Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2025   |   23 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:03
Peshin
12:23
Asr
16:43
Shom
18:36
Xufton
19:49
Bismillah
15 Sentabr, 2025, 23 Rabi`ul avval, 1447

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umr yo‘ldosh sifatidagi fazilatlari

12.06.2017   12401   5 min.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umr yo‘ldosh sifatidagi fazilatlari

Muqaddas islom dinimizda oila masalasiga alohida e’tibor bilan qaralgan. Zero, oila har bir jamiyatning iligi hisoblanadi. O‘zagi mustahkam jamiyatning o‘zi ham mustahkam bo‘ladi.

Kuyida har bir ishlarida namuna bo‘lgan Zot – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umr yo‘ldosh sifatidagi namunalarni ibrat uchun  eslab o‘tsak.

 لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا 

(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir(Ahzob surasi, 21 oyat).

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insoniyat ichra xulqlari va odoblari eng go‘zal Zotdir. Alloh taoloning O‘zi bu haqda ta’kidlab:

وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ

 “Siz eng buyuk xulq uzradirsiz”, deya marhamat qilgan (Qalam surasi, 4 oyat). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu buyuk xulqlari bilan oilaviy hayot kechirganlar va Rabbimizning ayollar borasidagi:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ 

“Ular bilan yaxshilikla yashangiz”, degan ilohiy farmonini amalda ko‘rsatib berganlar (Niso surasi, 19 oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllariga juda mehribon va rahmli bo‘lganlar. Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda ketayotgan edik. Bir yalanglikka yetganimizda to‘satdan munchog‘im uzilib tushib qoldi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni qidirish uchun to‘xtadilar. Odamlar ham to‘xtashdi. Holbuki ichishlik uchun na odamlarda, na bir yaqin atrofda suv bor edi. Odamlar Abu Bakrning oldiga borib:”Oishaning nima qilganini ko‘rmaysizmi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va U zot bilan birga odamlarni ham tutib qoldi-ku! Odamlar suvi bor joyda ham emaslar, o‘zlari bilan suvlari ham yo‘q”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam charchab tizzamga boshlarini qo‘yib  uxlab qoldilar. Shu payt otam Abu Bakr roziyallohu anhu kelib: “Shunday taqchillik nozik payti ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni to‘xtatasanmi?” – deb meni koyidilar. Koyish asnosida meni shunday turtkilardilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyg‘onib ketmasinlar deb zo‘rg‘a qimirlamay o‘tirardim. U zot ham uxlab turib, suvsiz bo‘lib qolgandilar. Shunda  Alloh taolo tayammum oyatini nozil qildi. Darvoqe, Usayd ibn Xuzayr: “Ey Abu Bakrning oilasi, sizlarning barakangiz tufayli!” – dedi. Oisha roziyallohu anho so‘zlarida davom etib: Keyin men mingan tuyani turg‘izgan edik, munchog‘imni o‘shaning tagidan topdik” (Imom Buxoriy rivoyati).

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birgina munchog‘ni deb chanqoqlik paytida ham odamlarni to‘xtatib uni izlashga tushganlar.

U zot alayhissalom biror marta birovga qo‘pol so‘z aytmaganlar, hech kimni xaqorat qilmaganlar, qo‘l ko‘tarmaganlar, quvvatlarini faqatgina Allohning yo‘lida sarflaganlar. Bu mehr-shafqatni to‘g‘riroq tasavvur qilish uchun ba’zi statistik ma’lumotni keltirib o‘tamiz: Musulmon bo‘lmagan, ayni vaqtda peshqadamlikni da’vo qilayotgan ba’zi mamlakatlar aholisi orasida 70% erkaklar o‘z ayollarini urar va shu kaltaklangan ayollarning 83%i og‘ir ahvolda shifoxonalarga tushar ekan. “Madaniyat”ni da’vo qilayotgan yurtlarda ayollar huquqi ana shu ahvolda.

Endi yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilalariga qaytaylik. Bir kuni safarda Sofiya onamiz mingan ulov orqada qolib ketadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelganlarida Sofiya onamiz yig‘lab: “Meni sekin yuradigan ulovga mindiribsiz”, - deydilar. Nabiy alayhissalom esa onamizning ko‘z yoshlarini artib, yupatdilar (Nasaiy rivoyati).

Payg‘ambarimizning o‘z ahli ayollariga nisbatan muomalalari xuddi shunday mehribonlik va g‘amxo‘rlik bilan yo‘g‘rilgan edi.

No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganlarida Oisha roziyallohu anhoning baland ovozda gapirayotganligini eshitdi va yaqin kelib: “Ey Ummu Rumonning qizi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida ham ovozingni baland qilasanmi?!” – deya koyidilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oralarini ajratdilar va ketgach: “Sen bilan haligi kishining orasini ajratganimni ko‘rdingmi?” – dedilar. Biroz vaqt o‘tgach Abu Bakr roziyallohu anhu qayta kyelib, kirishga izn so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizni kuldirib o‘tirgan edilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: “Janjallaringizga sherik qilganingizdek, quvonchingizga ham meni qo‘shinglar”, - dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barchaga bir xil go‘zal muomalada bo‘lganlari kabi ahli ayollari bilan ham ana shunday namunali hayot kechirganlar. Bugungi kunda har birimiz U zotdan o‘rnak olsak, jamiyatimiz qanday ham go‘zal va farovon bo‘lar edi! 

Jaloliddin Hamroqulov

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafendrasi mudiri,

Toshkent shahar“Novza” jome masjidi imom xatibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

TURKIY DAVLATLAR MUFTIYLARI BISHKЕK SHAHRIDA YIG‘ILADI

12.09.2025   3823   1 min.
TURKIY DAVLATLAR MUFTIYLARI BISHKЕK SHAHRIDA YIG‘ILADI

#xabar #anjuman #muftiy
Joriy yilning 10-13 sentyabr kunlari Turkiy davlatlar muftiylari kengashining VI yig‘ilishi Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Ozarbayjon musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zboy hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov qatnashadi.


Anjuman doirasida Turkiy davlatlar muftiylari kengashi huzuridagi Fatvolar kengashi hay’atining majlisi, «Imom Sirojiddin O‘shiy va uning islomiy ilmlarga qo‘shgan hissasi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, ikki tomonlama muzokaralar, muborak qadamjolarga ziyoratlar rejalashtirilgan. 


Ushbu xalqaro tadbirlarda ummat birligini ta’minlash, turkiy dunyo diniy idoralari va musulmonlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.


Ma’lumot o‘rnida, Turkiy davlatlar tashkiloti tarkibiga O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Vengriya va Turkmaniston uning faoliyati kuzatuvchisi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari