Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga bir qancha sinovlarni yubordi. Hali dunyoga kelmasidan otalaridan, olti yoshida onalaridan, sakkiz yoshida suyanchig‘i – bobolaridan ayrildilar.
Islom ummat orasida keng yoyilguncha ko‘plab mashaqqatlar chekdilar. Yettita farzandlaridan oltitasini o‘z qo‘llari bilan yerga qo‘ydilar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bularning barchasiga go‘zal sabr qildilar.
Ulamolar aytadilarki, bu sinovlar bilan Alloh taolo Rasulimizning hayotlaridagi har bir lahzasini qiyomatga qadar keladigan ummatlari uchun dasturilamal bo‘lishini iroda qilgan.
Barcha mo‘minlar xotirjamlik, taqdirdagi yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taolodan ekaniga iymon keltiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mana shu iymonni hayotlarida o‘zlari yaqqol ko‘rsatib berganlar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan Makkai mukarramadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida orqalaridan ularni qatl qilish uchun kelayotganlar bor edi. Abu Bakr bundan qattiq xavotirda ularni ko‘rib: “Yo Rasululloh, yaqinlashib qolyapti-da”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom esa: “Xotirjam bo‘ling”, dedilar. Yoki g‘orda Abu Bakr: “Rasululloh hozir sal egilsalar, bizlarni ko‘rib qoladi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qo‘rqma, Alloh biz bilan-ku”, deya Abu Bakrni xotirjam qildilar.
Rasululloh qabristondan o‘tib ketayotganlarida bir ayol dod-faryod bilan sochlarini yulib, yuzlarini tirnab, butun bag‘ri bilan o‘zini yerga urib yotgandi. Payg‘ambar alayhissalom unga: “Sabr qiling”, dedilar. U: “Siz yo‘lingizda ketavering, men bilan nima ishingiz bor?” deya qo‘pollik qildi. Rasululloh: “Sabr qilsangiz yaxshi bo‘ladi”, deya ketdilar. Keyin sahobai kiromlar keldilar: “Ey onaxon, nima qilib qo‘ydingiz, bu kishi kimligini bilasizmi, Payg‘ambarimiz alayhissalom edilar-ku, yaxshi ish qilmadingiz, beodoblik qilib qo‘ydingiz. Siz bir farzandingizdan ayrilgan bo‘lsangiz, bu kishi bir necha farzandlarini yer bag‘riga qo‘yganlar-ku”, deyishganda, boyagi ayol xatosini anglab, so‘ngra Rasulullohdan borib uzr so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, sabr (musibatning) birinchi zarbasidadir”, deb marhamat qildilar.
Hayotda har qanday holatda ham sabr qilish, kishi o‘zini xotirjam tutishi Payg‘ambarimizdan bizga berilgan sunnatdir. Unga ergashganlargina ikki dunyoda ham saodat topadilar, inshoalloh.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisi o‘rinbosari
"Hidoyat" jurnalining 7-sonidan
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati