Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bilim har bir inson uchun birdek zarurdir. Biroq, u to‘g‘ri va tartibli olinmasa ko‘zlangan natijalarga erishilmaydi. Bugungi kunda tobora ko‘payib borayotgan har kim o‘zicha ilm o‘rganish illati haqiqiy bilimlarni yo‘q qilishga sabab bo‘lmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoq tizimlarining rivoshlanishi ham bu ofatga o‘z "hissa"sini sezilarli darajada qo‘shdi.
Kirish
Har bir sohada yuksak malakali, o‘z kasbining chinakam mutaxassisidan ilm olish lozim va lobuddir. Aks holda, bundan boshqa uslublar adashishga olib keladi. Birobarin, ustozdan ilm o‘rganish tartibiga barcha zamonlarda, hatto Payg‘ambarlar alayhimussalom va o‘tgan jamiki solihlar amal qilgan. Zero, bu ishonchli bilimga ega bo‘lishning yagona yo‘li sanaladi. Yana ilmni ustozdan o‘rganishning afzal jihati shundaki, talaba olimlarni qanday hurmat qilishni o‘rganadi (Qarang: "Adab al-ixtilaf" Shayx Muhammad Avvoma, 162-bet va "Ma’olim Irshodiyya", 159-bet).
O‘tgan salafi solihlar qog‘ozni shayx (ustoz) qilib olishdan Allohdan panoh so‘rab duo qilardilar (Shayx Muhammad Avvoma. "Ma’olim Irshodiya", 179-bet).
Quyida ilmni ustozdan olish haqiqatiga oid ba’zi dalilarni keltiramiz.
Qur’oni karim oyatlaridan dalillar
﴿فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ﴾
"Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar" (Anbiyo surasi, 7-oyat).
2. Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan ummatning hidoyati va ilmi uchun nozil qilingan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushuntirishlarisiz Qur’on ma’nolarini to‘liq va bexato anglab bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi:
﴿بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ﴾
"(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik" (Nahl surasi, 44-oyat).
Ushbu oyat bu masalada eng kuchli va eng aniq dalildir.
Hadislardan dalillar
عَنْ مُعَاوِيَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ وَإِنَّمَا أَنَا قَاسِمٌ وَاللهُ يُعْطِي وَلَنْ تَزَالَ هَذِهِ الْأُمَّةُ قَائِمَةً عَلَى أَمْرِ اللهِ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَالَفَهُمْ حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللهِ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ.
3. Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi", dedilar (To‘rtovlari rivoyat rivoyat qilganlar).
"Sahih al-Buxoriy"ga sharh yozgan mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh bunday izohlaydi: "Demak, ishonchli ilm faqat payg‘ambarlar (anbiyo) va ularning vorislaridan (ulamolardan) olingan ilmdir".
Alloma Ayniy rahimahulloh ham ushbu hadisni shunday sharhlagan. Yuqoridagi ikki muhaddis ham bu hadisni hasan (yaxshi) deb hisoblaganlar.
4. Alloma Shotibiy rahimahulloh bu fikrga urg‘u berib yozadi: «Buning dalili ushbu hadisdir: "Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug‘urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘raladilar va ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natidaja adashadilar va adashtiradilar", deganlarini eshitdim"» (Imom Buxoriy rivoyati. 100-hadis).
Yana bunday yozadi: "Shunday ekan, ilm kaliti – uning ko‘tarib yuruvchilari ekaniga shubha yo‘q" ("Adab al-ixtilaf", 174-bet).
5. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh ushbu hadisning sharhida Imom Ahmadning "Musnadi"dan bir parcha keltiradi, unda bunday deyiladi: "Albatta, ilm ahlining tark etishi – aynan ilmning ketishidir" ("Fathul-boriy").
Payg‘ambarlar alayhimussalomdan misollar
6. Aytilishicha, Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lgunlariga qadar Luqmon Hakimdan ko‘p ilmlar o‘rganganlar (Tafsir al-Qurtubiy(.
7. Luqmon Hakim o‘g‘liga bunday nasihat bergan: "O‘g‘lim, olimlarga yaqin va doimo ular bilan birga bo‘l. Albatta, Alloh taolo yerni yomg‘ir bilan tiriltirganidek, qalblarni hikmat bilan tiriltiradi" ("Jomi’u bayonil ilm"; "Ma’olim irshodiya", 164-bet).
8. Muso alayhissalomning Hizr alayhissalom bilan birga bo‘lganlari ma’lum va mashhur .
9. Yusha’ ibn Nun alayhissalom payg‘ambarlik kelishidan oldin uzoq vaqt Muso alayhissalom bilan birga bo‘lganlar.
Salafi solihlarning so‘zlari
10. Shuningdek, tobeinlar davrida kim biror ilmi borligini da’vo qilsa, undan bu ilmni kimdan olgani so‘ralgan (Qarang: Imom Muslimning "Sahih" asarining kirish qismi).
11. V asrning mashhur muhaddisi Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh o‘zining "Taqyidul-ilm" asarida bunday yozadi: "Klassik davrning ko‘plab olimlari vafot etganlarida o‘zlarining kitoblarini yo‘q qilishdi yoki boshqalarga ham shunday qilishni buyurdilar. Ular hukmlarni tushunmaydigan va kitobdan faqat tashqi ma’nolarni oladigan johillar qo‘liga tushib qolishlaridan qo‘rqib shunday qildilar".
Keyin bu ishni qilgan mumtoz olimlarning nomlarini sanab o‘tdi. Ulardan: Imom Obid Salmoniy, Imom Sho‘ba ibn Hajjoj, Imom Abu Kilyaba va Imom Iso ibn Yunus rahimahulloh (61-62 betlar).
12. Imom Abu Hanifa rahimahullohga masjidda halqa (doira)da o‘tirib, fiqhiy masalalar haqida bahslashayotgan bir guruh odamlar haqida xabar berilganida, u kishi: "Ularning rahbari (o‘qituvchisi) bormi?" degan savollariga "yo‘q" degan javob bo‘lganda: "Bu odamlar hech qachon fiqhni egallamaydilar" deganlar (Shayx Muhammad Avvoma. "Adab al-ixtilaf", 164-bet va "Ma’olim irshodiya", 163-bet; "Al-Faqih val Mutafaqqih", 2-jild, 83-bet).
13. Bir kuni Imom Molik rahimahullohdan "Kishi ilm olishda olimlar bilan suhbatlashmasdan, faqat kitob o‘qib qanoatlansa ilm oladi-mi?" deb so‘rashdi. Imom Molik rad javob berdi va bunday dedi: "Ilm faqat uni yod olgan, olimlarga hamroh bo‘lgan, o‘z ilmiga amal qilgan va to‘g‘riso‘z halol kishidangina olinadi" ("Adab al-ixtilaf", 165-bet; "Ma’olim Irshodiya", 163-bet).
14. Ibn Rushd rahimahulloh yozadi: "Qadimgi zamonlarda bilim odamlarning qalbida bo‘lgan. Keyin u kitoblarga o‘tkazildi, ammo kalitlar hali hamon odamlarning qalbida qolmoqda. Shu sababli, talaba, albatta, unga munozaralar va tushunish yo‘llarini ochadigan murabbiyga muhtoj" ("Adab al-ixtilof", 174-bet; "Ma’olim irshodiya", 174-bet).
15. Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh yozadi: "Har bir talabaning qiyin savollarga javob olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ustozi bo‘lishi kerak" ("Al-Faqih val-mutafakkih", 2-jild, 83-bet; "An-Nasiha yoki Ahlil-Hadis", 259-bet).
16. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: "Agar o‘quvchiga ilm sirlarini ochib (tushuntirib) beradigan olim bo‘lmasa, kitoblarning o‘zi hech qanday foyda keltirmaydi. Bu hammaga ma’lum haqiqat" ("Adab al-ixtilaf", 178-bet).
O‘tgan salafi solihlarning tutgan yo‘li
O‘tmish olimlarining hayotini o‘rgangan kishi ular uzoq vaqt sarson-sargardonlikda va o‘z ustozlari davrasida o‘tkazganlarining guvohi bo‘ladi.
Bu sahobalar, tobe’inlar va ularga ergashganlarning hayotida yaqqol namoyon bo‘luvchi holatdir. Ular ilmni o‘zlaridan oldingilardan olganlar. Binobarin tobe’in bu nomni faqat sahobalar bilan aloqa qilgandan keyin olishi mumkin edi. Shunchaki bir necha darslarga qatnashish (bugungi kunda odatiy holga aylangan) "mulozama" – qat’iyatlilik hisoblanmaydi (Qarang: "Maolim irshodiya"dagi izohlar, 177-bet).
17. Imom Molik rahimahulloh aytadilar: "Ba’zi shogirdlar o‘ttiz yil davomida o‘qituvchilarining darslarida qatnashgan" ("Adab al-ixtilaf", 171-bet).
10 ta misol :
1. Nu’aym Mujmir rahimahulloh Abu Hurayra roziyallohu anhu huzurida 20 yil yashadi ("Adab al-ixtilaf", 171-bet).
2. Sobit Bunoni rahimahulloh Anas roziyallohu anhu bilan 40 yil yashadi ("Adab al-ixtilaf", 171-bet).
3. Nofi’ ibn Abdulloh aytadilar: "Men 40 yil davomida Imom Molik rahimahullohning darslarida qatnashdim" ("Adab al-ixtilaf", 172-bet).
4. Ka’nabiy ham Imom Molik rahimahumulloh huzurida 20 yil o‘tkazdilar ("Tartibul madarik").
5. Imom Abdurahmon ibn Qosim rahimahulloh Imom Molik roziyallohu anhu bilan birga 17 yil yashadilar ("Tartibul Madarik"; Qarang: "Safahat min sabril ulama", 116-bet).
6. Muhammad ibn Ja’far 20 yil Shu’ba rahimahulloh bilan birga bo‘ldilar ("Xulasatul Xazrojiy", 330-bet).
7. Abu Safvon, Abdulloh ibn Abdumalik Ibn Jurayj rahimahulloh bilan 10 yil birga bo‘lgan ("Sahih Muslim" 3353-hadis).
8. Muhammad ibn Bashar 20 yil Yahyo Qatton rahimahulloh bilan birga bo‘ldi.
9. Salama ibn Shabib 40 yil Imom Abdurazzoq rahimahulloh huzurida bo‘ldi ("Al-Jomi’u li axlaqir-roviy", 2-jild, 265-bet).
10. Imom Muslim Imom Buxoriy rahimahullohga olti yil hamrohlik qildi ("Siyar a’lam an-Nubala").
19. Hanafiy faqihi Ibn Nujaym rahimahulloh buning sababini bayon qiladi: "Ilmga muntazam murojaat qilmasdan, doimiy izlanish va ustozsiz erishib bo‘lmaydi" ("Adab al-ixtilaf", 172-bet).
20. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: "O‘z davrida mashhur bo‘lgan va omma tomonidan qabul qilingan har bir taniqli olimning o‘z davrida murojaat qiladigan ustozlari bo‘lgan" ("Adab al-ixtilaf", 176-bet).
21. Ilm yo‘lidagi safarlar.
Bu yerda muhokama qilinadigan yana bir nuqta, salaflarning sarson-sargardonlikda o‘tkazgan uzoq muddatlaridir. Kitob bilan qanoatlanish insonni safarga chiqib, musofirlikda uzoq yurtlarda qolishga majburlamaydi.
1. Imom Boqiy ibn Mahlad rahimahulloh ilm izlab ikki marta safarga chiqdilar. Ularning birinchisi 14 yil, ikkinchisi esa 20 yil davom etdi ("Safohat min sabril ulama", 60-bet).
2. Imom Ibn Manda rahimahulloh 45 yilni uydan uzoqda o‘tkazdilar ("Safohat min sabril ulama", 65-bet).
3. Imom Ya’qub ibn Sufyon Fasavi rahimahulloh: "Men 35 yildan beri safardaman", deganlar ("Safohat", 61-bet).
22. Yer yuzi bo‘ylab ilm izlagan olimlar
Tolibi ilmlar safarlari chog‘ida biror olim bo‘lgan hech bir shahar, qishloq yoki shaharchani e’tibordan chetda qoldirmadilar.
Ibn Javziy rahimahulloh Imom Ahmad rahimahulloh haqida bunday yozadilar: "Musnad"ini tuzishdan oldin butun (Islom) dunyosini uch marta kezgan ("Said al-Kasir"; "Safahat min sabril ulama", 54-bet) .
Ibn Muqriy rahimahulloh aytdilar: "Sharqdan g‘arbga to‘rt marta safar qildim va o‘n marta Baytul Maqdisni ziyorat qildim" ("Safohat min sabril ulama", 64-bet).
23. Faqat bitta ustoz emas!
Salaflar hech qachon bir-ikki ustoz bilan cheklanishmagan. Ularning muallimlari ba’zan minglab adadni tashkil qilgan.
1. Imom Buxoriy rahimahulloh: "Men 1080 ta ustozdan hadis yozdim", deganlar ("Hadyu as-sariy", 670-bet).
2. Imom Ibn Hibbon rahimahulloh dedilar: "Taxminan 2 mingdan ortiq ustozdan hadis yozib oldim" ("Tazkiratul-xuffoz", 3-jild, 921-bet).
3. Ibn Manda rahimahullohning 1700 nafar ustozi bor edi ("Tazkiratul-xuffoz", 3-jild, 1032-bet).
4. Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh 4 mingta ustozdan ilm olgan ("Tazkiratul-huffoz", 1-jild, 276-bet).
5. Imom Abu Hanifa rahimahullohning birgina tobe’inlardan 4 ming nafar ustozlari borligi xabarlardan kelgan (Ibn Hajar Haysamiy "Al-Xayratul-hison"; Qarang: "Asorul-hadis", 176-bet(.
6. Hofiz Iroqiy rahimahulloh Imom Qosim ibn Dovud Bag‘dodiy rahimahulloh haqida yozadi: "U zot: "6 ming shayxdan hadis yozdim", dedilar ("Safohat"ga izoh, 64-bet).
24. Zamonamizning beqiyos muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh "Adabul ixtilof" kitobida alohida ta’kidlab bunay yozadi: "Ular (ulamolar) ustozi bo‘lmagan kishiga hech qachon e’tibor bermaganlar va bunday kishini hatto u bilan gaplashishga ham loyiq ko‘rmaganlar, chunki u xato qilishga moyil edi".
25. Abu Ja’far Dovudiy o‘z davrining nufuzli ulamolarining fikriga e’tiroz bildirganda, ular bunday javob berdilar: "Ovozingni o‘chir! Sizning ustozingiz yo‘q" ("Adab al-ixtilaf", 164-bet).
26. Shayx Avvoma rahimahulloh aytadilar: "Har bir insonning nasl-nasabi bor. Talaba o‘z bilimi uchun o‘qituvchilaridan tashkil topgan nasl-nasabga ham muhtoj. O‘qituvchisi bo‘lmagan kishi, kimligi betayin va nasl-nasabi noma’lum odam kabidir. Uning hech qanday qadri ham, vazni ham yo‘q" ("Oltin qo‘llanma", Angliya, 8-bet; "Ma’olim irshodiya", 160-bet va "Adab al-ixtilaf", 164-bet).
Xatolarning o‘zgarishlari
27. Imomlar Muhammad ibn Sirin, Hakam ibn Atiyya va Voqiy ibn al-Jarroh rahimahulloh Bani Isroilning adashib ketishlariga asosiy sabab ota-bobolaridan qolgan kitoblardir, deganlar ("Taqyid al-Ilm", 61-bet va unga oid eslatmalar).
28. Darhaqiqat, ilmlarning jamlanishi ham odamlarning ulamolar darslariga kam qatnasha boshlagani sabab bo‘lgani uchun Imom Avzoiy rahimahulloh aytdilar: "Ilm ilmli kishilarning og‘zidan chiqqanida ulug‘ edi. Lekin u kitoblarga ko‘chganida nuri (ilohiy nuri) yo‘qoldi" ("Taqyid ul-ilm", 64-bet).
Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: "... kitoblarga kirganida, unga huquqi bo‘lmaganlar unga yo‘l olishdi!" ("Sunani Dorimiy", 467-hadis).
Eslatma!
Oldingi ikki iqtibosdan maqsad kitoblarni o‘zboshimcha o‘rganish noto‘g‘ri ekanini isbotlashdir. Asl odobi bu kitoblarni bilimdon ustoz hamrohligida o‘rganishdir. Biz o‘z oldimizga kitoblar obro‘sini tushirishni maqsad qilib qo‘ymaganmiz.
29. Shayx Muhammad Avvoma aytadi: "Olimlardan ilm olmagan, ularning huzurida uzoq vaqt bo‘lmagan, odatlarini o‘zlashtira olmaydigan odamdan qanday hurmat kutish mumkin? Bunday odam olimlarning qadrini qanday tan oladi? Shuning uchun, bunday odamlarning olimlarni tanqid qilishi ajablanarli holat emas! Kimki ulamolar majlislariga qatnashsa, haqiqatdan ham ularni hurmat qila boshlashi kafolatlanadi" ("Adab al-ixtilof", 172-bet; "Ma’olim irshodiya", 172-bet).
30. Alloma Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh aytadilar: "Kimki ilmni faqat kitobdan olgan bo‘lsa, o‘zgalarni yo‘ldan ozdiruvchilardan bo‘libdi" ("Fatvo Hadisiya"; Qarang: "Adab al-ixtilaf", 165-bet).
31. Imom ash-Shotibiy rahimahulloh yozadi: "Sunnatga qarshi bo‘lgan aksariyat buzuq toifa va guruhlarning hech qachon tayinli ustozi bo‘lmagan) ("Adab al-ixtilaf", 176-bet).
Xulosa
32. Bugungi kunda ayrim odamlarning diniy ilmlarni mustaqil ravishda o‘rganishi urf bo‘lmoqda. Eng yomoni, ba’zilar hech qanday ustoz yoki sohadagi malakali mutaxassisning nazoratisiz "fatvo" yoki "maqola"larini o‘qib olib, o‘zicha ilm tarqatmoqda.
33. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: "Ey birodarim! Ushbu oltita asossiz hargiz bilimga ega bo‘lmaysiz :Sabab, istak, qashshoqlik, sargardonlik, muallim va uzoq muddat ustoz nazorati ostida mashg‘ulotlar" ("Adab al-ixtilof", 162-bet; Qarang: "Ma’olim Irshodiya", 174-bet).
Alloh taolo muhtaram ustozlarimizning umrini uzun qilsin, ularning ilmidan foydalanishimizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati