Muqaddas islom dinimizda oila masalasiga alohida e’tibor bilan qaralgan. Zero, oila har bir jamiyatning iligi hisoblanadi. O‘zagi mustahkam jamiyatning o‘zi ham mustahkam bo‘ladi.
Kuyida har bir ishlarida namuna bo‘lgan Zot – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umr yo‘ldosh sifatidagi namunalarni ibrat uchun eslab o‘tsak.
لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا
“(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21 oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insoniyat ichra xulqlari va odoblari eng go‘zal Zotdir. Alloh taoloning O‘zi bu haqda ta’kidlab:
وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Siz eng buyuk xulq uzradirsiz”, deya marhamat qilgan (Qalam surasi, 4 oyat). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shu buyuk xulqlari bilan oilaviy hayot kechirganlar va Rabbimizning ayollar borasidagi:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
“Ular bilan yaxshilikla yashangiz”, degan ilohiy farmonini amalda ko‘rsatib berganlar (Niso surasi, 19 oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z ahllariga juda mehribon va rahmli bo‘lganlar. Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan safarda ketayotgan edik. Bir yalanglikka yetganimizda to‘satdan munchog‘im uzilib tushib qoldi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni qidirish uchun to‘xtadilar. Odamlar ham to‘xtashdi. Holbuki ichishlik uchun na odamlarda, na bir yaqin atrofda suv bor edi. Odamlar Abu Bakrning oldiga borib:”Oishaning nima qilganini ko‘rmaysizmi?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va U zot bilan birga odamlarni ham tutib qoldi-ku! Odamlar suvi bor joyda ham emaslar, o‘zlari bilan suvlari ham yo‘q”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam charchab tizzamga boshlarini qo‘yib uxlab qoldilar. Shu payt otam Abu Bakr roziyallohu anhu kelib: “Shunday taqchillik nozik payti ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni to‘xtatasanmi?” – deb meni koyidilar. Koyish asnosida meni shunday turtkilardilarki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyg‘onib ketmasinlar deb zo‘rg‘a qimirlamay o‘tirardim. U zot ham uxlab turib, suvsiz bo‘lib qolgandilar. Shunda Alloh taolo tayammum oyatini nozil qildi. Darvoqe, Usayd ibn Xuzayr: “Ey Abu Bakrning oilasi, sizlarning barakangiz tufayli!” – dedi. Oisha roziyallohu anho so‘zlarida davom etib: Keyin men mingan tuyani turg‘izgan edik, munchog‘imni o‘shaning tagidan topdik” (Imom Buxoriy rivoyati).
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birgina munchog‘ni deb chanqoqlik paytida ham odamlarni to‘xtatib uni izlashga tushganlar.
U zot alayhissalom biror marta birovga qo‘pol so‘z aytmaganlar, hech kimni xaqorat qilmaganlar, qo‘l ko‘tarmaganlar, quvvatlarini faqatgina Allohning yo‘lida sarflaganlar. Bu mehr-shafqatni to‘g‘riroq tasavvur qilish uchun ba’zi statistik ma’lumotni keltirib o‘tamiz: Musulmon bo‘lmagan, ayni vaqtda peshqadamlikni da’vo qilayotgan ba’zi mamlakatlar aholisi orasida 70% erkaklar o‘z ayollarini urar va shu kaltaklangan ayollarning 83%i og‘ir ahvolda shifoxonalarga tushar ekan. “Madaniyat”ni da’vo qilayotgan yurtlarda ayollar huquqi ana shu ahvolda.
Endi yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilalariga qaytaylik. Bir kuni safarda Sofiya onamiz mingan ulov orqada qolib ketadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelganlarida Sofiya onamiz yig‘lab: “Meni sekin yuradigan ulovga mindiribsiz”, - deydilar. Nabiy alayhissalom esa onamizning ko‘z yoshlarini artib, yupatdilar (Nasaiy rivoyati).
Payg‘ambarimizning o‘z ahli ayollariga nisbatan muomalalari xuddi shunday mehribonlik va g‘amxo‘rlik bilan yo‘g‘rilgan edi.
No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganlarida Oisha roziyallohu anhoning baland ovozda gapirayotganligini eshitdi va yaqin kelib: “Ey Ummu Rumonning qizi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurida ham ovozingni baland qilasanmi?!” – deya koyidilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oralarini ajratdilar va ketgach: “Sen bilan haligi kishining orasini ajratganimni ko‘rdingmi?” – dedilar. Biroz vaqt o‘tgach Abu Bakr roziyallohu anhu qayta kyelib, kirishga izn so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizni kuldirib o‘tirgan edilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: “Janjallaringizga sherik qilganingizdek, quvonchingizga ham meni qo‘shinglar”, - dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barchaga bir xil go‘zal muomalada bo‘lganlari kabi ahli ayollari bilan ham ana shunday namunali hayot kechirganlar. Bugungi kunda har birimiz U zotdan o‘rnak olsak, jamiyatimiz qanday ham go‘zal va farovon bo‘lar edi!
Jaloliddin Hamroqulov
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafendrasi mudiri,
Toshkent shahar“Novza” jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَأْكُلْ بِيَمِينِهِ، وَإِذَا شَرِبَ فَلْيَشْرَبْ بِيَمِينِهِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَأْكُلُ بِشِمَالِهِ وَيَشْرَبُ بِشِمَالِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi», dedilar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar).
Demak, chap qo‘li bilan yeb-ichgan odam Rohmanning amridan yuz o‘girib, shaytonga ergashgan va uning ishini qilgan bo‘ladi.
Shuning uchun bu masalaga katta e’tibor bilan qaramog‘imiz, farzandlarimizga ham o‘rgatmog‘imiz lozim.
عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا أَكَلَ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِشِمَالِهِ، فَقَالَ: كُلْ بِيَمِينِكَ، قَالَ: لَا أَسْتَطِيعُ، قَالَ: لَا اسْتَطَعْتَ، مَا مَنَعَهُ إِلَّا الْكِبْرُ، قَالَ: فَمَا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. Bas, u zot:
«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar.
«Qodir emasman», dedi u.
«Qodir bo‘lmagin! Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», dedilar u zot. Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi» (Muslim rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifdan dinimizda ovqatlanish madaniyatiga qanchalik ahamiyat berilganligini yorqin ko‘rib turibmiz. Albatta, gap ovqatlanishning islomiy madaniyati haqida ketmoqda. Ovqatlanishning islomiy madaniyatlaridan biri o‘ng qo‘l bilan yeyishdir. Har bir musulmon inson bu muhim ishga alohida e’tibor bilan qarashi lozim. Ba’zi bir kishilar bu islomiy madaniyatga rioya qilmasalar, ularni ogohlantirish kerak.
Ushbu rivoyatning qahramoni ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida ovqatlanishning islomiy madaniyatiga rioya qilmay, chap qo‘li bilan taom yeyishga tutindi. Albatta, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu holga beparvo bo‘lishlari mumkin emas edi. Shuning uchun mazkur odobsiz kishiga ta’lim berib:
«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar».
Bunday paytda har qanday odam ta’lim beruvchiga tashakkur aytib, o‘zini o‘nglab olishga urinadi. Odob-axloq taqozosi shu. Ammo haligi odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga tashakkur aytib, o‘z xatosini tuzatib, o‘ng qo‘li bilan taom yeyishga o‘tish o‘rniga:
«Qodir emasman», dedi».
Ya’ni, bu «Ovqatni o‘ng qo‘li bilan yeya olmayman. Chap qo‘lim bilan yeyaveraman», degani edi. O‘zi noto‘g‘ri ish qila turib, unga mehr ko‘rsatib, xatosini to‘g‘rilab qo‘ygan zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bunday betgachoparlik qilgan nobakor har qanday jazoga va qarg‘ishga loyiq edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ochiq-oydin qilib:
«Qodir bo‘lmagin!» dedilar».
Ya’ni, «O‘ng qo‘ling bilan taom yeya olmasang, bir yo‘la yeya olmay qolgin», dedilar. Hamda u yerda hozir bo‘lganlarga tushuntirish uchun:
«Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», deb, qo‘shib qo‘ydilar. Ya’ni, u odam yuqoridagi gapni haqiqatda o‘ng qo‘lida nuqson borligi uchun emas, kibr bilan xatosini tan olishdan bosh tortib aytgan edi.
Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni duoibad qildilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning duolari joyida qabul bo‘ldi.
«Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi».
Ajab bo‘ldi! Battar bo‘lsin! O‘z foydasini bilmagan, shariat hukmidan ko‘ra o‘zining kibrini ustun qo‘yadiganlar uchun bu ham kam!
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Chap qo‘l bilan taom yeb bo‘lmasligi.
2. Birovning chap qo‘l bilan yeganini ko‘rgan odam tanbeh berib, o‘ng qo‘l bilan yeyishini eslatib qo‘yishi kerakligi.
3. Diniy hukmlar bo‘yicha nasihat eshitgan odam mutakabbirlik qilmasligi kerakligi.
4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning duolari darhol qabul bo‘lishi.
«Hadis va hayot» kitobi 16-juz