Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Ramazon-Qur’on oyi

18.06.2017   98505   5 min.
Ramazon-Qur’on   oyi

O‘zining oxirgi va abadiy kitobi bo‘lmish Qur’­oni Karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin.

O‘zlariga Alloh tomonidan nozil etilgan, ikki dunyo saodatini ta’min etadigan Qur’oni Karimni ummatlariga omonat ila yetkazib, unga qandoq amal qilishni ko‘rsatgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga  durudu salovatlar bo‘lsin.

Oylarning sultoni mohi ramazon xonadonimiz mehmonidir. Ramazon - rahmat va mag‘firat oyi ekanligi barchamizga ma’lum. Bu oyda  musulmonlar ulkan savoblar umidida ko‘p ezgu ishlarni amalga oshiradilar. Alloh taoloning yaxshi ishlar uchun ajru mukofotlarni bir necha barobar ko‘paytirib ato etadigan bu kunlarni g‘animat biladilar. Bu oyda ko‘plab insonlar Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Chunki bu oy Qur’on nozil bo‘lgan oydir.

Qur’oni Karimda Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi;

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat(manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi 185 oyat)

Ramazon oyida mamlakatimizning juda ko‘p masjidlarida xatmi Qur’on qilinadi. Qur’oni  Karim qorilar tomonidan bir karra to‘liq o‘qilib, eshittiriladi. Ramazon oyida Qur’oni Karimni xatm qilish sunnat amallardan biridir. Qur’oni Karimni tilovat qilish ham, shu tilovatni eshitish ham ulug‘ ibodatdir. Hadisi sharifda;                

 “Sizlarning eng  yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib va uni boshqalarga o‘rgatganingizdir deyiladi.(Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisning sharhida ulamolarimiz, davrlarning yaxshisi Qur’on o‘rganib, o‘rgatilgan davrdir- deydilar.  Shu o‘rinda, mustaqilliknning ilk yillarini esga olaylik. Masjidlarimizda xatmi Qur’on qilish uchun qorilar yetishmas, Ramazon oyida Misr, Turkiya kabi davlatlardan qorilar kelar edi. Qisqa vaqt ichida istiqlol sharafi ila, o‘zimizdan qorilar yetishib chiqdi, nafaqat o‘zimizda balki qo‘shni Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarga borib xatmi Qur’on qilish uchun  qorilarimiz taklif etilmoqda. Qorilarimiz u yerdagi musulmonlarga Qur’oni Karimni tilovat qilib, yurtimiz sha’nini ko‘klarga ko‘tarmoqdalar. Bu yil mingdan ortiq jome  masjidlarimizda xatmi Qur’on qilinayotgan bo‘lsa, ularning hammasida o‘zimizdan yetishib chiqqan yosh qorilarimiz qatnashmoqdalar. Bularning barchasiga yurtimizda xukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik sababdir.    

Bu dunyoda Qur’on o‘qigan odam jannatga kiradi. Endi unga jannat martabalaridan o‘ziga yarasha martaba berish kerak.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil (qiroat) qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi, dedilar». (Termiziy rivoyati)

 Abu Dovudning rivoyatida:

«Kim Qur’onni o‘qisa va undagi narsalarga amal qilsa, uning otasiga qiyomat kuni toj kiydiriladi. Uning ziyosi bu dunyodagi uylarda bo‘lgan quyoshning ziyosidan ham yaxshiroqdir. Endi bunga amal qilgan kishiga qanday mukofot bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering», deyilgan.

Yana bir hadisi sharifda:                

Abu Umoma (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Rosululloh (s.a.v)dan eshitdim; -U zot “Qur’onnni o‘qinglar! Albatta Qur’on qiyomat kuni egasini shafoat qiluvchi bo‘lib keladi” dedilar. (Muslim rivoyati).

Shu bilan birgalikda, Qur’onning ham, ro‘zaning ham shafoati bor. Rivoyatlarda keladiki, Ro‘za va Qur’on qiyomat kuni bandani shafoat qiladi. Ro‘za aytadiki; “Ey Rabbim! Men bu bandani kunduzlari taom yeyishdan va shahvatlarini qondirishdan to‘sgan edim. Men uni shafoat qilayin”, Qur’on aytadiki; “Ey Rabbim! Men kechalari bu bandani uyqudan qoldirgan edim. (U uyquni tark etib, Qur’on o‘qir edi. Endi menga izn ber) men uni shafoat qilay”-deydi. Shunda bu ikkisiga  (Alloh tomonidan) shafoat qilish haqi beriladi.  “Ey Ro‘za!, sen bu bandani shafoat qil. Ey Qur’on!, Sen bu bandani shafoat qil. Ro‘za tutgani uchun uni senga bag‘ishladim. Qur’on o‘qigani uchun uni senga bag‘ishladim ”, deyiladi.

Qur’oni Karimning har bir lafzi, iborasi, jumlasi va oyati hamda ularning ma’nolari ilohiy mo‘jizadir. Chunki Qur’oni Karimning ulug‘ligidan, bu muqaddas kitobning oliy maqomligidan, qolaversa, musulmonlarning bu ilohiy kitobga bo‘lgan cheksiz ehtiromlari va ikromlaridan kelib chiqqan holda har bir tilovat qiluvchi katta-katta savoblarga ega buladi. 

Demak ramazon oyida Qur’on o‘qimoqqa jiddiy kirishishimiz kerak bo‘ladi. Qur’oni Karim tark etib bo‘lmaydigan bilimdir. Inson ramazon oyidagi kun va tunlarni g‘animat bilmog‘i, kamchilik va gunohlariga kafforat bo‘ladigan savob ishlarni ko‘proq qilmog‘i lozim bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni ana shunday ulug‘ savoblarga erishtirsin.

 

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

“Kulol-Qo‘rg‘on” masjidi imomi

Abdurasul Abdullayev

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sunnat to‘yi uchun so‘qim olib kelish

30.04.2025   9753   2 min.
Sunnat to‘yi uchun so‘qim olib kelish

Savol: Biz tomonlarda o‘g‘il farzand uchun qilinadigan sunnat (xatna) to‘yiga kelinning otasi yoki aka-ukalari so‘qim (so‘yiladigan qoramol) olib borishlari shartdek bo‘lib qolgan. Hatto bu narsa  kelin tarafdagilarning burchi degan tushuncha ham bor. Shuning uchun ayrim hollarda ba’zi otalar nevarasini sunnat to‘yiga yerini sotish yoki katta qarzlarni olishgacha majbur bo‘layapti. Shu ishlar dinimizda bormi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xatnani bor ekanligi barchaga ma’lum va bu uchun ziyofat qilib berish ham bor. Ammo bu narsa farz yoki vojib, hatto sunnat ham emas, balki u ayrim sahobiylarning shunchaki odati bo‘lgan. Lekin u hozirgi kunda avj olgandek bema’ni dabdabozlik bilan emas, balki tor doirada kamtarona dasturxon yozib o‘tkazilgan.

Demak, aslida sunnat ham bo‘lmagan ushbu “to‘y”ga so‘qim olib kelish qiz tomonning burchi deyish mantiqsiz ekani ko‘rinib turibdi. Buni johilona hoyu havas ortidan paydo bo‘lgan xurofot desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Aynan mana shunaqa tayini yo‘q “majburiyat”lar tufayli qanchadan-qancha oilalar jabr ko‘ryapti va hatto ayrim oilalar “so‘qim qilinmagani yoki olib kelingan so‘qimning kichkinaligi” sababidan buzilib ketishgacha ham bormoqda.
Dinimizda hadya ulashishga targ‘ib qilingan. Ammo bu chin yurakdan hamda beruvchiga malol kelmasdan amalga oshirilishi kerak.

Shunday ekan, kuyov tomonga yuboriladigan novvoslarni hadya deb bo‘lmaydi. Chunki bu narsa oshkora yoki zimdan qilingan talab yoki kelin tomonning odamlardan uyalib yoxud “qizim xijolat bo‘lmasin”, deb qiladigan “sovg‘asi” bo‘ladi. Kuyov tomonning kelin tomonga bunday talablar qo‘yishi katta xato va gunoh sanaladi. Qolaversa, chin ko‘ngildan berilmagan narsani yeyish ham shubhali hisoblanadi. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لا يحل مال امرئ مسلم الا عن طيب نفسه  رواه احمد

“Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

Shunday ekan, bunday ishga chek qo‘yish lozim. Agar qilmoqchi bo‘lsalar, kuyov tomon imkoni darajasida o‘zlari qilsinlar. Agar imkonlari bo‘lmasa, qaynotani zimmasiga yuklamasliklari lozim. Imkon bo‘lmagani uchun bu kabi ehsonni qila olmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar