Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insoniyat ichida Alloh taolodan eng ko‘p qo‘rqqan va Unga nisbatan eng taqvodor zot edilar. Zero ul hazrat Alloh taoloning Azamati va Qudratini barchadan ko‘ra yaxshiroq tanigan zot bo‘ganlar. Shuning uchun ham oldingiyu keyingi gunohlari kechirilishiga qaramay, goh Robb taolodan qo‘rqib gohida esa ummatlari uchun rahmat va shavqatdan yig‘laganlar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘zlaridan taqvo, mehr va tashnalik yoshlari oqishiga sabab bo‘lgan holatlarga siz ham guvoh bo‘ling.
Ummat uchun kuyinib yig‘laganlari
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Menga Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Menga qiro’at qilib ber!”, dedilar. Men esa: “Sizga nozil bo‘la turib, men o‘qib beraymi?”, dedim. U zot “Ha”, dedilar. Men Niso surasidan o‘qiy boshladim va “Har bir ummatdan bir guvoh keltirib, seni ularning hammasiga guvoh etib keltirgan chog‘imizda hol qandoq bo‘lur?!”, oyatiga yetganimda, “Endi kifoya qiladi!”, dedilar. U zotga qarasam, yig‘layotgan ekanlar!”
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning Ibrohim alayhissalom haqidagi “Ey Robbim, albatta u(sanam)lar odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir.” oyatini va Iso alayhissalom “Agar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring. Agar ularni mag‘firat qiladigan bo‘lsang, bas, albatta, Sening O‘zing g‘olib va Hikmatli Zotdirsan.”, degan so‘zi haqidagi oyatini tilovat qildilar va ikki qo‘llarini ko‘tardilab: “Yo Alloh! Ummatim, ummatim!”, dedilar va yig‘ladilar!” Shunda Alloh azza va jalla aytdi: “Ey Jabroil! Muhammadga bor, holbuki Robbing biluvchiroqdir, undan, seni nima yig‘latdi, deb so‘ra”, deb amr qildi. Bas, Jabroil alayhissalom u zotning oldigi kelib so‘radi va Alloh taologa u zotning aytgan gaplari xabarini berdi. Holbuki, U bilivchiroqdir. Alloh taolo esa: “Ey Jabroil! Muhammadga bor va unga, albatta seni ummating borasida rozi qilurmiz”- deb ayt, dedi”.
Abu Dovudning boshqa bir rivoyatida bu voqea kusuf namozida bo‘lgani va u zot sajdalarining oxirida “uff, uff” deb puflab, ketidan shunday duo qilganlari rivoyat qilinadi: “Ey Robbim! Men ular orasida ekanman, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?! Ey Robbim! Istig‘for aytib tursalar, ularni azoblamaslikka va’da bermabmiding?!”.
Ummatlarini sog‘inib yig‘laganlari
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda ul Mahbub alayhis salom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga iymon keltiradilar!”, dedilar.
Farzandlari Ibrohim alayhissalom uchun yig‘laganlari
Anas ibn Molik roziyallohu aytadilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Abu Sayfning oldiga bordik u Ibrohim alayhissalomning enagasi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni qo‘llariga oldilar va uni o‘pib, hidladilar. So‘ng biz uning oldiga kirdik. Ibrohim jon berayotgan edi. Rasululloh yig‘lay boshladilar. Shunda Abdurrahmon ibn Avf: “Yo Rasululloh, yig‘layapsizmi?!”, deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu rahmatdir ey ibn Avf”, dedilar va yana: “Albatta ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi lekin biz faqatgina Robbimiz rozi bo‘ladigan gaplarni aytamiz! Biz sening firoqingdan mahzunmiz, ey Ibrohim!”, dedilar.
Ayollari Xadicha roziyallohu anho uchun yig‘laganlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Insonlar menga kufr keltirganda, Xadicha menga iymon keltirdi. Isonlar meni yolg‘onchiga chiqarganda, u meni tasdiqladi. Insonlar meni mahrum qilganida, u meni moliga sherik qildi. Alloh taolo undan menga farzandlar berdi, boshqalaridan esa, yo‘q!” Imom Ahmad rivoyati.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Jabroil alayhissalom Nabiy alayhissalotu vassalomning oldiga kelib: “Yo Rasululloh! Bu Xadicha. Oldingizga kelayapti. Uning qo‘lida idish bor. Uning ichida zirovar yoki taom yoki suv yoki ichimlik bor. Agar u oldingizga kelsa, unga Robbisidan salom yo‘llang va yana tillodan bo‘lgan unda shovqin va mashaqqat bo‘lmagan Jannat bashoratini bering!”, dedilar.
Onamizning kasallari og‘irlashdi. Tun uzoq va ko‘zyosh bilan o‘tdi. Sahar vaqti yaqinlashganda u zotning ko‘zlari ochildi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga hamda qizlariga uzoq tikildilar. Bu tikilish bilan onamiz o‘z suyuklilaridan uzoq va ortga qaytmas rihlatlari uchun ozuqa oldilar. So‘ng, o‘zlari uchun va’da qilingan, abadiy ne’matlar bilan burkangan o‘rinlarini ko‘rib, rozilik bilan tabassum qilgan holda ko‘zlarini yumdilar. Shu tariqa, Alloh taoloning yo‘lida, Uning diyni rivoji uchun tinimsiz harakat qilgan bu tana taskin topdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlaridan yosh quyildi! Bu holatdan butun hovlini yig‘i ovozi tutdi! Tongda pok tobut uzra pokiza jasadni ko‘tarib borishardi. Ushbu pokiza jasadni qabr yoniga qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr ichiga tushib muborak qo‘llari bilan uni tekisladilar so‘ng pokiza tanani olib, unga so‘nggi bor mahzunlik va o‘kinch yoshlari quyilib turgan ko‘zlari bilan boqdilar va sekin qabrga qo‘ydilar!
Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning vafotiga yig‘laganlari
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Zayd qatl qilinganda Usoma ibn Zayd Nabiy alayhissalomdan uzilib qoldi. U keyinroq Nabiy alayhissalomning oldilariga keldi. Keldi-yu yig‘lab yubordi. Uni ko‘rib Nabiy alayhissalom ham yig‘ladilar va: “Ey Usoma! Bizdan uzilib qolib, keyin kelib bizni mahzun qilyapsan!”, dedilar. Ertasi kuni u Nabiy alayhissalomning oldiga yana keldi. Shunda U zot: “Men seni kechagidan ham boshqacharoq holda ko‘ryapman?!”, dedilar. Usoma u zotga yaqinroq kelib yana yig‘lab yubordi. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yig‘ladilar!”
Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuga yig‘laganlari
Usmon ibn Maz’un Rasululloh sollallohu alayhi vasalmaga emikdosh ini edirlar. U kishi johiliyat davrida ham o‘zlari uchun xamrni harom qilgandilar. Islomga o‘n to‘rtinchi bo‘lib kirdilar. Habashistonga qilingan hijratda musulmonlarga amirlik qilganlar. Badrda ishtirok etganlar.
Usmon Ibn Maz’un Badr jangidan keyin ko‘p yashamadilar. Sha’bon oyiga kelib u zotning dardlari og‘irlashdi.
Ummul mu’minin Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Usmon ibn Maz’un jonsiz yotganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni o‘pdilar va yig‘ladilar. U zotning muborak ko‘zyoshlari Usmonning yanoqlariga oqardi!”
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qizlaridan biri vafot etganda ul zot: “Yaxshi salafimiz – Usmon ibn Maz’unga borib qo‘shilgin!”, dedilar”.
U Madinada vafot etgan birinchi muhojirlardan va eng avval Baqi’ga dafn qilingan zot edi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi haqida: “Alloh seni Rahmatiga olsin, ey Usmon! Sen dunyodan hech nima olmading, dunyo ham sendan hech nima ololmadi!”, dedilar.
Sa’ad ibn Uboda roziyallohu anhu kasal bo‘lganda yig‘laganlari
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Sa’ad ibn Ubodaning kasali og‘irlashib qoldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rgani keldilar. U zot bilan Abdurrahmon ibn Avf, Sa’ad ibn Abu Vaqqos va Abdulloh ibn Mas’ud ham kelishdi. Rasululloh Sa’adning oldiga kirganlarida uni oila a’zolari qurshab olgan holda ko‘rdilar va hayajon bilan: “U vafot etdimi?!”, deb so‘radilar. Oilasi: “Yo‘q, yo Rasululloh!”, deyishdi. Shunda Ul zot alayhissalotu vassalom yig‘ladilar! Nabiy alayhissalomning yig‘laganlarini ko‘rib, qavm ham yig‘ladi. So‘ng, Ul xazrat qavmga qarata: “Eshitmaganmisiz, Alloh taolo ko‘z yoshi uchun yoki qalb mahzunligi uchun azoblamaydi! Lekin mana buning uchun Azoblaydi – deb tillariga ishora qildilar – yoki mahrum qiladi. Albatta mayyit ahlinig unga “aytib” yig‘lashidan azoblanadi!”, dedilar.
Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuni ko‘rib yig‘laganlari
Barro aytadilar: “Bizning oldimizga birinchi kelganlar Mus’ab ibn Umayr va ibn Ummu Maktum edi. Ular bizga Qur’on o‘qib berardilar”.
Mazkur sahobani Nabiy alayhissalom birinchi Aqaba bay’ati ishtirokchilari bilan birga Qur’on o‘qib, uni o‘rgatish uchun Madinaga jo‘natgandilar. U zot Makkada yashagan vaqtlarida boy badavlat bo‘lib yashaganlar. Madinaga hijratlaridan so‘ng faqirlikda kun kechirdilar.
Muhammad ibn Ka’ab sahobalarning biridan quyidagicha rivoyat qiladilar: “Masjidda o‘tirganimizda Mus’ab ibn Umayr kirib keldi. Uning egnida bir muncha yamog‘ solingan ko‘ylagi bor edi. Uning ilgari qanday boyliklar ichida yashagani-yu hozir esa qay holatga tushib qolganini ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘lab yubordilar!”
Hamza roziyallohu anhu uchun yig‘laganlari
Uhud g‘azotidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jang maydoniga tushdilar. Jangda shahid bo‘lgan musulmonlarni dafn qilish harakati boshlangandi. Shu orada ro‘paralaridan amakilari Hamza ibn Abdulmuttolibning jonsiz jasadi chiqib qoldi. Uning burni va ikki qulog‘i kesib olingan, jigari sug‘urib olingan hatto bir cheti tishlangan va yana tanasiga nayza sanchilgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qattiq yig‘ladilar. U zotning bu yig‘lashlaridan as'hoblar ham yig‘lashdi!
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza uchun yig‘laganlaridan ko‘ra qattiqrog‘ yig‘laganlarini hech ham ko‘rmaganmiz! Uni qibla tomonga qo‘ydilar so‘ng janoza o‘qidilar. Yig‘ilari kuchayib hatto hungragan ovozlari eshitildi. U kundagi shahidlarning ko‘rinishi juda dahshatli edi!”
(Uhud jangidan keyin mushriklarning ayollari ko‘plab shahidlarning quloq, burun va boshqa a’zolarini kesib olishgandi.)
Mo‘ta jangi kuni yig‘laganlari
Mo‘ta jangi musulmonlar uchun juda og‘ir jang edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamnink ko‘rsatmalari bilan uch ming kishilik qo‘shin Rumlik nasarolarning ikki yuz ming kishilik qo‘shiniga qarshi kurashishi kerak edi. Aslida, Rumliklarning o‘zlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taraflaridan ular uchun elchi qilib yuborilgan sahobiy Xoris ibn Umayrni qatl qilishdi va musulmonlarga qarshi jang uchun o‘z qo‘shilarini yig‘ishda davom etishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon lashkarlarga Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuni amir etib tayinladilar. Agar Zaydga biror gap bo‘lsa, musulmonlarga Ja’far ibn Abu Tolib, agar unga ham biror gap bo‘lsa, Abdulloh ibn Ravoha boshchilik qilishini aytdilar. Shu tariqa musulmonlar yo‘lga chiqdi. Rum askarlariga peshvoz chiqib, shiddatli jang boshlashdi. Bu orada Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinada qolgan kishilarga ushbu jangning holatidan xabar berib turdilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Zayd, Ja’far va ibn Ravohaning xabari kelishidan avval odamlarga ularning o‘lganligini bildirdilar. U zot: “Bayroqni Zayd oldi. U musibatga uchradi. So‘ngra bayroqni Ja’far oldi. U ham musibatga uchradi. Endi bayroqni ibn ravoha oldi. Bas, u ham musibatga uchradi”, der va ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilar edi!
“Nihoyat bayroqni Allohning qilichlaridan bir qilich oldi va ularga fathu nusrat keldi”, dedilar.
Alloh taolo Ul muhtaramga salovat va salomlarimizni yetkazsin!
Internet ma’lumotlari asosida
“Mulla Abdug‘affor hoji” jome masjidi imom xatibi
Ikrom Karimov tayyorladi
Islom so‘zi “salima” “yaslamu”, “salaaman” va “salaamatan” kabi so‘zlarning o‘zagidan olingan.
Islom so‘zining ma’nosi turli ma’nolarni anglatsada, biroq barcha ma’nolar bir ezgu maqsad – tinchlikka yo‘nalgandir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey, iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang” (Baqara surasi, 208-oyat).
Tilshunos olim Abu Amr Shayboniy ushbu oyatdagi “silm” so‘zini Islom deb sharhlaydi.
Ushbu oyati karimadagi “kaafatan ya’ni to‘lig‘icha, yoppasiga” so‘zi barcha insonlar tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildiradi. Allohning amr farmoniga itoat etgan holda hamisha ahil va inoqlikda yashashlari darkor.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon bandani ta’riflab: “Musulmon boshqa musulmonlarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmagan kishidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).
Bu hadisga ko‘ra, musulmon so‘zi “barchaga yaxshilik istovchi, dilozorlikdan yiroq” kabi ma’nolarni ifodalaydi.
Shuning uchun ham, musulmonlar o‘zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya’ni salomlashish bilan boshlaydilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarga salom bo‘lsin, Robbingiz O‘z zimmasiga rahmatni yozdi” (An’om surasi, 54-oyat).
Arab tilidagi salom so‘zining to‘rt xil ma’nosi bor.
Birinchisi, “salima” so‘zining masdari “salaam” bo‘lib, u turli “balo-ofatlardan omonda bo‘lish”ni anglatadi.
Ikkinchisi, “salaama” so‘zining ko‘plik shakli, u “tinchlik va omonlik” kabi ma’nolarni bildiradi.
Uchinchisi, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lgan “as-Salom”, ya’ni, “barcha nuqsonlardan salomat, tinchlik-xotirjamlik beruvchi” degan ma’noni anglatadi.
To‘rtinchisi, “salam” ya’ni, “sersoya va hamisha yashil bo‘lib turuvchi daraxt”dir.
Abu Is'hoq Zujajning fikriga ko‘ra, “salaam” so‘zi “sallama”dan olingan bo‘lib, “insonning og‘ir sinov, g‘am-alam va tashvishlardan omonda bo‘lishi”ni anglatadi[1].
Shuningdek, jannatning nomlaridan biri “Dorus-salom” (tinchlik diyori) deb nomlangan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ularga Robbilari huzurida dorus-salom (tinchlik uyi) bordir” (An’om surasi, 127-oyat); “Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi” (Yunus surasi, 25-oyat).
Jannatda faqat tinchlik, xotirjamlik, salomatlik, rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘lgani, unda o‘lim, kasallik, uyqu, g‘am-tashvish degan narsalar yo‘q.
Imom Asfahoniyning fikriga ko‘ra, “salaam” va “salaama” so‘zlari barcha musibat, g‘am, tashvishlardan chetda bo‘lish ma’nosini anglatadi. Alloh bunday marhamat qiladi: “Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” (Shuaro surasi, 89-oyat).
Toza qalb – turli zulm va yomonliklardan holi bo‘lgan qalbdir. Shuningdek, Qur’oni karimda tinchlik, xotirjamlik haqida yana boshqa ko‘plab oyatlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
“U (jannat)larga tinchlik, omonlik ila kiringlar (deyilur)” (Xijr surasi, 46-oyat);
“Bizdan (bo‘lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin!” (Hud surasi, 48-oyat);
“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida surasi, 16-oyat);
“ ... johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda «Salomatlik bo‘lsin!» deb javob qiladigan kishilardir” (Furqon surasi, 63-oyat).
“(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur)” (Yosin surasi, 58-oyat);
“(Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay” (Ra’d surasi, 24-oyat).
Bu oyatlar Islom – tinchlik, omonlik, xotirjamlik va sihat-salomatlik dini ekanining yaqqol isboti sanaladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, yashil daraxt ham Islom so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri hisoblanadi. Arab tili lug‘atiga oid ikki mashhur “Lisanul arab” va “Tahzibul lug‘at” asarlarida Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhining quyidagi so‘zlari keltiriladi:
“As-salaam abadiy yashil, ulkan bir daraxtdir”[2].
Bir qator lug‘atshunos olimlar “as-salaam” so‘zi “yashil daraxt” ma’nosini anglatishini qo‘llab quvvatlashgan. Chunki bu daraxt hatto kuzda sarg‘aymaydi, hech chirimaydi ham.
Buyuk lug‘at olimlaridan biri Abu Muhammad Abdulloh ibn Barriyning fikriga ko‘ra, bu daraxt “salm” deb nomlanadi va uning ko‘plik shakli “salaam” hisoblanadi. Uning bunday atalishiga sabab, daraxt hamisha yashil rangda va sersoya ekanligidir.
Shuningdek, narvon arab tilida “sullam” deb ataladi. Bu haqda Zujaj bunday yozadi: “Sullam” so‘zi “narvon” ma’nosini anglatadi, chunki u orqali sen ko‘tarilmoqchi bo‘lgan joyga sog‘-salomat yetib olasan[3].
Yuqoriga chiqish yoki ko‘tarilishning narvondan boshqa yo‘llari ko‘pincha shikastlanish yo jarohatlanish kabi baxtsiz holatlar bilan yakun topishi mumkin. Shu bois, narvon sababli turli xavf-xatarlardan salomat, xotirjam bo‘lingani uchun arab tilida narvon sullam deb nomlangan. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “yoki osmonga narvon qo‘yib” (An’om surasi, 35-oyat).
“Lisanul-arab” asari muallifi Ibn Manzur esa “sullam” so‘zini quyidagicha sharhlaydi: “Sullam bu – katta chelak degani”[4].
Paqir – quduqdan suv olish vositasi bo‘lib, qadimda odamlar uning yordamida quduqlardan suv olishardi. Lekin nega aynan chelak “sullam” deb ataladi? Chunki odamlar uning yordamida suv tortib chanqog‘ini qondirishgan, uylariga olib ketib, tahorat uchun ishlatishgan.
Suv – barcha maxluqot, jonzot, nabotot va o‘simlik uchun salqinlik, sokinlik, tiriklik va hayot manbai. Shuning uchun unga erishish vosita bo‘lgan chelak “sullam” deyiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Islom – tinchlik, omonlik va xotirjamlik dini. Tinchlik – Islom dinining shiori, bosh g‘oyasi. Uning ta’limoti bashariyatni tinchlikka chaqirish, yer yuzida osoyishta hayot o‘rnatish, insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqirishdan iboratdir. Zo‘ravonlik, janjal, qotillik va buzg‘unchiliklarning har qanday ko‘rinishini qoralaydi hamda ulardan qaytaradi.
“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad al-Azhariy. Tahzib al-lug‘at. – Maydon al-jaysh: Dor al-qavmiyya al-arabiyya, 1964. J. 4. – B. 292.
[2] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.
[3] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.
[4] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 201.