Yaxshi kelding, ey sharofatli aziz mehmonimiz,
Intizor erdi yo‘lingda diydai giryonimiz,
Ey ko‘ngillar istagi, mahbubimiz, jononimiz,
O‘rtanur shavqing bila bu siynai so‘zonimiz,
Tiyra kulbamiz yorutding, ey mahi tobonimiz.
Jilvalar aylab saodat burjida, ey navnihol,
Yuz ochib, qilding namoyon nozaninlardek jamol,
Barqaror o‘lg‘il kamolot avjida ko‘rmay zavol,
Xush kelibsan, ketmag‘il, to umrimiz boricha qol,
Kechsin emdi sen bila qolgan hayoti fonimiz.
Dilhazinlarni quduming shodu xandon ayladi,
Kechamizni partavi mohing charog‘on ayladi,
Har sahar subhing nasimi anjumafshon[i] ayladi,
Sen tufayli Tangri ne’matlar farovon ayladi,
Hayri barkat kelganing mohi sharif ramadonimiz.
Qaysi bir madhing raqam qilgay sening, ey yaxshi zot,
Ulki mo‘min bahravar sendin hayotu ham mamot,
Ey karambaxshu saxolik, boisi xayru zakot,
Topg‘usi bechoralar sen birla tanglikdin najot,
Xayri maqdam, ey fazilatli mahi g‘ufronimiz.
Ta’rixi hijratga o‘tgach ikki yil ul biru bor,
Bandalarga ro‘za tutmoq amrin etdi oshkor,
Ehtirom ila tuting odobini, ey ro‘zador,
Koni xislat, xosiyatbaxshu mahi rahmatnisor,
Bir ulug‘ ne’matki, bizga tuhfai rahmonimiz.
Assalom, ey mohi oliy, xush kelibsan, marhabo,
Ey g‘ubori xoki poying diydalarga to‘tiyo,
Qilmadik shoyista amring, tutmadik sharting bajo,
Bo‘lg‘umiz afv etmasang, sharmandai yavmil-jazo,
Ul kuni so‘rganda bizdin adl ila sultonimiz.
Haq taolo bizga ko‘p lutfu inoyat ayladi,
Sen kabi bir mohi rahmatni karomat ayladi,
Xolisanlilloh agar kim senga xizmat ayladi,
Oni Tangrim loyiqi diydoru jannat ayladi,
Illati jurmu gunahlar dardiga darmonimiz.
Jumla oylardin fazilatli, muborak nomsan,
Benavolarga saxovatli ulug‘ ayyomsan,
Soim[ii] ahlini ziyofat qilg‘uchi har shom san,
Rahmatidin Jabraildek qosidi payg‘omsan,
Xayrxohu jurmpo‘shu[iii] pardai nuqsonimiz.
Mushkbo‘yi fayzi subhingdin muattardur dimog‘,
Ro‘shnoyi laylatil-qadringda yulduzlar chirog‘,
G‘aflat ahli uyquda bebahra, kunduz kun sinog‘,
Yaxshilar bedor o‘lib, tunlar farog‘atdin yirog‘,
Aylashib xatmu tilovat hofizi qur’onimiz.
Ey mahi ashraf[iv], fazilat senda behad bordur,
Ham savobing behisobu hikmating bisyordur,
Susti hozim[v], za’fi me’da birla kim bemordur,
Hikmating bu dardu illatga shifo izhordur,
Har marizu[vi] har tani bemora sen Luqmonimiz.
Bizni, yo Rab, yaxshilarning zumrasiga qil vusul,
Jurmimizni mag‘firat qil, ayla rahmatga duxul,
Aybu nuqson birla tutgan ro‘zamizni qil qabul,
Bu Suhayliy osiyning sendin mudom ummidi shul,
Vaqti rihlatda salomat aylagil iymonimiz.
[i] anjumafshon — yulduz sochuvchi, nur sochuvchi
[ii] soim – ro‘zador
[iii] jurmpo‘sh – ayblarni yopguvchi
[iv] ashraf – eng ulug‘
[v] susti hozim – hazm tizimining buzilishi
[vi] mariz – kasal
Dadaxon qori Suhayliy
G‘iybatning ta’rifini ushbu hadisdan bilib olamiz:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, g‘iybat nima?” deb so‘rashdi. “Birodaringni o‘ziga yoqmagan narsa bilan eslashing”, dedilar. Shunda: “Birodarimda men aytgan narsa bo‘lsa-chi, bunga nima deysiz?” deyishdi. “Agar aytganing unda bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasan, aytganing unda bo‘lmasa, bo‘hton qilgan bo‘lasan”, deb javob berdilar” (Abu Dovud rivoyat qilgan).
Ba’zilar “Men birodarimning yo‘q aybini gapirmayapman. Balki bor aybini aytyapman” deb da’vo qilishadi. Mazkur hadisga ko‘ra ularning da’vosi asossiz bo‘lib, ular g‘iybat qilayotgan bo‘lishadi.
Qur’oni karimning Hujurot surasida Alloh taolo aytadi: "Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir".
Ma’lumki, kimning o‘yiga badgumonlik o‘rnashsa, u odam o‘sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning o‘ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa, josuslik, deydilar. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik yetkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o‘ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo‘lmog‘i zarur.
Afsuski, uch-to‘rtta ulfatlar yig‘ilib qolsa, suhbat orasida kimnidir g‘iybat qilish ham sodir bo‘ladi. Iymoni komil musulmon birovni g‘iybat qilmasligi, g‘iybatchilarni bu gunohdan qaytarishga urinishi, agar ular g‘iybatdan tillarini tiymasalar, o‘zi unday majlisni tark etishi kerak. Chunki g‘iybatchilar bilan birga o‘tirib, ularni bu ishdan qaytarmay o‘tiravergan kishi o‘sha kimsalarning gunohiga sherik bo‘ladi.
G‘iybat birodarimizning unga yoqmaydigan narsa bilan eslash ekan, bu narsa uning tashqi ko‘rinishi, shakliga oid bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ba’zilar “Falonchi pakana”, “Falonchi cho‘loq”, “Falonchi naynov”, “Falonchi qora” kabi gaplarni ko‘p ishlatishadi. Bu gapni o‘sha inson eshitsa, xafa bo‘ladi. Demak, bu ham g‘iybat hisoblanadi.
G‘iybatchini hech kim yoqtirmaydi. Unday kimsaga oxiratda ham alamli azob bordir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Me’rojga chiqarilganimda bir qavmning yonidan o‘tdim. Ularning misdan bo‘lgan tirnoqlari bo‘lib, ular (o‘sha tirnoqlar ila) yuzlarini va ko‘kraklarini tirnar edilar. Men: “Ey Jabroil, bular kim?” deb so‘radim. U: “Ular odamlarning go‘shtlarini yeydigan (g‘iybat qiladigan) va ularning obro‘lariga til tekkizadigan kishilardir” deb javob berdi” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan).
Oddiy tirnoq bilan yuzingizni yoki tanangizning biror joyini qashiyversangiz, borib-borib o‘sha joy yaraga aylanadi. Endi misdan bo‘lgan tirnoqlar bilan yuz va ko‘kraklarni tirnash juda qo‘rqinchlidir. Hadisi sharifda g‘iybatchilar “odamlarning go‘shtlarini yeydiganlar” deb vasf qilinmoqda. Bu Hujurot surasida keltirilgan g‘iybatchi misolining hadisda ham keltirilishidir. G‘iybatchi kimsa g‘iybat qilayotgan paytda do‘stining, dindoshining go‘shtini yeb o‘tirgan bo‘ladi.
Imom Ahmad, Imom Abu Dovud va boshqalar Abu Barza Al Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qildilar: “Ey tili bilan iymon keltirib, qalbiga iymon kirmaganlar! Musulmonlarni g‘iybat qilmanglar, ularning avratlari orqasidan (nomuslariga teguvchi gap tarqatib) tushmanglar! Chunki kim o‘z birodarining avrati ortidan tushsa, Alloh uning avrati ortidan tushadi. Kimki, Alloh uning ortidan tushgan bo‘lsa, uni sharmanda-yu sharmisor qiladi, garchi uyining ichkarisida bo‘lsa ham!”.
Sa’d ibn Abu Vaqqos bilan Xolid ibn Valid roziyallohu anhumoning orasidan gap o‘tib qoldi. Keyin bir kishi Sa’dning oldida Xolidni g‘iybat qilmoqchi edi, Sa’d unga bunday dedi: «U bilan o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan narsaning aslo dinimizga aloqasi yo‘q!».
G‘iybat harom bo‘lgani kabi yomon gumon ham harom. Birodaringiz ortidan yomon gaplar so‘zlash harom bo‘lganidek, undan asossiz ravishda yomon gumon qilishingiz ham harom. Yomon gumon deganda birov haqida qalbda chiqarilgan hukm yoki mustahkam e’tiqodni nazarda tutyapmiz. Ammo xayolga kelgan turli narsalar, o‘y-fikrlar avf qilingan, hatto shak ham kechirilgan.
Gumon qalbning o‘sha tomonga ko‘proq moyil bo‘lishi, ko‘proq tayanishidir. Alloh ta’olo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).
Yomon gumon harom qilinishining sababi shuki, qalblardagi sir-asrorlarni faqat g‘aybni biluvchi Zotgina biladi, shunday ekan siz birov haqida yomon e’tiqodda bo‘lishga haqqingiz yo‘q. Magar sizda bunga yetarlicha asoslar bo‘lsa va ularni yaxshi tarafga ta’vil qilish imkoni bo‘lmasa, unda ko‘rgan, guvohi bo‘lgan narsangizdan boshqani e’tiqod qilishdan o‘zga imkoningiz yo‘q. Ammo ko‘zingiz bilan ko‘rmasangiz ham, qulog‘ingiz bilan eshitmasangiz ham ichingizda gumon paydo bo‘layotgan bo‘lsa, bilingki, bu shaytondandir.
Birinchidan, g‘iybatni eshitgan paytda g‘iybat qilinayotgan inson haqida yomon gumonga bormaslik, u haqda zikr etilayotgan yomon sifatlarni rost deb bilmaslik, boshqa odamlar huzurida uni nakl qilmaslik, g‘iybat qilgan kishini gunohi kabira qilyapti deb bilish, uning gapini e’tiborsiz deb hisoblash, «Ehtimol, g‘iybat qilingan insonga uning adovati bordir, shuning uchun shunday gaplarni gapirayotgandir», deb o‘ylash lozim.
Ikkinchidan, g‘iybatni eshitgach, unga sherik bo‘lib, musulmon birodarining qolgan ayblarini ham ochmasin. G‘iybat qiluvchi kishi Alloh taoloning itobiga qoladi, agar men unga sherik bo‘lsam, Alloh taolo mendan norozi bo‘ladi va qiyomat kuni azoblaydi, degan fikrda bo‘lsin.
Uchinchidan, bir musulmon birodarining g‘iybat qilinayotganini eshitsa, o‘sha musulmonni maqtashni boshlasin va unga yordam bersin. Ajab emaski, shunda g‘iybat qiluvchi g‘iybatdan tiyilsa.
To‘rtinchi ish shuki, g‘iybat qiluvchini til bilan aytib yoki qo‘l va ko‘z bilan ishora bo‘lsa ham, g‘iybatdan to‘xtatish lozim.
Agar binamki nobinovu chohast,
Agar xomush binishinam gunohast.
Nazmiy ma’nosi:
Agar ko‘rsamki ko‘r oldida chohdur,
Indamay o‘tirsam, beshak, gunohdur.
Nasriy baëni:
Agar ko‘zi ko‘r kishining oldida chuqurni ko‘rsam-u, indamay o‘tiraversam, gunohdir.
Agar uni g‘iybat qilishdan qaytarish imkoni bo‘lmasa, o‘sha majlisdan turib ketish lozim. Bordi-yu, turib ketishning ham iloji bo‘lmasa, u holda bo‘layotgan g‘iybatni dilda yomon ko‘rib o‘tirish kerak. Rozi bo‘lib, jim o‘tirish joiz emas.
Yana bir gap. G‘iybatchiga «Jim bo‘l» deb turib, lekin bo‘layotgan g‘iybatni dilda xohlab turish munofiqlikdir.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Allohga qasamki, agar bir kishi boshqa kishini “bu itni emgan” deb ayblaganda, kuni kelib o‘zi, albatta, itni emgan bo‘lardi».
Muhammad ibn Sirin rahimahulloh aytadi: “Insonlarning eng xatokori boshqalarning aybini ko‘p gapiradiganidir”. Sahobalar va tobe’inlar gunohning kasofatiga shunchalik aniq ishonishgan ekan.
TII Modul ta’lim tizimi talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi Ja’farxon SUFIYEV