qarshi yetarli hisobchidir”[2].

Ya’ni o‘sha kunda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar sohibidan aslo ajramaydi. Hammaga amallari yozilgan kitob ochiq holatda ko‘rsatiladi. Bu kitobda yaxshi ishlar ham, yomon ishlar ham, ochiq-oydin ko‘rinib turadi, birortasi ham pinhon qolmaydi. Kitob sohibiga, amallaring yozilgan kitobni o‘qi! Bugungi kunda qilgan amallaringga o‘zing guvohlik berasan! Boshqa guvoh yo boshqa hisobchiga muhtoj bo‘lmaysan, – deyiladi.

Qilingan yaxshi ishlarning mukofotlari ko‘paytirib beriladi, yomon ishlarga esa ko‘paytirilmasdan jazo beriladi:

“Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay”[3].

Ushbu o‘n baravar oshirib mukofotlash ham aslida ko‘p mukofot berishning eng ozi hisoblanadi. Chunki gohida yetti yuz baravariga beriladigan yoki undan ham ko‘piga beriladigan mukofot beriladi. Yomon amal qilganlarga esa qilgan yomonliklaridan oshiqcha jazo berilmaydi, qilgan yomonligiga belgilangan jazoning o‘zigina beriladi. Yaxshi amallarning mukofotini ko‘paytirib berish, Alloh taoloning fazlu marhamati bo‘lsa, yomon ish qilganlarni qilmishlariga yarasha jazolashi U zotning adolati hisoblanadi.

Shuningdek, kofir jinlarning ham azobga giriftor etilishini ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Jin surasida quyidagicha xabar berilgan:

“Ammo (yo‘ldan) ozganlarga esa, bas, ular jahannamga o‘tin bo‘luvchi kimsalardir”[4].

Ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan ozib, iymon keltirmagan kofir jinlar, kofir insonlar kabi jahannamga “o‘tin” bo‘ladilar.

Ammo mo‘min jinlarning jannatga kirishlari to‘g‘risida ixtilof bo‘lib, bu haqida Badriddin Shibliy Hanafiy[5] o‘zining mashhur “Okomul marjon fi ahkamil jan”[6] kitobida to‘rt xil so‘zni keltirgan.

 

MO‘MIN JINLARNING JANNATGA KIRISHLARI HAQIDAGI QARASHLAR

“Ulamolar mo‘min jinlarning jannatga kirishlari haqida to‘rt xil qarashni aytganlar:

1. Jumhur ulamolar mo‘min jinlarni jannatga kiradi, deb hisoblaydilar. Ushbu qarashni Ibn Hazm “Milal” kitobida Abu Ya’lo, Abu Yusuf va boshqa ko‘pchiliklardan rivoyat qilgan;

2. Jinlar jannatga kirmaydilar, balki uning atrofida bo‘ladilar. Insonlar ularni ko‘radilar, ular esa insonlarni ko‘rmaydilar. Ushbu qarash Molik, Shofi’iy, Ahmad, Abu Yusuf va Muhammadlardan rivoyat qilingan;

3. Jinlar A’rofda[7] bo‘ladilar;

4. Bu haqida hech qanday gap aytmaslik”[8].

 

JINLAR VA SHAYTONLAR ORASIDAGI FARQLAR

Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar haqida “Aqidatul mu’min” kitobida quyidagilar yozilgan: “ Jinlar ikki turli bo‘ladi:

1. Shaytonlar. Bularda hech qanday yaxshilik bo‘lmaydi;

2. Jinlar. Bular orasida solihlari ham, yomonlari ham bo‘ladi.

Jinlarning holati insonlarga o‘xshash bo‘lib, ular orasida xushfe’llari ham, badfe’llari ham, mo‘minlari ham, kofirlari ham bo‘ladi.

Shaytonlar aslida jinlarning vakillari hisoblanadi. Zero, iblisning jinlardan bo‘lgani Qur’oni karimda xabar berilgan:

“Eslang, (Ey Muhammad!) Farishtalarga Odamga sajda qiling, deyishimiz bilan sajda qildilar. Faqat iblis (sajda qilmadi). U jinlardan edi. Bas, Parvardigorining amriga bo‘yin sunishdan bosh tortdi”[9].

Shayton ilohiy rahmatdan quvilib, barcha yaxshiliklardan kesilgach, mazkur ishlar uning zurriyotlariga ham meros bo‘lib o‘tgan. Shuning uchun shaytonlarda aslo yaxshilik bo‘lmaydi, ular faqat yomonlikni biladilar va doim yomonlikka chaqiradilar. Bularning holatiga ilon ancha yaqin misol bo‘la oladi. Ya’ni ilondan faqat ilon tug‘iladi, ilon nasli borki, barchasi doim zahar solish payida bo‘ladi. Xuddi shu singari, shaytonlardan ham faqat shaytonlar tug‘iladi, shayton nasli borki, doim odam bolalarini yo‘ldan urish payida bo‘ladi.

Shuningdek, aslida shayton bo‘lmagan jin va insonlar ham iflos ishlarni qilishlari va tug‘yonga ketishlari sababli shaytonga aylanib boradilar. Shaytonga aylanganlarining ashaddiylari “Marid” deyiladi, yanada bundan ham ortiq tug‘yonga ketganlari “Ifriyt” deb nomlanadi.

Shaytonlarning vasvasa qilishlari haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Shuningdek, har bir payg‘ambarga insu jinning shaytonlarini dushman qilib qo‘ydik. Ular aldash maqsadida soxta xushsuxanlik bilan bir-birlariga vasvasa qiladilar”[10].

Ushbu oyat shaytonlarning insonlardan ham, jinlardan ham bo‘lishiga dalolat qiladi. Jinlarning turli bo‘lishi haqida esa ularning tilidan hikoya tarzda shunday xabar berilgan:

“Va albatta, bizdan solihlar ham va boshqalar ham bor. Turli guruhlar bo‘lgan edik”[11].

Ushbu oyatda esa jinlarning oralarida solihlari ham bo‘lishi bayon qilingan”[12].


Keyingi mavzular:
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz.

 


[1] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[2] Isro surasi, 13, 14-oyatlar.
[3] An’om surasi, 160-oyat.
[4] Jin surasi, 15-oyat.
[5] Badriddin Shibliy Hanafiy  hijriy 712 yilda Damashqda tug‘ilgan. Hanafiy mazhabidagi ulug‘ muhaddis olimlardan biri bo‘lgan bu zotning “Fusul fi ahvali Rasul”, “Kashful ibham bisharhil ahkam”, “Nashrul a’lam fi ahkamis salam”  va “Okomul marjan fi ahkamil jan” kabi ko‘plab asarlari bo‘lgan. Hijriy 796 yilda vafot etgan.
[6] “Okomul marjon fi ahkamil jan” kitobi jinlarga taalluqli hukmlarni bayon qiluvchi eng mo‘tabar asarlardan biri hisoblanadi. Unda jinlarning mavjudligi,  ularning sinflari, sahoba jinlar, mo‘min jinlarning jannatga kirishlari haqidagi qarashlar kabi rang-barang mavzulardagi  ma’lumotlar jamlangan. Badriddin Shibliydan keyingi olimlar jinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bayon etishda, asosan, ushbu kitobdan foydalanishgan. “Fathul Boriy sharhu Sahihil Buxoriy”dek mo‘tabar kitobda ham agarchi nomi bayon qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu kitobdan iqtibos keltirilgan.
[7] “A’rof – jannat bilan do‘zaxni ajratib turadigan devor, arasot. Bu joy jannatga ham, do‘zaxga ham kirmagan, ya’ni vaqti soati kelib, Alloh taolo ularni jannatga kiritgunga qadar ma’lum muddat turadigan kishilarning joyidir”. Qarang:  Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.  – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2006. – B. 151.
[8] Badriddin Shibliy Hanafiy. Okomul marjon fi ahkamil jan. – Qohira: “Dorul haram litturos”, 2009.  – B 155.
[9] Kahf surasi, 50-oyat.
[10] An’om surasi, 112-oyat.
[11] Jin surasi, 11-oyat.
[12] Abu Bakr Jobir Jazoiriy. Aqidatul mu’min. – Madinai munavvara: “Maktabatul ulum val hikam”, 2009. – B. 122.

Kutubxona