Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi tomonidan tayyorlanib chop etilgan “Fatvolar to‘plami. 500 savolga 500 javob” nomli kitobni o‘qib g‘oyat quvondim.
To‘plamda berilgan savol-javoblar har bir mo‘min-musulmon uchun nihoyatda foydalidir. Uni o‘qigan kishi e’tiqod, bid’at-xurofot, tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj va umra, qurbonlik, savdo, nikoh, taloq, emizish, qasam, nazrlar, ijara, meros, ruhiy tarbiya, zikr kabi turli muhim mavzularda zaruriy bilimlarga ega bo‘ladi.
Kitobda to‘g‘ri fatvo berish orqali insonlarni yaxshilikka yo‘llash, yomonliklardan qaytarish savobli, ilmsiz, asossiz berilgan har qanday fatvo xatarli, noto‘g‘ri ekani, yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmay turib fatvo berish og‘ir gunohga yo‘l ochishi, odamlarni ixtilofga solib qo‘yishi misol va dalillar asosida yoritilgan.
Ayrim kishilar ilmni “dunyoviy ilm”, “diniy ilm” deb ajratishlari kuzatiladi. Islom dini esa insonlarni har qanday foydali ilmni o‘rganishga targ‘ib qiladi. Zero, ilm bo‘lmagan joyda qoloqlik, jaholat, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi.
To‘plam turli tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab jarayonda g‘oyatda kerakli manba bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda diniy qadriyatlarimizga qarshi qaratilgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan uydirma axborotlar, yetti yot begonalarga ko‘r-ko‘rona ergashishlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibali” tasvirlar, mazhabsizlik kabi illatlarning asli puch, zararli ekanini ko‘rsatib berishi o‘quvchini o‘ziga yanada ko‘proq jalb etadi.
Zabardast ahli ilmlar hozirlagan ilmiy manbalarni o‘qib, “Biz boshqalarga ergashuvchi emas, aksincha, doim ergashtiruvchi xalq bo‘lib kelganmiz”, degan faxrni tuydim.
Sultonxoja ARIPXO‘JAYEV,
mehnat faxriysi
"Hidoyat" jurnalidan
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan yurtimizdagi imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan joriy yil 6 aprelidan boshlab Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tajvid ilmi bo‘yicha navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.
Mazkur dastur doirasida 2026 yil 16 aprel kuni Xorazm viloyatidagi "Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida viloyat imom-xatiblari va imom noiblari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ishtirok etib, "Xorazm ulamolarining tajvid va qiroat ilmiga qo‘shgan hissasi" mavzusida ham ma’ruza qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati