Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Sentabr, 2025   |   17 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:37
Quyosh
05:57
Peshin
12:25
Asr
16:51
Shom
18:47
Xufton
20:01
Bismillah
09 Sentabr, 2025, 17 Rabi`ul avval, 1447

Savdo nomi va savdo belgisi tijorati

12.05.2017   7450   5 min.
Savdo nomi va savdo belgisi tijorati

Tijorat hajmi kengaygandan boshlab savdo nomi va savdo belgisi masalasi yuzaga chiqdi va bitta savdogar yoki bitta shirkatning o‘zi ko‘p sonli insonlar va shaharlarga katta miqdordagi mollarini yetkazib beradigan bo‘ldi. Bir turdagi mahsulotlarning sifatlari o‘zgarishi hisobiga, ana shu mahsulotlarning turlari ko‘paydi va shu sifatlarning o‘zi mahsulotning ismi bo‘lib tanilib qoldi. Natijada vaziyat shu darajaga keldiki, xaridor mahsulotni bozorda o‘zining yaxshi nomi bilan tanilgan “falon” shirkat ishlab chiqarganini ko‘rsa, ana shu shirkatning nomi yoki maxsus savdo belgisi borligi hisobiga mahsulotni xarid qiladigan bo‘ldi.

Shunday qilib, savdo nomi yoki savdo belgisi mahsulotlarga iste’molchilarning e’tiborini tortish va yoki, aksincha, uzoqlashtirishga sabab bo‘ladigan bo‘ldi. Shu bois tijoratchilar orasida savdo belgisi va savdo nomining qiymati hosil bo‘ldi. Xaridorlar orasida yaxshi nom qozongan har bir savdo nomi ana shu nom ostida bozorga kirib kelgan mahsulotga insonlarning rag‘bati oshishini ro‘yobga chiqaradigan va bu nom ostida bozorga kirgan tijoratchining ko‘p foyda qilishiga sharoit yaratadigan bo‘ldi.

Vaqti kelib, ba’zi ucharlar o‘zlarining sifatsiz mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida iste’molchilar orasida yaxshi nom qozongan ishlab chiqaruvchilarning nomidan foydalanishga kirishib, xaridorlarning aldanib qolish holatlari yuz bera boshlagandan so‘ng savdo nomlari va savdo belgilarini hukumat idoralarida ro‘yxatga olish va ro‘yxatdan o‘tkazgan nomlar va belgilardan boshqalar foydalanishini man’ qiluvchi qonunlar ishlab chiqildi.

Ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng tijoratchilar urfida bu nom va belgilarning qiymati yuzaga keldi. Savdogarlar nom va belgilarni katta qiymatda sotadigan va oladigan bo‘ldi. Chunki ular o‘zlarining mahsulotlariga odamlarning qiziqishini oshirishni xohlashardi.

Endi shunday savol paydo bo‘ladi: savdo nomini yoki savdo belgisini sotish joizmi?

Aniq ko‘rinib turibdiki, savdo nomi yoki savdo belgisi moddiy ayn emas, balki faqat shu nom yoki belgidan foydalanish huquqi, xolos. Bu hukm o‘z egasiga birinchilik va hukumat ro‘yxatidan o‘tish bilan asliy huquq bo‘ldi. Bu ayni paytda mavjud huquq, kelajakda amalga oshishi kutilayotgan huquq emas. Shuningdek, bu bir kishidan boshqa kishiga ko‘chib o‘tishni qabul qiladigan huquq. Lekin aynda sobit huquq emas, ya’ni biror moddiy narsadagi huquq ham emas. Demak, fuqaholarning gaplaridan xulosa qilib olingan qoidalarga binoan, bu huquqlar uchun tanozul (mol evaziga huquqidan kechish) yo‘li bilan evaz olish joiz bo‘ladi. Lekin bay’(savdo) yo‘li bilan emas, chunki u ayndagi sobit huquq yoki mustahkam manfaat emas.

Shayx alloma Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh ham shunga fatvo bergan va buni vazifasidan mol evaziga tushish masalasiga qiyos qilgan.

Muhammad Taqiy Usmoniy rahimahulloh “Buhus fi qozoyo fiqhiyya muosiro” asarida shunday deydilar: “Mening fikrimcha, savdo nomi yoki savdo belgisi huquqlari aslida aynda sobit bo‘lmagan mujarrad huquq bo‘lsa ham, lekin katta mashaqqat va ko‘plab mollarni sarflashni talab etadigan va undan so‘ng hukumat hujjatlarida tasdiq etilgan guvohnomalar aks ettiradigan qonuniy ko‘rinishni beruvchi davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonini bosib o‘tgandan so‘ng aynda o‘rnashgan huquqlarga o‘xshab qoldi va tijoratchilar urfida aynlarga tenglashtirildi. Shuning uchun bu huquqlar uchun bay’(savdo) yo‘li bilan ham evaz olish joiz bo‘lishi lozim bo‘ladi. Shubha yo‘qki, ba’zi narsalarni aynlar safiga kiritishda urfning o‘z roli bor. Chunki Ibn Obidin rahimahulloh aytganlaridek, moliyyat – odamlarning tamavvuli (mol deb hisoblashi) bilan hosil bo‘ladi. Bu elektr quvvati va gazga o‘xshaydi. Negaki, ular oldingi zamonlarda qiymatga ega aynlar va mollardan hisoblanmasdi. Sababi ular o‘zi qoim bo‘luvchi ayn emas, uni ushlab, jamlashga ham inson qudrati yetmaydi. Lekin hozirgi davrda, oldi-sotdisi joizligi borasida shubha bo‘lmagan qiymatli mollarning eng qadrlilaridan biriga aylandi. Bu ularning foydasi katta bo‘lgani, jamlash imkoni borligi va odamlarning urfiga kirganligi sabablidir”.

Xuddi shuningdek, savdo nomlari va belgilari ham davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng tijoratchilar urfida qiymatga ega mollar safiga kirdi va ularni saqlash hukumat tomonidan berilgan guvohnomalarni saqlash bilan amalga oshiriladi, deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Axir har bir narsani saqlash o‘ziga munosib narsa bilan bo‘ladi. Undan tashqari, bularni hojat vaqtigacha zaxira qilib turish imkoni bor, deyilishi ham to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki moliyyat sifatini beradigan unsurlarning hammasi bularda topiladi. Faqat ayn emas, xolos. Demak, bularning ham mollar kabi oldi-sotdisi joiz bo‘lishidan to‘suvchi shar’iy to‘siq yo‘q. Vallohu a’lam.

Oxunjon AHMЕDOV,

 Toshkent islom instituti talabasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarimizga itoat

08.09.2025   594   12 min.
Payg‘ambarimizga itoat

Qur’oni karimning juda ko‘plab oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish ta’kidlangan bo‘lib, ularning aksariyati Alloh taologa itoat etish bilan bir o‘rinda zikr etiladi.

قُلۡ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَۖ فَإِن تَوَلَّوۡاْ فَإِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ ٱلۡكَٰفِرِينَ 

«Ayting: Alloh va Payg‘ambarga itoat etingiz! Agar yuz o‘girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas» (Oli Imron, 32-oyat).

 

وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَ لَعَلَّكُمۡ تُرۡحَمُونَ 

Allohga va Payg‘ambarga itoat qiling, shoyad, shunda sizlarga rahm qilinsa(Oli Imron, 132-oyat).

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَأُوْلِي ٱلۡأَمۡرِ مِنكُمۡۖ 

Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!(Niso surasi, 59-oyat).

وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَٱحۡذَرُواْۚ

Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz!(Moida surasi, 92-oyat).

 

فَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَأَصۡلِحُواْ ذَاتَ بَيۡنِكُمۡۖ وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓ

Bas, Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!(Anfol surasi, 1-oyat).

 

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَوَلَّوۡاْ عَنۡهُ وَأَنتُمۡ تَسۡمَعُونَ

Ey, iymon keltirganlar! Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz! O‘zlaringiz eshitib turib, Undan yuz o‘girib ketmangiz!(Anfol surasi, 20-oyat).

 

وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَنَٰزَعُواْ فَتَفۡشَلُواْ وَتَذۡهَبَ رِيحُكُمۡۖ 

Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz(Anfol surasi, 46-oyat).

 

﴿قُلْ أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّمَا عَلَيْهِ مَا حُمِّلَ وَعَلَيْكُمْ مَا حُمِّلْتُمْ وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾

Ayting: “Allohga bo‘yin suningiz va Payg‘ambarga bo‘yin suningiz! Shundan so‘ng agar yuz o‘girsangiz, bas, (Payg‘ambar) zimmasida o‘ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug‘ini yetkazish) va sizlarning zimmangizda o‘zlaringizga yuklangan narsa (unga bo‘yin sunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).

 

﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَوَلَا تُبْطِلُوا أَعْمَالَكُمْ﴾

“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).

﴿فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ﴾

“Namozni barkamol ado etingiz va zakotni beringiz hamda Alloh va Uning payg‘ambariga itoat etingiz!” (Mujodala surasi, 13-oyat).

﴿وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّيْتُمْ فَإِنَّمَا عَلَى رَسُولِنَا الْبَلَاغُ الْمُبِينُ﴾

“Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga bo‘yin suningiz! Bas, agar (itoatdan) bosh tortsangiz, u holda (bilingizki) Bizning (yuborgan) payg‘ambarimiz zimmasida faqat (vahiylarimizni sizlarga) aniq yetkazish bor, xolos” (Tag‘obun surasi, 12-oyat).

Mazkur oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiy tarzda zikr qilinmoqda. Quyidagi oyatlarda Payg‘ambarimiz alayhissalomga itoat etishning mukofoti (ajri) bayon etiladi, ushbu oyatlar ham Allohga itoat etish bilan birgalikda keladi:

﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ﴾

“Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan bog‘larga (jannatga) kiritur. (Ular) u yerda abadiy (bo‘lurlar). Bu ulkan yutuqdir” (Niso surasi, 13-oyat).

 

﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا﴾

Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir!(Niso surasi, 69-oyat).

 

﴿وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَيُطِيعُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ أُولَئِكَ سَيَرْحَمُهُمُ اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ﴾

“Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).

 

﴿وَإِنْ تُطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ لَا يَلِتْكُمْ مِنْ أَعْمَالِكُمْ شَيْئًا﴾

“Agar sizlar Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsangiz, U sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (savobidan) biror narsani kamaytirmas” (Hujurot surasi, 14-oyat).

Qur’oni karimda payg‘ambarga itoat etish faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos bo‘lmay, balki avval o‘tgan barcha payg‘ambarlarga ham tegishli ekanligi bayon etilgan:

﴿وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ رَسُولٍ إِلَّا لِيُطَاعَ بِإِذْنِ اللَّهِ﴾

“Qaysi bir payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz)(Niso surasi, 64-oyat).

Shuningdek, payg‘ambarlar alayhimmusalom Alloh taoloning vahiyi (irodasi)ni yetkazuvchilar ekanliklari, ularga itoat etish Alloh taologa itoat etish bilan tengligi ta’kidlanadi:

﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ

Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi(Niso surasi, 80-oyat).

Payg‘ambar alayhissalomga itoat etish Qur’on oyatlarida zikr etilgani hamda Nabiyga itoat Alloh taologa itoat etish ekanligi ta’kidlanganidek, ularga itoatsizlik ham Allohga itoatsizlik sifatida zikr etiladi:

﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾

Kim Alloh va (Uning) payg‘ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do‘zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur(Niso surasi, 14-oyat).

﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِينًا﴾

“Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo‘ldan ozibdi” (Ahzob surasi, 36-oyat).

 

﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَإِنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدً﴾

“Kimki Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, (ular) o‘sha joyda mangu qolurlar” (Jin surasi, 23-oyat).

 

 

وَمَن يُشَاقِقِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ فَإِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلۡعِقَابِ 

Kimki Alloh va Rasuliga muxoliflik qilsa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir(Anfol surasi, 13-oyat).

 

﴿أَلَمْ يَعْلَمُوا أَنَّهُ مَنْ يُحَادِدِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَأَنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدًا فِيهَا﴾

Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo‘lishini bilmaganmidilar?!(Tavba surasi, 63-oyat).

Shu tariqa, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish va itoatsizlik qilish Alloh taolga itoat etish hamda etmaslik sifatida birga zikr qilinadi.

Biror oyatda Allohga itoat etish alohida ta’kidlanmagan, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bilan birgalikda zikr etilgan. Ammo ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa itoat etish ta’kidlanmagan holda zikr etilgan:

﴿وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ﴾

“Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).

﴿وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾

“Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).

 

﴿يَوْمَئِذٍ يَوَدُّ الَّذِينَ كَفَرُوا وَعَصَوُا الرَّسُولَ لَوْ تُسَوَّى بِهِمُ الْأَرْضُ

Kofir bo‘lganlar va payg‘ambarga itoatsizlik qilganlar o‘sha kuni yer bilan yakson bo‘lishni orzu qiladilar(Niso surasi, 42-oyat).

 

﴿وَمَنْ يُشَاقِقِ الرَّسُولَ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُ الْهُدَى وَيَتَّبِعْ غَيْرَ سَبِيلِ الْمُؤْمِنِينَ نُوَلِّهِ مَا تَوَلَّى وَنُصْلِهِ جَهَنَّمَ وَسَاءَتْ مَصِيرًا

Kimga hidoyat aniq bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga muxoliflik qilsa va mo‘minlar yo‘lidan o‘zgasiga ergashsa, Biz uni o‘zi ketayotgan yo‘liga qo‘yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda kuydiramiz. Naqadar noxush joy u! (Niso surasi, 115-oyat).

Ushbu oyatlarda faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish ta’kidlanishining sababi – Allohga itoat etish payg‘ambarga itoat etish bilan bo‘lishligidir. Zero, Alloh taolo O‘z dinini payg‘ambarlari orqali insonlarga yetkazadi.

﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ إِنَّهُ عَلِيٌّ حَكِيمٌ﴾

Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir” (Sho‘ro surasi, 51-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo O‘z xohish, irodasini payg‘ambarlari orqali yuboradi. Agar payg‘ambar alayhissalom biror narsaga buyursa yoki biror narsadan qaytarsa Allohning elchisi sifatida qilgan bo‘ladilar. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda payg‘ambarga itoat etish va unga ergashishni O‘ziga itoat bo‘lishini ta’kidlagan:

﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ﴾

Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi(Niso surasi, 80-oyat).

Shunday ekan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa etishdir. Chunki u zot alayhissalom o‘z nafslaridan so‘zlamaydilar, balki Allohning irodasini yetkazadilar:

﴿وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى﴾

(Yana u Qur’onni) xomxayoldan olib so‘zlayotgani ham yo‘q! U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir” (Najm surasi, 3-4 – oyatlar).

Shu nuqtayi nazardan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etish demakdir. Shu bois, ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish zikr qilinib, Allohga itoat etish ta’kidlanmagan. Bu Allohga itoat – payg‘ambarga itoat etish orqali bo‘lishini anglatadi.

Qur’oni karimning Allohga itoat etish borasida kelgan har bir oyat albatta Payg‘ambar alayhissalomga itoat etish bilan birgalikda zikr qilingan.


"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi

Maqolalar