O‘zining oxirgi va abadiy kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘zlariga Alloh tomonidan nozil etilgan, ikki dunyo saodatini ta’min etadigan Qur’oni Karimni ummatlariga omonat ila yetkazib, unga qandoq amal qilishni ko‘rsatgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga durudu salovatlar bo‘lsin.
Oylarning sultoni mohi ramazon xonadonimiz mehmonidir. Ramazon - rahmat va mag‘firat oyi ekanligi barchamizga ma’lum. Bu oyda musulmonlar ulkan savoblar umidida ko‘p ezgu ishlarni amalga oshiradilar. Alloh taoloning yaxshi ishlar uchun ajru mukofotlarni bir necha barobar ko‘paytirib ato etadigan bu kunlarni g‘animat biladilar. Bu oyda ko‘plab insonlar Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Chunki bu oy Qur’on nozil bo‘lgan oydir.
Qur’oni Karimda Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi;
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat(manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi 185 oyat)
Ramazon oyida mamlakatimizning juda ko‘p masjidlarida xatmi Qur’on qilinadi. Qur’oni Karim qorilar tomonidan bir karra to‘liq o‘qilib, eshittiriladi. Ramazon oyida Qur’oni Karimni xatm qilish sunnat amallardan biridir. Qur’oni Karimni tilovat qilish ham, shu tilovatni eshitish ham ulug‘ ibodatdir. Hadisi sharifda;
“Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib va uni boshqalarga o‘rgatganingizdir ” deyiladi.(Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisning sharhida ulamolarimiz, davrlarning yaxshisi Qur’on o‘rganib, o‘rgatilgan davrdir- deydilar. Shu o‘rinda, mustaqilliknning ilk yillarini esga olaylik. Masjidlarimizda xatmi Qur’on qilish uchun qorilar yetishmas, Ramazon oyida Misr, Turkiya kabi davlatlardan qorilar kelar edi. Qisqa vaqt ichida istiqlol sharafi ila, o‘zimizdan qorilar yetishib chiqdi, nafaqat o‘zimizda balki qo‘shni Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarga borib xatmi Qur’on qilish uchun qorilarimiz taklif etilmoqda. Qorilarimiz u yerdagi musulmonlarga Qur’oni Karimni tilovat qilib, yurtimiz sha’nini ko‘klarga ko‘tarmoqdalar. Bu yil mingdan ortiq jome masjidlarimizda xatmi Qur’on qilinayotgan bo‘lsa, ularning hammasida o‘zimizdan yetishib chiqqan yosh qorilarimiz qatnashmoqdalar. Bularning barchasiga yurtimizda xukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik sababdir.
Bu dunyoda Qur’on o‘qigan odam jannatga kiradi. Endi unga jannat martabalaridan o‘ziga yarasha martaba berish kerak.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil (qiroat) qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi, dedilar». (Termiziy rivoyati)
Abu Dovudning rivoyatida:
«Kim Qur’onni o‘qisa va undagi narsalarga amal qilsa, uning otasiga qiyomat kuni toj kiydiriladi. Uning ziyosi bu dunyodagi uylarda bo‘lgan quyoshning ziyosidan ham yaxshiroqdir. Endi bunga amal qilgan kishiga qanday mukofot bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering», deyilgan.
Yana bir hadisi sharifda:
Abu Umoma (r.a.)dan rivoyat qilinadi. Rosululloh (s.a.v)dan eshitdim; -U zot “Qur’onnni o‘qinglar! Albatta Qur’on qiyomat kuni egasini shafoat qiluvchi bo‘lib keladi” dedilar. (Muslim rivoyati).
Shu bilan birgalikda, Qur’onning ham, ro‘zaning ham shafoati bor. Rivoyatlarda keladiki, Ro‘za va Qur’on qiyomat kuni bandani shafoat qiladi. Ro‘za aytadiki; “Ey Rabbim! Men bu bandani kunduzlari taom yeyishdan va shahvatlarini qondirishdan to‘sgan edim. Men uni shafoat qilayin”, Qur’on aytadiki; “Ey Rabbim! Men kechalari bu bandani uyqudan qoldirgan edim. (U uyquni tark etib, Qur’on o‘qir edi. Endi menga izn ber) men uni shafoat qilay”-deydi. Shunda bu ikkisiga (Alloh tomonidan) shafoat qilish haqi beriladi. “Ey Ro‘za!, sen bu bandani shafoat qil. Ey Qur’on!, Sen bu bandani shafoat qil. Ro‘za tutgani uchun uni senga bag‘ishladim. Qur’on o‘qigani uchun uni senga bag‘ishladim ”, deyiladi.
Qur’oni Karimning har bir lafzi, iborasi, jumlasi va oyati hamda ularning ma’nolari ilohiy mo‘jizadir. Chunki Qur’oni Karimning ulug‘ligidan, bu muqaddas kitobning oliy maqomligidan, qolaversa, musulmonlarning bu ilohiy kitobga bo‘lgan cheksiz ehtiromlari va ikromlaridan kelib chiqqan holda har bir tilovat qiluvchi katta-katta savoblarga ega buladi.
Demak ramazon oyida Qur’on o‘qimoqqa jiddiy kirishishimiz kerak bo‘ladi. Qur’oni Karim tark etib bo‘lmaydigan bilimdir. Inson ramazon oyidagi kun va tunlarni g‘animat bilmog‘i, kamchilik va gunohlariga kafforat bo‘ladigan savob ishlarni ko‘proq qilmog‘i lozim bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni ana shunday ulug‘ savoblarga erishtirsin.
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
“Kulol-Qo‘rg‘on” masjidi imomi
Abdurasul Abdullayev
Ahli sunna valjamoa aqidasiga ko‘ra Alloh taolo makondan pok deb e’tiqod qilinadi. Bu borada ahli sunna valjamoa imomlaridan naql qilingan ayrim jumlalar bilan tanishib olishimiz maqsadga muvofiqdir:
1. Hijriy 285 yilda vafot etgan Muhammad ibn Yazid al-Mubarrid "Al-Komil fil-lug‘oti val-adab" asarida keltirishicha, Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga bir kishi dedi: "Robbimiz osmonlar va yerni yaratishidan oldin qayerda edi?" Shunda Aliy roziyallohu anhu: "Qayerda? degan so‘z makon haqidagi so‘roqdir. Vaholanki, Alloh taolo makon mavjud bo‘lmaganda ham bor edi", dedilar.
2. Abu Muti’ al-Balxiy "Al-Fiqhul absat" kitobida aytadi: "Alloh taolo qayerda? deyilsa, nima deb javob berasiz? dedim. Shunda u zot (ya’ni, ustozim Abu Hanifa rohimahulloh): "Bunday savol bergan kishiga, Alloh taolo makon yo‘qligida ham bor edi, maxluqotlarni yaratishidan oldin ham U bor edi. Na qayer, na biror maxluq, na biror narsa vujudga kelmaganida ham Alloh taolo mavjud edi. U barcha narsaning yaratuvchisidir, deyiladi", dedilar".
3. Abu Hanifa rohimahulloh "Al-Olim val-muta’allim" kitobining xutbasida aytadilar: "U (ya’ni, Alloh taolo) azalda ham shunday bo‘lgan (ya’ni, barcha komillik sifatlari bilan sifatlanib, barcha aybu nuqsonlardan pok bo‘lgan). U hamisha azalda bo‘lganidek bo‘lib qoladi".
4. Imom Moturidiy rohimahulloh "Kitob at-tavhid" asarida aytadilar: "Bu borada asl qoida shuki, makon yo‘qligida ham Alloh taolo bor edi.Makonlarning yo‘qolishi ham, hozirgidek qolishi ham joiz. Alloh taolo esa (olamni, xususan, makonlarni yaratganidan keyin ham) azaliy sifatlariga ko‘radir, azalda ham hozirda (biz Alloh taoloni unga ko‘ra tanigan) sifatlariga ko‘ra bo‘lgan. U o‘zgarishdan, zavolga uchrashdan, muhollik va botillikdan oliydir. Zero, bular (ya’ni, o‘zgarish va zavolga uchrash) olamning keyin paydo bo‘lganligi u orqali bilingan yaratilganlik belgilaridir".
5. Imom Moturidiy rohimahulloh "Ta’vilot al-Qur’on" asarida aytadilar: "Balki, makon yo‘qligida ham U (Alloh taolo) bor edi. Bas, U azaliy sifatlariga ko‘radir, U muhollik va o‘zgarishdan oliydir".
Alloh taolo barchamizni O‘zi haqidagi to‘g‘ri e’tiqodda sobit qadam qilsin!
Mir Arab oliy madrasasi katta o‘qituvchisi
Asrorxon Mahmudov tayyorladi