Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447
Yangiliklar

Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda

20.08.2024   4704   1 min.
Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda

Shu yil 19 avgust kuni poytaxtimizning “Hazrati Imom” majmuasidagi “Tilla Shayx” masjidida diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonining yakuniy bosqichi boshlandi. 

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, shuningdek, Diniy idora Ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov, mudir o‘rinbosari Akbar Do‘smatov, “Ko‘kaldosh” madrasasi mudiri Ma’murjon Erkayev, "Xadichai kubro" madrasasi mudiri Maryam Abdullayeva hamda abituriyentlar va ularning ota-onalari  ishtirok etdi. 

Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlangan marosimda so‘zga chiqqan notiqlar yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar qatorida diniy ta’limga bo‘lgan e’tibor katta ahamiyat kasb etayotgani, bunga yangi diniy ta’lim muassasalari ochilayotgani, mavjudlarining faoliyati doimiy ravishda takomillashib borayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, abituriyentlarga imtihon topshirish tartib-qoidalari tushuntirildi. 

Shundan so‘ng abituriyentlar test sinoviga tartib bilan kiritilib, imtihonlar boshlandi. Mazkur jarayon adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan. 

Ma’lumot o‘rnida mazkur oxirgi 6-hududda Toshkent shahrida imtihon topshirishni tanlagan jami 2 524 nafar abituriyent bir necha kun davomida test sinovlarida qatnashadi. Ularning ota-onasi va yaqinlariga imtihon jarayonini kuzatish va kutib turish uchun maxsus sharoitlar, ya’ni soya joylarda katta manitor, stol-stul, suv va shirinliklar hozirlangan.   

Alloh taolo imtihonlarning barcha abituriyentlarga manfaatli bo‘lishini nasib aylasin! 

Bahriddin Xushboqov,
Davron Tursunov
(surat) 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda Diniy ta’lim muassasalariga so‘nggi kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Robbimizning va’dasi haq ekan

07.07.2025   957   4 min.
Robbimizning va’dasi haq ekan

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:

Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim  u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.

Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni  hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.

Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar. 

Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!

Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.

Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.

“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.

Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz,  qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.

Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.

Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi”  (Tarj.).