Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Kalendar – taqvimlar tarixidan

16.03.2017   86527   10 min.
Kalendar – taqvimlar tarixidan

  هُوَ الَّذِي جَعَلَ الشَّمْسَ ضِيَاءً وَالْقَمَرَ نُورًا وَقَدَّرَهُ مَنَازِلَ لِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ مَا خَلَقَ اللَّهُ ذَلِكَ إِلَّا بِالْحَقِّ يُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ

U Quyoshni ziyo (taratuvchi) va Oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobni bilishlaringiz uchun uni (Oyni) manzillarga (bo‘lib) o‘lchab qo‘ygan zotdir*. Buni Alloh faqat haq (hikmat) bilangina yaratdi. Biluvchi qavm uchun oyatlarni (U) batafsil bayon qilur. 

* Oyning o‘n ikki burji va yigirma sakkizta manzili bor. Burjlar – hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jadiy, dalv, hut. Har bir burjda ikkiyu uchdan bir manzil bo‘lib, oy har kecha shu manzillardan biriga tushib o‘tadi. Agar oy 30 kun bo‘lsa, ikki kecha oy ko‘rinmaydi. 29 kun bo‘lsa, bir kecha ko‘rinmaydi. Quyosh mazkur manzillardan har birida 13 kun va 1/3 kunda qo‘nib o‘tadi. 28 ta manzilning kunlari qo‘shilib bir yil bo‘ladi. 

 HIJRIY YIL HISOBI -  Payg‘ambarimiz Muhammad sallolllohu alayhi va sallamning Makkai mukarramadan  Madinai munavvaraga hijrat qilgan yillaridan  boshlangan. Qamariya (hijriy-qamariy yil) va shamsiya (hijriy-shamsiy yil)ga bo‘linadi.

Qamariya bo‘yicha yil hisobi 622 yilning 16 iyuli juma kunidan boshlanib, Oyning ketma-ket kelgan ikki bir xil fazasi orasida o‘tgan vaqt — sinodik oy (29,530588 kun) davriga asoslangan. 12 oydan iborat bir qamariy yil 354,3671 kundan iborat. Qamariy yilda 1, 3, 5, 7, 9 va 11-oylar 30 kundan, qolganlari 29 kundan butun qilib olingan. Oylar tartibi bilan muharram, safar, rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumo-dul oxir, rajab, sha’bon, ramazon, shavvol, zulqa’da va zulhijja deb atalishini bilamiz. Qamariy yil tropik yildan 10— 12 kun qisqa. Qamariy yilning ba’zilari kabisa yil bo‘lishiga sabab yil­ning kasr qismi (0,3671 kun) har 30 yilda 11,013 kunni tashkil etishidir. Uning 19 yili oddiy (354 kunlik), 11 yili kabisa (355 kunlik), 38-yillik arabcha siklning 2, 5, 7, 10, 13, 16, 18, 21, 24, 26 va 29-yillari kabisa deb qabul qilingan. Qamariya hisobi aholisi asosan musulmonlardan tashkil topgan mamlakatlarda qo‘llanadi.

Shamsiya 622 yilning bahorgi teng kunlik kuni — 21 martdan boshlab hisoblanadi; keyingi yil boshlari esa 20, 21 yoki 22 martga to‘g‘ri keladi. Davomiyligi milodiy kalendaridagi kabi 365 yoki 366 kundan iborat. Sham­siya bo‘yicha oylarning nomlari hut, hamal, savr, javzo, saraton, asad, sumbula, mezon, aqrab, qavs, jaddi va dalv bo‘lib, bu oylar doimo yil­ning ma’lum bir vaktlarida keladi.

O‘rta Osiyoda yangi uslub keng ommaviylashgunga qadar qamariya hisobi ham, shamsiya hisobi ham ishlatilib kelingan. Shamsiya hisobi bo‘yicha yil­ning dastlabki kunlarida Navro‘z bayrami o‘tkazilgan.

Hijriy yil hisoblanishining sanalarini yangi uslub (Grigoriy kalendari)ga aylantirishda maxsus formulalar va jadvallar qo‘llanadi. Masalan, Grigoriy kalendarining 1980 yil qamariyaning 1399/1400 yillariga va Shamsiyaning 1359/1360 yillariga to‘g‘ri keladi. 

GRIGORIY KALЕNDARI (yoki yangi uslub) — Rim papasi Grigoriy XIII tomonidan Yuliy kalendari (eski stil) o‘rniga 1582 yilda joriy etilgan kalendar. Perudjiy universiteti o‘qituvchisi Luidji Lilio 1576 yilda taklif etgan loyihaga binoan tuzilgan. Yuliy kalendarida yo‘l qo‘yilgan xatolik tu-zatilib, hisob 10 kun oldinga surilgan. Bahorgi teng kunlik, ya’ni 21 martga to‘g‘ri kelgan. Xatolik yana takrorlanmasligi uchun har 400 yilda kabisa yil 3 kunga qisqartirilgan, ya’ni 100 kabisa yili o‘rniga 97 kabisa yili joriy etilgan. Grigoriy kalendariga ko‘ra oxirgi 2 rakami 4 ga bo‘linadigan yillar kabisa yillardir, lekin 2 nol bilan tugab, 400 ga bo‘linmaydigan yillar bundan mustasno, masalan, 1700, 1800, 1900 va 2100 yillar oddiy yil, 1600, 2000, 2400 va 2800 yillar esa kabisa yil hisoblanadi. Shu hisobda yilning davomiyligi 365,242500 sutkani tashkil etib, tropik yilga qaraganda har yili 26 sekund ortib boradi va sal kam 3300 yilda 1 kun xato qilinadi. Grigoriy kalendarining birdan-bir noqulayligi oylardagi kunlar sonining har xilligidir. Sobiq Ittifoqda (shu jumladan O‘zbekistonda) Grigoriy taqvimi  1918 yil 14 fevraldan (eski uslubda 1 fevraldan) boshlab qabul qilingan. 

BURJ — Quyoshning yillik ko‘rinma harakati doirasidagi o‘n ikki yulduz turkumining nomlari. Bu so‘z zodiak yulduzi turkumlari Dalv, Hut. Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadylarga nisbatan qo‘llaniladi (jadvalga qarang).

Ular Quyoshning yillik ko‘rinma harakat yo‘li (ekliptika) bo‘ylab joylashgan. Har birida Quyosh taxminan bir oycha bo‘ladi. Burj yulduz turkumlaridan Quyosh sistemasining deyarli barcha sayyoralari, kometalari va Oyning ham ko‘rinma harakat yo‘llari o‘tadi. Yunonistonda burj turkumlarini alohida ajratib, ularni maxsus belgilar bilan ifodalashgan. Shunga ko‘ra, osmon gumbazida bahorgi (Hamal) va kuzgi (Mezon) tengkunlik, yozgi (Saraton) va qishki (Jady) Quyosh turish nuqtalari ham o‘sha belgilar bilan belgilanadi. Pretsessiya hodisasi sababli o‘tgan 2 ming yil ichida bu nuqtalar surilib, qo‘shni yulduz turkumlariga o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramay, shu belgilar, shuningdek Saraton va Javzo tropiklari deb ataluvchi nomlar ham saqlanib qolgan. 

 Burj jadvali 

Arabcha

Forscha

O‘zbekcha

Hozirgi

aytilishi

aytilishi

aytilishi

hisobga ko‘ra

1.

Hamal

Barre

Qo‘y

22 mart—20 apr.

2.

Savr

Gov

Sigir

21 apr. —20 may.

3.

Javzo

Dupaykar

Egizak

21 may—21 iyun

4.

Saraton

Xarcheng

Qisqichbaqa

22 iyun—22 iyul

5.

Asad

Sher

Arslon

23 iyul—22 avg.

6.

Sunbula

Xosha

Boshoq

23 avg—23 sent.

7.

Mezon

Tarozu

Tarozu

24 sent.—22 okt.

8.

Aqrab

Gajdum

Chayon

23 okt.—22 noyab.

9.

Qavs

Kamon

Yoy

23 noyab.—21 dek.

10.

Jady

Buzg‘ola

Tog‘ taka

22 dek.-  19 yanv.

11.

Dalv

Do‘l

Qovg‘a

20 yanv.-18 fev.

12.

Hut

Mohiy

Baliq

19 fev—21 mart

BURJIY TAQVIM - 365 kunlik quyosh taqvimi. Sharq falakiyotshunoslari tomonidan ishlab chiqilgan (11-asr). Burjiy taqvim oylari yulduz turkumlari nomi bilan atalgani uchun «burjiy» (ya’ni yulduz turkumlari — arabcha «burj» yoki hozirgi tasavvurda astronomik taqvim) deb nom olgan.

KALЕNDAR (lot. calendarium — qarz daftari), taqvim — yil, oy, hafta va kunlar hisoblashni yuritish tizimi. Quyosh, Oy, sayyoralarning ko‘rinma harakati, kun bilann tunning almashi-nuvi, Oy fazalari va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanib turishiga asoslanadi. Kalendarning paydo bo‘lishi odamning xo‘jalik faoliyatini yuritish ehtiyoji bilan bog‘liq. Odamlar Quyoshning chiqib botishini kuzatib — kun, Oy o‘rog‘ining avval kattalashib, so‘ng kichrayishiga qarab — oy, yil fasllarining davomida Quyoshning ufqdan qanchalik ko‘tarilishini kuzatib yil tushunchalariga kelishgan. Asta-sekin vaqtni yana ham aniqroq hisoblash ehtiyoji bilan soat, minut birliklari,  hafta tushunchasi kiritilgan. Vaqt hisobini to‘g‘ri yuritish uchun dastlabki rasadxonalar qurilgan, quyosh soati o‘ylab topilgan.

O‘zbek tilida birinchi bosma kalendar Shohimardon Ibrohimov tomonidan tuzilib, 1871 yil Toshkentda Turkiston harbiy okrugi bosmaxonasida chiqarilgan, uning 1872 yil 2-nashri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida saqlanadi.

 

“O‘zME” ma’lumotlari asosida

 Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi

16 mart 2017 yil

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   9454   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).