Musulmon kishi har kungi kundalik ishidan yoki biror safardan qaytar ekan uyga kirish odoblariga rioya qiladigan bo‘lsa o‘zi bilgan va bilmagan ko‘plab yaxshiliklarga erishadi. Shuning uchun boshqa odoblar singari uyga kirish odoblarini ham yaxshi o‘rganib ularni o‘zining odatiga aylantirib olishga urinish lozim. Uyga kirish kirish odoblari deganda asosan quyidagi odoblar tushuniladi:
Birinchi odob: darvozani taqillatish yo qo‘ng‘iroq chalishda qo‘pollik qilmaslik
Musulmon kishi uyiga kirishda darvozasini ohista taqillatishi, yoki eshik qo‘ng‘irog‘ini qisqa chalishi lozim. Eshikni qattiq taqillatish, yo eshik qo‘ng‘irog‘ini ketma-ket chalish uy ahliga nisbatan beodoblik hisoblanadi. Bunday beodoblik uy ahllarining qalblariga hadik va qo‘rquv olib kelib o‘rtadagi mehr-muhabbat rishtalari darz ketishiga sabab bo‘ladi. Imom Ahmad ibn Hanbal rohmatullohi alayhning darvozalarini birov qo‘pollik bilan taqillatib turganida u zot eshikni ochib: “bu mirshablarning taqillatishi-ku”, deb tanbeh bergan ekanlar.
Ikkinchi odob: Uy ahliga kelganini bildirib qo‘yish
Uyiga qaytgan kishi uyidagilar uning kelganini sezishmay qolsa tomoq qiribmi, yo qattiqroq qadam bosibmi kelganini ularga bildirib qo‘yishi kerak. Ushbu odobga rioya qilish turli tushunmovchiliklarning oldini oladi. Imom Ahmad rohmatullohi alayh: “uyiga kirgan kishi tomog‘ini qirishi yoki oyoq kiyimlarini taqillatishi mustahab bo‘ladi”, degan.
Uchinchi odob: O‘ng oyoq bilan kirish
Uyga kirayotgan kishi o‘ng oyog‘i bilan kirishi mustahab sanaladi.
To‘rtinchi odob: Uyga kirish paytida Alloh taoloni zikr qilish
Uyiga kirayotgan kishi Alloh taoloni zikr qilsa qanday yaxshiliklarga erishishini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ أَنَّهُ سَمِعَ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ « إِذَا دَخَلَ الرَّجُلُ بَيْتَهُ فَذَكَرَ اللَّهَ عِنْدَ دُخُولِهِ وَعِنْدَ طَعَامِهِ قَالَ الشَّيْطَانُ لاَ مَبِيتَ لَكُمْ وَلاَ عَشَاءَ. وَإِذَا دَخَلَ فَلَمْ يَذْكُرِ اللَّهَ عِنْدَ دُخُولِهِ قَالَ الشَّيْطَانُ أَدْرَكْتُمُ الْمَبِيتَ. وَإِذَا لَمْ يَذْكُرِ اللَّهَ عِنْدَ طَعَامِهِ قَالَ أَدْرَكْتُمُ الْمَبِيتَ وَالْعَشَاءَ ». رَوَاهُ مُسْلِم
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shunday deyotganlarini eshitgan ekan: agar bir kishi uyiga kirsa va kirayotgan vaqtida va taomlanayotgan vaqtida Allohni zikr qilsa, shayton (o‘zining sheriklariga): sizlarga tunaydigan joy ham yo‘q, kechki ovqat ham yo‘q, deydi. Agar bir kishi uyiga kirsa va kirayotgan vaqtida Allohni zikr qilmasa, shayton (o‘zining sheriklariga): sizlarga tunaydigan joy topildi, deydi. Agar taomlanayotgan vaqtida Allohni zikr qilmasa, u: sizlarga tunaydigan joy ham, kechki ovqat ham topildi, deydi. Muslim rivoyati.
Shuning uchun uyga kirishda ham, ovqatlanish oldidan ham Allohni zikr qilish musulmon kishining muhim odobi bo‘ladi.
Ushbu hadisda zikr qilgangan shaytonning sheriklariga “sizlarga kechki ovqat yo‘q” deydi, degan gap haqida ulamolarning ikki xil mashhur qarashlari bor:
1. Ahli hadislar va faqihlar: shaytonlar haqiqatan insonlarning ovqatlariga sherik bo‘ladilar. Ya’ni, ular o‘sha ovqatning hididanmi yo namligidanmi ozuqalanishlari mumkin.
2. Ba’zi ulamolar: bu isti’ora va majoz yo‘liga ko‘ra aytilgan. Ya’ni, “bismillah”siz ovqatlanadigan kimsaning ozuqasida baraka bo‘lmaydi, ma’nosida aytilgan. Chunki uning bu ishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga muxolif, shaytonning ishiga muvofiq bo‘lib qolgan bo‘ladi.
Boshqa bir hadisda esa uyiga kirayotgan kishi qanday duo o‘qishi kerakligi shunday xabar berilgan:
عَنْ أَبِي مَالِكٍ الْأَشَعَرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ إِذَا وَلَجَ الرَّجُلُ بَيْتَهُ فَلْيَقُلْ اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَ الْمَوْلِجِ وَخَيْرَ الْمَخْرَجِ بِسْمِ اللهِ وَلَجْنَا وَبِسْمِ اللهِ خَرَجْنَا وَعَلَى اللهِ رَبِّنَا تَوَكَّلْنَا ثُمَّ لِيُسَلِّمْ عَلَى أَهْلِهِ رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ
Abu Molik Ash’ariydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: agar bir kishi uyiga kirsa: “ey Allohim, men Sendan kiriladigan joyning yaxshisini va chiqiladigan joyning yaxshisini so‘rayman, Allohning nomi bilan kirdik va Allohning nomi bilan chiqdik hamda Robbimiz Allohga tavakkul qildik”, desin. So‘ngra ahliga salom bersin. Abu Davud rivoyati.
Ushbu duo uyga kunduzi kirishda ham, kechasi kirishda ham o‘qiladigan umumiy duo hisoblanadi.
Beshinchi odob: Uy ahliga salom berib kirish
Yuqoridagi hadisdan ham ma’lum bo‘ldiki uyiga kiruvchining ahliga salom berib kirishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini bajarish hisoblanadi. Boshqa sunnatlarda bo‘lganidek bu sunnatga amal qilganlar ham tinchlik-xotirjamlik, o‘zaro mehr-muhabbat singari ko‘plab yaxshiliklarga erishadi.
Oltinchi odob: Misvok ishlatish
Uyga kirgandan so‘ng dastlab misvok ishlatishi yo tish cho‘tkalaridan foydalanish ham uyga kirishning odoblaridan sanaladi. Zero bu ish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarish hisoblanadi. Bu haqida Oisha roziyallohu anho onamiz shunday xabar berganlar:
عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا دَخَلَ بَيْتَهُ بَدَأَ بِالسِّوَاكِ. رَوَاهُ مُسْلِمُ
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon uyga kirsalar dastlab misvok ishlatardilar. Muslim rivoyati.
Ushbu odobga rioya qilgan kishi ayoliga ham ehtirom ko‘rsatgan va u uchun ziynatlangan ham bo‘ladi.
Yettinchi odob: Ikki rakaat namoz o‘qish
Uydan chiqishda ikki rakaat namoz o‘qib chiqish mandub bo‘lganidek, uyga qaytib kirgandan so‘ng yana ikki rakaat namoz o‘qib olish ham mandub amal hisoblanadi. Ya’ni, qilmaslik ham joizu ammo qilish afzal amal hisoblanadi. Bu haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيرَةَ عَنِ النَّبِي صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا دَخَلْتَ إِلَى مَنْزِلِكَ فَصَلِّ رَكْعَتَيْنِ يَمْنَعَانِكَ مِنْ مَدْخَلِ السُّوءِ رَواهُ البَزَّارُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: agar manzilingga kirsang ikki rakaat namoz o‘qigin ular seni ichkaridagi yomonlikdan to‘sadi. Bazzor rivoyati.
Ulamolar ushbu hadisdagi namoz o‘qishga amr فَصَلِّ shaklida فَ harfi bilan bo‘lgan, shuning uchun uyga kirish bilan boshqa ishga mashg‘ul bo‘lmasdan dastlab ikki rakaat namoz o‘qib olishga urinish sunnat bo‘ladi, deganlar.
Dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq hayot kechirib ularning samaralaridan dunyoyu oxiratda bahramand bo‘lishga Alloh taolo hammamizni muvaffaq qilsin.
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abdulqodir Abdur Rahim
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Musulmon kishi nima uchun yaratildiyu, nima qilishi lozimligini yaxshi biladi. Bu borada u ko‘ngliga kelganini emas, balki Robbisining kalomi bilan yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xitob qiladi: "Men jin va insni faqat o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim" (Zoriyot, 56).
“U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud, 62).
Musulmon inson Allohga ibodat qilish, insonlarga yaxshilik qilishlik uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Unga omonat qilib berilgan yagona fursati bo‘lmish dunyo hayotida, ham dunyosini, ham oxiratini obod qiladi.
“Ey iymon keltirganlar! Ruku’ qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj-77)
Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib namoz o‘qib, Robbisiga ibodat qilib, o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.
Biz yashab turgan dunyo imtihon dunyosidir. O‘zidan keyin yaxshi nom qoldirishni istagan har qanday kishi bu dunyoni ezgu amallar, go‘zal xulqlar bilan o‘tkazishi lozim. Barcha insonlarga birdek yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish, mehr-oqibatli bo‘lish katta insoniy fazilat hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni mag‘firat va xayrli ishlarga shoshilishga buyurib, bunday marhamat qiladi:
وَسَارِعُوا إِلَىٰ مَغْفِرَةٍ مِّن رَّبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَاوَاتُ وَالْأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ
“Robbingizdan (keluvchi) mag‘firat va kengligi osmonlar-u yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari shoshilingiz!” (Oli Imron, 133-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, eng yaxshi insonlar o‘zgalarga manfaat va yaxshiligi yetuvchi insonlar ekani zikr etilgan:
خَيْرُ النَّاسِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ
“Insonlarning yaxshisi boshqa insonlarga manfaati ko‘prog‘idir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda quyidagicha keltiriladi: “Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan: “Islomdagi eng yaxshi (amal) qaysi?” deb so‘radi. U zot: “Taom bermog‘ing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom bermog‘ing”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bu dunyo hayotida kishi o‘z yaqinlariga, xattoki tanigan va tanimagan kishilariga imkon qadar yaxshilik qilishi, zaiflarga yordam berishi hamda muxtojlarga ko‘maklashishi lozim hisoblanadi. Bu orqali inson nafaqat bu dunyoda aziz, balki, oxiratda ham sharafga ega bo‘ladi.
Alloh taolo o‘z kalomida yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik bo‘lishini bayon qilib bunday deydi:
هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ
“Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” (Ar-Rahmon, 60-oyat).
Ruhiy hayotning eng afzal tomonlaridan biri yaxshilik yo‘lidagi o‘zaro yordamdir. Bu narsa ijtimoiy hayotni yuqori darajaga ko‘tarish, jamiyat a’zolarining farovonligini oshirish va ularning qayg‘u-alamlarini yengillatishdan iboratdir. Hozirgi zamon madaniyatida o‘zaro yordam degan tushunchaga katta ahamiyat beriladi. Shuning uchun ham barcha joylarda o‘zaro yordam va hamkorlik tashkilotlari tuzilgan. Mana shuning o‘zi ham har bir shaxs va har bir jamiyatning baxtiyor bo‘lishi uchun o‘zaro yordam zarurligini ko‘rsatadi.
Qur’on o‘zaro yordamga katta ahamiyat bergan. Buni quyidagi oyatdan fahmlab olsak ham bo‘ladi:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
“Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).
Qur’oni Karim yaxshilik va taqvodorlik yo‘lida hamkorlik qilishga buyurmoqda. "Yaxshilik" deganda bu dunyodagi barcha yaxshiliklarni: rostgo‘ylik, omonat, toat-ibodat, saxiylik, shijoat va hokazolarni tushunamiz.
"Yaxshilik" so‘zi dunyodagi barcha fazilatli narsalarni o‘z ichiga oladi. Taqvo esa Allohdan qo‘rqish va Unga itoat qilib ish olib borishni anglatadi.
Yaxshilik va taqvodorlik yo‘lidagi hamkorlik esa bu dunyodami yoki oxiratdami, saodatga erishtiruvchi yaxshi narsalar yo‘lidagi hamkorlikdir.
Qur’oni karimda yaxshi va ezgu amallarni qilish ibodatdan keyingi o‘rinda keltirildi. Demak, yaxshi ishlarda bardavom bo‘lish ibodat qilish bilan teng amal hisoblanadi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ
“Sizlarning yaxshilaringiz – ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Inson yaxshilikni eng avval o‘z yaqinlaridan boshlashi lozim. Bu ham insonda yaxshilik fazilati mavjud ekanini ko‘rsatadi.
Biz so‘zlashayotgan mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham e’tiborga molikdir:
خَيْرُكُمْ مَنْ يُرْجَى خَيْرُهُ وَيُؤمَنُ شَرُّهُ
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – yaxshiligidan umid qilinuvchi va yomonligidan omonda bo‘linuvchingizdir” – deb marhamat qildilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Ushbu hadisda barchamiz uchun buyuk bir ko‘rsatma bor. Musulmon kishi uni bilgan insonlar undan yaxshilik ko‘ruvchi hamda undan xavf va qurquv kutmasligi lozim. Buning uchun albatta, unda insonlarga nisbatan xayrixohlik va odamgarchilik topilishi kerak. Shunda u odamlar ichida yaxshisi bo‘ladi.
Inson o‘z umrining bog‘ini o‘zi yaratadi. Bu bog‘dagi musaffo osmon, porlab nur sochayotgan quyosh, yoqimli bulbullar xonishi, qushlar parvozi, mexribon ota-onalarimizning borligi, farzandarlarimizning beg‘ubor kulgusi, oilamizning ahilligi, o‘zaro mehr-muhabbat iqlimi, dastarxonlarimiz to‘kinligi, tinchlik-xotirjamlikdagi farovon va osuda hayot barchamizga huzur-halovat bag‘ishlaydi alhamdulillah. Azizlar, umrimizni mana shunday ajib bog‘da ezgulik, xayr-u saxovat, yaxshilik amallariga to‘ldirib yashaylik! Barchamizni Alloh o‘z panohida saqlasin! Omonat dunyoda omon bo‘laylik!
Alloh taolo barchalarimizni odamlar havas qiladigan, yaxshiligi umid qilinadigan va yomonligidan omonlikda bo‘linadigan kishilardan aylasin!
Muhammad Quddus Abdulmannon,
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.