“IQNA” saytining “Arab News” nashriga tayanib xabar berishicha, shu yil sentyabr oyi oxirida Londonda IX Jahon halol taomlar festivali bo‘lib o‘tadi.
“Mahalliy lazzatlar (ta’mlar)” shiori ostida o‘tayotgan festival tashkilotchilari bu yil festivalga 20 mingdan ortiq kishi tashrif buyurishiga umid bildirmoqda. Butunjahon halol taomlar festivali shu yilning 28-29 sentyabr kunlari London stadionida bo‘lib o‘tadi va unda dunyoning turli burchaklaridagi davlatlar vakillari tomonidan tayyorlangan taomlar taqdim etiladi.
Ushbu tadbirda diqqat va qat’iy tanlangan Pokiston, Turkiya, Marokash, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan sotuvchilar, oshpazlar va oziq-ovqat do‘konlari vakillari ishtirok etadi.
Dastur direktori Valid Jahongir dunyoda musulmonlar soni ortib borayotgani sababli sertifikatlangan halol mahsulotlarga talab ortib borayotganini qayd etdi.
Valid Jahongirning aytishicha, axloqiy, barqaror va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarga qiziqish ortib borayotgani nafaqat musulmon iste’molchilarni, balki boshqa din vakillarini ham halol oziq-ovqatga jalb qilmoqda.
Bu yilgi yana bir yangilik – mavritaniyalik taniqli oshpaz Shelin Permalo tomonidan o‘tkaziladigan pazandachilik shousi bo‘lib o‘tadi. U ITV telekanalining “Yulduzlar bilan taom tayyorlash” ko‘rsatuvidagi chiqishi bilan tanilgan. Ushbu interaktiv pazandachilik shousida unga boshqa taniqli oshpazlar yordam berishadi. Tadbirda Nadiya Husayn va Big Zu kabi mashhur shaxslar hamda ko‘plab mashhur aktyorlarning ishtirok etishi kutilmoqda.
Festival katta bolalar maydoni va bozorini yaratish orqali o‘zining oilaviy imkoniyatlarini kengaytirdi. Shuningdek, “Bizning kelajagimiz salomatligi” bilan hamkorlikda joylarda ko‘chma klinika tashkil etiladi, bu esa ishtirokchilarga tekshiruvdan o‘tish va ularning sog‘lig‘i haqida ma’lumot olish imkonini beradi.
Valid Jahongir qo‘shimcha qildi: “Biz festivalda interfaol panellar orqali muhokama va muloqotni rag‘batlantiramiz hamda hayotning barcha qatlamlaridagi odamlarga umumiy ovqatlanish, madaniyat va jamiyat qadriyatlari bilan bog‘lanish uchun joy beramiz”.
“Mahalliy lazzatlar (ta’mlar)” festivali hunarmand oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarga qaratilgan bo‘lib, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini yangi lazzatlarni kashf etmoqchi bo‘lgan minglab festival ishtirokchilariga targ‘ib qilish uchun platforma taqdim etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom shariatda sunnatning tutgan o‘rnini yanada yaxshiroq anglab olish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur’oni karim oyatlarini qilgan tafsirlaridan misollar keltiraylik.
To‘g‘ri, namozdagi: ruku, sajda, qiyom kabi ayrim harakatlar haqida oyatlar bor, ammo namozni to‘liq ado etish tartibi haqida hech qanday oyat uchramaydi. Bu borada, faqatgina sunnat orqali namoz o‘qishni o‘rganish mumkin. Sunnatdan boshqa biror manba orqali uni o‘rganib bo‘lmaydi.
Demak, Alloh taolo 70 dan ortiq oyatlarda namoz o‘qishga buyurib, uni qanday ado etishni to‘liq bayon etmaganligining sababi bu – sunnatning ahamiyati va uning o‘rnini bildirish uchundir. Zero, Qur’oni karimda ilmlarning asosi bayon etiladi, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirish, izohlash Payg‘ambar alayhissalomning vazifasidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda namozni o‘z vaqtida o‘qishga buyuradi. Bu haqda Alloh talol bunday marhamat qiladi:
إِنَّ ٱلصَّلَوٰةَ كَانَتۡ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ كِتَٰبٗا مَّوۡقُوتٗا
"Zero, namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir" (Niso surasi, 103-oyat).
Ammo birorta oyatda namozni qachon o‘qish kerakligining aniq vaqti bayon etilmagan. Hatto farz namozi besh mahal ekani ham Qur’onda kelmagan. Namozning besh mahalligi va bir kecha-kunduzda ularning o‘qilish vaqtlarini faqatgina sunnat orqali bilish mumkin.
Qur’onda namozning rakatlarining sonini bildiruvchi birorta oyat yo‘q. Faqatgina sunnat orqali bomdod namozi 2 rakat, peshin, asr, hufton namozlari 4 rakat, shom esa 3 rakat farzdan iborat ekanini bilish mumkin. Sunnatni o‘rganmay turib hatto Islom dinining ustunlaridan bo‘lgan – namozni ham to‘g‘ri ado etish mumkin emas.
Islom dinining uchinchi ustuni – zakot. Qur’oni karimda 30 dan ortiq oyatda ta’kidlangan farz amal. Ammo zakot kimlarga farz? Zakotni qachon berish kerak? Nimalardan zakot beriladi va nimalardan berilmaydi? Agar sunnat bo‘lmaganda bu savollar ochiq qolardi. Aynan Nabiy alayhissalom kim va kimga zkaot berilishini aniq, ochiq-ravshan tushuntirib berganlar.
Islom dinining to‘rtinchi ustuni – haj. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَلِلَّهِ عَلَى ٱلنَّاسِ حِجُّ ٱلۡبَيۡتِ مَنِ ٱسۡتَطَاعَ إِلَيۡهِ سَبِيلٗاۚ
"Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir" (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Ushbu oyatda haj amalini necha marotaba bajarish lozimligi bayon etilmagan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam banda umri davomida sog‘lom va moliyaviy jihatdan qodir bo‘lganda bir marotaba ado etishi farz ekanini ta’kidlaganlar.
Islom dinining navbatdagi ustuni – Ramazon oyining ro‘zasi. Qur’oni karimda ro‘zaning asosiy shartlari bayon etilgan oyatlar mavjud. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘z va amallari orqali ushbu ibodat batafsil tushuntirilgan. Xususan, ro‘zadorlar uchun yeb-ichish va jinsiy yaqinlik qilishdan tashqari yana qanday amallarni bajarish taqiqlangan? Qaysi shartlarga ko‘ra kunduz kuni ro‘zani ochib yuborish mumkin? Ro‘zadorning xulqi qanday bo‘lishi kerak? Bu savollarga faqat sunnat orqali javob topish mumkin.
Qur’oni karimda junublikdan poklanish alohida ta’kidlanadi. Alloh taolo bunday buyuradi:
وَإِن كُنتُمۡ جُنُبٗا فَٱطَّهَّرُواْۚ
"Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)!" (Moida surasi, 6-oyat).
Boshqa oyatda esa, junub holatda namozga yaqinlashmaslik aytiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَقۡرَبُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَأَنتُمۡ سُكَٰرَىٰ حَتَّىٰ تَعۡلَمُواْ مَا تَقُولُونَ وَلَا جُنُبًا إِلَّا عَابِرِي سَبِيلٍ حَتَّىٰ تَغۡتَسِلُواْۚ
"Ey, iymon keltirganlar! Toki gapirayotgan gapingizni (o‘zingiz) biladigan bo‘lguningizgacha, mast hollaringizda namozga yaqinlashmangiz! Yana junub (nopok) hollaringizda ham, to poklanmaguncha (namozga yaqinlashmangiz)" (Niso surasi, 43-oyat).
Ammo oyatlarda junubning ta’rifi va junub odam qanday poklanishi lozimligi bayon etilmagan. Albatta bu savollarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam batafsil javob beradilar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
وَٱلَّذِينَ يَكۡنِزُونَ ٱلذَّهَبَ وَٱلۡفِضَّةَ وَلَا يُنفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ فَبَشِّرۡهُم بِعَذَابٍ أَلِيمٖ
«Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo‘lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering!» (Tavba surasi, 34-oyat).
Ushbu oyatda mol-dunyoni Alloh rizoligi yo‘lida sarflash maqtalmoqda, ammo ularni to‘plab qo‘yish, sarflamaslik qattiq qoralanmoqda. Lekin qancha mol-dunyoni yig‘ish mumkin va uni qayerlarga sarflash kerakligi bayon etilmagan. Bu savollarga ham sunnat orqali javob topish mumkin.
Qur’oni karimda nikohi harom qilingan ayollarning birin-ketin ro‘yxati keltirilib, unda ikki opa-singilni qo‘shib nikohga olish harom ekani alohida ta’kidlanadi:
وَأَن تَجۡمَعُواْ بَيۡنَ ٱلۡأُخۡتَيۡنِ
"Ikki opa-singilni qo‘shib (nikohlab) olishingiz (ham harom qilindi)" (Niso surasi, 23-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyatni kengroq sharhlab, bu taqiq nafaqat ikki opa-singilga, balki ona va ota tomondan xola va jiyanga[1] ham tegishli ekanining xabarini berganlar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
ٱلۡيَوۡمَ أُحِلَّ لَكُمُ ٱلطَّيِّبَٰتُۖ
"Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi" (Moida surasi, 5-oyat).
Nimalar pokiza narsalar ekanini bilish, ularning ro‘yxati bilan tanishish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga murojaat qilish talab etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halol bo‘lgan narsalar bilan birga halol bo‘lmagan narsalarning ham xabarini berganlar. Agar u zot alayhissalom ularning ro‘yxatini ummatlariga e’lon qilmaganlarida har bir inson o‘zicha bu oyatni talqin qilgan bo‘lardi. Oqibatda halol bilan harom narsalarning chegarasi buzilib ketardi.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin, lekin yuqorida keltirilgan dalillar mavzuning mohiyatni ko‘rsatish uchun yetarli.
"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
[1] Bir kishi bir vaqtning o‘zida opa-singilni, jiyan bilan amma, xolalarni nikohiga olishi mumkin emas. Hadisda "Bir ayolning ustiga ammasi yoki holasi yoxud aka-ukalarining qizlari, opa-singillarining qizlari nikoh qilinmaydi" deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).