Bugun 31.08.2016 y. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyat vakilligida mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda shahar va tuman bosh imom-xatiblari, viloyatda uzoq yillardan buyon samarali xizmat qilib kelayotgan nuroniy imom-xatiblar taklif qilindilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohimjon Inomov yig‘ilganlarni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bilan qutlar ekan, istiqlol davrida erishilgan yutuqlar, jumladan din sohasida olib borilgan ezgu ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Istiqlol sharofati bilan ajdodlarimizga ko‘rsatilgan ehtirom, ularnigng merosini tiklash borasida amalga oshirilgan ishlar, masjidlarimizdagi obodonlik va qulayliklar, diniy ta’lim, haj va umra borasidagi ezgu ishlar barcha-barchani quvontirayotganini mamnuyat bilan tilga oldi.
Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi Muzaffarjon Kamolov, “Zangiota” ziyoratgohi yodgorlik majmuasi raisi Sobirjon Murodov, Zangiota tumani “Umir” jome masjidi imom-xatibi Nurali Mavlonov, Parkent tumani bosh imom-xatibi Mansur Mansurovlar istiqlol davri yutuqlarini, unda inson qadri, din erkinligi, milliy qadriyat va urf odatlarga ehtirom ko‘rsatilganini yaqin tarixiy davr misollari asosida tushuntirib, bugun barchaning dilida shukronalik va mamnuyat hissi to‘lib toshayotganining guvohi bo‘lib turganimizni ta’kidlab o‘tdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga binoan viloyatda ko‘p yillar davomida imom-xatib sifatida samarali faoliyat yuritgan Quyi Chirchiq tumani bosh imom-xatibi Nurullo Hojiyev, Zangiota tumani “Abdulloh ibn Abbos” jome masjidi imom-xatibi G‘ulomiddin Ergashev, Ohangaron tumani “Payg‘ambar ota” jome masjidi imom-xatibi Abduqodir Jakbarovlarga bayram munosabati bilan esdalik sovg‘alar topshirildi.
Yig‘ilganlarga bayram dasturxoni yozildi.
Yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, istiqlolimiz abadiy bo‘lishini tilab duolar qilindi.
Yurtimiz mustaqilligi uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz, shuningdek, sohada xizmat qilib o‘tgan imom-xatiblarimiz xotirlanib, ularning haqlariga Qur’on talovati savoblari baxshida qilindi.
M.Nasriyev
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati