Yurtimizda yozning ayni chillasi, havo xarorati ham 38-40 darajadan tushmayabdi. Bunday havoda ishda, yo‘llarda yuradigan yurtdoshlarimiz juda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Chunki muntazam ravishda quyosh nurlarini inson tanasiga bunday tushib turishi salomatlik uchun juda xavfli bo‘lib, “quyosh urishi” holati yuzaga kelishi mumkin.
Salomatlikni normal holatda ushlab turish uchun organizmda yetarlicha namlik bo‘lishi lozim. Jazirama issiq havo organizmdagi namlikni tashqariga ter orqali chiqib ketishini ta’minlaydi, natijada, organizm suyuqlik yoki taom vositasida yana namlikka ehtiyoj sezadi. Agar, bunday vaziyatda yetarlicha namlik bo‘lmasa organizm zaiflashadi va turli kasalliklarga moyil bo‘lib qoladi.
Mehribon Alloh biz bandalarni keragidan ortiqcha yemaslikka chaqirgan, buni ilm fan tilida organizm o‘zi sarflagan energiyadan ko‘p energiya iste’mol qilsa, bu ortiqcha energiya zararli moddalarga aylanadi, deyiladi. Shifokorlar tomonidan ko‘riladigan choralar esa vaqtinchalik bo‘lib, ular sizdagi muayyan vaqtdagi va muayyan dardnigina davolashadi, lekin, sizni doimo sog‘lom va tetik yurishingiz o‘zingizning kundalik harakatlaringiz: to‘g‘ri ovqatlanish, yashash joyingizning pokligi, yaxshi uyqu, hayotda tetik va faolligingiz, yaxshi dam olish va organizmdan chiqindilarni o‘z vaqtida chiqishi kabilarga bog‘liq.
Salomatlik bu – insonga Alloh haq subhanahu va taolo tomonidan ato etilgan eng katta ne’matlardan biridir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ham salomatlik haqida, uni qanchalik muhimligi to‘g‘risida bir qancha hadislarida ta’kidlab o‘tganlar:
“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
“Kim ertalab turganida sog‘-salomat holda, uy-joyi va bir kunlik yeyishga taomi bo‘lsa, bunday insonga hamma ne’matlar berilibdi”
Qiyomat kuni insonga beriladigan ilk savollardan biri: “Biz seni jismingni sog‘lom qilib qo‘ymadikmi, chanqog‘ingni muzdek suv bilan qondirmadikmi?”.
“Allohdan imonda mustahkam qilishini va salomat qilishini so‘rang…” deganlar.
Dono xalqimiz ham bekorga “Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar”, deb aytmagan.
Agar salomatlik bizga bu dunyoda quvonch olib kelsa, imonimiz ikki dunyo saodatiga eltadi. Shuning uchun bu borada Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning hadislarini o‘rganib, sunnatlarini hayotimizga tatbiq etib borishimiz lozim.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) qayerda bo‘lsalar, o‘sha yerning mahalliy go‘sht, xurmo, non, mevalar kabi tabiiy taomlaridan tanovul qilganlar. Chunki mehribon Robbimiz har bir qavmga, o‘zining hududi, sharoitlaridan kelib chiqib ne’matlarini berib qo‘ygan. Nabiy (alayhissalom)ning ovqatlanishdagi sunnatlari hech qachon biror ovqatni majburan yemasdilar, bu narsa inson salomatligi uchun foydadan ko‘ra zarari ko‘pligini zamonaviy ilm-fan ham tasdiqladi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hech vaqt taomni ayblamadilar. Agar ishtahalari bo‘lsa, undan yer edilar, agar ko‘ngillari tusamasa uni tark qildilar”.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan