Mustaqil Respublikamiz O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomini faxru iftixor, sog‘inchu ehtirom bilan tilga olamiz. U aziz insonning samimiy tabassum, atrofidagilarga birday mehru e’tibor yog‘ilib turadigan chehrasi... xalqiga qaynoq muhabbatining nafasi ufurib turadigan suhbat, muloqotlari... jamiyatimiz hayoti va mamlakatimiz qiyofasining bilimdon muhandisi sifatida ilm va tajribalar bilan asoslab tuzilgan tarixiy rejalari bayon etilgan ma’ruzalari... jahonning obro‘li minbarlaridan dunyo xalqlarining tinchligu osoyishtaligi himoyachisi, jonkuyari sifatida so‘zlagan nutqlari millionlab qalblarda, ona yurtimiz hamda bashariyat tarixi sahifalarida o‘chmas bo‘lib qoldi. Avvalo chin insoniylik fazilatlarini alohida e’tirof etging keladi, arboblik, aniq va ijtimoiy fanlar bo‘yicha bilimdonlik, hayotsevarlik, mardlik, jo‘mardlik, yaxshi niyatlarni dilga tugib Allohga tavakkul bilan mehnat va izlanuvchanlikda barchaga o‘rnak bo‘lish... milliy qadriyatlar, an’analarga hurmatu sadoqat... o‘zidan kattalarga farzand kabi hurmat va kichiklarga ota misoli izzat-g‘amxo‘rlik ko‘rsatishlari... – Islom Karimov shunday olijanob hislatlari bilan jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining tamal toshini qo‘ydi. Keksalar chorak asrda xalqimizning yuz yillik orzulari ro‘yobga chiqqanini hayajonlanib, to‘lqinlanib so‘zlaydilar. O‘tgan asrning oxirgi o‘n yilliklariga kelib ich-ichidan aftodahol bo‘lib qolgan sobiq davrning korchalonlari yemirilib bo‘lgan tuzumni saqlab qolish uchun turli nayrang, respublikamiz xalqiga tuhmat va kamsitishni avj oldirgan o‘ta murakkab paytda – 1991 yilning 1 sentyabr kuni sobiq ittifoqdosh respubliklar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonni mustqil davlat deb e’lon qilgan Islom Karimov qalbida jasorat, o‘ziga va xalqiga ishonch qanchalar yuksak ekanini chorak asrlik faoliyati isbotlab, asoslab ketdi.
Mamlakatimizning markaziy va chekka xududlarida birdek amalga oshirilgan obodonlashtirish; tibbiyot, madaniy-maishiy, xalq ta’limi sohasidagi islohotlarning ijobiy samaralari; shaharu qishloqlarni, viloyatlarni bir-biriga bog‘laydigan keng zamonaviy trassalar hamda ko‘priklar; har tomonlama sog‘lom ona va bola – barkamol avlodni voyaga yetkazish uchun amalga oshirilgan izchil tabdirlarning natijasi – onalar va bolalar o‘limining kamayishi; respublikamizning dunyo avtomobilsiz davlatlari qatoridan o‘rin olishi; yerning haqiqiy egasi – dehqonga topshirilishi tufayli bozorlarimizdagi mo‘l-ko‘lligu arzonchilik, dasturxonlarimiz to‘kinligi; xalqaro sport musobaqalarida shohsupaning yuqorisidan o‘rin olgan o‘g‘il-qizlarimizni va ular timsolida O‘zbekistonni sharaflab madhiyamiz yangrashi; Ibn Sino, Beruniy, Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi dunyo ilm-fani osmonining yulduzlari avlodi – bizning o‘smir, yoshlar farzandlarimizning xalqaro olimpiadalar, tanlovlarda mutloq g‘olib bo‘lishlari... – eh-he, jonajon Vatanimiz hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuqlar sanog‘ining adog‘i yo‘q. Zero, Birinchi Prezidentimiz bu ishlarning barchasini aqlu tafakkur torozusida sarhisob qilib taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni yaratdilar, hayotga tatbiq etdilar.
Xalqimizda uzoq va ibratli umr kechirib, el-yurt hurmat-e’zozini qozongan insonlarni so‘nggi yo‘lga kuzatishni “O‘sha aziz odamning to‘yi” deb atash rasmi ham bor. Tafakkur qilsak, eng ulug‘ ne’mat – umrni o‘z xalqining tinchlik-osoyishtaligi, farovonligi, ma’naviy yuksalishi, Vatan ozodligiyu yubodligi yo‘lida behisob ezgu ishlarga sarflab, Parvardigori olam xuzuriga xalqning muhabbati, ehtiromi, duolariga ko‘milib yo‘l olish chin baxt emasmi? Ha, Islom Karimovning oxiratlari ham obod bo‘lishini ko‘zlariyu yuzlarida iztirob, so‘zlarida tuganmas mehr bilan tilagan millionlab kishilarning duo va fotihalari ijobat bo‘lishini Yaratgandan so‘raymiz.
Islom Karimov hayoti va faoliyati elim, yurtim deb yonib yashashni niyat qilgan har bir inson uchun ibratdir, inshoalloh. Shuning uchun ham Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvarda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi Qarori, unda har yili 30 yanvar kunini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tug‘ilgan kun sifatida keng nishonlash, 2 sentyabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish belgilab qo‘yilgani xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi.
Yaxshilar yodi tarixda, avlodlar xotirasida iftixor bo‘lib qolaveradi, ular boshlagan xayrli yangi qutlug‘ rejalarga pillapoya bo‘ladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek, “Barchamiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Kirimov bugun oramizda yo‘q. Biroq Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni amalga oshirish va zamonaviy davlat barpo etish borasidagi strategik tamoyillarga biz o‘z ishimizda doimo suyanamiz”.
Muhtarama ULUG‘OVA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan