Ramazon ro‘zasi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlarining ikkinchi yilida Sha’bon oyidan ikki kecha o‘tganidan so‘ng dushanba kuni farz qilingan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam 9 yil Ramazon ro‘zasini tutganlar.
Muborak Ramazon oyiga ham barmoq bilan sanasa bo‘ladigan kunlar qoldi. Poklanish va ma’naviy yuksalish oyini ba’zilarimiz sevinchimiz ichimizga sig‘masdan, ba’zilarimiz bir oz xavotir bilan, ba’zilarimiz esa yotsirabgina kutib olayotirmiz.
Bu oyga bizning tayyorgarligimiz qanday? Ayrim kishilar ancha ilgaritdan iftorlik uchun oziq-ovqat g‘amlab boshlaydi. Yana bir toifa xalqumni tozalash uchun baliq yeydi. Ularning tushunchasi bo‘yicha ro‘zadan bir kun oldin baliq yesa Ramazonga xalqumi poklanib kirar emish. Yana birlari uni, boshqalari buni qilib o‘z bilganicha Ramazonga tayyorgarlik ko‘radi.
Haqiqiy taqvo sohiblarining esa Ramazonda yeyish-ichishida o‘zgarish bo‘lmaydi: har kuni yeydigan taomi bilan saharlik qiladi, har kungi yeguligi bilan iftorlik qiladi. O‘zgarish ularning dasturxonida emas, ruhiyatida kechadi, ibodati ko‘payadi, tilovati ortadi, uyqusi kamayadi...
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam butun umrini Ramazon oyidagi kabi kechirgan edilar. Neki, imkoniyati bo‘lsa, undan Alloh yo‘lida ummatlariga manfaat yetkazish uchun foydalanar edilar. Dinimiz ravnaqi uchun har qanday tahlikaga qarshi borar, hech qanday zahmatdan tap-tortmas edilar...
Sahobai kiromlar ham islomga buyuk xizmatlar qilgan. Ulardan ba’zilariga hayotlik vaqtidayoq jannatning xabari berilgan bo‘lsa-da, ibodatga juda mahkam edilar, Tarovehdagi xatmlarni hassaga suyanib qolgunicha davom ettirar edilar.
Bizning esa umrimiz rohat-farog‘atda. Yashash, ishlash, o‘qish uchun hamma sharoit muhayyo: masjidlarda Qur’on tilovatlari; ochil dasturxondek tuzalgan iftorlar... biz faqat ro‘zamizni qiyomiga yetkazib tuta olsak, xatmlarda some’ tursak – Ramazon oyida chekajak mehnat-mashaqqatimizning hammasi shu bo‘ladi. Aslida bular ham rohatbaxsh ishlardir.
Mamlakatimizning tinch va osoyishtaligi, xalqimizning to‘q va farovonligi ziyoda bo‘layotgan farahli kezlarda Ramazon oyida Alloh taoloning rahmati va marhamatidan foydalanmoq uchun g‘ayrat qilaylik.
Ramazoni sharifni zavqu shavq, mushtoqlik bilan kutib olaylik. U kutilmagan mehmon kabi daf’atan eshigimiz oldida paydo bo‘lib qolmasin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bergan ta’limotga ko‘ra, Ramazon oyida qilingan nafl ibodatlarning savobi farz ibodatlarniki kabi bo‘lar, farz ibodatlarning savobi esa yetmish barobar ortar ekan. Shunday barokatli oy yaqinlashmoqda!
Shuni yodda tutaylikki, biz Ramazonga qanchalik tayyorgarlik ko‘rsak, uning barokatidan shu qadar ulush olamiz...
Demak, sekin-astalik bilan o‘zimizni ramazon tartibiga moslab bormog‘imiz zarur. Tilimizni foydasiz gaplarni aytishdan saqlab zikrga va ibodatga g‘ayrat qilaylik. Yetarlicha qadriga yeta olmaganimiz o‘n bir oyda yo‘l qo‘ygan xato-nuqsonlarimiz uchun ham shu muborak oyda tavbalar qilaylik.
Alloh taolo bizlarni savoblariga rag‘batli va g‘ayratli bandalari qatoriga qo‘ysin.
OYATI KARIMALAR
Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz.
Baqara surasining 183-oyati
***
Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin.
Baqara surasining 185-oyati
***
Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilingan. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz.
Baqara surasining 187-oyati
***
Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qovushmangiz!
Baqara surasining 187-oyati
***
Bas, kimki (qul) topa olmasa, qo‘shilishlaridan ilgari (zimmasida) paydar-pay ikki oy ro‘za tutish bordir.
Mujodala surasining 4-oyati
***
Ha. Mim. Ochiq-oydin Kitobga qasam! Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik.
Duxon surasining 1-2-oyatlari
***
Albatta, Biz uni Qadr kechasi nozil qildik. Qadr kechasi nima ekanini senga nima bildirdi? Qadr kechasi ming oydan yaxshidir.
Qadr surasining 1-3-oyatlari
HADISI SHARIFLAR
Hazrati Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Islom beshta ustun tepasiga bino bo‘lgandir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik berish; namozni barpo qilish; zakotni berish; Baytullohni tavof qilish; Ramazon ro‘zasini tutishdir”.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan:
“Odam bolasining har bir amali uning uchundir. Faqat ro‘za men uchundir. Unga o‘zim mukofot beraman!”
Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati
***
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga keldim-da: “Meni jannatga kiritadigan amalni menga buyuring?”, deb so‘radim dedilar. Ul zoti sharif: “O‘zingga ro‘zani lozim tut. Chunki unga teng keladigan birorta amal yo‘q”, dedilar. So‘ng ikkinchi marta ul zotning oldilarga kelib shunday deganimda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam yana: “O‘zingga ro‘zani lozim tut!” dedilar.
Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyati
***
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta jannatda bir eshik bor. Unga ar-Rayyon deyiladi. Qiyomat kunida odamlarga qarata: “Ro‘zadorlar qayerda?” deyiladi. Bas, ularning (ro‘zdorlarning) oxirgisi o‘sha eshikdan kirib bo‘lganida, ushbu eshik yopiladi”, deb marhamat qilganlar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kirishi arafasida mana bunday marhamat qilgan ekanlar: “Muborak oy sizlarga kirib kelmoqda. Sizlarga uning ro‘zasini tutish farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bir kecha ham bor. Kimki bu oyning yaxshiliklaridan mahrum qolsa, haqiqatdan ham mahrum qolgandir!”
Imom Ahmad, Imom Nasoiy va Imom Bayhaqiy rivoyati
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday degan ekanlar: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”
Imom Ahmad, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy va Imom ibn Imom Moja rivoyati
***
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam deganlar: “Kimki uzrsiz va kasal bo‘lmasdan Ramazondan bir kuni ochiq yursa, (ro‘za tutmay o‘tkazsa), uning qazosini umr bo‘yi tutgan ro‘zasi to‘ldira olmaydi”.
***
Imom Ahmad, Abu Dovud va Nasoiylar rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Uch nafar odamdan qalam (shariat hukmi) ko‘tarilgan: Uxlab yotgan odamdan to uyg‘onguncha, yosh boladan to katta bo‘lguncha, jinnidan to sog‘ayguncha”.
***
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Birov birov nomidan namoz o‘qiy olmaydi. Birov birov nomidan ro‘za tuta olmaydi”, deganlar.
Imom Nasoiy rivoyati
***
Sahih isnod bilan Imom Buxoriy va Imom Muslim ittifoq bilan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qildilar: “Qachon Ramazon kirsa, osmon (jannat yoki rahmat) eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar zanjirlanadi”.
***
Imom Ahmad, Nasoiy va Bayhaqiylar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Sizlarga muborak oy kelib turibdi. Sizlarga uning ro‘zasi farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi, u oyda shaytonlar zanjirlanadi...”
***
Imom Ahmad va Nasoiylar rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Do‘zax eshiklari qulflanadi, jannat eshiklari ochiladi va u oyda shaytonlar kishanlanadi”.
***
Imom Termiziy va Ibn Mojalar rivoyat qilingan hadisi sharifda esa bundoq deyilgan: “Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lsa, shaytonlar va isyonkor jinlar kishanlanadi”.
***
Imom Ahmad va Nasoiylar rivoyat qilgan yana bir hadis matni quyidagicha: “U oyda samo eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va u oyda isyonkor shaytonlar bog‘lab tashlanadi”.
***
Vosila ibn Asqa’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy solllallohu alayhi vasallam dedilar: «Ibrohim sahifalari Ramazon oyining birinchi kechasi nozil qilingan, Tavrot Ramazonning oltinchi kuni nozil qilingan, Injil Ramazon oyining o‘n uchinchi kuni nozil qilingan, Zabur Ramazon oyidan o‘n sakkiz kun o‘tganda nozil qilingan, Qur’on Ramazon oyidan yigirma to‘rt kun o‘tkanda nozil qilingan».
Imom Ahmad, Tabaroniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyati
***
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on zikrdan ajratilib, dunyo osmonidagi Baytul-izzaga qo‘yildi. So‘ngra Jabroil uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga olib tushib, tartil qilib beradigan bo‘ldi».
Imom Hokim rivoyati
***
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Qur’on dunyo osmoniga Qadr kechasida bir yo‘la nozil qilindi. So‘ngra, undan keyin yigirma yil mobaynida bo‘lib-bo‘lib nozil qilindi».
Imom Bayhaqiy rivoyati
***
Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazonni zikr qilib turib: «Albatta, Ramazon Alloh ro‘zani farz qilgan oydir. Men musulmonlarga uning qiyomini (tungi ibodati) sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa, qiyomini ado qilsa, undan onasi tuqqan kundek gunohdan pok bo‘lib chiqadi», dedilar».
Ibn Xuzayma rivoyati
***
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ramazonda bir kecha Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bordim. U zot namoz o‘qishga turdilar. Takbir aytganda: «Allohu akbaru Zul-malakuti val-jabaruti val-kibriyai val-’azoma» dedilar. Keyin Baqarani, keyin Nisoni, keyin Oli Imronni o‘qidilar. Biror qo‘rqituv oyatidan o‘tsalar, unda to‘xtalar edilar. Keyin ruku’ qilib, tik turganlari miqdoricha «Subhana robbiyal-’azim» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, «Sami’allohu liman hamidah. Robana lakal-hamd» dedilar. Keyin sajda qilib, tik turganlari miqdoricha «Subhana robbiyal-a’la» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, tik turganlari miqdoricha «Robbig‘fir li» dedilar. Keyin sajda qilib, tik turganlari miqdoricha sajda qilib, «Subhana robbiyal-a’la» dedilar. Keyin boshlarini ko‘tarib, tik turdilar. Ikki rak’at o‘qib bo‘lib ham edilar, Bilol kelib, u zotga namozni bildirdi».
Imom Ahmad rivoyati
***
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi. Haqiqatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar».
Imom Buxoriy rivoyati
***
Fotima alayhassalomdan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga maxfiy ravishda: «Har yili Jabroil men bilan Qur’onni bir-birimizga o‘qib eshittirar edik. Bu yil men bilan ikki marta o‘qidi. Men buni ajalim kelib qolganidan boshqa emas deb bilaman», deb aytdilar».
Imom Buxoriy rivoyati
***
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam dedilar: «Ro‘za va Qur’on bandaga shafoatchilik qiladi. Ro‘za: «Yo Rabbim! Men buni kunduzlari yemoq va shahvatdan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil», deydi. Qur’on: «Yo Rabbim! Men uni kechalari uyqudan to‘sganman, uning haqidagi shafoatimni qabul qil», deydi. Shunda ikkovining ham shafoati qabul qilinadi».
***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib, dedilar: “Agar katta gunohlardan saqlanib yurilsa, besh vaqt namoz, juma namozi o‘zidan keyingi juma namozigacha, Ramazon kelgusi Ramazon oyigacha o‘rtada qilingan gunohlar uchun kafforot bo‘ladi”
Imom Muslim rivoyati
***
Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday dedilar: “Kimki, ramazon tunlarini iymoni tufayli va savob umidida (ibodat bilan) qoim qilsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi”.
Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Qachonki, Ramazonning ilk kechasi kirsa, shaytonlar va jinlarning ashaddiylari zanjirband qilinadi. Do‘zax eshiklari yopib tashlanadi. Ulardan bitta eshik ham ochilmaydi. Jannat eshiklari ochib yuboriladi va ulardan bitta ham eshik yopilmaydi. Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”.
Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Ibn Xuzayma, Imom Ibn Hibbon va Imom Hokimlar rivoyati
***
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: "...Ro‘zadorning og‘zidan keluvchi noxush hid Alloh nazdida mushkdan ko‘ra xushbo‘yroqdir..."
Imom Buxoriy rivoyati
***
Hadisi Qudsiyda aytilishicha, Alloh taolo ro‘zadorlar jannatini ziynatlar bilan to‘ldiradi va unga qarab: "Bandalarim mashaqqat va ozorlardan qutulib, sening huzuringga kelishlariga ozgina qoldi", deydi.
***
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar qilib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u mahrum bo‘libdi”.
Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Nasoiy, Imom Bayhaqiy, Imom ibn Abu Shayba va Imom Is'hoq ibn Rohavayh rivoyati
***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”.
Imom Ahmad, Imom Bazzor va boshqalar rivoyati
***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”.
Imom Ibn Moja, Imom Termiziy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom Bayhaqiy, Imom Ibn Hibbon, Imom Tayolisiy, Imom Ibn Xuzayma va Imom Is'hoq ibn Rohavayh rivoyati
***
Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari ramazon oyida – har kecha Jabroil alayhissalom Ul zotga Qur’onni ta’lim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda, ayniqsa, cho‘qqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam odamlarga yaxshilik bilan muruvvat ko‘rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar".
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati
***
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar”.
Imom Muslim rivoyati
***
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondagi umra hajga teng”, deya marhamat qilganlar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim va boshqalar rivoyati
***
Boshqa bir rivoyatda esa “Ramazondagi umra Men bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir”, deganlar.
Imom Abu Dovud, Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy, Imom Ibn Xuzayma va Imom Hokim rivoyati
***
Sahl ibn Sa’d So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Jannatning bir eshigi bor: u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim kirmaydi. "Ro‘zadorlar qayerda?" deyiladi. Ro‘zadorlar turadilar. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmaydi. Ular kirgach, eshik berkitiladi, (so‘ng u eshikdan) boshqa hech kim kirmaydi", dedilar.
Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zador ikki bor xursand bo‘ladi: birinchisi – og‘iz ochganida (iftor qilganida) va ikkinchisi – ro‘za tutib Allohga yorug‘ yuz bilan yo‘liqqanida", deganlar".
Imom Buxoriy rivoyati
***
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladilar", deganlar.
Imom Tabaroniy va Ibn Hibbon rivoyati
***
Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bunda ro‘zadorning ro‘zasi savobidan biror narsa kamaytirilmaydi", deganlar.
Imom Termiziy rivoyati
ULUG‘LARNING AMALLARI
Abdurrahmon ibn Abd Qoriydan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Ramazonda Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan birga masjidga chiqdim. Qarasak, odamlar tarqoq, guruh-guruh: kimdir yolg‘iz o‘zi namoz o‘qiyapti, kimdir namoz o‘qimoqda‑yu, bir guruh odam uning namoziga ergashib namoz o‘qiyapti. Shunda Umar: «Menimcha, agar bularni bitta qorining ortidan jamlasam, nihoyatda go‘zal bo‘lar edi», dedi. So‘ngra azm qilib, ularni Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning ortiga jamladi. Keyin boshqa bir kechada yana u bilan chiqdim. Odamlar o‘z qorilarining namoziga ergashib namoz o‘qishar edi. Umar: «Bu qanday yaxshi bid’at! Ular uxlaydigan payt tungi ibodat qiladigan paytlaridan (ibodat uchun) afzaldir», dedi. U kechaning oxirini nazarda tutayotgan edi. Odamlar esa uning avvalida tungi ibodat qilishar edi». Imom Buxoriy rivoyati
***
Soibdan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning zamonida Ramazonda yigirma rak’at qiyom qilishar va Qur’ondan ikki yuz oyat o‘qishar edi. Hassaga suyanib qolishar edi».
***
Imom Zuhriy Ramazon oyi kirsa: «Bu oy Qur’on qiroatidir, taom ulashishdir», der edi.
***
Imom Abu Hanifa rahimahulloh Ramazon oyi ichida o‘ttizta, bir rivoyatda oltmishta xatm qilar edi.
***
Ibn Hakam aytadi: «Imom Molik Ramazon kirsa, hadis o‘qish va ilm ahli bilan majlis qurishdan qochar edi»,. ya’ni Qur’onga berilib ketar edi.
***
Abdurrazzoq aytadi: «Sufyon Savriy Ramazon kirsa, barcha ibodatlarni to‘xtatib, Qur’on qiroatiga kirishar edi».
***
Sufyon aytadi: «Zubayd Yomiy Ramazon kelsa, mus'haflarni keltirib, as'hoblarini to‘plar edi».
***
Asvad rahimahulloh Ramazondan boshqa payt Qur’onni olti kechada bir xatm qilar, Ramazonda esa har ikki kechada xatm qilar edi.
***
Qatoda rahimahulloh odatda yetti kunda bir xatm qilar, Ramazon oyida uch kunda bir, oxirgi o‘n kunlik bo‘lganda esa, har kecha xatm qilar edi.
***
Imom Naxa’iy ham Ramazon oyida har uch kunda, oxirgi o‘n kunlikda esa har kecha Qur’onni xatm qilar edi.
***
Rabi’ ibn Sulaymon aytadi: «Muhammad ibn Idris Shofe’iy Ramazon oyida oltmishta xatm qilar, ularning birortasi namozdan tashqarida bo‘lmas edi», deydi.
***
Imom Mujohid rahimahulloh Ramazonda har kuni shom bilan xufton orasida Qur’oni Karimni xatm qilar edi. Ular xuftonni kechaning to‘rtdan biri o‘tguncha kechga surishar edi.
***
Aliy Azdiy ham Ramazonda har kuni shom bilan xufton orasida Qur’oni Karimni xatm qilar edi.
***
Imom Molik aytadi: «Ramazonda Umar ibn Husaynning yonida namoz o‘qiydigan odam menga xabar qildiki, u kishi har kecha Qur’onni yangidan boshlar ekan».
***
Hofiz ibn Asokirning o‘g‘li otasi haqida: «Har juma xatm qilar edi, Ramazonda esa har kuni xatm qilar edi», degan.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz