Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi bilan mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi mega-loyihasi amalga oshirilmoqda. Markaz tomonidan xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida bir qator xorijiy mamlakatlar ilmiy markazlari, muzey va kutubxonalari va sohaga oid idoralari bilan aloqalar o‘rnatilmoqda.
Ana shunday muloqotlar doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Xaj va Umra vazirligining Jidda shahridagi qarorgohida mas’ullar bilan uchrashdi. Delegatsiyani Xaj va Umra vazirligining Xalqaro aloqalar departamenti rahbari hamda vazirning Jidda shahridagi vakili Hasan ibn Yahyo kutib oldi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va Xaj va Umra vazirining Jidda shahridagi vakili Hasan ibn Yahyo o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda, bugungi kunda diniy islohotlar natijasida ilmiy tadqiqot, diniy muassasalar tashkil etilgani va bundan maqsad esa, diyorimizdagi ulug‘ ajdodlarimizning madaniy merosini tiklash, asos solingan ilmiy ta’lim muassasalarini qayta rivojlantirish, faoliyatini o‘rganish, shu bilan birgalikda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingani aytildi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Saudiya Arabistonidagi boy ilmiy, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muzeylar, tarixiy obidalar va islom sivilizatsiyasini o‘zida mujassam etgan maskanlarni o‘rganish ko‘zda tutilgani ham e’tirof etildi.
Uchrashuvda Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonning do‘stona munosabatlari, diplomatik aloqalari yuksak darajada ekanligi tilga olindi. Xususan, roppa-rosa bir yil avval, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga yordam bergani ham ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan yili sentyabr oyida Xaj va Umra vaziri O‘zbekistonda bo‘lib, ko‘plab yangi bitimlar tuzilishiga erishilganini eslab o‘tdi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu markaz muzeyini yangi mazmun bilan boyitish bo‘yicha bir qator topshiriqlar bergan. Shu asosida, ilmiy jamoatchilik fikrlari ham o‘rganilyapti, qator qarorlar qabul qilinyapti. Xalqaro tajribani o‘rganish bo‘yicha Prezident tomonidan berilgan topshiriqlar asosida, mana bugun Saudiya Arabistonidamiz. Bir necha kun davomida delegatsiyamizga yaqindan yordam bergani uchun Saudiya Arabistoni hukumati, Vazir janoblari va barcha mas’ullarga o‘zimizning samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Muzeylar faoliyatini o‘rganish, tajribalar bilan o‘rtoqlashish foydadan holi bo‘lmadi, - dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori ushbu vazirlik mas’ullarini Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tadigan xalqaro kongressga taklif qildi. O‘z navbatida, Xaj va Umra vazirligining Xalqaro aloqalar departamenti rahbari Hasan ibn Yahyo bu taklifni samimiyat bilan kutib olgani va albatta, ishtirok etishga rozi ekanini bildirdi.
Hasan ibn Yahyo O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam ekani va o‘zi ham O‘zbekistonda bo‘lgan vaqti O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani, uning ochilishini intiqlik bilan kutayotgani, diniy-ma’rifiy sohada markaz muzeyi ekspozitsiyasini yangi mazmun bilan boyitishda har qanday ko‘makka, fikr almashishga tayyor ekanini bildirdi. Ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga, muzey uchun Saudiya Arabistoni Podshohligi muqaddas Ka’ba yopinchig‘i (kisva) bo‘lagini tuhfa qilish istagini alohida ta’kidladi. U davlatlarimiz o‘rtasidagi uch bosqichli hamkorlikka alohida to‘xtalib o‘tdi.
— Avvalambor, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi diplomatik aloqalar mavjud. Qolaversa, ikkinchi bosqichda – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Xaj va Umra vazirligi o‘rtasida ilmiy aloqalar, do‘stona munosabatlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mana endi esa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari boshchiligidagi delegatsiyani Saudiya Arabistoniga tashrifi esa, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan muloqotlarning amaliy natijasi desa bo‘ladi. Ta’kidlash joiz, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini qurilishi tahsinga sazovor. Negaki, aynan islom madaniyati, sivilizatsiyasi bilan bog‘liq masalalarni bir markazda jam qilish oqilona siyosat, - dedi Hasan ibn Yahyo.
Uchrashuv asnosida, kelgusidagi hamkorlikning muhim jihatlari o‘zaro kelishib olindi. Har ikki tomon ham hamkorlikka ochiq ekanini bildirdi. O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan nashr etilgan kitob-albomi tuhfa etildi. Samimiy ruhda kechgan uchrashuv hamkorlikni yanada yangi bosqichlarga olib chiqishi e’tirof etildi.
cisc.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mamlakatimiz aholisining 64 foizini yoshlar tashkil etadi. Farzandlarimizning ilmli, axloqli bo‘lib kamolga yetishlariga uyda ota-onalar, o‘quv yurtlarida esa muallim va ustozlar astoydil jon kuydirishlari kerak. O‘g‘il-qizlarimizni ilm-ma’rifatga oshno qilishdan hech kim chetda turmasligi lozim. Jadidchi allomalarimizdan birlari: “Farzand tarbiyasiga loqayd qaragan millat inqirozga mahkumdir”, deb bejizga aytmagan.
Islomda bolalar tarbiyasi ota-onaning eng mas’uliyatli va uzoq davom etadigan burchlaridir. Boshqa burchlar ba’zi ishlarni qilish yoki mulkni sarflash bilan oxiriga yetadi. Ammo tarbiya mas’uliyati bardavom bo‘ladi. Zotan, ota‑onaning farzand ne’matiga haqiqiy shukrlari ham aynan tarbiya mas’uliyatini sharaf bilan ado etish orqali yuzaga chiqadi. Amaliy shukr – berilgan ne’matni ne’mat beruvchi zotni rozi qiladigan tarzda tasarruf qilish bilan bo‘ladi. Binobarin, farzand ne’matiga amaliy shukr qilish o‘sha farzandni Alloh taologa itoat qiladigan banda qilib tarbiyalash bilan yuzaga chiqadi. Farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni qanchalar katta ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan bilib olamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Har bir tug‘ilgan bola faqat fitrat (sof tabiat) ila tug‘iladi. Bas, ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yoki majusiy qiladi. Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?» dedilar.
So‘ngra Abu Hurayra roziyallohu anhu «Agar xohlasangiz: «(Bu) Alloh odamlarni yaratgan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Ushbu to‘g‘ri dindir», degan oyatni o‘qing», der edi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
Ushbu muborak hadisi sharifda Alloh taolo insonlarni yaratish paytida sof tabiat bilan yaratsa ham, keyinchalik insonlar, xususan, ota-ona tarbiyasi sababli bu soflikka futur yetishi, uning buzilishi haqida so‘z ketmoqda.
“Fitrat” sof tabiat, dinni to‘g‘ri qabul qilishga bo‘lgan qobiliyat deganidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam dunyoda tug‘iladigan har bir bola sof tabiat bilan, Alloh taoloning dinini qabul qilish qobiliyati bilan tug‘ilishi haqida xabar bermoqdalar.
Demak, Alloh taolo hech kimni avvaldan sen yahudiy bo‘lasan, sen nasroniy bo‘lasan, sen majusiy bo‘lasan, deb majbur qilmaydi. Odamlarning turli dinga mansub bo‘lishiga sabab bor:
«Bas, ota-onasi uni yahudiy, nasroniy yoki majusiy qiladi».
Ya’ni, ota-onalar bolalarini o‘z dinlarida tarbiyalashlari oqibatida bolalarning sof tabiati buzilib, yahudiy, nasroniy va majusiy bo‘lib qoladilar.
Shu joyda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ma’noni to‘liqroq tushuntirish maqsadida sahobai kiromlarga hissiy bir misol keltirmoqdalar.
«Bu xuddi hayvonning bus-butun hayvon tug‘ishiga o‘xshaydi. Siz unda quloq-burni kesilganini his qilganmisiz?».
Ya’ni har bir hayvon bolasi onasidan bus-butun tug‘iladi. Birortasining qulog‘i yoki burni kesilmagan bo‘ladi. Ammo, egalari belgi qo‘yish maqsadida va yana boshqa niyatda ularning quloqlarini, burunlarini kesadilar va hokazo. Shunga o‘xshab, inson ham onadan sof tabiat bilan tug‘iladi, u yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘lib tug‘ilmaydi. Ota-onasining tarbiyasi tufayli yahudiy, nasroniy yoki majusiy bo‘ladi.
Alloh taolo bu dunyodagi narsalarni sababiyat qonuni ila bir-biriga bog‘lab qo‘ygan. Och inson taom yemasa, qorni to‘ymaydi. Ota-ona qo‘shilmasa, bola tug‘ilmaydi. Xuddi shuningdek, tarbiya bo‘lmasa, inson tarbiya ko‘rgan bo‘lib voyaga yetmaydi. Shuning uchun ham Islomda bola tarbiyasiga alohida e’tibor beriladi.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: “Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan: “Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan: “Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan: “Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollalloxu alayxi vasallam aytdilar: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan ko‘ra afzal narsa bera olmaydi”.
Albatta, farzand ilmli va odobli bo‘lsa ota–ona hurmatini va haq-huquqlarini yaxshi ado qiladi. Oilada yaxshi tarbiya topgan farzand yaxshi va yomonni farqlay oladi. Qaysi oilada, qaysi mahallada yoshlar tarbiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla, o‘sha yurt gullab yashnaydi. Bu esa jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.