Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish mo‘min va mo‘mina ayolga farzdir”, deganlar. Bu hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Islom dini ayol kishiga ham ilm talab qilishni farz qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa roziyallohu anho onamizga uylanmoqchi bo‘lganlarida Hazrati Umar roziyallohu anhu Islom ummatiga yuksak bir fazilatni ko‘rsatdilar. U ham bo‘lsa, otalik mas’ulyatini his qilgan holda qizlari Hafsa roziyallohu anhoni turmushga berish oldidan unga o‘qish, yozish va dinga doir ilmlarni berdilar. Hattoki qizlariga o‘qish va yozishni ta’lim berish uchun Bani Adiy qabilasidan bir ayolni yolladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho haligi ayoldan yetarlicha ilm olganlaridan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdilar.
To‘ydan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umardan haligi Bani Adiylik ayolni kelib Hafsaga qolgan ilmlardan ham dars berishni davom ettirishligini aytdilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Hafsa ilmni yaxshi egallab oldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Hafsani ilmni mukammalroq egallashini xohlayman”, dedilar. Shundan so‘ng haligi ayol kelib darsni davom ettirdi.
Abdushukur MURODOV
Manba: Muhammad Mutavalli Sha’roviyning “Musulmon ayol fiqhi” nomli kitobidan. 15-bet.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin domla Razovning navbatdagi xizmat safari Chimboy tumaniga bo‘ldi.
Tashrifdan maqsad masjidlardagi yaratilgan sharoitlar, atrofdagi tozalik, obodonlashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishish hamda «Xon» jome masjidiga yangi tayinlangan imom noibini jamoatga tanishtirish.
Qozi tumandagi markaziy «Xon» jome masjidida jamoat bilan uchrashar ekan, «To‘y berish odobi» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzasi davomida isrofgarchilikning oldini olish, bid’at-xurofatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ota-onalar, ustozlar va jamiyat birgalikda yoshlarning ma’naviy, ilmiy va jismoniy rivojlanishiga e’tibor qaratish, ularni ilm olishga yo‘naltirish va uning fazilati, yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlik va farovonlikning qadriga yetish haqida gapirdi. Maruzasi davomida yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga o‘zimizning insoniylik hissamizni qo‘shish, yoshlar tarbiyasi, farzandlarimizga ilm o‘rgatish, halol kasb egallashga qiziqtirishimiz, shuningdek, migratsiya masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Qozi domla shu yili Toshkent islom institutini tugatgan, Chimboy tumani «Xon» jome masjidiga imom noibi bo‘lib tayinlangan Raxim Baymuratovni jamoatga tanishtirdi va uning kelgusi ishlarida omadlar tilab, duolar qildi.
B.Abbazov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi.