Shunday ulamolar borki, ularning nomlari aytilishi bilanoq, aytgan hikmatli so‘zi yoki so‘zi aytilishi bilanoq nomlari jaranglaydigandek tuyuladi. Shu ma’noda So‘fi Ollohyor deganda avomu xos barcha zavq bilan:
“Aqida bilmagan shaytona eldir
Agar ming yil amal deb qilsa yeldir”
Degan baytlarini yodga olishlari deyarli odatiy holga aylangan. Ha, So‘fi Ollohyor bobomiz dinimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilib, qimmatli asarlari bilan moturidiya ta’limotining Movarounnahr va undan boshqa o‘lkalarga keng tarqalishiga xizmat qilgan zotlardan biridir.
So‘fi Ollohyor bobomizning hayoti va faoliyati haqida tadqiqot olib borgan olimlar u zotning tug‘ilgan yili haqida aniq bir to‘xtamga kelishmagan. Turli tadqiqotchilarning qarashlariga ko‘ra, bu zot 1630-1650 yillar oralig‘ida Samarqanddagi Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida tug‘ilgan. So‘fi Ollohyor bobomiz dastlab o‘z qishlog‘ida savod chiqaradi so‘ngra Buxorodagi madrasalarda ilm tahsilini davom ettiradi.
So‘fi Ollohyor bobomiz ko‘plab ilmlar bo‘yicha yetuk olim hamda fors tilida ham, turkiy tilda ham mahorat bilan ijod etgan adiblardan hisoblanadi. Asarlarida bayon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra bu zot Shayx Habibulloh, So‘fi Navro‘z Buxoriy va Xo‘ja Mo‘min singari ustozlardan ta’lim olgan. So‘fi Ollohyor bobomizning ilm darajasi juda yuqori bo‘lgani yozgan asarlaridan ham bilinib turadi.
So‘fi Ollohyor bobomizning turli mavzularga oid mashhur asarlari quyidagilardir:
Yozildi forsiy til birla maktub,
Aqiydatu furu’ qurbi mahbub.
Ya’ni mahbub zotga suyukli bo‘lish majmuasi bo‘lgan aqida va undan kelib chiquvchi amaliy hukmlar avvvalda fors tilida yozilgan edi.
Anikim ko‘rdilar turkiy yoronlar,
Dedilar: “Gar duo qilsa eranlar.
Bitilsa turki til birla aqiyda,
Ko‘ngullar bo‘lsa andin oramiyda”.
Ya’ni fors tilida yozilgan mazkur kitobni ko‘rgan turkiy do‘stlar: “Ulug‘larning duolarini olib harakat qilsangiz va aqiyda kitobini turkiy tilda yozib bersangiz. Turkiy xalqlar ham undan bahra olib ko‘ngillari taskin topsa”, – dedilar. Mazkur so‘rovlar qattiq iltimoslar bilan bo‘lgani shunday bayon qilingan:
Tamalluq qildilar chun bir necha yor
Qalam tortay Xudo bo‘lsun madadkor.
Ya’ni bir qancha do‘slarim qattiq turib iltimos qildilar va men ularning iltimoslarini qabul qilib Allohdan madad so‘rab qalam tortdim.
“Sabotul ojiziyn” asari o‘quvchilar tomonidan juda ham yaxshi qabul qilingan. Bu asarning hatto oddiy xalq tillarida yoddan o‘qib yurilishining o‘zi uning manzur bo‘lganiga va xalq ko‘nglidan joy olgan muhim asar ekaniga yaqqol dalildir. Bu asar o‘tgan uch yuz yildan ortiq vaqt mobaynida maktab madrasalarda darslik, qo‘llanma sifatida o‘qitib kelingan.
“Sabotul ojiziyn” asari Pokiston, Hindiston, Eron, Iroq, Afg‘oniston, Tatariston, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Xitoy, Vengriya va Rossiya davlatlarida nashr etilgan. Shunga ko‘ra ushbu asarni moturidiya mazhabining mazkur yurtlarga ham keng tarqalishiga xizmat qilgan, deyish mumkin.
So‘fi Ollohyor bobomizning vafot etgan yili ko‘pchilik tadqiqotchilarning qarashlariga ko‘ra 1721-yilga to‘g‘ri keladi. Qabri Surxondaryo viloyatining hozirgi Oltinsoy tumaniga qarashli Katta Vaxshivor qishlog‘idadir. So‘fi Ollohyor rahmatullohi alayhning ko‘plab avlodlari hozirda ushbu qishloqda yashaydilar.
Alloh taolo So‘fi Ollohyor bobomizni O‘z rahmatiga olib, yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin.
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abdulqodir Abdur Rahim