“IDDA” NIMA DЕGANI?
Dinimizda ayol kishi erining vafotidan yoki eri bilan ajrashgandan keyin saqlashi lozim bo‘lgan muddatga “idda” deyiladi.
MUDDATI QANCHA?
Uning muddati eri vafot etgan ayol uchun to‘rt oyu o‘n kun; homilador ayolning iddasi tuqqunicha, eridan ajralgan xotin iddasi taloqdan so‘ng uch hayz ko‘rib, uchinchi hayzidan pok bo‘lishi bilan tugaydi. Turli sabablarga ko‘ra hayz ko‘rmaydigan ayol eri bilan ajrashsa, uch oy idda o‘tiradi.
HOMILADOR EMAS...
Homilador emasligi aniq bo‘lgan ayollar ham idda o‘tirishlari lozim. Agar idda o‘tirmasdan boshqa kishiga nikohlansalar, nikoh botil, o‘zlari gunohkor bo‘ladilar.
SARATONGA SABAB BO‘LADI
Kaliforniya universiteti professori, biologik tekshiruvlar laboratoriyasi direktori Doktor Jamoliddin Ibrohim bunday yozadi: “Ayollarning immun tizimini o‘rganish natijasida ularda maxsus irsiy xotiraga ega hujayralar mavjudligi aniqlandi. Ayol kishi turmush o‘rtog‘i bilan jinsiy aloqada bo‘lganda erining hujayralari kamida 3 oy davomida ayolning reproduktiv organlarida faol qoladi. Agar ayol kishi ushbu muddat o‘tmasdan turib boshqa erkak bilan jinsiy aloqada bo‘lsa, bu immun tizimini ishdan chiqishiga, oqibatda saraton o‘smalarining paydo bo‘lishiga olib keladi”.
Taqdqiqotchilar idda saqlamay ikkinchi er bilan jinsiy hayotni davom etdirgan ayollarda ko‘krak va bachadon saratoni ko‘p kuzatilishini alohida ta’kidlaydilar.
ILM – ISLOMGA YETAKLAR
Amerikalik embriolog Rob Gillxem AQSHdagi ayollar orasida tadqiqotlar olib borgan. Natijada, muslima ayollar yashaydigan hududda ko‘krak va bachadon saratoniga chalingan ayollar boshqa mintaqalarga qaraganda nihoyatda kam kuzatilishini aniqlagan. Embriolog Gillxem idda saqlash haqidagi Qur’on oyatlarini o‘qib Islomni qabul qildi.
Albert Eynshteyn institutining ilmiy xodimlari ham bu borada uzoq yillar tadqiqotlar olib borib, ayol kishining organizmi erkak kishining xromosomasidan to‘liq tozalanishi uchun aynan Alloh taolo buyurgan muddat talab etilishini e’lon qilganlar.
Misr tibbiyot markazi professori Doktor Abdulbosit Sa’id aytadi: “Ayol kishi eri bilan jinsiy aloqada bo‘lgandan so‘ng, ayolning organizmi erkak kishining xromosomasidan har oyda faqatgina 30 % foizi tozalanadi. To‘liq tozalanish uchun esa kamida uch hayz muddati talab etiladi”.
XULOSA
Idda o‘tirishning juda ko‘p hikmatlari bo‘lib, ularni Allohning yolg‘iz O‘zi biladi. Kelajakda bunga o‘xshash hikmatlar yana chiqaverishida shubha yo‘q.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.
Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.
Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?!
Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.
Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:
Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!
Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:
1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.
2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.
3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.
Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.
Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.
Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2] Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.