Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Mart, 2026   |   15 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:35
Quyosh
06:53
Peshin
12:40
Asr
16:32
Shom
18:21
Xufton
19:33
Bismillah
04 Mart, 2026, 15 Ramazon, 1447
Maqolalar

Qizlarni ”ovlaydigan“ buzg‘unchilar bor...

21.08.2024   6496   3 min.
Qizlarni ”ovlaydigan“ buzg‘unchilar bor...

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hayotlik davrlarida sahobalar u zotga murojaat qilar va bilmaganlarini so‘rab olar edilar.

U zotdan keyin kichik sahobalar katta sahobalarga murojaat qilar va bilmaganlarini so‘rab olar edilar. Ular oralarida ixtilof sodir bo‘lganda katta sahobalar tomonidan masalaga yechim berilardi.

Tobein va tabaa tobeinlarda, ya’ni sahobalardan keyingi davrlarda Islom ahli yetuk ulamolarga murojaat qilar, bilmaganlarini ulardan so‘rashardi. Urva ibn Zubayr, Said ibn Musayyab, Ato ibn Abu Raboh, Muhammad ibn Siyrin, Hasan Basriy, Sufyon Savriy, Abu Hanifa, Molik ibn Anas kabilar shular jumlasidan.

Demak, bugun ham biror masalada ixtilof paydo bo‘lsa, albatta, ahli ilmlar, yurtimiz ulamolaridan so‘rash lozim. Ammo ayrim yoshlar yetuk ulamolarga emas, balki ustoz darajasiga ham yetmagan yoki ilm o‘qisa ham, aqidasi o‘ng­lanmagan kimsalarga murojaat etib, aldanib qolishyapti.

Xavotirlisi, ba’zi g‘o‘r xotin-qizlar ham o‘z yurtlarida asrlar davomida amal qilib kelingan mazhab­larni tark etib, mutaassiblik bilan xorijdagi “Sodiq Samarqandiy”, “Abdulloh Zufar”, “Yusuf Davron”, “Ahliddin Novqatiy”, “Mahmud Abdulmo‘min”, “Abu Muoviya”, “Abu Saloh” kabi nomlar ostiga yashiringan soxta da’vatchilarga ishonib, o‘z e’tiqodi, joni, moli va sha’nini xatarga qo‘ymoqdalar.

Bu nobakor kimsalar turli uslublar bilan ayollarni ham o‘z domiga tortishmoqda. Ularning ayollardan bo‘lgan malaylari ham qizlarni “ovlashda” usta bo‘lib ketishgan. Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali dastlab “Muallimi soniy”dan dars beramiz, deb qizlarning ishonchiga kirgach, o‘zlarining risolalarini o‘qita boshlaydilar. Ular g‘o‘r qizlarni tuzoqqa ildirishda tap tortmay yolg‘on gapiradi, g‘iybat-bo‘htonni qalashtiradi, hatto sehr-jodu kabi kufr amallarni qilishdan ham toymaydi. Holbuki, “jihod” qilaman, deb xorijga borgach, bu qizlarning ahvoli qanday ayanchli bo‘lishini juda yaxshi bilishadi.

Shunday ekan, farzand tarbiyasiga, ularning yurish-turishiga befarq bo‘lmaylik. Kim farzandida salbiy o‘zgarishni sezsa, shubhali shaxslarning ma’ruzalarini tinglayotganiga guvoh bo‘lsa, fursat borida rasmiy imom-domlalar oldiga olib borib, yosh avlodga oqu qorani tanitsin.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Yo‘qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo‘rqib, Rab­bi rahmatidan umid­vor bo‘lgan odamga tengmi?! Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar» (Zumar surasi, 9-oyat).

Alloh taolo ilm ahllarini ulug‘lab, darajalarini yuksaltirib, bilmaganlarimizni biladigan olimlardan so‘rashga buyurgan.

Ixtilof qilish dinimizga zarar keltiradi, fitna uyg‘otadi, bizni zaiflashtiradi, qalblarimizni xira qiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qiladilar: “Agar ixtiloflarni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati). 

Darhaqiqat, to‘rt mazhab egalari, ahli sunna val jamoa yo‘lidagilar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Demak, biz ko‘pchilik tomonidamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam da’vatlariga binoan to‘g‘ri yo‘lda bardavom bo‘lishni Yaratgan Rabbimiz barchaga nasib etsin! 

Jobir ELOV,

Buxoro viloyati
bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bu bilan muammolaringizning “vazni” o‘zgarmaydi

04.03.2026   224   1 min.
Bu bilan muammolaringizning “vazni” o‘zgarmaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Kunlardan birida professor qo‘liga suv to‘ldirilgan idishni oldida, qo‘llarini oldinga uzatib, talabalardan so‘radi:
– Agar bu idishni shu holatda uzoq vaqt ushlab tursam nima bo‘ladi?
– Qo‘llaringiz og‘rib ketadi.
– Bir kun ushlab tursam-chi?
– Qo‘llaringiz zo‘riqib, uyushib, tamom bo‘ladi, mushaklaringiz shikastlanishi ham mumkin.
– Agar kun bo‘yi tursam, idishning vazni o‘zgaradimi?
– Aslo yo‘q!
– Xo‘sh, bu ahvoldan qutilish uchun nima qilishim kerak?
– Oddiy-ku! Idishni qaytarib stol ustiga qo‘ying!
– Barakalla! – yuzlariga kulgu yugirib javob berdi professor. Hayotda uchraydigan qiyinchiliklar ham shunga o‘xshaydi. Agar muammolaringizni bir necha daqiqa o‘ylasangiz, ular sizga yaqinlashadi. Hayolingizni uzoq vaqt ular bilan band qilsangiz, tinkangizni quritadi. Kun bo‘yi shu muammolaringiz dardida yuradigan bo‘lsangiz, miyangiz og‘rib, to‘g‘ri qaror qabul qilolmaydigan holga kelib qoladi. Bu bilan muammolaringizning “vazni” o‘zgarmaydi. Shunday ekan, sabr va duo bilan Alloh taolodan umidvor bo‘ling. Zero, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.

 

Maqolalar