عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : " مَنْ رَدَّ عَنْ عِرْضِ أَخِيهِ ؛ رَدَّ اللَّهُ عَنْ وَجْهِهِ النَّارَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ "
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kimki birodarini obro‘sini (to‘kilishidan, yani g‘iybat qilinishidan) saqlasa, Alloh taolo uni yuzini (butun badanini) qiyomat kunining olovidan saqlaydi” dedilar. Termiziy, Ahmad va Bayhaqiylar rivoyat qilishgan.
G‘iybat deganda ko‘pchilik xar xil narsani tushunadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarga: “Sizlar g‘iybat nimaligini bilasizlarmi?” dedilar. Shunda ular: Alloh va uning Rasuli biluvchiroq dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) sahobalarga: “Agar birodaringiz siz u haqida gapirgan so‘zingizni eshitsa, sizdan xafa bo‘ladigan bo‘lsa, batahqiq siz uni g‘iybat qilibsiz” dedilar. Shunda sahobalar: Yo Rasulalloh, agar biz aytayotgan sifat unda bor bo‘lsachi? dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Shunda g‘iybat bo‘ladi. Agar siz aytayotgan sifat unda bo‘lmasa, siz unga bo‘xton qilgan bo‘lasiz” dedilar. Imom Muslim, Ahmad va Termiziylar rivoyat qiliishgan.
Shuning uchun ham biror kishi bilan gaplashayotgan vaqtimizda oramizda bo‘lmagan yani suhbatda ishtirok etmayotgan inson haqida agar gapirishga zarurat tug‘ilsa, u haqida yaxshi so‘z aytishimiz lozim ekan. Biror kishi u haqida yomon so‘z aytsa, obro‘sini to‘kmoqchi bo‘lsa, tezda uni to‘xtatib, birodarimizni himoya qilmog‘imiz kerak ekan. Ana shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek zimmamizdagi burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Mana shu qilgan ishimiz uchun Alloh taoloning qiyomat kunida yuzimizni yani butun badanimizni do‘zaxdan saqlashidek ulug‘ mukofotga sazovor bo‘lar ekanmiz. Agar uni obro‘sini himoya qilishga, g‘iybat qilayotganni to‘xtatishga kuchimiz yetmasa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam talim berganlaridek, u munkar ishni qo‘limiz va tilimiz bilan to‘xtatishga qodir bo‘lmadikmi, qalbimiz bilan inkor etib, u suhbatni tark etmog‘imiz lozim bo‘ladi. Ana shunda o‘zimizni Alloh taolo qaytargan munkar ishga aloqador bo‘lib qolishdan saqlagan bo‘lamiz. Ular esa U zotga o‘zlari javob beradilar.
Alloh taolo Quroni Karimda marhamat qiladi:
“Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir”, degan (Hujurot, 12).
Hujurot surasidagi bu oyatda ham Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalarini g‘iybat qilmaslikka amr etmoqda:
“Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar”.
G‘iybatning harom, gunohi kabiralardan ekanligini hamma ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Bu ish naqadar qabih va naqadar yomon ekanligi oyati karimaning o‘zida ham ajoyib uslub ila bayon qilinmoqda:
“Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘radimi?”
Qur’oni Karim birovni g‘iybat qilishni o‘sha shaxs o‘lganidan keyin go‘shtini yeyish bilan barobar qilmoqda. Ma’lumki, insonning go‘shtini yeyish nafaqat islom dinida balki islomdan boshqa dinlarda ham mumkin emas, o‘lgandan keyin yeyishni esa, aslo xayolga ham keltirib, tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun yuqoridagi «yaxshi ko‘rasizmi?” degan savolga hech kim, ha, deb javob bermaydi.
Shu boisdan oyatning o‘zi, “Ha, yomon ko‘rasizlar!” deb ta’kidlamoqda.
Alloh taolo o‘likning go‘shtini tanovul qilishni tasavvur qilolmadingizmi? Ko‘nglingiz ko‘tarolmadimi? Birovni g‘iybat qilish siz uchun ana shundoq bo‘lsin, deb aytmoqda.
Oyatning davomida Alloh taolo yuqorida zikr qilingan gunohni qilganlarni Alloxdan qo‘rqishga da’vat qilib, “Allohdan qo‘rqinglar”, demoqda.
Shu bilan birga, avval bilmasdan kimnidir g‘iybat qilib gunoh ish qilgan bo‘lsangiz, tezda tavba qilib gunohingizni yuvishingiz mumkin deb, Alloh taolo o‘zining fazli-marhamatidan noumid bo‘lmaslikka chaqirmoqda.
“Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir”.
Ya’ni, qilgan ishingizga qattiq afsus qilib, chin dildan nadomat chekib, ikkinchi bor bu ishni qilmaslikka ahd qilib va ahdingizga vafo qiling. Hamda o‘zingiz g‘iybat qilgan kishini qayerda, qaysi majlisda g‘iybat qilgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda, o‘sha majlisda g‘iybat qilingan kishi haqida yaxshi gaplarni gapiring. Ana shunda Alloh taolo tavbangizni qabul qilib, sizga rahm qiladi.
G‘iybatning sabablari
G‘iybatning sabablari juda ko‘p, ulardan ba’zisini esga olamiz:
Bir odam boshqasining achchig‘ini chiqargan bo‘lsa, achchig‘i chiqqan uni g‘iybat qilish ila undan o‘ch olishga harakat qiladi.
Tanish-bilish yoki ulfatlar birovning g‘iybatini qilayotgan bo‘lsa, yoqish va yaxshi ko‘rinish niyatida ularga qo‘shiladi. Buni o‘zicha odamgarchilik deb o‘ylaydi. Aslida gunohga sherik bo‘lgan bo‘ladi.
Misol uchun, «Falonchi johil, fahmi yo‘q», deb, o‘zini ilmli va o‘tkir fahmli qilib ko‘rsatishga urinadi.
Odamlar bir kishini maqtayotganlari uchun hasad qiladi va uni g‘iybat qilib, obro‘sini to‘kish payidan bo‘ladi.
Odamlarni kuldirish va davrani qizitish maqsadida boshqalarning kamchiligi va aybini aytib, g‘iybat qilinadi. Ba’zilar bu ishni o‘ziga kasb qilib olgan ham bo‘ladi.
G‘iybatning davosi
Avvalo g‘iybatchi qiladigan g‘iybati tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishini bilib qo‘yishi kerak.
Shuningdek, uning savoblari g‘iybat qilingan odamga olib berilishini, agar savobi bo‘lmasa, narigi odamning gunohlari unga olib berilishini ham bilib qo‘ysin.
G‘iybat payti bo‘lib qolsa, o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining ayblari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoli bilsa, o‘shanga shukr qilish ila mashg‘ul bo‘lsin. O‘zini o‘zi eng yomon ayb – g‘iybatchilik ila ifloslamasin. O‘zini birov g‘iybat qilishini istamaganidek, o‘zi ham o‘zgalarni g‘iybat qilishni istamasin.
G‘iybatga bois bo‘lgan sababga nazar solsin va o‘sha sababni yo‘q qilishga harakat qilsin. Dardning davosi uni keltirib chiqargan sababni yo‘q qilish ila bo‘ladi.
(علوم الدين إحياء 3-jild 146-sahifa).
Mo‘min-musulmonlar o‘zlari g‘iybatdan chetlanibgina qolmasdan, boshqa g‘iybat qilayotganlarning og‘ziga urib, g‘iybatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishlari zarurdir. Yuqoridagi hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Musulmon musulmonning birodaridur. Har bir musulmon zimmasida musulmonlarning qoni, moli va obro‘sini himoya qilish burchi bordir” deganlaridek har birimiz o‘z burchimizni ado etmoqlikka harakat qilmog‘imiz lozimdir. Alloh taolo bizlarni o‘zi qaytargan munkar ishlarni qilishdan saqlab, bajarishimizni amr etgan amallarni qilishimizga o‘zi yordam bersin.
Ibn Hajar Asqaloniyning “Qirq hadis” asari asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
(5 qismdan iborat)
(faqat ASOSIYLARI) ni ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
(1-qism)
KALOMULLOH – QUR’ONI KARIMDA
MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ
MARHAMAT QILADI:
►«Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» (A’rof surasi 7/204 oyat);
►«Yurganingda o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi 31/19 oyat);
►«Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!» (Oli Imron surasi 3/159 oyat);
►«Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa» (Toho surasi 20/42-44 oyatlar);
►«Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz» (Niso surasi 4/114);
►«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular behuda so‘z va ishlardan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun surasi 23/1-3 oyatlar);
►«Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat);
►«Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling...» (Baqara surasi 2/83 oyat);
►«Zotan, o‘ng va chap tomonda o‘tirgan ikki yozib turuvchi farishta qabul qilib yozib tururlar. U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof surasi 50/17-18 oyatlar);
►«Holbuki, sizlarning ustingizda barcha so‘zingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai a’molga yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi 82/10-12 oyatlar);
►«Kimki tavba qilib ezgu ishlarni qilsa, bas, albatta, u Alloh rizosi va mag‘firatiga qaytgan bo‘lur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va behuda so‘z yo ish oldidan o‘tgan vaqtlarida olijanoblik bilan undan yuz o‘girgan holda o‘tarlar» (Furqon surasi 25/71-72 oyatlar);
►«Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz! Shunda Alloh ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi» (Ahzob surasi 33/70-71 oyatlar).
JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ
RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM
MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
>«Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
>«Jim turgan najot topibdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga — jannat yonidagi bir uyga kafilman!
> Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga — jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!
> Chiroyli xulqli kishiga — jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor ko‘rmagan odamdir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
> «Kim sukut qilsa, najot topdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Kimning gap-so‘zi ko‘p bo‘lsa, ko‘p gapirsa, ko‘p xato qiladi. Ko‘p xato qilgan odamning gunohi ortadi. Gunohi ko‘p odamga do‘zax munosibroqdir»;
> «Bandaning musulmonligi go‘zal bo‘lishining belgilaridan biri — uni o‘ziga aloqasi yo‘q narsalardan sukut qilishi» (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari);
> «Odam bolasining har bir so‘zi unga qarshi hisoblanadi, faqat yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;
> «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
> «Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:
> Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
> Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;
> Ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan»;
> «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;
> «O‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarni tark etishi – kishining yaxshi musulmon ekanligidan dalolatdir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular: sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
> «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;
> «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
> «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, betobligingizdan oldin salomatligingizni, faqirligingizdan oldin boyligingizni, bandligingizdan oldin bo‘sh vaqtingizni, o‘limingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);
> «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;
> «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;
> «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;
> «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
> «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;
> «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;
> «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” – deydi»;
> «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;
> «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);
> «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;
> «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;
> «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;h
> «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;
> «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;
> «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;
> «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;
> «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;
> «Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir»;
> «Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam — Xudoga ham shukr qila olmaydi»;
> «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
> «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»;
> «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;
> «Gunohli gapni eshitgan kishi ham uni aytganning sherigidir»;
> «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);
> «Kim o‘zining haq ekanini bilib turib, tortishuvni to‘xtatmasa, imonda haqqoniylik darajasiga yetmagan bo‘ladi»;
> «Janjalni avval tugatgan kishiga jannatdan bir saroy beriladi»;
> «Kim haqsiz bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning chetidan bir saroy beriladi.
> Kim haq bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning o‘rtasidan bir saroy beriladi»;
> «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
SAHOBAI KIROMLARDAN NAQL:
♦ «Biz Rasulullohning oldilarida hisob-kitobidan qo‘rqqanimiz uchun ko‘p sukut qilardik».
♦ Soib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Bas, odamlar meni maqtay boshladilar va go‘zal axloqlar bilan zikr qila boshladilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
— “Rost aytdingiz! Otam, onam sizga fido bo‘lsin! Siz sherigim edingiz. Qanday ham yaxshi sherik edingiz.
Xilof ham qilmas edingiz. Talashib-tortishmas ham edingiz” dedim» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).
: ushbu hadisi sharifning roviysi Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhu avvallari Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sheriklari bo‘lgan edilar. Ikki sherik bir-birlarini juda ham yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ular bir-birlarini vasf qilishda boshqalardan ko‘ra afzal edilar.
Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhuning Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga qilgan vasflarida U Zotning talashib-tortishish odatlari yo‘qligi aytilmoqda.
ULUG‘LARDAN HIKMATLAR:
⇒ «Sukut – hikmat, lekin unga amal qilganlar juda oz».
⇒ «Kishi faqat kerakli gapni aytsin. Keraklisi kam, keraksizi ko‘pdir».
⇒ «Insonni yiqitadigan narsalarning eng ko‘pisi — tilidir».
⇒ «Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!».
«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,
Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano»
(Hoja Ahmad Yassaviy).
⇒ «Har kim gapiradi, lekin kam odam sukutning qiymatini tushunadi».
⇒ «Jannatda faqat pok so‘z. Shuning uchun dunyoda ham pok so‘z — yoxud sukut afzal».
⇒ «Kishi sukut orqali o‘z yuragini, aqlini, vaqtini va obro‘yini saqlab qoladi».
⇒ «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay»
⇒ «Ko‘p so‘z — ko‘p xato. Sukut — qutqaruv».
⇒ «Aqlli kishi avval o‘ylaydi, keyin gapiradi».
⇒ «Bilimning ko‘pchiligi – so‘zda emas, sukutdadir».
⇒ «Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,
Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.
Qulog‘imga bergan panding olayin,
Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma»
⇒ «Sukut orqali inson gunohdan, xusumatdan, fitnadan saqlanadi».
⇒ «Tilni himoya qiladigan eng kuchli devor — sukut».
⇒ «Odamning yaxshiligi uning tilida namoyon bo‘ladi».
⇒ «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, og‘ritma zinhor!
Takabbur qilmag‘il, ey, bema’oniy,
Faloniy o‘g‘lidurman deb faloniy!»
(So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).
⇒ «Tilga ega bo‘lgan inson — axloqiga ega bo‘lgan inson».
⇒ «Sukut – taqvo alomatlaridan».
⇒ «Sukut — ibodat sifatida ham bo‘lishi mumkin».
⇒ «Burung‘i holig‘a qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otag‘a, qolma talabdin!
Qiyomatda so‘ralmasdir nasabdin»
So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).
⇒ «Mo‘minning sifati — foydasiz gapdan saqlanish va sukut bilan nafsini himoya qilish».
⇒ «Agar so‘z yaxshilikka olib bormasa, sukut afzal».
⇒ «Gapni faqat yaxshi va haq so‘z bilan aytish darkor. Nojoiz, qattiq, fitnaga olib keladigan so‘zdan sukut qilish – Alloh amriga muvofiq».
⇒ «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hech qachon tikmagil ko‘zni
Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor»
(Abdulla Oripov).
⇒ «Sidq va xulqning belgisi — nazorat qilingan til».
⇒ «So‘zda tejamkorlik — kamso‘zlik va sukutga yaqin bo‘lgan odob».
⇒ «Agar so‘z rost va haq bo‘lmasa, sukut afzal».
⇒ «Qo‘pol so‘z — ilon gazagidek zararli».
⇒ «Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,
Boshini silasang o‘ksik insonni»
(Abdulla Oripov).
⇒ «Bekorchi va behuda so‘zlarni gapirish ham nafs kasalligidir».
⇒ «Sukut qiladigan odam kam gunoh qiladi, chunki har so‘z qayd qilinadi».
⇒ «Behuda so‘z ham “behuda ishlar”dan. Mo‘min bundaydan o‘zini olib qochadi».
⇒ «Qo‘pol so‘zdan sukut qilgan inson o‘zini ham, boshqani ham azobdan saqlaydi».
⇒ «Kamgap bo‘ling! Og‘zi yopiq baliqni hech kim qarmoqqa tushira olmaydi. Siz ham og‘zingizni yoping. Chunki qanchadan-qancha insonlar sizning xatolaringizni ovlash payida yurgan bo‘ladi. Siz xuddi mayin yomg‘ir kabi bo‘lingki, yomg‘ir qayerga yog‘sa, o‘sha yerga manfaat yetkazadi».
(Davomi bor...)
Ibrohimjon domla Inomov