Ko‘pchilik dushanba kunini og‘ir kun sifatida e’tirof etadi. Haqiqatdan ham shundaymi? Yo‘q. Holbuki, ushbu kunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlari bilan bog‘liq bo‘lgan buyuk voqealar bor. Jumladan, Sayyidimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) dushanba kuni tavallud topganlar. Sarvari koinotga vahiy tushishi, ya’ni nubuvvatning bog‘lanishi ham dushanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutishga ehtimom berardilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Qatoda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dushanba kuni ro‘zasi haqida so‘ralganlarida: «Bu men tug‘ilgan kun, men payg‘ambar qilib yuborilgan va menga Qur’on nozil qilingan kun», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Amallar har dushanba, payshanba kunlari (Allohga) ko‘rsatiladi. Mening amalim ro‘zador bo‘lgan holimda ko‘rsatilishini istayman» (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Rasulimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning Makkadan Madinaga xijratlari ham ayni shu kunda bo‘lgan. Bu kabi yaxshi voqealar dushanba kunida sodir bo‘lsayu, biz bu ulug‘ kunni “og‘ir kun” deyishimiz xatodir. Darhaqiqat, shunday ekan, bu kunni ham hurmatlash va xayrli amallarni aynan dushanba kunidan boshlash maqsadga muvofiqdir.
H. XOLBOYEV,
Bekobod tumani
“Ulug‘bek”jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Juma kuni o‘n ikki soatdir. Undan qaysi soatda musulmon Allohdan biror narsa so‘rasa, Alloh taolo unga o‘sha narsani berur. Uni asrdan keyingi oxirgi soatda izlanglar", dedilar.
Solihlardan biri aytadi: "Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim".
Fazl ibn Fazola rahimahulloh juma kuni asr namozini o‘qigach to quyosh botgunicha duo qilishdan to‘xtamas edi.