«Ey insonlar! Albatta, Allohning va’dasi haqdir. Bas, sizlarni dunyo hayoti sira aldab qo‘ymasin! Yana sizlarni aldamchi (shayton) aldab qo‘ymasin!» (Fotir, 5)
1. Allohni yod etganni Alloh yod etadi.
«Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz! » (Baqara, 152)
* * *
2. Alloh ezgu amallar qilganlarni jannat va ostidan anhorlar oqib turuvchi bog‘lari bilan mukofotlaydi.
«Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun (jannatda) ostlaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog‘lar bordir» (Baqara, 25)
* * *
3. Alloh duo qiluvchining duosini qabul etadi.
Parvardigoringiz: «Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!» – dedi (G‘ofir, 60)
* * *
4. Alloh shukr qiluvchiga ne’matlarini yanada ziyoda qiladi.
«Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman» (Ibrohim, 7).
* * *
5. Alloh tavba qiluvchi bandasining gunohlarini kechiradi.
«Ularning ichida Siz bo‘la turib, Alloh ularni azoblovchi emas. Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas» (Anfol, 33).
* * *
6. Alloh tavakkul qiluvchi bandasini shayton va uning yomonliklaridan saqlaydi.
«Albatta, imon keltirgan va faqat Parvardigoriga tavakkul qiladiganlar ustidan u (shayton) uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo‘qdir» (Nahl, 99).
* * *
7. Alloh ikki dunyoda ham mo‘min-musulmonlarni O‘zi qo‘llaydi.
«Albatta, Biz payg‘ambarlarimizga va imon keltirgan zotlarga dunyo hayotida ham, guvohlar (hozir bo‘lib) turadigan kunda (qiyomatda) ham yordam berurmiz» (G‘ofir, 51).
* * *
8. Alloh solih amallar qilgan bandalarining gunohlarini mag‘firat etib, ularni O‘zi mukofotlaydi.
«Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o‘chirurmiz va ularni qilib o‘tgan chiroyli amallari bilan mukofotlagaymiz» (Ankabut, 7)
«Shunday qilib, Allohning va’dasi haq ekanini va qiyomatning (kelishi) shaksiz ekanini bilishlari uchun xabardor qildik» (Kahf, 21)
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
O‘zbekiston Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan ko‘plab sohalarda hamkorlik qilib keladi. So‘nggi yillarda bu davlat bilan xayriya yo‘nalishidagi aloqalar yanada rivojlanmoqda. Podshohlik har yili yurtimizga xurmo mevasi, oziq-ovqat mahsulotlari, Qur’on kitoblarini xayriya qilib keladi.
Bir muncha vaqt oldin Saudiya Arabistoni tomonidan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilingan Qur’on kitoblari kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yetkazildi. Ta’kidlash joizki, har yili mazkur institutning “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida minglab yurtdoshlarimiz ta’lim olib, muqaddas kitobni bemalol o‘qiydigan bo‘lib yetishadi. Taqdim etilayotgan bu Mus'haflar esa tinglovchilar uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
Jami olti ming dona Qur’on kitoblarini institut rahbariyati, talabalar xursandchilik bilan qabul qilib olishdi.
Alloh taolo yurtimiz diniy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan mo‘min-musulmonlarning qilgan ehsonlarini O‘z dargohida qabul qilsin. Alloh barchalarimizni ilm ahliga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni nasib aylasin.
Vaqf.uz