Bandalarini O‘zining muqaddas, mo‘jiz Kalomini o‘qishni o‘rganish baxtiga musharraf etgan Alloh taologa behad hamdu sanolar bo‘lsin.
O‘z ummatlariga: «Sizlarning eng yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir» deya, ularni ushbu Kalomi Rabboniyning ta’limiga targ‘ib qilgan va bunda o‘zi eng go‘zal namuna bo‘lgan Nabiyimiz Muhammad mustafoga Allohnig salotu salomlari bo‘lsin.
Tilovatdagi tartil borasida Alloh taolo:
"ورتل القرآن ترتيلا"
"Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil",degan. (Muzzammil surasi 4-oyat.).
Qur’onni tartil bilan o‘qish deb, uni dona-dona qilib, har bir harfini o‘z o‘rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida va oyatning ma’nolarini tadabbur qilishga imkon bo‘ladigan holatda o‘qishga aytiladi.
Qur’onni tartil bilan o‘qishga bo‘lgan farmoni ilohiy barcha mo‘min-musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga farishta Jabroil alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar. O‘z navbatida Payg‘ambar alayhissalom ummatlariga tartil bilan o‘qib berganlar.
سُئِلَ أَنَسُ بْنُ مَالِكٍ ، كَيْفَ كَانَتْ قِرَاءَةُ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ؟ قَالَ : كَانَتْ مَدًّا ، ثُمَّ قَرَأَ (بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ) يَمُدُّ بِبِسْمِ اللهِ وَيَمُدُّ الرَّحْمَنَ وَيَمُدُّ الرَّحِيمَ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishidan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qandoq bo‘lgan, deb so‘ralganda, cho‘zib o‘qish bo‘lgan, dedi va Bismillahir rohmanir rohiym, deb «bismillah»ni cho‘zib, «ar-Rohman»ni cho‘zib, «ar-Rohiym»ni cho‘zib qiroat qildi». (Sunan sug‘ro lil imam Ahmad Byhaqiy 994-hadis.).
Sharh: Albatta, Alloh taolo Qur’oni Karimni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali nozil qilgan. U zot Qur’oni Karimni qandoq qabul qilib olgan bo‘lsalar, xuddi shundoq qilib sahobalarga o‘rgatganlar. Sahobai kiromlar esa xuddi ushbu rivoyatda Anas roziyallohu anhu o‘rgatayotganlaridek tobe’inlarga o‘rgatganlar. Ana shu tarzda Qur’oni Karim va uning qiroati avloddan avlodga omonat ila o‘tib kelmoqda.
Demak, Qur’oni Karim tilovati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tilovatlariga o‘xshashi kerak. Buning uchun esa, ustozdan har bir harfni, har bir so‘zni, har bir oyatni o‘rganish lozim bo‘ladi.
Ustozlar ushbu rivoyatda vasf qilinayotgandek, Anas ibn Molik roziyallohu anhuga o‘xshab aniq qilib o‘rgatmoqlari kerak.
عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ الله يُقَطِّعُ قِرَاءَتَهُ يَقُولُ الْحَمْدُ للهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ ثُمَّ يَقِفُ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ ثُمَّ يَقِفُ وَكَانَ يَقْرَؤُهَا مَلِكِ يَوْمِ الدِّينِ.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroatlarini uzib-uzib qilar edilar. «Alhamdu lillahi robbil alamiyn» deb, so‘ngra to‘xtar edilar. «Ar-Rohmanir rohiym» deb, so‘ngra to‘xtar edilar. Keyin «Maliki yavmidiyn» deb, qiroat qilar edilar». (Termiziy Shamoil Muhammadiyya 307-hadis.).
Sharh: Ummu Salama onamiz roziyallohu anho Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan to‘liq yodlagan hamda boshqalarga ustozlik qilgan zotlardan edilar. U kishi bu rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlaridagi bir xususiyatni, har bir oyatning oxirida to‘xtashlarini bayon qilmoqdalar.
Bu haqdagi barcha dalillarni o‘rganib chiqqan ulamolar, har bir oyatda to‘xtab qiroat qilish mandubdir, deganlar.
عن عبد الله بن عمروعن النبي صلى الله عليه و سلم قال يقال لصاحب القرآن أقرا وارتق ورتل كما كنت ترتل في الدنيا فإن منزلتك عند آخر آية تقرأ بها
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi», dedilar». (Sunan Termiziy 3914-hadis.).
Imom Shofeiy: tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdur deganlar.
Yodda saqlang!
Tajvid ilmi quyidagiardan iborat:
1- Cho‘zish harflarini tabiiy miqdoridan ortiqcha cho‘zish
2- G‘unnalarni cho‘zish
3- Sakta (nafas olmay bir oz to‘xtab so‘ngra davom ettirish)
4- Tang‘im (ovozni go‘zal qilish)
Tabiiy savol tug‘i’ladi tajvid kitoblaridagi bulardan boshqa qoidalarchi? Ular nima?
Javab: Ular sof arab tilining asl qoidalaridur. Sof arab tilida u qoidalarga amal qilingan va hozirda ham amal qilinadi. Yuqoridagi 4 qoida Allohning kalomiga xos bo‘lgan qoidalardur.
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:
«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.
«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.
Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.
Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.
عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».
Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatlarda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.
U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.
«Suv», dedilar u zot.
Bas, u quduq qazidi va:
«Bu Ummu Sa’dga», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:
«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.
O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.
Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.
A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.
Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.
Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.
Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.
Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.
Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.
Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:
Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.
Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.
Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.
Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.
Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.
Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.
Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.
Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.
Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.
Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.
Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.
Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.
Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.
Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi