عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بنِ مَسعودٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " عَلَيْكُمْ بِالصِّدْقِ فَإِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى الْبِرِّ وَإِنَّ الْبِرَّ يَهْدِي إِلَى الْجَنَّةِ وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَصْدُقُ وَيَتَحَرَّى الصِّدْقَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ صِدِّيقًا وَإِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ فَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَكْذِبُ وَيَتَحَرَّى الْكَذِبَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ كَذَّابًا "
Abdulloh ibn Masu’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “O‘zingizga rosrgo‘ylikni lozim tuting. Albatta rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Albatta yaxshilik jannatga olib boradi. Kishi rostgo‘ylikda va to‘g‘ri so‘zlashga harakat qilishda bardavom bo‘ladi. Hatto Allohning huzurida siddiq deb yozib qo‘yiladi…”. )Buxoriy va Muslim rivoyati).
Xalqimiz azal-azaldan turli xil milliy va umuminsoniy fazilatlari bilan dunyo hamjamiyati orasida alohida ajralib turuvchi xalq hisoblanadi. Bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, hushmuomalalik, kattalarga hurmat – bularning barchasi xalqimizning oliy fazilatlaridandir. Shu jumladan rostgo‘ylik ham. Muqaddas dinimiz ham insonlarni rostgo‘y bo‘lishga chaqiruvchi va rostgo‘ylikni targ‘ib qiluvchi din hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hali nubuvvat kelmasidan oldin ham xalq ichida “al-Amiyn” ya’ni “ishonchli” deya nom chiqarganliklari esa bu gapimizga yorqin dalil bo‘la oladi. Rostgo‘ylik borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan.
Yuqoridagi hadisi sharifda Nabiiy sollallohu alayhi vasallam barchani rost gapirishga va rostgo‘y bo‘lishga chaqirganlar. Shu bilan birga rostgo‘ylarning Alloh taolo huzuridagi maqomini bayon qilib berganlar. Rostgo‘ylikda bardavom bo‘lgan inson rostgo‘yligi uchun jannatga kiritilishini va unga Alloh taolo huzurida “Siddiq” deb nom berilishini eshitgan har bir musulmon, shubhasiz rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hamma rostgo‘ylikka intilsa, insonlar orasidagi tushunmovchiliklarga ham barham beriladi. Natijada, jamiyat hayoti ham ijobiy tomonga o‘zgaradi. To‘g‘riso‘zlikning Alloh huzuridagi maqomining boisi ham ayni mana shuning uchun bo‘lsa ajab emas.
Ulamolarimiz: “Rostgo‘ylik bu – qalbingdagi haqiqatni tilingda zohir qilishingdir”, - deyishgan.
Demak, zohiran qilgan ishlarimizning barchasi qalbimizda bo‘lmoqligi kerak. Hech bir harakatimizni rostgo‘ylikdan yiroq holda, xo‘jako‘rsinga qilmasligimiz lozim bo‘ladi.
Rostgo‘ylik – Alloh taologa ixlos bilan ibodat qilishda, insonlar bilan muomala qilishda, va’dada, oldi-sotdi masalalarida, nikoh va boshqa masalalarda kishining zohiri xuddi qalbi kabi bo‘lmoqligidir. Kishi insonlar bilan muomalada bir xil bo‘lishi, va’dasiga vafo qilishi, oldi-berdi masalalarida va boshqalarida tili va harakatlarini qalbi ila mutanosib qilishi lozim bo‘ladi.
Hadisi sharifning davomida:
“…O‘zingizni yolg‘onchilikdan saqlang. Chunki yolg‘on buzuqlikka yetaklaydi. Buzuqlik olovga olib boradi. Kishi yolg‘on so‘zlashda va yolg‘on so‘zlashga harakat qilishda bardavom bo‘ladi. Hatto Allohning huzurida kazzob deb yozib qo‘yiladi”,- dedilar. )Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu haqida Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Rostgo‘ylar bilan birga bo‘linglar”. (Tavba,119)
Ulamolarimiz: “Yolg‘on bu – qalbi tasdiq qilmagan narsani aytishdir. Omonatga xiyonat hamda boshqalar tomonidan aytilgan rost so‘zni bila turib tasdiqlamaslik ham yolg‘ondir” ,-deganlar.
Yolg‘on gapirish dinimiz harom qilgan amallardandir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarni qay darajada rostgo‘ylikka targ‘ib qilsalar, yolg‘onchilikdan shu darajada qaytarganlar.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda:
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki labi va ikki oyog‘i orasidagiga kafolat berolsa, men u uchun jannatni kafolat beraman”, dedilar. (Buxoriy rivoyati).
Bu hadisi sharifdan ham malum bo‘lmoqdaki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim menga ikki labi orasidagiga kafolat berolsa, men u uchun jannatni kafolat beraman”, demoqdalar. Agar jannatga kirishimiz uchun tilimiz ahamiyatli bo‘lmaganida edi, U zot uni zikr qilmagan bo‘lar edilar. U zot zikr qildilarmi! Demak uning ahamiyati bor. Shuning uchun ham mo‘min-musulmon tiliga juda ham etiborli bo‘lmog‘i lozim va lobuddir.
Bir kishi gapida bitta yolg‘on ishlatsa, o‘sha gapi rostligini isbotlash uchun yana bir yolg‘on ishlatadi. Natijada bir yolg‘on ketidan o‘nlab yolg‘onlar kelib chiqadi. Yolg‘on gapiruvchi esa har doim siri fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqib yashaydi. Agar bir kishi yolg‘onchi bo‘lsa, jamiyatda chigalliklar sodir bo‘la boshlaydi. Mabodo o‘nlab kishilar yolg‘onchi bo‘lsa-chi?
U holda jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Hech kim bir-biriga ishonmay qo‘yadi.
Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan narsalardan biri ham aynan yolg‘on axborotdir. Internetda o‘nlab yoki yuzlab emas, balki minglab, millionlab kiberqalloblar va ekstremistik oqimlar aynan yolg‘on ishlatib, insonlarni aldashadi. Har xil qiyofalarga kirib olib, o‘sha qiyofa orqali ishini qilaveradi. Ayni davrda bu kiberqalloblar muqaddas Islom dinimizning pok nomini bulg‘amoqdalar. Go‘yoki Islomga da’vat qilmoqdalar-u, aslida o‘zlarining biror ishi Islomga to‘g‘ri kelmaydi. Ular faqat dinimizning pok nomidan foydalanadilar, xolos. Ana shunday g‘alamis kimsalarning qilgan buzg‘unchiliklari sababli muqaddas dinimiz nomiga har xil noma’qul gaplar aytilmoqda. Ta’na toshlari yog‘dirilmoqda.
O‘ylab qaralsa, bularning barchasi yolg‘on ortidan kelib chiqmoqda. Hadisi sharifda yolg‘onning qattiq qoralanishining sababi mana shu joyda ham oydinlashadi.
Demak, biz dinimiz sofligini saqlashni va jamiyatimiz gullab yashnashini istasak, yolg‘onga yo‘l bermasligimiz kerak bo‘larkan. Hamma to‘g‘riso‘zlikka intilgan jamiyat esa o‘sish va rivojlanishda davom etaveradi.
Ibn Hajar Asqaloniyning “Qirq hadis” asari asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan