Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Yanvar, 2025   |   29 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:16
Quyosh
07:37
Peshin
12:41
Asr
15:54
Shom
17:39
Xufton
18:55
Bismillah
29 Yanvar, 2025, 29 Rajab, 1446

Osmonlaru yerdagi narsalar qanday tasbeh aytadilar?

7.11.2016   14337   5 min.
Osmonlaru yerdagi narsalar qanday tasbeh aytadilar?

Tasbeh lug‘atda “ulug‘lash” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa “Alloh taoloni barcha nuqsonlardan xoli deb e’tirof etish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

Tasbeh aytish faqatgina insonlarga xos emasligi, balki insonlar yaratilmagan vaqtda ham atrof olamdagi barcha narsalar Allohga tasbeh aytib turganlari Qur’oni karimda shunday bayon qilingan: 

   سَبَّحَ للَّهِ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ

“Osmonlardagi va yerdagi narsalar Allohga tasbeh aytdi”[1].

Ulamolar: “Ushbu oyatda “Allohga tasbeh aytdi”, deya o‘tgan zamon shaklida xabar berilishi insonlardan oldin yaratilgan osmonlar yerlar va ulardagi barcha narsalar tasbeh aytib turishganiga dalolat qiladi”, – deganlar.

Boshqa bir oyatda esa osmonlardagi va yerdagi narsalarning Allohga tasbeh aytishlari o‘tgan zamonga xos emasligi, balki doimo to‘xtovsiz bardavom bo‘lib turishi shunday bayon qilingan:

تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالْأَرْضُ وَمَنْ فِيهِنَّ وَإِنْ مِنْ شَيْءٍ إِلَّا يُسَبِّحُ بِحَمْدِهِ وَلَكِنْ لَا تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ

“Unga yetti osmonu yer va undagi kimsalar tasbeh aytadilar. Uning hamdi bilan tasbeh aytmagan biror narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehlarini anglamaysizlar”[2].

Ushbu oyatda “tasbeh aytadilar”, – deya hozirgi va kelasi zamon shaklida xabar berilishi osmonlaru yerdagi farishtalar, insonlar, hayvonlar, nabototlar barcha-barchasi Alloh taologa doimo to‘xtovsiz tasbeh aytib turishlariga dalolat qiladi.

Mazkur narsalar ichidan nabotot va hayvonot kabi aqlsiz mavjudotlarning tasbeh aytishlari qanday bo‘lishini ulamolar ikki xil tafsir qilganlar:

  1. So‘z bilan tasbeh aytadilar. Ya’ni, barcha maxluqotlar o‘zlarining tillarida Alloh taologa tasbeh aytib turadilar. Ularning tasbehlaridan xos bandalar xabardor bo‘lishlari mumkin. Bu qarash aksar ulamolarning qavli hisoblanadi;
  2. Ularning holatlari tasbeh hisoblanadi. Ya’ni, aqlsiz mavjudotlarning aqllar hayratda qoladigan tarkibiy tuzilishlariyu tashqi ko‘rinishlari ularni shunday yaratgan Zotning barcha nuqsonlardan xoli ekaniga dalolat qilib turadi. Ularning ana shu dalolatlari tasbeh hisoblanadi.

Aqlsiz mavjudotlar ham so‘z bilan tasbeh aytadilar degan ulamolar ularning tasbeh aytishlarini ikki xil ma’noda tushuntirganlar:

  1. Alloh taolo osmonlaru yerdagi jonli-jonsiz barcha narsalarda tasbeh bo‘lib zikr qilinadigan narsani yaratgan. Ammo biz ham, ularning o‘zlari ham tasbeh aytayotganlarini anglamaydilar.

Qatoda rahmatullohi alayh: “Daraxtmi yoki undan boshqasimi barcha ruhi bor narsalar tasbeh aytib turadi”, – degan.

Kalbiy rahmatullohi alayh: “Daraxtlar va unib chiqqan barcha narsalar tasbeh aytadilar. Ulardan kesib tashlangani esa tasbeh aytmaydigan o‘likka aylanadi”, – degan.

Imom Hasan rahmatullohi alayhdan: “Mana bu xontaxta ham tasbeh aytadimi?”,  – deb so‘rashganida: “Daraxtida turgan paytida tasbeh aytgan, hozir esa aytmaydi”,  – deb javob bergan.

  Ba’zi ulamolar: “Har bir narsa asl holida turganda tasbeh aytadi, asl holatidan o‘zgartirilsa tasbeh aytishdan to‘xtaydi. Masalan, daraxt shoxlari daraxtda o‘sib turganda tasbeh aytadi, kesib olinib biror buyum yasalgach tasbeh aytishdan to‘xtaydi”, – deyishgan”.

  Ba’zi ulamolar: “Daraxt novdasi sindirib olinganda ham to qurib qolgunicha tasbeh aytib turadi”, – deyishgan. Bu so‘zlariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning daraxt novdasini bo‘lib ikki qabrga qadab qo‘yganlarini dalil qilishgan.

Demak ushbu qarashlarni aytgan ulamolarning nazdlarida barcha narsalar o‘zlarining tillarida so‘z bilan tasbeh aytib turadilar.

 

  1. Osmonlaru yerdagi jonli-jonsiz barcha narsalardan chiqadigan ovozlar ularni biladiganlar uchun haqiqatan tasbehdir. Ularning bu tasbehlarini faqat payg‘ambargina biladilar.

Aqlsiz mavjudotlarning holatlari tasbeh hisoblanadi degan ulamolar o‘zlarining qarashlarini quyidagicha tushuntirganlar:

 “Osmonlaru yerdagi jonli-jonsiz barcha narsalar Alloh taologa tasbeh aytadilar. Ya’ni mo‘min insonlar “subhanallohi va bihmdihi” deydilar. Ammo aqlsiz hayvonlar va jonsiz narsalar so‘z bilan tasbeh aytmaydilar. Balki ularning borliklari va aqllar hayratda qoladigan darajadagi xususiyatlari Buyuk Yaratuvchining yagonaligiga va mislsiz ulug‘ligiga guvohlik beradi. Ana   shu dalolat ularning tasbehlari hisoblandi. Zero hikmatli so‘zda: لِسَانُ الْحَال أَفْسَحُ مِنْ لِسَانِ الْقَال “Hol tili (holat dalolati) qol tilidan (til bilan aytishdan) ko‘proq ma’no anglatadi”, – deyilgan.

 Mazkur mavjudotlarning tasbeh aytishlari ikki xil tafsir qilingani sababli oyat davomida kelgan Lekin ularning tasbehlarini anglamaysizlar” degan so‘zning ma’nosi ham tabiy ravishda ikki xil tafsir qilingan:

  1. Ularning tillarini tushunmaganlaringiz sababli aytayotgan tasbehlarini anglamaysizlar, yoki ularning aytayotgan tasbehlarini idrok qilish sizlarga og‘ir bo‘lgani sababli anglamaysizlar;
  2. “Yaxshilikka dalolat qiluvchi uni ado etuvchi kabi bo‘ladi”, deyilgani singari ularga aql yuritib nazar soluvchilarning hayratdan tasbeh aytib yuborishlariga sabab bo‘lganlaring o‘zi ularning tasbehlaridir. Shuning uchun sizlar ularning tasbehlarini emas, ularni ko‘rib tasbeh aytayotganlarning so‘zlarini anglaysizlar.

Barcha maxluqotlarni O‘ziga tasbeh ayttirib qo‘ygan Zotga hamdu sanolar, U zotning elchisi bo‘lgan sayyidul basharga salavot va salomlar bo‘lsin.

Abdulqodir Abdur Rahim

 

 

[1] Hadid surasi, 1-oyat.

[2] Isro surasi, 44-oyat.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Xalq dardiga malham bo‘lish va imomlar faoliyatini yaxshilashga oid tadbir davom etmoqda

28.01.2025   4818   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati