Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

Uxlayotgan baxtni uyg‘oting!

03.07.2017   5211   13 min.
Uxlayotgan baxtni uyg‘oting!

Kun yo tunning o‘z vaqtidan bir lahza ortda qolmasligi, yil fasllarining almashib turishi umr bebaqoligini bildiruvchi hikmatdir. Fasllar faqat tabiatning takrorlanib kelishini anglatmaydi. Unda inson umri fasllari ham aks etadi. Shuning  uchun ham Alisher Navoiy hazratlari  “Xazoyin-ul maoniy”dagi  g‘azallariga umr fasllariga monand holda tartib bergan bo‘lsa, ajab emas.

“Xazoyin-ul maoniy” bolalik, yoshlik, o‘rta yoshlik, keksalik kabi fasllarga ajratilgan. Bu fasllarni tabiat fasllariga qiyoslasak, bolalik – bahor, yoshlik – yoz, o‘rta – kuz, keksalik – qishga to‘g‘ri keladi. Bunda hech qanday mubolag‘a yo‘q. O‘ylab qarasangiz, umr fasllari aksi bir kunda ham namoyon bo‘lar ekan: tong – bolalik, bu paytda tabiat musaffo, odam qayta tug‘ilgandek  bo‘ladi va hokazo.

“Tonggi uyqu rizqni qiyadi”, deydilar. Bu hadisning hayotiy misoli ham bor. Aytaylik, kimdir choshgohda turadi, boshqa birov esa quyosh chiqmasdan uyg‘onadi. Orada ikki soat farq  bor, deylik. Erta turgan odam, tabiiyki, shu vaqt ichida biror foydali yumush bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kech turgan esa arang ishxonasiga borib ulguradi. Shu hisob bo‘yicha barvaqt uyg‘ongan odam har to‘rt kunda bir ish kuni, bir yilda to‘qson ish kuni orttirgan bo‘ladi. Bir yilda boshqalardan uch oy ko‘p mehnat qilgan odamning ko‘proq daromad topishiga shubha qilmasak ham bo‘ladi. Bundan tashqari, matematik hisob ko‘ra, bolaligidanoq  kech turishni odat qilgan kishi yetmish yil umr ko‘rsa, uning o‘n yetti yarim yilini me’yoridan ortiqcha uyquga sarflar ekan. Bu navqiron yigit umriga teng vaqtni sovurmoq  demakdir.

Shifokorlarning  guvohlik berishicha,  kech turgan odam tanasidagi hujayralarning   hammasi kun bo‘yi uyg‘onib ulgurmas ekan. Tasavvur qiling, yarim uyg‘oq holda mudrab ishga, o‘qishga boramiz, shu holda o‘qib-o‘rganamiz, o‘qitamiz va o‘rgatamiz, hujjatlar  tayyorlaymiz, imzolar chekamiz...  Alloh taolo bizni jamiki mavjudotning afzali qilib yaratgan. Shu bois o‘zimizni  “hazrati inson”  deb ulug‘laymiz. Ammo tong mahali tirik  jon borki, Yaratuvchiga hamd-u sano aytayotgan chog‘da  “hazrati inson”  g‘aflat uyqusida yotgan  bo‘ladi.

Qur’oni karimning  “Nur”  surasi  41-oyatida  “(Ey, Muhammad), Allohga osmonlar va yerdagi bor jonzot ham, (samoda) saf tortgan  qushlar ham tasbeh  aytib poklanishini ko‘rmadingizmi?” deya da’vat qilinadi. Ulamolarning  ma’lum qilishicha, qaldirg‘och erta tongda  “Val-fajr”  (Tongga  qasam) surasini o‘qir ekan. Ulug‘ Navoiy bobomiz lutf etganlaridek, Turkiston mulkining shayxul mashoyixi Ahmad Yassaviy hasratlari:

Saharlarda ul gullar sano aytur bulbullar,

Kim ayturkim, biru bor sahar vaqti ichinda... 

 – deya bu fursatning qanchalik  “xush soat va jannat  rohati”  ekanini ta’kidlaydi.
Tong chog‘ida turib bir oz sayr qilsangiz, odamdan boshqa biror jonzotning mast uyquda yotganini ko‘rmaysiz. Shunday ekan, tongda turishimizga nima xalaqit qilmoqda? Birgina kech yotib, kech turishimiz, xolos. Ammo bu odatdan voz kechish u qadar qiyin emas. Faqat buning uchun inson o‘z vaqtining quli emas, balki jilovdori bo‘lishi zarur.

Onalarimiz o‘z farzandlariga beqiyos  darajada mehribon. Shu tufayli bolam tiniqib uxlab olsin deb uni tongda – jamiki yaralmishga rizq-u nasiba ulashilayotgan paytda uyg‘otmaydi. O‘zi bilib-bilmay norasidasini tong nafasidan benasib qoldiradi. Banogoh bolaning  o‘zi uyg‘onib qolsa ham darhol pardalarni  yopib xonani  qorong‘ilatadi, emizadi, bola yana uxlab qoladi. Bola poshsho-da. U qancha ko‘p uxlasa, shuncha kam xarxasha qiladi. Ro‘zg‘or yumushlariga xalaqit bermaydi. Bu mehr-muhabbat zamirida onaning ozgina xudbinligi ham borga o‘xshaydi...

Bunday haddan ortiq  mehribonchiliklar bois taltaytirilgan bolani ulg‘ayganda “taxti ravondan”  tushirish qiyin kechadi. Onaizor ham qo‘llarida ko‘tarib alla aytib yurgan bolasini endi uyg‘ota olmay xunob bo‘ladi. Asta-sekin shirin allalar, opichlab erkalashlar o‘rnini qiyin-qistovlar, achchiq-tiziqlar, o‘yib-chimchilashlar egallaydi. Aybi neligini bilolmay bola bechora hayron. Axir, u murg‘akligidanoq miriqib uxlashga o‘rgangan-da...

Farzandlarga  barvaqt turib ibodat qilishni o‘rgatishdan cho‘chib qolgan vaqtlar ortda qoldi. Uyquchilik, karaxtlikdan uyg‘onish fursati yetganiga ham ancha bo‘ldi-ku. Musaffo tong shukuhini sezmay uxlab yotgan farzandining    shirin uyqusini buzish  ayrim  millatdoshlarimizning  muloyim  tabiatiga  to‘g‘ri  kelmaydi, Ammo  istaysizmi-yuqmi,  tongni  hammadan  kechikib  qarshi  olgan  insonning  kun  davomida  qo‘lga  kiritgan  yutug‘i  ham  o‘ziga  yarasha  bo‘ladi. Shu boisdan  bunga  jiddiy  masala sifatida              yondashmoq lozim.

Haj  safariga  borgan  muborak  zotlardan  biri  makkalik  bir  xonadon  mehmoni  bo‘lganini  eslaydi:  ertalab  bomdodga  azon  chaqirilganda  mezbon  ayol  ikki  oylik  chaqaloqni  burnini  chimchilab  uyg‘otibdi. Buni  ko‘rgan  mehmonning  rafiqasi  mezbondan  bolani  nega  bezovta  qilganini  so‘ragan  ekan,  “Bola  azon  bilan  uyqudan  uyg‘onishni  hozirdan  odat  qilmasa,  keyin  juda  qiynaladi”,  deb  javob  beribdi. Shuni  eshitganda  beixtiyor  ko‘pchilik  namozxonlarning  bomdodga  turishga  qiynalayotganidan  shikoyat  qilishini  esladim. Agar  odam  sahar  vaqti  turishni  murg‘aklikdan  odat  qilsa,  erta  turishga  hech  vaqt  qiynalmaydi,  ibodatini  ham  uyqusiramasdan,  zavq  bilan  bajaradi...
Katta  choshgohda  uyqudan  lanj  holda  turib  biror  daraxtning  soyasigami,  choyxonagami  yig‘ilgan  qo‘ni-qo‘shnilar  zamondan,  jamiyatdan  nolimoqni  boshlaymiz. Bu paytga  kelib  vaqtli  turgan  kishilar  kunlik  yumushining  yarmini  bajarib  qo‘ygan  bo‘ladi. Insof  bilan  aytganda,  zamondan  nolish  gunoh. Hadisi  sharifda  “Alloh  Taolo  aytadi:  Odam  farzandi  menga  aziyat  berib,  zamondan  shikoyat  qiladi. Vaholanki,  zamonning  egasi  menman. Uni  o‘z  qudratim  bilan  kecha  va  kunduzga  aylantirib  turaman. Qachon  xohlasam  uni  to‘xtatib  qo‘yishim  ham  mumkin”,  deya  marhamat  qilinadi. Jamiyatdan  nolish  ham  adolatdan  emas,  uning  qanday  bo‘lishi shu  jamiyat  a’zolarining  ma’naviyat  va  mas’uliyati,  bilimi  va  huquqiy  madaniyatiga  ham  bog‘liq. Jamiyat  asosi  esa  siz-u  bizmiz. Biz  qanday  bo‘lsak,  jamiyat  ham  shunday  bo‘ladi. Demak,  turmushimiz  o‘zimiz  orzu  qilgandek  kechmayotganiga  boshqalarni  aybdor  qilishga  har  qancha  urinmaylik,  asosiy  aybdor  o‘zimizning  insoniy  saviyamiz  ekanligi  ikki  karra  ikki – to‘rtday  ayon.

Goho  ayrim  mamlakatlar  farovonligidan  so‘zlab  og‘zimizning  suvi  ketadi. Ularning  bu  darajada  taraqqiy  etgani  sabablarini  o‘zimizcha  tahlil  qilamiz. Biroq  ular  ko‘p  uxlamasligi,  ko‘rpa-to‘shakka  mehr  qo‘ymasligi  hisobiga  shunday  farovonlikka  erishganini  o‘ylamaymiz. Amerika  Qushma  Shtatlariga  borib  kelgan  do‘stimiz  aytadi: “Bir  oilaga  mehmon  bo‘ldik,  yotishdan  oldin mezbon  ertalab  soat  beshda  turishimizni  ma’lum  qildi. Men  sakkizgacha  uxlamoqchi  ekanimni  aytuvdim,  eshitib  og‘zi  ochilib  qoldi. Chunki  ular  sakkizgacha  uxlash  mumkinligini  tasavvur  ham  qila  olmas  ekan. Bundan  juda  xijolat  bo‘ldim. Shu  voqeadan  so‘ng  barvaqt  turishni  odat  qildim.”
O‘tgan  yili  yana  bir  hamkasbimiz  ummon  ortiga  borib  keldi. Uning  aytishicha,  Vashingtonda  tong  vaqti  bomdodga  turib  derazadan  shaharga  boqsa,  ko‘chada  hayot  qaynab  yotgan  ekan. Saudiya  Arabistonini  bilasiz,  iqtisodi  nihoyatda  baquvvat.  Bu mamlakat  shaharlarining  obodligi,  xalqining  farovon  turmushiga  ovrupoliklar  ham  havas  qiladi. To‘g‘ri,  ularning  nefti  ko‘p,  fuqarolarining  hammasi  ham  erta  tongda  turavermas,  ammo  u  yurtlarda  tongi  uyqu  ommaviy  tus  olmagan. Qut-barakaning asosiy  sababi  ham  shunda.
Saharxez  kishilarning  ishi  unumli  va  turmushi  farovon  bo‘lishiga  misollar  o‘zimizda  ham  bisyor. Kibriyo  Qahhorovaning  Abdulla  Qahhor  haqidagi  xotiralarida  adibning  ko‘pincha  tong  chog‘i  ijod  qilgani  bitilgan. Tongda  ijodkorning  miyasi  tiniq,  fikri  ravon, turli  axborotlar  bilan  chuvalashib  qolmagani  bois  ijodiy  mehnati  samarali  kechgan. Hurmatli  yozuvchimiz  Odil  Yoqubovning  shogidlari  ham  ustoz  ijodiy  ishlarini  ko‘pincha  tong  chog‘i  bitirib  qo‘yishga  odatlanganini  aytib  yurishadi.

Bir  qancha  ishlab  chiqarish  korxonalari  va  savdo  shoxobchalari  ochgan  tadbirkorlardan  biri  to‘g‘risida  tanishlarining  gapirgani  qulog‘imga  chalinib  qoldi. Bu  boy  bir  kunda  ikki  soat  uxlar  ekan. Kunduzi  boshqa  ishlar  bilan  band  bo‘lib,  kechasi  yarim  tunga  qadar  foyda-zararni  hisob-kitob  qilarmish. Keyin  erta  tongda  stadionda  yugurib  yurarmish. Bir  kunda  ikki soat  uxlash  sog‘liq  uchun  foydali  demoqchi  emasmiz, albatta. Ammo  mol-u davlatli  odamning  shu  qadar  kech  yotib  yana  tongda  turishga  kuch  topa  olishiga  qoyil  qolmay  iloj  yo‘q.

Insonning  bir  kunini  umr  fasllariga  qiyosladik. Fikrimizni  hayotiy  misollar  yordamida  dalillasak,  tong – bolalik. Shu ma’noda,  kech  turishni  odat  qilgan  murg‘ak  jon  har  kuni  bolaligining  bir  necha  soatini  uyquda  o‘tkazadi. Mana  shu  uyquda  o‘tgan  kunlar  yig‘ilib  yillarni  tashkil  etadi  va  bola  yaxshi  tarbiyachiga  shogirdlikka  berilsa,  qo‘lidan  tuzukkina  ish  keladigan  yoshga  borib  qolganda  ham  o‘ynab  yuradi.  Sababi,  u  ko‘p  uxlagani  bois  hali  to‘yib  o‘ynab  ololgani  yo‘q.

Ona  esa  bolasining  uyqusini  qizg‘anganidek,  uning  to‘yib-to‘yib  o‘ynashini  ham  xohlaydi. Chunki  ona  uchun  farzand  necha  yoshga  kirsa  ham  go‘dak  bo‘lib  qolaveradi. Shu  boisdan  bolangizga  nimadir  o‘rgatgingiz  kelib  biror  narsani  uqtiraversangiz, onasi  “miyasini  zo‘riqtirasiz, bola  tushinadimi,  shuni”  deb  yana  o‘rtaga  tushadi. Tabiiyki,  siz  ham  bolaning  miyasini  zo‘riqtirmaslik  tarafdorisiz,  axir  u  dilbandingiz. Keyin  esa  mana  shu  zo‘riqishdan  asralgan, vaqtida  ishlatilib, toblanib,  rivojlanib  bormagan  miya  dangasa  bo‘lib  qoladi-da, zarur  bo‘lganda  “ishlamay”  hammani  qiynaydi. Bu  erinchoqlik  Abdulla  Avloniyning  “Yalqov  shogird  tilindin”  she’rida  shunday  ifodalanadi:

                                      Men  maktabga  kelmas  edim,

                                      Kirmas,  o‘qimas  edim.

                                      Meni  zo‘rlab  yubordilar –

                                      G‘arib  onam  yig‘lab  qoldi.

Go‘dakligida  bolasi  boshida  girgitton  bo‘lgan  onaizor  u  maktabga  chiqqanda  ham  qayg‘uradi. Buni  sezgan  bola  maktabda  o‘tilayotgan  darslarni  o‘zlashtirishdan  ko‘ra  tezroq  yo‘llariga  ko‘z  tikib,  xavotirlanib  o‘tirgan  onasining  bag‘riga  qaytish  haqida  o‘ylaydi. Axir,  quyosh  tepaga  kelguncha  miriqib  uxlagan,  kechgacha  o‘z  erkida  televizor  tomosha  qilgan  yoki  ko‘cha  changitib  o‘ynab  yurgan  bolaga  dabdurustdan  “Tongda  tur,  nonushtangni  qil,  maktabga  chop,  partada  to‘g‘ri  o‘tir,  qiyshayma,  lallayma,  og‘zingni  yop,  yoz,  chiz,  o‘chir”,  kabi  amirona  ko‘rsatmalar,  do‘q-po‘pisalar  bo‘la  boshlagach,  dovdirab  nima  qilishni  bilmay  qoladi-da.

Bobolarimizning  o‘gitlariga  qaraganda,  odam  qirq  kun  davomida  bir  ishni  uzluksiz  bajarsa,  bu  yumush  unga  odat  bo‘lib  qolar  ekan. Tarki  odat  esa  amri  maholdir. Ayrim  yurtdoshlarimizga  quyoshdan  keyin  uyg‘onish  ko‘p  yillik  odatligini  hisobga  olsak,  ularning  vaqtli  turishga  qiynalishi  ajablanarli  hol  emas. Ammo  erinmasdan  uzog‘i  bilan  qirq  kun  jiddu  jahd  etsalar,  subhi  sodiqdanoq  ko‘chalar  gavjumlashib, xonadonimizga  fayz-u baraka  yog‘ilaveradi.

Shunday  ekan,  dilbandingizni  ertaroq  uyg‘oting,  onajon!  

 

Damin JUMAQUL,

jurnalist

 

Muallifdan: Xorijga borganimizda ertalab yo‘lda ketayotib bir kampirning o‘ziga o‘zi: “Millat uxlayapti, millat”, deya ming‘irlab yurgani qulog‘imga chalinib qoldi. Uning gapidan hushyor tortib atrofga diqqat qilib qarasam, haqiqatan, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, bironta tirik jon ko‘rinmasdi. Bu safar ortidan boshqa yurtga borsam tong bilan salomlashgani u yerning odamlarining ham ko‘pchiligi chiqmasdan uxlab yotar ekan. Bu holni ko‘rib uyquchilik ham zamonaviy ifoda bilan aytganda, global muammo ekan-da degan fikrga keldim.

Ushbu maqola 2006 yil “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan edi. Oradan o‘n bir yil o‘tdi. Ammo hali ham muhtarama onalarimiz bolalarini tongda uyg‘otmayapti. Aksincha, ba’zilarining o‘zlari ham ularga qo‘shilib uxlab yotibdi.  Yoshi katta yurtdoshlarimizning ham ko‘plari saharxez bo‘lgani yo‘q. Demak, bu mavzu hamon dolzarbligicha turibdi. Zora, maqolani o‘qigandan so‘ng yurtdoshlarimiz uyqusida bir ozgina bo‘lsa-da, o‘zgarishlar bo‘lib qolsa, degan yaxshi niyatda maqolani Internetda ham e’lon qilishga jur’at etdim.  

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

23.05.2025   11100   2 min.
Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.

Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.

Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).

Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.

Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.

Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.

Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.