O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot kotibi Jaloliddin Nuriddinov bilan suhbat
— Assalomu alaykum. Ustoz, hademay muborak Ramazon oyi boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi avvalgi yillardan farqli o‘laroq ushbu mavsumga qanday tuhfalar hozirladi?
— Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taologa hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga salovotu salomlar bo‘lsin. Har bir mo‘min muborak Ramazon boshlanishini sog‘inib, katta tayyorgarlik bilan kutib olishadi. Diniy idoramiz tomonidan Ramazonga tayyorgarlik ham ana shunday shukuh bilan ado etildi.
Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “2017 yilgi Ramazon oyi va hayiti munosabati bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi. 2017 yil 18 may kuni “O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda muborak Ramazon oyini munosib kutib olish, ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, ibodat qiluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va imom-xatiblarda mas’uliyat hissini yanada oshirish maqsadida” maxsus buyruq ishlab chiqildi. Unda musulmonlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, joylarda iftorlik va saharliklarni ixcham, dabdabasiz shaklda o‘tkazilishini e’tiborga olish, saxovatpesha kishilarni xayriya tadbirlariga jalb qilishga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish kabi masalalar belgilab berildi. Masjidlarda tozalik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, unda masjidlar xonaqo, ayvon, tahoratxonalariga e’tibor berilib, namozxonlar uchun yetarli sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga asosan diniy idora tasarrufidagi bilim yurtlari va Imom Buxoriy xalqaro markazida Ramazon oyini munosib kutib olish uchun tayyorgarlik ishlariga jiddiy e’tibor qaratildi. Ramazon oyi davomida pedagog-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, talabalar va markaz tinglovchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, saharlik va iftorlik dasturxonlarini sifatli hamda o‘z vaqtida tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
— Yurtimizdagi nechta masjidlarda xatmi Qur’on o‘qilishi kutilmoqda?
— Ma’lumki, Mustaqilligimizning dastlabki yillari malakali diniy kadrlar, imomlar, xususan hofizi Kalomilloh bo‘lgan qorilar yetishmasligi sababli, qator qiyinchiliklarga duch kelinar edi. Ramazon kunlari taroveh namozida xatm 5-6 kunda o‘qilib, namozxonlarga muayyan qiyinchiliklar tug‘ilar edi. Bugungi kunda, alhamdulillah, qorilarimiz yetarli.
O‘tgan yili Ramazonda 900 ga yaqin masjidlarda xatm qilingan bo‘lsa, bu yil 1000 ga yaqin masjidlarda xatmi Qur’on tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarga yurtimizdan yetishib chiqqan qorilar jalb qilinadi.
— O‘tgan yillari o‘zbekistonlik qorilarning boshqa davlatlarda ham Qur’oni karim xatmida qatnashgandi. Bu yil ham o‘zbekistonlik qorilar chet-elga yuboriladimi?
— Albatta, bu an’ana joriy yilda ham davom ettiriladi. Bu yilgi Ramazon oyida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina musulmonlari va diniy idoralarning rasmiy iltimoslariga ko‘ra, xatmi-Qur’on va diniy marosimlarni o‘tkazish uchun yurtimiz qorilari ushbu mamlakatlarga safarbar etiladilar.
— Yurtimiz ulamolarining muborak Ramazon oylarida masjidlarni ziyorat qilib, mav’iza bilan ishtirok etishlari bu oy tarovatiga o‘zgacha fayz baxsh etadi. Bu yil ham masjidlarni ziyorat qilish rejalashtirilganmi?
— Bu yilgi Ramazonda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Abdulhamid Tursunov, masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov va idoramizning boshqa xodimlari Toshkent shahri va viloyatlardagi masjidlarga borib, musulmonlarni tabriklab, 10-15 daqiqalik mav’izalar qilishlari rejalashtirilgan.
Muborak Ramazon oyi barcha Yurtdoshlarimizga xayrli, barakotli kelsin. Alloh taolo bu oyning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.
Davron NURMUHAMMAD suhbatlashdi.
Shahzod SHOMANSUROV suratga oldi.
Farg‘ona viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari qalamiga mansub “Inson qadri” nomli asarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov, shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-domlalar ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida asarning mazmun-mohiyati, unda ko‘tarilgan dolzarb mavzular hamda kitobning bugungi jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi. So‘zga chiqqanlar kitobda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va burchlarini anglash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi insoniy fazilatlar chuqur va ta’sirchan tarzda yoritilganini ta’kidladilar.
Shuningdek, ishtirokchilar “Inson qadri” asari imom-xatiblar uchun ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi, aholi bilan muloqotda, jamoatchilik orasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishda keng foydalanish mumkin bo‘lgan manba ekanini qayd etdilar.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati