Sa’duddin Taftazoniyning “Sharhu aqoid” asari mashhur olim Umar Nasafiyning “Aqoidun Nasafiya” asariga yozilgan sharhdir. “Aqoidun Nasafiya” asari moturidiya mazhabidagi eng mo‘tabar va eng mashhur matnlardan hisoblanadi. Bu matnning boshqa matnlardan ajralib turadigan xususiyati boshqa matnlar dastlab Alloh taoloning birligi va Uning sifatlari haqidagi bahslar bilan boshlangan bo‘lsa, bu matn dastlab bandalarning ma’lumot olish vositalari, olamning yo‘qdan bor qilingani haqidagi aqliy dalillar va bu aqliy dalillar Yaratuvchi bor ekanini taqozo qilishi haqidagi bahslar bilan boshlangan.
Sa’duddin Taftazoniyning “Sharhu aqoid” nomli ushbu sharhi yozilgan vaqtdan buyon Islom bilim yurtlarida aqoid fanidan asosiy darslik sifatida o‘qitib kelingan. Iboralarining qiyinligi bilan ham “mashhur” bo‘lgan bu sharhning o‘ziga ham yigirmadan ortiq sharhlar va hoshiyalar bitilgan.
Mazkur sharhni yaratgan Sa’duddin Taftazoniy hayoti va ijodiga to‘xtalganimizda aytish mumkinki, mutafakkir Movarounnahrning bir necha shaharlarida ta’lim oldi va ta’lim berdi. U o‘zining “Sharh al-Aqoid” asarini hijriy 768 yil sha’bon oyida, milodiy 1367 yil aprel oyida Xorazmda yozib tugatdi.
Sa’duddin Taftazoniy nomi bilan mashhur bo‘lgan bu zotning to‘liq ismi sharifi Mas’ud ibn Umar ibn Abdulloh bo‘lib, Xuroson o‘lkasining Taftazon shahrida tug‘ilgan.
Sa’duddin Taftazoniy ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan bo‘lib, ular orasida Azduddin Iyjiy, Ziyouddin Qazviniy, Qutbiddin Roziy Tahtoniy va Nasiymuddin Abu Abdulloh Naysaburiy kabi ulamolar eng mashhurlari hisoblanadi.
Sa’duddin Taftazoniy tafsir, fiqh, nahv, sarf, usulid-din, mantiq kabi ilmlarda yetuk olim bo‘lgan. U Amir Temurning taklifi bilan Samarqandga kelgan hamda bu yerda dars berish va kitob yozish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bu zot o‘n olti yoshlik o‘spirinlik chog‘idayoq dastlabki asarini yozgan.
Hozirgi kunda alloma Sa’duddin Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharhu alaqodi Nasafiya” asarining kalom ilmidagi amiyati hali yetarli darajada o‘rganilmagan. Ayniqsa, bu asarning tarkibiy tuzilishi, unda ko‘tarilgan aqidaviy masalalarning tarixiy jarayonlar bilan uzviy bog‘liqligi tahlil qilinmagan. Asarning O‘zbekistonda va xorijda saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalari kompleks tarzda o‘rganilib to‘laligicha tavsif qilinmagan. Sa’duddin Taftazoniyning mazkur asari qariyb besh asr mobaynida Movarounnahr va unga qo‘shni hududlar madrasalarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Biroq, uning ta’lim dasturidagi ahamiyati va o‘rni to‘laligacha o‘rganilmagan.
Alloma Sa’duddin Taftazoniyning “Sharhu alaqodi Nasafiya” asarini tadqiq qilish va undagi aqidaviy masalalarni ilmiy asosda tahlil qilish kalomga oid masalalarga aniqlik kiritadi. Shuningdek, xalqimizga Islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri yetkazishda bu asar ahamiyati nihoyatda kattadir. Shu bilan birga hozirgi kunda mavjud turli xildagi diniy-siyosiy guruhlar va buzg‘unchi mafkuralarga qarshi kurashda, mazkur asardan g‘oyaviy qurol sifatida foydalanish mumkinligini ham aytish zarur.
Ta’bir joiz bo‘lsa shuni aytish kerakki, Sa’duddin Taftazoniy o‘z davrining deyarli barcha fan sohalariga oid qimmatli asarlar yozib qoldirgan hanafiy-moturidiy olimidir. Xususan, tadqiqotchilar tomonidan allomaning jami 41 ta asari borligi aniqlanib, ular 12 ta fan sohasiga tasniflangan. Ulardan 20 tasi nashr etilgan bo‘lsa, 8 tasining qo‘lyozma nusxalari topilgan va 10 tasi aniqlanmagan. Lekin bu allomaning ulardan boshqa kitoblari yo‘q degan xulosani bermaydi.
Qolaversa, allomaning “Sharh aqoid an-nasafiya” va “G‘oyatu tahzib al-kalom fi tahrir al-mantiq va-l-kalom” moturidiya ta’limoti bo‘yicha muhim manbalardan biri bo‘lib, bugungi kungacha daslabkisiga 77 ta va ikkinchisiga esa, 82 ta sharh, hoshiya va ta’liqlar bitilgan.
Ularning bir nechtasi ingliz, turk, urdu kabi tillarga ham tarjima qilingan. Shunga ko‘ra, Sa’duddin Taftazoniy yozma merosini ilmiy jihatdan o‘rganish va o‘zbek tiliga izohli tarjima qilish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Umuman olganda mazkur asarni o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini amalga oshirish beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni chin insoniy fazilatlar sohibi etib tarbiyalash, ular qalbida ajdodlarga munosib avlodlar bo‘lish hamda turli buzg‘unchi, adashgan oqimlarga qarshi raddiyalar berish ko‘nikmasi shakllanishida muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
O‘tkirbek Sobirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Bosh mutaxassisi
“Sharhu aqoidi Nasafiya” asarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda
uning android va multimedia dasturlarini tayyorlash bo‘yicha loyiha a’zosi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.
Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.
Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.
Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.
Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.
Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.
Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.
Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.
IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.
Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.
Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.
Mahmud Mahkam