Sizning payg‘ambarligingizni tasdiq qilmay musulmon bo‘la olmayman, yo Rasululloh! Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “Allohga hamda Uning ummiy Nabiysiga iymon keltiring!”, (A’rof surasi, 158-oyat) degan-ku!
Iymonimning asosiy poydevorlaridan biri sizga muhabbat qo‘yishdir, yo Rasululloh! Axir, siz o‘zingiz: “Sizlardan birortangiz men unga to ota-onasi, bolasi va barcha insonlardan ko‘ra suyukliroq bo‘lmagunimcha hargiz komil mo‘min bo‘la olmaydi ”, degansiz-ku! Darhaqiqat, siz mana shunday oliy muhabbatga loyiqsiz, yo Rasululloh.
Alloh taolo sizning zikringizni baland, qadringizni oliy qildi. Ismingizni O‘zining ismi ila yonma-yon zikr qildi. Biz mo‘minlar faqat siz rozi bo‘ladigan ishlarni qilamiz. Axir, Alloh taolo mo‘minlik uchun sizni rozi qilishni shart qilgan-ku, yo Rasululloh! “Agar mo‘min bo‘lsalar, rozi qilishlariga Alloh va Uning Rasuli haqliroqdir” (Tavba surasi, 62-oyat).
Biz sizning buyrug‘ingizni ikkilanmasdan, so‘zsiz bajaramiz. Chunki sizning amringizga xilof qilganlarni Alloh taolo fitna va alamli azob yetishidan ogohlantirgan-ku, yo Rasululloh! “(Payg‘ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o‘zlariga biror fitna yetishi yoki alamli azob yetishidan hazir bo‘lsinlar!” (Nur surasi, 63-oyat).
Biz sizga to‘liq itoat qilamiz. Chunki Alloh taolo sizga bo‘lgan itoatni O‘ziga bo‘lgan itoat bilan yonma-yon qo‘ygan va O‘zining itoatiga sizga bo‘lgan itoatni shart qilgan-ku, yo Rasululloh! “Kim payg‘ambarga itoat qilsa, batahqiq, u Allohga itoat qilibdi” (Niso surasi, 80-oyat).
Qiyomat kuni biz hasrat-nadomat qilmasligimiz uchun bu dunyoda sizga ergashamiz, hech qachon buyrug‘ingizga xilof ish qilmaymiz. Chunki sizga ergashmagan, itoat qilmagan hamda sizning amringizga qarshi ish qilgan osiylar qiyomat kuni, albatta, juda qattiq pushaymon bo‘lishadi-ku, yo Rasululloh! “Yuzlari olov ichida aylantirilayotgan kunda ular: “Eh, koshki Allohga itoat qilganimizda edi, Rasuliga itoat qilganimizda edi!”, derlar” (Ahzob surasi, 66-oyat).
Biz siz tanlagan yo‘lni tanlaymiz, chunki siz bilan bir yo‘lni tanlamagani sababli qiyomat kuni zolimlar hasrat-nadomat chekishadi-ku, yo Rasululloh! “U kunda zolim ikki qo‘lini tishlab: “Ey, voh!!! Payg‘ambar ila bir yo‘lni tutganimda edi!”, der. “Ey, voh!!! Koshki falonchini do‘st tutmaganimda edi. Batahqiq, menga zikr (Qur’on) kelganidan so‘ng u (gumroh do‘st) meni adashtirdi. Shayton insonni yordamsiz tashlab ketguvchidir”, der (Furqon surasi, 27–29-oyatlar).
Biz Alloh taologa suyukli banda bo‘lishimiz uchun sizga ergashamiz va itoat qilamiz. Chunki Alloh taolo O‘zining muhabbatiga – sizga ergashishni va itoat qilishni shart qilgan-ku, yo Rasululloh!. “Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat qiladi”. Alloh kechiruvchi va rahmlidir. Ayting: “Alloh va Rasuliga itoat qiling. Agar yuz o‘girsangiz, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas” (Oli Imron surasi, 31–32-oyatlar).
Biz o‘zaro o‘rtamizda chiqqan kelishmovchiliklarga sizni va siz olib kelgan odil shariatni hakam qilamiz. Axir, o‘zaro chiqqan kelishmovchiliklarga sizni hakam qilmagunimizcha, keyin siz chiqargan hukmga dillarimizda tanglik topmay, butunlay taslim bo‘lmagunimizcha, zinhor komil mo‘min bo‘la olmasligimizga Alloh taolo O‘zi bilan qasam ichgan-ku, yo Rasululloh! “Yo‘q, Robbinggizga qasamki, sizni o‘z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, so‘ngra, siz chiqargan hukmga dillarida tanglik sezmay, butunlay taslim bo‘lmagunlaricha, zinhor mo‘min bo‘la olmaslar!” (Niso surasi, 65-oyat).
Siz nimani keltirgan bo‘lsangiz – olamiz, siz nimadan qaytargan bo‘lsangiz – qaytamiz. Chunki Alloh taolo bizga siz keltirgan narsani olib, siz qaytargan narsadan qaytishni buyurgan-ku, yo Rasululloh! “Payg‘ambar sizlarga nimani keltirsa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar. Allohdan qo‘rqinglar. Albatta, Alloh azobi shiddatli zotdir” (Hashr surasi, 7-oyat).
Bizning Alloh taolodan va oxirat kunidan umidimiz bor. Shuning uchun har bir ishimizda sizdan o‘rnak olamiz. Axir, Qur’oni karimda Allohdan va oxirat kunidan umidvor mo‘minlarga namuna qilingan zot siz emasmi, yo Rasululloh?! “Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar hamda Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).
Jannatda nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birga bo‘lishimiz uchun sizning ko‘rsatmalaringizga bo‘ysunamiz. Axir, Alloh taolo ne’matlantirgan bandalar bilan jannatda birga bo‘lish bashoratiga sizga itoat qilish shart qilingan emasmi, yo Rasululloh?! "Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, aynan o‘shalar Alloh ne’matlantirgan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Ularning hamrohlari naqadar go‘zaldir!" (Niso surasi, 69-oyat).
Butun olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot – siz emasmi, yo Rasululloh?! “Biz sizni olamlarga faqat rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Sizga ko‘plab salovatlar aytamiz. Chunki sizga salovat aytishni Alloh taolo mo‘minlarga buyurgan. Axir Alloh taolo O‘zi ham, Uning farishtalari ham sizga salovat aytishadi-ku, yo Rasululloh! “Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring” (Ahzob surasi, 56-oyat).
“Va tezda Robbingiz sizga ato qilur va siz rozi bo‘lursiz” (Zuho surasi, 5-oyat) oyati nozil bo‘lganda, “Unday bo‘lsa, ummatimdan birortasi do‘zaxda bo‘lishiga rozi bo‘lmasman”, degan zot siz emasmi, yo Rasululloh?!
Makka davri hayoti oddiy insonlar hamda mazlumlar uchun ibratli bo‘lgan, Madina davri esa hukm yuritish qo‘lida bo‘lgan hokimlarga rahbarlik qilish ta’limini bergan ibratli hayot sizning hayotingiz emasmi, yo Rasululloh?
Siz haqingizda nima dey olaman, yo Rasululloh? Darhaqiqat, Alloh taolo rabboniy, ko‘rkam yig‘ilishda payg‘ambarlardan ahdu paymon olib, shunday degan: “Eslang, Alloh Nabiylardan shunday ahd olgan edi: “Men sizlarga kitob va hikmat berganim uchun, endilikda sizlardagi narsani tasdiqlovchi bir Payg‘ambar (Muhammad) kelganda, albatta, unga iymon keltirasiz va yordam berasiz, – deb turib: “Iqror bo‘ldingizmi? Bu haqda ishonchli ahdu paymonimni qabul qildingizmi?” deganida, ular: “Iqror bo‘ldik”, deyishdi. U: “Endi guvoh bo‘linglar, men ham sizlar bilan birga guvoh bo‘luvchilardanman”, dedi”. (Oli Imron suarsi, 81-oyat).
Yo Rasululloh, siz va mening misolim xuddi qorong‘u kechada sahroda adashib, yo‘lini yo‘qotgan, nima qilarini bilmay dovdirab, tushkunlikka tushgan, so‘ngra osmonga oy chiqib, uning nurida o‘z yo‘lini topib olgan kishiga o‘xshaydi. Shunda men xursandligimdan: “Ey oy, Alloh qadringni baland, nuringni ziyoda, o‘zingni esa to‘lin va go‘zal qilsin”, deyman.
Darhaqiqat, Alloh taolo qadringizni baland qildi. “Sizning zikringizni yuqori ko‘tarib qo‘ydik” (Sharh surasi, 4-oyat).
Darhaqiqat Alloh taolo nuringizni ziyoda qildi. “Darhaqiqat, sizlarga Allohdan nur (Muhammad sollallohu alayhi vasallam) va oydin Kitob keldi” (Moida surasi, 15-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo sizni butkul go‘zal qildi. “Ey Nabiy, albatta, Biz sizni guvohlik beruvchi, xushxabar eltuvchi, ogohlantiruvchi, Allohning izni ila Unga (Uning diniga) da’vat qiluvchi hamda (yo‘l ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib yubordik” (Ahzob surasi, 45–46-oyatlar).
Alloh taolo bizlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat qilsin! Qiyomat kuni u zot sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga muyassar aylasin! Omiyn!
Qudratulloh Sidiqmetov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimning ikkinchi surasi “Baqara” deb nomlanib, u Madinada nozil bo‘lgan, 286 oyatdan iborat. “Baqara” so‘zi sigir ma’nosini bildiradi. Bu sura Baqara deb nomlanishiga sabab shuki, o‘tmishda Bani isroillik bir kishi o‘ldirilganida uning qotili topilmaydi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy yuborib: “Qavmingga ayt, sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursin”, deb buyuradi. Allohning buyrug‘i bajarilganidan so‘ng o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytib beradi.
Surada sigir bilan bog‘liq voqea keltirilgani uchun unga Baqara deb nom berilgan. U Qur’ondagi eng yirik sura bo‘lib, unda e’tiqod, ibodat, iqtisod, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda kabi masalalar bilan bir qatorda Muso alayhissalom Fir’avn va Bani Isroil qavmi o‘rtasidagi mojarolar o‘z aksini topgan.
Suraning avvalida mo‘minlar, kofirlar va munofiqlar sifatlari haqida bayon qilinib, keyin insonning yaratilish qissasi, ro‘za, haj va umra ibodati masalalari, ko‘pgina ijtimoiy masalalar oila, taloq, emizish, idda, mushrika ayolga uylanish haromligi, sudxo‘rlikning man etilgani va uning oqibatlari, qarz oldi-berdi masalalari, qiyomat kuni dahshatlari zikr qilinadi. Shuningdek, Bani Isroilning o‘tmishda qilgan makr-hiylalari, xiyonati, aldamchiliklari, buzuq tabiati haqida xabardor qiladi. Suraning oxirida mo‘minlarning tavba qilishga, Allohga doimo tazarruda bo‘lishiga chaqiriq keladi.
Ushbu suraning fazilatlari haqida hadislarda ham bayon etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni o‘z ahli uchun shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o‘qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni o‘qish baraka, tark etish esa hasratdir», deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uylaringizni qabrga aylantirmanglar! Baqara surasi o‘qilgan uyga shayton kirmaydi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalom: «Har narsaning sanomi – ko‘zga ko‘ringan joyi bo‘ladi. Baqara surasi Qur’onning sanomidir. Albatta, shayton (qaysi bir) uyda Baqara surasi o‘qilayotganini eshitsa, (u yerdan) chiqib ketadi», dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Qur’on oyatlarining sayyidi Oyatul Kursiydir», deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Abu Munzir, Allohning kitobidan sen yod olgan qaysi oyat ulug‘ ekanini bilasanmi?» dedilar. Men: «Allohu laa ilaha illa huval hayyul qoyyum», dedim. Shunda u zot ko‘ksimga urib: «Ilm muborak bo‘lsin, ey Abu Munzir», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Abu Umoma rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim har farz namozdan keyin “Oyatul Kursiy”ni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos» dedilar (Imom Nasaiy rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Kim Baqara surasidan o‘n oyatni – avvalidan to‘rt oyat, oyatul kursiy va undan keyingi ikki oyat hamda oxiridan uch oyatni kechasi o‘qisa, o‘sha uyga shu kechasi shayton kirmaydi» (Imom Dorimiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alaĭhi va sallam: «Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o‘qisa, kifoya qiladi», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). Olimlar hadisdagi “kifoya qiladi”ni ushbu oyatlarni o‘qigan inson barcha yomonliklardan saqlanishi, savob olishi, tunni ibodat bilan o‘tkazishiga kifoya qiladi deb sharhlaganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirgan edilar, ustlarida yangrayotgan bir ovozni eshitdilar. Boshlarini ko‘tarib, bu osmondagi bir eshik bo‘lib, bugun shu eshik ochildi. Faqat bugun ochildi, hamda u yerdan bir farishta tushdi. Shu farishta yer yuziga bugun tushdi, xolos. Bundan oldin tushmagan edi. Farishta salom berib, ikki nur bashoratini ber, dedi. «Bundan oldin biror payg‘ambarga berilmagan, dedi. U Fotiha surasi va Baqara surasining oxiridir. Undan biror harf o‘qisangiz, uning savobi beriladi», dedi (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu sura haqida Ibn Arabiy: «Mening uztozlarim ushbu sura haqida shunday zikr qiladilar: Bu surada mingta amr, mingta nahiy va mingta xabar bor», deganlar.
Zubayd Abdurahmon ibn Asvaddan rivoyat qiladi: «Kim Baqara surasini o‘qisa, buning evaziga unga jannatda toj kiydiriladi» (Imom Dorimiy rivoyati).
Baqara surasini muntazam o‘qib yurgan va unga amal qilgan inson shayton, ins va jinlarning yomonligidan, sehr-jodudan, hasad va nafratdan, balo va ofatlardan, turli xil kasalliklardan omonda bo‘lib, Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi. Shuningdek, uning yuzi nurli, umri barakali, rizqi keng, mol-dunyosi ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Agar kasal bo‘lsa dardiga davo topadi, qiyomatda shafoatchi bo‘ladi, qiyomat kuni dahshatlaridan omonda bo‘ladi, do‘zaxdan esa parda bo‘ladi. Surani o‘qib keyin qilingan duolar mustajobdir, chunki bu surada Alloh taoloning go‘zal ismlari bor. Ushbu surani o‘qish, o‘rganish, oyatlarini tadabbur qilish, unga ixlos bilan amal qilish ulkan ajr, xayr va barakadir. Alloh taolo barchamizni ushbu suraning fazilatlariga muyassar qilsin.
“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.