Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2025   |   17 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2025, 17 Zulhijja, 1446

Hukmiy oyatlar tafsiri bo‘yicha muhim manba

30.04.2017   10690   6 min.
Hukmiy oyatlar tafsiri bo‘yicha muhim manba

Muqaddas Islom dini shariatining asl mohiyatini kengroq tushuntirish hamda o‘tmishdagi mujtahid imomlar tomonidan amalga oshirilgan ulkan ishlardan kelajak avlodni boxabar qilishda bugungi kunga qadar ko‘plab ulamolarimiz beqiyos xizmatlarini taqdim qilganlar. Ana shunday xizmatlardan biri imom Ahmad ibn Abu Sa’id al-hanafiyning “Tafsirot Ahmadiyya” asaridir.

Ushbu asardagi “Ahmadiya” so‘zi  muallifning ismi Ahmad bo‘lgani bilan bog‘liq. asarlarni muallif ismi yoki nisbatiga qo‘shib nomlash holatlarini ko‘plab mu’tabar manbalarda ham uchratish mumkin. Buyuk vatandoshlarimizning “Sulosiyot al-Buxoriy”, “Ilal at-Termiziy”, “Maqomot az-Zamaxshariy” kabi asarlari ham shu tariqa nomlangan.

Tafsirot Ahmadiyya – muallifi Ahmad ibn Abu Sa’id ibn Abdulloh al-Hanafiy Shayx Jiyvan va Mullo Jiyvan[1] laqablari bilan tanilgan bo‘lib, hijriy 1047 yili Hindistonda tavallud topgan. ma’lumotlarga ko‘ra Mulla Jiyvan yoshligidan o‘zgacha iste’dod sohibi bo‘lgan. Ayniqsa, uning yodlab qolish qobiliyati bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. Yetti yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Darslik kitoblarni mutolaa qilish jarayonida berilgan topshiriqlarga bir mata ohista nazar tashlash bilanoq to‘liq o‘zlashtirgan. Hajmi katta bo‘lgan qasidalarni ham bir marta eshitib, yoddan qayta aytib bera olgan. Fiqh, usul, hadis fanlari bo‘yicha yetuk ilmga erishgan. Hanafiy mazhabi fiqhi bo‘yicha fatvo berish darajasiga ega bo‘lgan. Zamonasidagi ko‘plab tolibi ilmlar uning ilmiy faoliyatidan manfaat olishgan.

Mulla Jiyvanning ilmiy faoliyati ham serqirra bo‘lgan. Ayniqsa, uning qalamiga mansub bo‘lgan “Nurul anvor fi sharh al-manor” asari Hanafiy mazhabidagi usulul-fiqh faniga oid mashhur asar bo‘lib, buyuk ajdodimiz Imom Abul Barakot Nasafiyning “Manorul anvor” nomli risolasiga sharh hisoblanadi.

Shuningdek, olim sheriyat maydonida ham samarali ijod qilgan. Uning besh ming baytdan iborat she’riy to‘plami – devoni hozirgacha saqlanib qolgan.

Umrini kitob ta’lif qilish va ko‘plab tolibi ilmlarga dars berishga bag‘ishlagan Mulla Jiyvan 1130 hijriy (melodiy 1718) yili Dehlida vafot etgan.

Uning “Tafsirot Ahmadiyya” asari asosan hukmiy oyatlar tafsiriga bag‘ishlangan. Muallif tafsirga kirishish asnosida muqaddima bilan so‘z boshlaydi. Hamdu sanodan so‘ng, diniy ilmlar orasida Qur’on ilmi asosiy negiz ekanini ta’kidlab o‘tadi. Ulamolarning Qur’oni karimni o‘rganishga qaratgan ulkan e’tiborlari natijasida qiroat, sarf (morfologiya), nahv (sintaksis), balog‘at, fasohat, kalom, fiqh va usulul fiqh kabi fanlar qatorida tafsir ilmi ham mukammal fan sifatida shakllanganligiga e’tibor qaratadi. Buni yorqin misoli sifatida Qur’oni karim qamragan ilmlardan iqtiboslar keltirib, tafsir ilmini ham insonlarga yetkazishda muhim o‘rin tutishiga ishora qiladi. Shudan kelib chiqqan holda tafsir ilmi qamragan yo‘nalishlar – qissalar tarixi, va’da va va’idlar mavzusi, mav’iza va ibratlarni sanab o‘tib, ular orasida, shar’iy hukmlarni istinbot qilish yo‘nalishi asosiy o‘rin tutishini qayd etadi.

Shu o‘rinda muallif o‘zining yoshligida “Imom G‘azzoliy Qur’oni karim oyatlari orasidan besh yuz oyatni hukmiy oyat deb alohida e’tibor qilgan”i haqidagi xabarni ustozlaridan eshitib, umri davomida anashu gap uning ongida qayta-qayta takror topganini eslaydi. Hukmiy oyatlarga bo‘lgan qiziqishi ularni jamlash, fiqhiy va usuliy qoidalar asosida mo‘jaz bir sharh bitishga  undaydi. Muallif “Tafsirot Ahmadiyya” kitbi yozilish tarixini shu tariqa o‘z hayotiga bog‘laydi.

Muqaddimada tilga olgan ma’lumotlaridan yana biri o‘z zamonasining adolatparvar va insoflik podshohi Muhammad Avrangzeb Olamgirga maqtovlardir. Muallifning fikricha  o‘sha davrda Hindiston bo‘ylab islom dinining ravnaq topishi, xususan, Hanafiylik mazhabining gullab-yashnashi aynan Avrangzeb Olamgir nomi bilan bog‘liqdir. Podshohiga cheksiz maqtovlarni yozib bo‘lgach, muallif “bu maqtov gaplar podshohdan pul yoki dunyo tamasida emas, balki Alloh uchun, hamda (u sabab)  dinning rivojini qattiq xohlaganimdandir, zero men undaylardan emasman” deb, o‘zini lagambardorlik va maddohlik illatidan yiroqligini yozadi.

Muallif Tafsirot Ahmadiyya kitobida Hanafiyya mazhabi usul qoidalariga asoslangan holada oyati karimalardan fiqhiy hukmlar va aqidaviy masalalarni jamlashga harakt qilgan. Masalalar tartibi Qur’oni karimdagi oyatlar tartibi bo‘yicha joylashtirilgan.

Avval fiqhiy hukm mazmunini ifodalagan oyat to‘lig‘icha berilgan, so‘ngra oyatning nozil bo‘lish sabablari ko‘rsatilgach, mashhur mufassirlardan iqtiboslar keltirilgan holda o‘ziga xos uslubda izohlangan, tafsir qilingan. So‘ngara oyati karimaga mujtahid ulamolar nigohi bilan qaralib, undan olinadigan fiqhiy hukmlarga e’tibor berilgan, ayrim o‘rinlarda bir masalaga bir necha mazhab mujtahidlarining ilmiy xulosalari qiyosiy tahlil uchun keltirilgan. Asosiy e’tiborni Hanafiy mazhabining mujtahidlari olgan hukm va xulosalariga qaratilgan. Mazhab ulamolaridan naql qilingan hukmni hadislar, sahoba va tobeinlarning so‘zlari ila asoslash bilan bir oyat tafsiriga umumiy yakun yasalgan.

Kitobda yoritilgan har bir bahsga sinchkovlik nuqtayi nazar bilan yondashilgan. Keltirilayotgan ma’lumotlar qaysi manbadan olinganligi qisqa tarzda ko‘rsatib o‘tilgan. Foydalanilgan adabiyotlar asosan Hanafiy mazhabining mashhur manbalari bo‘lib, ular qatorida buyuk vatandoshlarimiz Jorulloh Mahmud az-Zamaxshariyning “al-Kashshof”, Abul Barakot an-Nasafiyning “Madorikut tanzil”, Mavlono Husayn Voiz Koshifiyning “Tafsir Husayniy”, Faxrul Islom Pazdaviyning “Usul” kitobi, Sa’duddin Taftazoniyning “Sharh aqoid an-Nasafiy”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya” va uning ko‘plab sharhlaridan keng miqyosda foydalanilgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda muqaddas dinimizga mutlaqo zid bo‘lgan g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir paytda, o‘zining noto‘g‘ri tushunchasi bilan g‘arazli maqsadlari ilinjida hech narsadan tap tortmaydigan turli xil ruhdagi oqimlarga qarshi kurashish, ularning puch qarashlariga ilmiy asosda raddiyalar berishda mo‘tabar manbalarimizning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, dinimiz ta’limotlarini ananaviy Hanafiylik mazhabi asosida o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish yurtimiz diniy soha xodimlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

 

“Hidoya” o‘rta maxsus islom

bilim yurti o‘qituvchisi

Abdulboqiy Tursunov

 

[1] “Jiyvan” hind tiliga mansub so‘z bo‘lib, hayot mazmunini ifodalaydi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

04.06.2025   5816   4 min.
Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

Arafot so‘zi lug‘atda – bilish, tanish ma’nolarini bildiradi.

Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.

Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.

Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.

Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).

Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.

Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).

Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:

“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.

Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn.

Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.

Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar.

Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin.

A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai.

Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib,  barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda  Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.

Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!

Davron NURMUHAMMAD