Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Yanvar, 2025   |   6 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:34
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:31
Bismillah
06 Yanvar, 2025, 6 Rajab, 1446

Tahoratga oid fatvolar

1.06.2017   58021   31 min.
Tahoratga oid fatvolar

 1-FATVO

Tahorat qilayotganda ko‘zlar qattiq yumilmaydi. Aks holda, ko‘z atroflariga suv yetmasligi natijasida tahorat chala bo‘lib qolishi mumkin. Ko‘zlar erkin yumib turiladi. Ochib, ichiga suv yetkazish shart emas.

«Olamgiriya», «Sirojiya», «Qozixon», «Muhit».

 

2-FATVO

Tahorat va g‘uslda shol odam oyog‘ini, garchi kesganda ham sezmaydigan darajada bo‘lsa-da, yuvishi vojibdir.

«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Yatima».

 

3-FATVO

Oyoqlarini yog‘lagandan so‘ng yuvsa, yog‘ ostiga suv o‘tishiga to‘sqinlik qilsa ham, tahorati durust hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Zaxira».

(4-FATVO)

 

5-FATVO

Yomg‘ir ostida qolgan yoki oqayotgan ariqqa tushgan kishining hamma a’zosiga suv yetgan bo‘lsa, tahoratga ham, g‘uslga ham o‘tadi. Faqat og‘zi bilan burnini chayishi kerak bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Sirojiya».

6-FATVO

Boshiga mas'h tortmasdan yuvsa ham, mas'h o‘rniga o‘tadi, lekin bu makruh sanaladi.

«Olamgiriya», «Muhit». 

7-FATVO

Suv bilan istinjo qilishdan oldin ham, undan keyin ham ikki qo‘lni uch marta yuvish kerak. «Bismilloh»ni avratni ochmay turib bir marta, istinjodan keyin avratni yopgach, yana bir marta aytish afzaldir.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 8-FATVO

Misvok ishlatish erkaklar uchun sunnat. Ayollarning saqich chaynashi misvok o‘rniga o‘tadi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

9-FATVO

Tahoratda har bir a’zoni uch martadan yuvish sunnat. Agar uch marta to‘liq yuvganiga shak-shubha qilsa yoki tahorat ustiga tahorat bo‘lsin, degan niyat bilan uch martadan ko‘p yuvsa, joizdir.

«Olamgiriya», «Nihoya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

10-FATVO

Bo‘yinga mas'h tortish – mustahab. Lekin tomoqqa mas'h tortish – bid’at.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

  11-FATVO

Masjidda muayyan bir joyni o‘zi uchun xoslab olish makruh bo‘lganidek, tahorat qilish uchun o‘ziga xos idish tutish ham makruhdir.

«Olamgiriya», «al-Vajiz».

 

 12-FATVO

Qulog‘idan yiring oqsa, qaraladi: agar og‘riq bilan oqsa, tahorat sinadi. Aks holda, sinmaydi. Zero, og‘riq quloq ichidagi jarohatdan dalolatdir.

«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Sirojiya».

13-FATVO

Egarsiz ulovga mingan odam uxlab qolsa, qaraladi: agar tekislikda ketayotgan yoki balandlikka o‘rmalayotgan bo‘lsa, tahorati sinmaydi. Bordi-yu, pastlikka tushayotgan bo‘lsa, tahorati ketadi. Egarda uxlab qolsa, tahorati buzilmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

14-FATVO

Cho‘zilib yotgan holda mudrash ikki xil bo‘ladi:

Biri – qattiq mudrash bo‘lib, odamlarning gurungini eshitmay, anglamay qoladi. Oqibatda tahorat sinadi. Ikkinchisi – yengil mudrash, bunda odamlarning gurungini eshitib yotadi. Shu bois tahorat sinmaydi. Uxlagandan yoki yel chiqqandan keyin tahoratni yangilaganda, suv bilan «istinjo» qilinmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Qozixon».

 

15-FATVO

 G‘uslda kindik ichiga barmoq bilan suv kiritib yuvish ham vojib amallardandir.

«Muhit».

 

 16-FATVO

G‘usl oldidan tahorat qilganda boshiga mas'h tortadi. Undan keyin boshiga suv quyib, barcha a’zolarini uch bor yuvadi.

 «Olamgiriya», «Zohidiy».

 

 17-FATVO

 G‘usl qilmoqchi bo‘lgan odam niyatni dilida qilib, qo‘lini yuvish oldidan «Bismilloh»ni aytadi va istinjo qiladi.

«Olamgiriya», «al-Javharatun-nayyira».

 

18-FATVO

G‘uslda suvni ortiqcha isrof qilmaslik, shuningdek, haddan ziyod tejab yubormaslik, qibla­ga yuzlanmaslik sunnat darajasidagi amallardandir.

 «Olamgiriya».

 19-FATVO

G‘uslda har bir a’zoni uch martadan yuvish, birinchi martasida ishqalab yuvish, yuvinish asnosida imkoni boricha gapirmaslik, yuvinib bo‘l­gach, sochiq bilan artinish sunnat amallardandir.

 «Olamgiriya», «Munya».

 

20-FATVO

Junub bo‘lgan kishi uxlashdan oldin g‘usl qilib olgani yaxshi. Lekin namoz vaqti yaqinlashgunga qa­dar uxlasa yoki ikki qo‘li va og‘zini yuvib ov­qatlansa, zarari yo‘q.

«Olamgiriya».

 21-FATVO

Janobatdagi, ya’ni junub bo‘lgan odam namoz vaqti kirgunga qadar g‘usl qilmay tursa, gunohkor bo‘l­maydi. Zero, tahoratsiz odamga tahorat qi­­­lish, ja­nobatdagi va hayz yoki nifosdan chiqqan ayol­ga g‘usl qilish namoz o‘qish yoki boshqa tahorat­siz holda qi­lib bo‘lmaydigan amallarni baja­rish oldidan vo­jib bo‘ladi.

«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Muhit».

  

 22-FATVO

Ishlatilgan suv (obi musta’mal) Imom Mu­ham­mad (r.h.) nazdida, pok-tahoratli odamning qo‘l, oyoq yoki badaniga yopishgan loy, xamir yoxud kir­lar­ni ketkazish uchun ishlatgan suvi «obi mus­ta’mal»ga aylanmaydi. Demak, uni tindirib, yana ishlatsa bo‘ladi. Salqinlash maqsadida cho‘­mi­­­lishga ishlat­gan suvi ham musta’mal hisob­lan­may­di, balki ta­horat, g‘usl, najosatni ketkazish ka­bilar uchun ish­la­tilgan suv, Imom Muham­mad­dan (r.h.) bosh­qalar nazdida, nopoklik sifati­ni oladi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

23-FATVO

Janobatdagi odam g‘usl qilayotganida sachragan suv idishdagi suvga tushsa, zarari yo‘q. Ammo ba­da­nidan oqayotgan suv idishga quyilib tushsa, uni no­pok qiladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

24-FATVO

Agar inson qo‘lining kaftini mushuk yalagan bo‘lsa, qo‘lini yuvib namoz o‘qishi lozimdir. Aks holda, namozni makruhlik bilan ado etgan sanaladi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin».

 

 25-FATVO

Insonning sochi tig‘ bilan yoki qaychi bilan qir­qib olinsa, toza hisoblanadi. Yulib olingan soch nopokdir.

«Olamgiriya», «Ixtiyor».

 

26-FATVO

Sichqon mushukdan qochib ketayotib, idish ustidan sakrab o‘tsa, idish ichidagi suv nopokka aylanadi. Zero, u odatda, mushukdan qo‘rqqanidan siyib yuborgan bo‘ladi.

 «Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».

 

27-FATVO

Bir marta ishlatilgan suv (obi musta’mal), Imom Abu Hanifa va Abu Yusuf (r.h.) nazdida, najas, ya’ni nopok hisoblanadi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida esa, pokdir. Lekin shunga qaramay, obi musta’mal bilan ho‘l qilingan sochiq yoki uning badandan tomchilab tushishidan ivigan ki­yim bilan namoz o‘qish, har uch imom nazdida ham, joizdir.

 «Olamgiriya», «Badoye».

 

28-FATVO

Tayammum qilishda «Bismilloh»ni o‘qib, ikki qo‘l barmoqlarini ochiq tutgan holda, panjalarining oldi va orqasi bilan tuproqqa urgandan keyin qo‘llarni bir-biriga ishqalab, yopishgan changlarni yengillatish, oldin yuzga, so‘ngra ikki qo‘lning tirsaklarigacha surtib chiqish sunnat hisoblanuvchi amallardandir.

 «Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».

 

29-FATVO

Ota bilan o‘g‘ilda faqat bir kishiga yetadigan suv bo‘lsa, u bilan ota tahorat qiladi, o‘g‘li esa tayammum bilan kifoyalanadi.

«Olamgiriya».

 

30-FATVO

Oyoq kiyimiga mas'h tortishning shartlaridan biri – poyabzalning kamida uch kunlik safarga yaraydigan bo‘lishidir. Yana bir sharti – poyabzal oyoqning oshiqlarini yopib turishidir. Oshiqdan ustki qismi yopilgan bo‘lishi shart emas.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

 31-FATVO

Bir oyog‘ida jarohati borligidan uni yuvish yoki unga mas'h tortishning iloji bo‘lmasa, ikkin­chi oyog‘iga mas'h tortishi mumkin. Shuningdek, oyo­g‘ining oshig‘idan pastki qismi kesib tashlangan kishi ham ikkinchi oyog‘ini yuvishi va poyabzal us­tidan mas'h tortishi joizdir. Kesilgan joyda uch barmoq miqdori joy qolgan bo‘lsa, o‘sha joyga mas'h tortadi. Undan kam bo‘lsa, tortmaydi.

«Olamgiriya», «Muhit».

 

  32-FATVO

Janobatdan g‘usl qilganda, badanida tangadek joy suv tegmay quruq qolgan bo‘lsa, o‘sha yerini poyabzal kiygandan keyin yuvsa, hadas (ifloslik) yetgandan so‘ng tahorat qilganda poyabzalga mas'h tortaveradi.

 «Olamgiriya», «Xulosa».

 

 33-FATVO

Tahorat qilganda tangadek joy yuvilmay qol­gan bo‘lsa, o‘sha yer yuvilmaguncha oyoq kiyimini ki­yib, mas'h tortishi joiz emas.

«Olamgiriya», «Tabyin».

 

34-FATVO

Yara ustidagi matoh (bint)ga mas'h tortish uning ostini yuvish bilan barobardir. Shunga ko‘­ra, bir oyog‘iga mas'h tortib, ikkinchi sog‘ oyog‘ini yuvgan odam har ikki oyog‘ini yuvgan hisoblanadi.

 «Olamgiriya», «Tabyin».

 

 35-FATVO

Bir oyog‘idagi jarohat ustiga mas'h tortgach, ikkinchi oyog‘ini yuvib, shu sog‘ oyog‘iga poyabzal ki­yib olsa, keyingi tahorat qilganda mas'h torti­shi joiz emas. Ammo ikkala oyog‘iga poyabzal kiyib olsa, mas'h tortaveradi.

«Qozixon», «Olamgiriya», «Muhit».

 

36-FATVO

Oyoq kiyimlariga mas'h tortib qo‘yishni boshqa kishiga buyursa ham joizdir.

 «Olamgiriya», «Xulosa».

 

37-FATVO

Tug‘ilgan ikki chaqaloq egizak hisoblanishi uchun ikkinchi chaqaloq ikki oydan kam muddatda tug‘ilgan bo‘lishi shart. Agar ikkisining ora­li­g‘i­dagi muddat olti oy yoki undan ko‘p bo‘lsa, ular ikki homila va ikki «nifos» bolalari hi­sob­la­nadi.

 «Olamgiriya», «Tabyin».

 

 38-FATVO

Hayzdagi ayol, shuningdek, junub kishiga Qur’­on oyatlaridan o‘qish taqiqlanadi. Lekin turli xil duolar, azon javobi, «Qunut duosi» kabilarni o‘qishi mumkin.

«Olamgiriya», «Zahiriya», «Sirojiya».

 

 39-FATVO

Junub kishilar, hayz va nifosdagi ayollar Qur’onni o‘qimasdan, oyatlariga qarashlari mumkin. Oyatlarni yozishlari ham joiz emas.

«Olamgiriya», «Javhara», «Zaxira».

 

 40-FATVO

Burnidan yoki yarasidan tinmay qon oqayotgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kutadi. Qon to‘x­tasa, yaxshi, yo‘qsa, vaqt chiqib ketmasidan oldin ta­horat qilib, namozni o‘qiyveradi.

 «Olamgiriya», «Zaxira».

 

 41-FATVO

Idishdagi moyga sichqon tushgan bo‘lsa, qara­la­di: agar quyuq, qotgan moy bo‘lsa, sichqon atrofidagi tegib turgan moylari bilan qo‘shib olib tashlansa, qolgan moy toza hisoblanadi. Bordi-yu, moy su­yuq bo‘lsa, nopok bo‘ladi va ovqatdan boshqa, yeyilmaydigan narsalarga ishlatiladi.

«Olamgiriya», «Xulosa».

 

 42-FATVO

Hojatxonadagi pashshalar kiyimga qo‘nsa, zarari yo‘q. Ammo ular ko‘p bo‘lsa, kiyimni nopok qiladi.

«Olamgiriya», «Qozixon».

 

43-FATVO

Nopok tuproq suvga yoki nopok suv tuproqqa aralashtirilib loy qilinsa, u najas hukmidadir. Le­kin shu loydan yasalgan idishlarda pishirilgan ovqat toza hisoblanadi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa».

 

 44-FATVO

Sut sog‘ilayotganda hayvonning qumalog‘i sutga tushsa, darhol olib tashlansa, sut nopok bo‘lmaydi. Ammo u chayilib ketsa, idishdagi bor sut nopok­ka aylanadi.

 «Olamgiriya», «Qozixon».

 

45-FATVO

Istinjoda adad belgilanmagan, balki bir martada toza bo‘lsa, shuning o‘zi kifoya. Ammo uch martada ham toza bo‘lmasa, istinjo chala qilingan hisoblanadi.

«Sirojiya», «Olamgiriya», «Muzmarot».

 

46-FATVO

Istinjoda faqat chap qo‘lidan foydalanadi. Uzrli holatlardagina o‘ng qo‘l ishlatiladi. Olatdan siydik chiqmay qolgunga qadar uchiga chap qo‘l­da kesak kabi namlikni o‘ziga shimib oladigan nar­sani tutib turish vojibdir. Bu «istib­ro» de­yiladi.

«Olamgiriya», «Zohidiy», «Zahiriya».

 

47-FATVO

Har kim istibroni ko‘ngli qaror topgunga qa­dar davom ettiradi. So‘ngra shaytonning vasvasasiga e’tibor bermaslikka harakat qiladi. Masalan, ta­ho­rat qilib, namoz o‘qib turganida soniga so­vuq nar­sa tekkandek seziladi. Ko‘pincha bu siydik tom­chisi emas, balki shaytonning chalg‘itish uchun qil­gan ishidir. Shuning uchun suv bilan istinjo qil­gan paytda olati va sonlariga suv sepib qo‘yish tavsiya etiladi. Shunda shayton vasva­sa qila olmaydi.

«Olamgiriya», «Qozixon», «Muzmarot», «Zahiriya».

 

 48-FATVO

O‘zi tahorat qilishga qodir bo‘lmagan bemorga o‘g‘li yoki birodari tahorat qildirib qo‘yadi. Le­kin xotini bo‘lmasa, istinjo qildirilmaydi. Bunda istinjo uning zimmasidan soqitdir. Bemor ayol hukmi ham xuddi shunday. Unga qizi yoki opa-sing­lisi tahorat qildiradi. Lekin istinjo soqit bo‘ladi.

«Olamgiriya», «Muhit», «Qozixon».

 

49-FATVO

Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o‘ng oyoq ila chiqiladi. U yerda gapirilmaydi, salomga alik olinmaydi, azonga, aksirgan kishiga javob aytilmaydi, o‘zi aksirsa, dilida «Alhamdu lil­loh» deydi, tilini qimirlatmaydi, avratiga, ax­la­­ti­ga qaramaydi, tupurmay, burnini qoqmay, yo‘­tal­may, ko‘zini osmonga qaratmay o‘tiradi. Ilo­ji boricha uzoq o‘tirmaslikka harakat qiladi.

«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».

 

50-FATVO

Quduqdan sichqon yoki qush o‘ligi topilsa, qa­ra­ladi: agar go‘shti aynib, hidlangan bo‘lsa, shu qu­duq suvi bilan tahorat qilib o‘qilgan uch kunlik namoz qayta ado etiladi. Bordi-yu, aynimagan bo‘lsa, Abu Hanifa (r.h.) so‘ziga ko‘ra, bir kecha-kunduzgi namoz qayta o‘qiladi.

«Qozixon».

 

51-FATVO

Tovuqning yangi tuqqan tuxumi suvga tushsa, suvni nopok qilmaydi.

«Qozixon».

 

Izoh:

Bu fatvoning ahamiyati shundaki, odatda, hech kim tuxum tushgan suvni iste’mol qilmaydi. Lekin ayrim savodxonlar qozonga yoki idishga xom tuxumni chaqib oqizsa, u haromga aylanadi, chunki tuxum po‘chog‘ining ustki qismi nopok. Unga tegib tushgan suyuqlik ham nopok bo‘ladi, deb odamlarni shubhaga solish hollari uchrayotgani uchun mazkur fatvoni to­pib yozishga to‘g‘ri keldi. Demak, tuxum po‘chog‘ining ustki qismi shar’an toza hisoblanar ekan.

 

52-FATVO

Daraxt tanasidan chiqqan va turli mevalardan siqib olingan suvlar bilan tahorat qilish mumkin emas.

«Qozixon».

 

53-FATVO

Junub kishi og‘zini chaymay turib, suv ichsa, qaraladi: agar u faqih bo‘lsa, ichgan suvi og‘izni chayish o‘rniga o‘tmaydi. Zero, faqih kishi suvni og‘izning hamma joyiga tegadigan qilib ichmay, istihola bilan so‘rib ichadi. Ilmsiz kishi bo‘lsa, ichgan suvi og‘iz chayish o‘rniga o‘tadi. Zero, u so‘rib ichmay, og‘zini to‘ldirib, ho‘plab ichadi. Natijada, suv og‘izning hamma joyiga tarqaladi.

«Qozixon».

 

 54-FATVO

Go‘shti halol hayvonlarning siydigi, Imom Abu Hanifa (r.h.) nazdida, najas, Imom Abu Yusuf (r.h.) nazdida, yengil najas, Imom Muhammad (r.h.) nazdida, toza hisoblanadi.

«Qozixon».

 

 55-FATVO

Tovuq, o‘rdak, g‘ozdan boshqa go‘shti halol parrandalarning axlati toza hisoblanadi. Inson, it va yirtqich hayvonlarning axlati najasdir. Lochin, kalxat kabi yirtqich qushlarning axlati ki­yimni benamoz qilmaydi. Pashsha, bit, burga qoni ham shunday.

«Qozixon».

 

 56-FATVO

 

Avvalgi davrlarda ovchilar o‘zlari ovlagan hayvonlarning tishlarini bo‘yinlariga osib olishlari urf bo‘lgan. Bundan odamlar o‘rtasida o‘z kasbidan faxrlanish maqsad qilingan va aslo tumor ma’nosi ko‘zlanmagan. Shariatimizga ko‘ra to‘ng‘izdan boshqa har qanday hayvonning tish va suyaklari pok sanaladi. Fuqaholarimiz ushbu masalani quyidagi fiqhiy misol orqali ifodalaganlar: "Bir kishi bo‘yniga it yoki bo‘ri tishidan yasalgan taqinchoq ilgan holda namoz o‘qishi mumkin" (Qozixon). Bu fatvodan ko‘zlangan asosiy maqsad, to‘ng‘izdan boshqa barcha hayvonlarning xoh go‘shti halol bo‘lsin, xoh harom bo‘lsin suyagi va tishi pok ekani, mabodo namoz o‘qiguvchi bilan birga (masalan, cho‘ntagida) suyak yoki tish bo‘lsa, namozi durust bo‘lishini bayon qilishdir. Lekin, bu fatvoda it yoki bo‘ri tishidan yasalgan taqinchoqlarni taqishga targ‘ib yo‘q. Aksincha bunday taqinchoqlarni tumor sifatida (noto‘g‘ri e’tiqodlar bilan) taqish bugungi kunimizda urf bo‘ldi. Buni esa mumkin emasligi hammaga ma’lum.

 

 57-FATVO

 Qo‘y so‘yilganda pichoqni uning yungiga artib, qon izi ketkazilsa, pichoq toza bo‘ladi. Shuningdek, metalldan yasalgan qilich kabi boshqa tig‘li narsalar ham najosatdan tuproq yoki latta bilan artib tozalanadi.

«Sirojiya», «Qozixon».

 

 

58-FATVO

Qo‘yning kallasi qonga belangan bo‘lsa-da, uni kuydirib, so‘ngra qozonga solib, qaynatib pishirilsa, sho‘rvasini ichish mumkin. Kalla uni palid qilmaydi.

«Qozixon».

 

59-FATVO

Go‘shtning ustiga so‘yilganda oqqan qondan tek­kan bo‘lsa, uni yuvmasdan ishlatib bo‘lmaydi. Ammo go‘shtning o‘zida yoki tomirlarida qolgan qon bo‘lsa, zarari yo‘q.

«Qozixon».

 

 60-FATVO

Qozon qaynab turganida, osmondan qush uchib kelib ichiga tushsa, undagi hamma narsa palid (nopok) bo‘ladi va to‘kib yuboriladi. Ammo qaynamay sokin turganida tushsa, sho‘rvaning suvi to‘kib tashlanib, go‘shti yuvib, qayta ishlataveriladi.

«Qozixon».

 

61-FATVO

Ikki qo‘li shol bo‘lib qolgan odam tahoratga ham, tayammumga ham qodir bo‘lmasa, ikki bilagini tirsaklari bilan yerga, yuzini devorga surtish bilan tayammum qilib, namoz o‘qishi mumkin.

«Qozixon», «Naf’ul-muftiy».

  

 62-FATVO

Tahorat qilgandan keyin mo‘ylabini, sochini qirsa yoki tirnog‘ini olsa, tahorat qaytadan olinmaydi.

«Qozixon».

63-FATVO

Tahorat yoki g‘usl qilganda badandagi mavjud kir ustidan yuvilsa, u suvni ostiga o‘tkazgani uchun tahorati ham, g‘usli ham joiz hisoblanadi. Ammo junub ayolning tirnoqlari ostidagi xamir yoki loysuvoq qilgan kishining tirnoqlari os­tida qolgan loy qoldiqlari yoki bo‘yoq asoratlari suv o‘tkazishi to‘g‘risida ixtilof qilishgan. Ba’zi ulamolar suv o‘tkazadi, deb fatvo berganlar. «Sirojiya» kitobida tirnoq ostida xamir qol­gan bo‘lsa, g‘usl o‘rniga o‘tmaydi, de­yilgan.

«Qozixon», «Sirojiya».

 

64-FATVO

Junub kishiga g‘usl qilishdan oldin ovqat­la­nishga to‘g‘ri kelsa, qo‘llarini yuvib, og‘iz va burnini suv bilan chayib ovqatlanishi mumkin.

«Qozixon».

 

65-FATVO

Junub kishi peshob qilmay turib yuvingan va namoz o‘qigan bo‘lsa, namozi durust. Bordi-yu, shundan keyin maniy qoldig‘i chiqib qolgudek bo‘lsa, Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.)nazdida, g‘usl­ni qayta qiladi, Abu Yusuf (r.h.) nazdida esa, bu holda g‘uslni ham, namozni ham takrorlamaydi.

«Qozixon», «Sirojiya».

 

66-FATVO

Ishtonbog‘ (yoki kamar) it yungidan qilingan bo‘lsa, kiyimni benamoz qilmaydi.

«Olamgiriya».

 

 67-FATVO

Safarda junub, hayzdan pok bo‘lgan ayol va may­yit birga bo‘lib qolsa va ularda bir kishining g‘usliga yarasha suv bo‘lsa, qaraladi: agar suv ulardan biriga tegishli bo‘lsa, o‘sha ishlatadi. Bor­di-yu, suv uchoviga qarashli bo‘lsa, hammasi tayammum qilib, suvni ichishlari mumkin. Agar suv egasiz bo‘lsa, junub g‘usl, ayol tayammum qiladi. May­yit ham tayammum qildiriladi.

«Qozixon».

 

 68-FATVO

Istinjoni tahoratdan keyin qilsa, tahorati buzilmaydi.

«Sirojiya».

 

 69-FATVO

Tahorat qilgach, ikki oyog‘ini nopok yerga qo‘ysa, qaraladi: agar yer qattiq va quruq bo‘lib, uzoq turmay, darhol oyoqlarini yerdan olsa, zarari yo‘q. Ammo oyoqlari qurigan, yer esa nam bo‘lib, oyoq­lariga o‘sha namlik o‘tsa, ularni yuvishi lozimdir.

«Sirojiya».

 

 70-FATVO

Gul, qovun, tarvuz suvlari, sut, sirka kabi su­yuqliklar toza hisoblanadi va ular bilan qo‘l, kiyimlar yuvilsa, toza bo‘ladi, lekin ular bilan tahorat yoki g‘usl qilinmaydi.

 «Sirojiya».

 

71-FATVO

Tayammumni barcha yer jinsidan bo‘lgan narsalar bilan qilish mumkin. Masalan, qum, chang, tosh, ohak, surma, ganch, zirnix (margimush), yoqut, mar­jon, zumrad, firuza, g‘isht va boshqalar. Ammo kul, qo‘rg‘oshin, oltin, kumush, shisha, tuz, loy kabi nar­salar bilan tayammum qilinmaydi. Imom Saraxsiy va Husomiddin (r.h.) so‘ziga ko‘ra, tog‘ tuzlari bilan tayammum qilish joiz, suv tuzlari bilan mumkin emas. Oltin, kumush, temir, mis kabi metallar yerdan olinib, buyum yasalmay turgan ho­latida ular bilan tayammum qilish mumkin.

«Sirojiya», «Naf’ul-muftiy».

 

 72-FATVO

To‘qqiz yoshga yetmagan qiz boladan hayz qoni kelsa, u shar’an hayz hisoblanmaydi.

«Sirojiya».

 

 

 73-FATVO

Ro‘zador kishi tahoratda og‘zini g‘arg‘ara qilmay chayadi. Suv tomoqqa ketib qolish xavfi bo‘lgani uchun g‘arg‘ara qilish makruh hisoblanadi.

«Naf’ul-muftiy»,

«Hoshiyatul Viqoya».

 

74-FATVO

Qalin soqolli odam tahoratda soqoli ostiga suv yetkazishi shart emas, balki ustki qismini yuvib qo‘yaveradi. Ammo soqoli siyrak kishi so­qoli ostiga suv yetkazishi farz amallardan hi­sob­la­nadi. G‘uslda esa, qalin soqol ostiga ham suv yetkazish shartdir.

«Naf’ul-muftiy»,

«Sharhi Niqoya», «Badoye».

 

 75-FATVO

Insonning badanidan chiqqan ter shar’an toza hisoblanadi. Ammo muttasil araq ichishga mubtalo bo‘lgan kishining teri najasdir.

 «Sirojiya», «Zaxoir».

 

 76-FATVO

Og‘iz to‘lib qayt qilish tahoratni sindiradi. Ammo ovqat oshqozonga yetib bormasidan qayt qilsa, tahorat sinmaydi.

 «Sirojiya»,

«Xizonatur-rivoyot».

 

 77-FATVO

Baliqning ichidan chiqadigan qonga o‘xshash narsa qon hisoblanmaydi. U tozadir. Zero, qon qu­yoshga tutilsa, qorayishi kerak. Baliqdan chiq­qan narsa esa oftobda oqaradi.

«Naf’ul-muftiy».

 

 78-FATVO

It suvga belanib silkinganida sachragan suv ki­yimga tegsa, qaraladi: agar suv it yungini ostigacha ivitgan va uning kiyimga tekkan miqdori bir dirhamcha bo‘lsa, kiyim nopokdir. Bordi-yu, it yungining ustki qismigina ivigan bo‘lsa, sachragan suv kiyimni nopok qilmaydi.

«Naf’ul-muftiy», «Jome’ul-muzmarot».

 

79-FATVO

Kiyimning najosat tekkan yeri unutilib, uni topish imkoni bo‘lmasa, bir joyi qasd qi­linib, yuvib qo‘yilaveradi. Shuningdek, xirmon yanchiyotgan ot-eshaklar tezagini ajratib olib tashlash qiyin bo‘lgani sababli bir qism don olib yuvilsa yoki yuvmay ehson qilinsa, yanchilgan donning hamma­si poklangan bo‘ladi.

 «Muxtasar», «Naf’ul-muftiy», «Xulosa».

 

 80-FATVO

Gilam, palos kabi suvini siqib chiqarish mumkin bo‘lmagan narsalarga najas tekkan bo‘lsa, ular bir kecha oqar suvga tashlab qo‘yish bilan poklanadi.

«Naf’ul-muftiy», «Fathul-Qadir», «Muxtasar».

 

 81-FATVO

Suyuq asalga najas tushsa, uni poklash uchun o‘n­ga ikki miqdorida, ya’ni asalning beshdan biricha suv qo‘shib qaynatiladi. Suv bug‘lanib tamom bo‘­lishi bilan yana suv quyib, ushbu jarayon uch marta takrorlanadi.

«Naf’ul-muftiy», «Qunya».

 

 82-FATVO

Badan, kiyim, idish va boshqa narsalarni pok­lash uchun ishlatiladigan vositalarning turla­ri ko‘pdir. Masalan:

  1. Suv. Toza suv poklovchi vosita hisoblanadi. Binobarin, bir marta ishlatilgan suv «musta’mal» bo‘lib qolishi sababli uning poklash vositasi bo‘lish-bo‘lmasligida ixtilof qilingan. Abu Hanifa va Abu Yusuf (r.h.) nazdida, «musta’mal» suv najas sanalib, boshqa narsani poklay ol­maydi. Muhammad (r.h.) nazdida esa, u tozaligi sababli boshqa narsani ham poklashga yaraydi.
  2. Suvdan boshqa suyuqlik turlari. Sirka, ish­qor kabi suyuqliklarning suv o‘rniga o‘tish shar­ti – suyuq holatda bo‘lishi bilan birga najosatni ketkazuvchi, toza suyuqliklar sirasiga kiruvchi bo‘lishidir. Shunga ko‘ra, yog‘, sut, qon, siydik kabi suyuqliklar hech narsani poklay olmaydi. O‘zi najosat bo‘lgach, narsadagi najosatni ketkazgan taqdirda ham, baribir yuvilgan joyini nopok qilib qo‘yaveradi. Masalan, siydik bilan kiyimdagi qonni ketkazish mumkin. Lekin qon ketib, siydik asorati saqlanishi oqibatida kiyim nopokligicha qolaveradi.
  3. Yerga surtish. Oyoq kiyimlari ostiga najosat tegsa, Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) naz­dida, yerga ishqash bilan poklash mumkin. Imom Muhammad, Zufar, Shofi’iy, Molik (r.h.) naz­dida, faqat suv bilan yuvish tufayligina tozalanadi. Qu­­rigandan keyin belgisi qolmaydigan su­yuq najosatlar faqat suv bilan yuvib poklana­di. Lekin qaysi vosita bilan bo‘lsa-da, najosatning hidi, rangi qolmaguncha tozalansa, har qanday nar­sa to­za bo‘laveradi, deb ittifoq etilgan.
  4. Ishqalash. Kiyimda qurib qotib qolgan maniyni ishqalash bilan ham libos pok bo‘ladi.
  5. Tuproq. Shisha, pichoq va boshqa qattiq metalldan yasalgan silliq asboblar yerga, tuproqqa yoki boshqa matohlarga artish va ishqash bilan pok­lanadi.
  6. Matoh bilan artish. Qon olingan a’zodagi qon yuqini latta, paxta, bint kabi narsalar bi­lan artib tozalash mumkin.
  7. Olov. O‘rnida aytib o‘tilganidek, so‘yilgan hayvon kallasi qonga belangan bo‘lsa-da, olovda kuydirilsa, u poklangan holda pishadi. Uning sho‘r­vasi ham halol. Qizigan tandirga nopok suv se­pib quritilgach, pishirilgan non toza hisob­la­nadi. Temirdan yasalgan asboblarga tekkan najosat ham olov bilan poklanadi.
  8. Bir jinsdan boshqa jinsga aylanish. Aroq sirkaga aylantirilsa, halol bo‘ladi. Tuz koniga singib ketgan eshak, cho‘chqa kabi hayvonlar bilan tuz nopok bo‘lib qolmaydi. Bu Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.) nazdida shunday. Ammo Abu Yusuf (r.h.) nazdida, tuz nopok bo‘ladi. Fatvo oldingi hukmga berilgan.
  9. Kesish. Taxta, yog‘och kabi narsalarning najosat tekkan joyi kesib tashlansa, qolgan qismi pok hisoblanadi.
  10. Yerni haydash. Najosat tushgan yerni cho­pish, haydash, ag‘darish kabi ishlov bilan poklash mumkin.
  11. O‘yib olib tashlash. Masalan, qotib qol­gan yog‘, moy, qaymoq kabi narsalarga sichqon yoki boshqa palid narsa tushsa, o‘sha narsa atrofi bi­lan o‘yib olib tashlansa, qolgani pok hisob­la­nadi.
  12. Oqar hovuz. Kichik hajmdagi hovuzga suv bir tomondan kirib, ikkinchi tarafdan chiqib ketayotgan bo‘lsa, unga najas tushsa, nopok qilmaydi.
  13. Oshlash. O‘limtik va go‘shti harom hayvon­larning terisi oshlash bilan toza bo‘ladi. O‘lim­tikning yungi, suyagi, payi ham toza hisoblanadi. Terisi oshlashni qabul qilmaydigan hayvonlar te­risi poklanmaydi. Masalan, ilon, sichqon ka­bi­larning terisi oshlashni qabul qilmaydi. It­ning terisi najas, yungi esa, toza deyilgan.
  14. «Bismilloh» bilan so‘yish. Go‘shti yeyil­may­­digan (cho‘chqadan boshqa) hayvonlarni musul­­mon odam «Bismilloh» bilan so‘ysa, terisi, go‘sh­ti to­za bo‘lib qoladi. Ammo yeyish uchun halol bo‘lmaydi.
  15. Yerning qurishi. Yerga najosat tushgan bo‘l­sa, qurib asorati ketishi bilan yer toza bo‘ladi. Imom Zufar, Ahmad va Shofi’iy (r.h.) naz­dida, yuvilmaguncha toza bo‘lmaydi. Yerga yopishib turgan, masalan, devor, daraxt, giyoh, qamishga o‘x­shagan nar­salar ham xuddi shunday. Shag‘al hukmi ham tup­roq kabidir.

Agar daraxt yoki qamishdan kesib yoki sindi­rib olinsa va unga najas tegsa, faqat yuvish yoki ke­sib tashlash bilan toza bo‘ladi. Yerga yotqizib terilgan g‘ishtlar ham yer hukmidadir.

  1. Suvini chiqarish. Quduq suviga najas tushsa, belgilangan miqdorda suv olib tashlash bilan quduqdagi qolgan suv pok hisoblanadi.
  2. Taqsimlash. Avval aytilganidek, donni yan­chiyotgan hayvonlar siydigi aralashib ketgan don taqsimlab olinsa, yoki bir qismi olib yuvilsa, yoxud birovga berib yuborilsa, qolgan qismi ha­lol hisoblanadi.
  3. Bir qismini yuvish. Agar kiyimning bir yeriga najas tegsa, keyin uning qaysi joy ekani ma’lum bo‘lmasa, bir o‘rni qasd qilib yuvilsa, qolgan qismi ham toza hisoblanadi.

«Naf’ul-muftiy».

 

83-FATVO

Kiyim yupqaligidan yirtilib ketmasin deb yuvganda siqmagan bo‘lsa ham, zarurat yuzasidan shu kiyimda namoz o‘qish joiz bo‘ladi.

«Naf’ul-muftiy»,

«Durrul-muxtor».

 

84-FATVO

Zamzam suvi bilan g‘usl qilish joiz, lekin istinjo qilish makruhdir.

«Naf’ul-muftiy»,

«Durrul-muxtor».

 

85-FATVO

Dasht, sahro joylardagi toshlar ustiga si­yish, ular bilan istinjo qilish joiz emas. Zero, toshli joylar jinlar maskani hisoblanadi. Shu­ning­dek, suyak va tezaklar bilan ham istinjo qi­lin­may­di. Zero, suyaklar jinlar ozuqasi, tezak­lar esa (jinlar) ulovlarining ozuqasidir.

 «Naf’ul-muftiy».

86-FATVO

Qasddan betahorat namoz o‘qigan kishi kofir bo‘ladi. Imom Halvoniy so‘ziga ko‘ra, tahoratning farzligini bilib turib, betahorat namoz o‘qigan kishi zindiqdir.

«Qozixon».

 87-FATVO

Hayz ko‘rgan ayol har bir namoz vaqti kirganda tahorat olib, har kuni o‘qiydigan joyiga o‘tirib, bir namoz o‘qiganchalik vaqt mobaynida tasbeh, tahlil o‘qib o‘tirishi mustahab amallardan hi­sob­lanadi.

«Sirojiya».

88-FATVO

Yirtqich qushlarning og‘zidan qolgan suv yoki taom makruhdir. Lekin ular qafas yoki boshqa iho­ta qi­lingan joylarda toza yemish bilan boqi­layotgan, tumshuqlari nopok narsadan ifloslanmayotgan bo‘l­sa, ularning og‘zidan qolgan yoki og‘zi tekkan narsa makruh emas. Bu Abu Yusufning (r.h.) so‘zlari bo‘lib, shunday deb berilgan fatvoni ma­shoyix­lar ma’qullashgan.

«Zaxoir».

89-FATVO

Katta hovuz yoki oqib turgan ariq suviga hayvon tezagi yoki boshqa najosat turlaridan biri tushgan bo‘lsa, uni biror idish bilan olib tashlaganda shu idish va uning ichidagi suv nopok bo‘ladi. Ho­vuz va ariq suvi esa pokligicha qoladi.

«Zaxoir».

TAHORAT
Boshqa maqolalar

Og‘ir judolik

4.01.2025   4177   6 min.
Og‘ir judolik

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yosh Muhammad ulg‘ayib katta bo‘lganidan keyin yaqindagina onasi bilan shu tuyada kelishganini eslardi. Ummu Ayman uning ko‘zyoshlarini artib borardi. Go‘yo ortlaridan onasi kelib qoladigandek yosh Muhammad orqalariga o‘girilib qo‘yardi. Ummu Ayman uni bag‘riga olib, boshini silab-silab qo‘yganini sira-sira esdan chiqarmadi.
Ularni kutib olishga Abdulmuttalib chiqdi. Bo‘lgan voqeadan bexabar bobo oldiga yugurib kelgan nabirasining qayg‘uli yuzini ko‘rib hayratlandi. “Nima bo‘ldi, bolam, onang qani?” deb so‘radi. Go‘dak javob bermay yig‘layverdi. Abdulmuttalib taajjublanib turganida Ummu Ayman yo‘lda nima bo‘lganini aytib berdi. Qariya qattiq qayg‘uga tushdi.

Nur yuzli nabirasini bag‘riga bosib, ko‘zlariga termuldi. “Jonim bolam, endi ota-onang ham, bobong ham men bo‘laman. G‘am chekma, doimo sening yoningdaman”, deb ko‘nglini ko‘tardi.
Bobo bergan so‘ziga og‘ishmay amal qildi. U chindan ham bu nabirasini boshqalariga qaraganda boshqacha yaxshi ko‘rar, yonidan bir qadam jildirmas, hech kimga ishonmasdi. Har gal yuziga qaraganida goh o‘g‘li Abdullohni, goh kelini Ominani eslab, yig‘lab olardi. Odamlar haybati va salobatidan qo‘rqadigan Abdulmuttalibning uyiga faqatgina yosh Muhammad ijozatsiz kira olardi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, ba’zi narsalarda bobo undan maslahat so‘rar va gapiga quloq tutardi. Oldiga taom keltirishsa, nabirasi kelmaguncha ovqatga qo‘l cho‘zmasdi.

Kunlarning birida ajoyib voqea sodir bo‘ldi. Yog‘in kamligi sababli Makkada qurg‘oqchilik bo‘lib turardi. O‘sha yili ham shunday bo‘ldi. Hamma qattiq tashvishlandi, chorva mollari nobud bo‘lishidan xavotirga tushishdi. Chunki mollarga ozuqa qolmagandi. Odamlar Abdulmuttalibning uyiga kyolib: “Ka’baning Robbi bo‘lgan Allohga duo qilaylik, yomg‘ir yog‘dirsin. Biz bir necha kundan beri duo qilyapmiz, ammo ijobat bo‘lmayapti”, deyishdi.

Ertasi kuni butun qavm to‘planib tog‘ tomondagi tepalikka chiqdi. Kichkina Muhammad ham ular bilan chiqdi. Abdulmuttalib qo‘lini duoga ochdi: “Ey ushbu Ka’baning Egasi, Ibrohim alayhissalomning Rabbi bo‘lgan Alloh, bizga rahm et, ustimizga yomg‘ir yog‘dirgin”, dedi. Shu payt yonida turgan nabirasiga ko‘zi tushib aytdi: “Mana bu yetim nabiramning hurmatidan bizga yomg‘ir ato qilgin”. Bolaning ham qo‘lchalari duoga ochildi. Osmon musaffo, quyosh charaqlab turar, bir dona ham bulut ko‘rinmasdi. Ammo birdan uzoqdan bulut ko‘zga tashlandi. Abdulmuttalib hayratlanib samoga qaradi. Bulut bir zumda Makka ustiga yetib keldi. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroqdan keyin yomg‘ir quya boshladi. Odamlar uylariga borguniga qadar butun ust-boshlari ho‘l bo‘lib ketdi.

Albatta bu voqeaning hikmatini hech kim bilmasdi. Faqatgina Abdulmuttalib berilgan bu ne’mat nur yuzli nabirasi sababli ekanini tushunib turardi.
Vaqt o‘tar, hamisha nabirasini yetaklab yuradigan Abdulmuttalib ham asta-sekin qarib, kuchdan qolib borardi. Bir kuni yosh Muhammad yana og‘ir sinovga duch keldi. Onasidan ayrilgach, bobosi Abdulmuttalibga qattiq o‘rganib qolgan edi. Endi shu mehribon bobodan ham ayrilish arafasida edi. Ota-onam ham, bobom ham siz deb suyangan tog‘idan judo bo‘lish oson emas. Albatta, bu sinovlarning barchasi Allohning irodasi ila sodir bo‘lardi.
Ajali yetganda har bir jonning vafot etishi aniq haqiqat. Alloh taolo hech bir bandasiga “Buning falon ishi bor ekan, tugatib olsin”, “Yetim bolasi bor ekan, katta bo‘lsin”, “Uzatiladigan qizi bor ekan, to‘yini ko‘rsin”, deb muhlat bermaydi.

Abdulmuttalibni ham ajal izlab keldi. Bir kuni bu dunyoni tark etishini yaxshi bilgan Abdulmuttalib nur yuzli nabirasidan ayrilishni istamasdi. Jon berish arafasida atrofiga olazarak boqib “Muhammadim qani?” deb so‘radi. Atrofdagilar sevimli nabirani oldiga olib kelishdi. Abdulmuttalib: “Kel, bolam, oldimda o‘tirsang, biroz yengil bo‘laman”, dedi. Bu nurli nabirasining qo‘llaridan o‘pib, hidlab, bag‘riga bosar ekan, chiroyli ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ko‘rib sabri chidamadi.
Qariya hamma farzandlarini to‘plab: “Men vafot etsam, bu nabiramga kim g‘amxo‘rlik qiladi?” deb so‘radi. Hamma amakilari yosh Muhammadni o‘zi bilan birga olib ketishni istadi. Chunki bu bola qayorga borsa, o‘sha yerga fayzu baraka yog‘ilishini yaxshi bilishardi. Abdulmuttalib bu gal nabirasidan so‘radi: “O‘zing nima deysan? Qaysi amaking bilan qolishni xohlaysan?” Go‘dak indamay o‘rnidan turib, halqa bo‘lib o‘tirgan amakilari orasidan Abu Tolibning quchog‘iga bordi. Shu tariqa qaror qabul qilindi. Demak, yosh Muhammad Abu Tolibni tanladi.

Abu Tolib otasi Abdulmuttalib kabi yosh Muhammadni ham, inisi Abdullohni ham juda yaxshi kurardi. Joni uzilayotgan Abdulmuttalib suyukli nabirasining sevikli o‘g‘li Abu Tolib bilan qolayotganidan ko‘ngli to‘ldi. Oxirgi nafasida ham yosh nurli nabirasi yuziga termilib turarkan, Abu Tolibga uni omonat topshirganini, aslo ozor bermaslik va mehrini ayamasligini vasiyat qilib olamdan o‘tdi.
Abdulmuttalibning vafoti butun Quraysh qabilasi, ayniqsa, hoshimiylar xonadoni uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Salobatli, aql-farosatli va o‘z qavmi uchun jonini fido etishdan ham qaytmaydigan insondan ayrildilar. Abdulmuttalibning dafn marosimida butun qabila ishtirok etdi. Ular tobutni ko‘tarib ketishar ekan, yosh Muhammadning ko‘zlaridan tinmay yosh oqardi. Bu sinovlarning barchasi Alloh taolo tomonidan yosh Muhammadni payg‘ambarlikka tayyorlash uchun edi. Hammasi ummat, din, siz va biz uchun edi.

“Tasadduq, yo Rasululloh” kitobidan