Diyorimizdan tafsir ilmiga boy ma’naviy meroslari bilan ulkan hissa qo‘shgan mashhur mufassirlar yetishib chiqqan.
Ana shunday buyuk allomalardan biri, kalom ilmining imomi, musulmonlar e’tiqodining islohchisi deb e’tirof etilgan zot imom Moturidiydir.
Allomaning islom ilmiga qo‘shgan hissasining naqadar ulug‘ligini O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch” asarida bunday ta’riflagan edi: “Imom Moturidiy bobomizning o‘rta asrlardagi g‘oyat xatarli va tahlikali bir vaziyatda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, avlodlarga ibrat bo‘ladigan ma’naviy jasorat namunasini ko‘rsatib, islom olamida «Musulmonlarning e’tiqodini tuzatuvchi» degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani bu nodir shaxsning ulkan aql-zakovati va matonatidan dalolat beradi”.
Movarounnahrda mukammal tafsir asar tasnif etgan ilk mufassirlardan biri Abu Mansur ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiy (238-333h.y.) hisoblanadi. Uning “Ta’vilotu ahl as-sunna” degan tafsir asari “Ahli sunna val jamoa” yo‘nalishining eng mo‘tabar va asosiy manbasi sanaladi.
Imom Moturidiy ko‘plab asarlar yaratgan bo‘lib, ayniqsa, uning “at-Tavhid” va “Ta’vilotu ahl as-sunna” asarlari musulmon olamida juda katta shuhrat qozongan. U kalom, fiqh, usulul fiqh, maqolot kabi sohalarda ham ulkan asarlar yozib qoldirgan.
Imom Moturidiy hanafiy mazhabi vakili bo‘lib, adashgan firqalarga shu mazhab ta’limotlaridan kelib chiqqan holda raddiyalar berish usuli bilan tafsir asarlarini yaratgan. Xususan,“Ta’vilotu ahl as-sunna” tafsiri sunnat ahillarining yo‘nalishini adashgan firqa va oqimlardan himoya qilish maqsadida yozilgan.
Ushbu asar muqaddimasida alloma tafsir va ta’vil tushunchalarining farqi va ta’riflarini keltirib o‘tgan hamda o‘z aqidaviy yo‘nalishidan kelib chiqib, tafsirda kalom ilmi uslublaridan mahorat bilan foydalangan. Imom Moturidiy ushbu tafsirida mo‘taziliylar imomlariga, xususan, Abul Qosim Ka’biy va Abu Muhammad Bohiliylarga raddiyalar yozgan. Shuningdek, karromiylar, botiniylar, xorijiylar, rofiziylar va qaromitiylar kabi zalolatga yuz tutgan firqalarga ham raddiyalar bergan.
Imom Moturidiyning ushbu shoh asari asrlar davomida ahli sunna e’tiqodining sofligiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
“Ta’vilotu ahl as-sunna”ning yozilish uslubi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Muxtasar qilib aytaganda, Imom al-huda, Imom al-mutakallimin va Musahhihu aqidatil-muslimin kabi yuksak e’tiroflar bilan ta’riflangan Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilotu ahl as-sunna” asari yurtimizda yozilgan ilk tafsirlardan hisoblanadi.
Allomaning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini puxta o‘rganib, hayotga tadbiq etishimiz bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida insonlarni zalolat va qabohatga da’vat etayotgan hamda xalqlar o‘rtasida notinchliklarni yuzaga keltirayotgan diniy ekstremistik oqim va yo‘nalishlar ilgari surayotgan buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’rifat bilan kurash olib borishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Abror ALIMOV,
Toshkent shahar “Qatortol” masjidi imom-xatibi
Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent shahrida ham saxovat tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilyapti.
Ramazonning oltinchi kuni (6 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Shayxontohur tumanidagi ehtiyojmand 3 ta xonadonga kirib, ulardan hol-ahvol so‘radi