Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Otangning orqasidan yur!

07.10.2024   4522   2 min.
Otangning orqasidan yur!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَطَاءٍ قَالَ: لَا يَؤُمُّ الرَّجُلُ أَبَاهُ وَإِنْ كَانَ أَفْقَهَ مِنْهُ.

Atodan rivoyat qilinadi:

«Kishi otasiga imom bo‘lmaydi. Agar otasidan faqihroq bo‘lsa ham».

Sharh: Ota-bola bor. O‘g‘il olim, otaning ilmi unchalik emas. Shunday bo‘lganda ham, o‘g‘il otaga imomlik qilmaydi.

Bu otaning hurmati uchun aytilgan gap. Demak, o‘g‘il otaning oldiga tushmasin, imom bo‘lmasin. Agar otasining ilmi o‘g‘linikichalik bo‘lmasa ham, ota imom bo‘lgani afzal ekan.

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ مُحَمَّدِ بْنِ عَبْدِ الْقَارِيِّ قَالَ: رَآنِي عُمَرُ بْنُ عَبْدِ الْعَزِيزِ وَأَنَا أَمْشِي إِلَى جَنْبِ أَبِي، فَقَالَ: لَا تَمْشِ إِلَى جَنْبِ أَبِيكَ، إِنَّمَا يَنْبَغِي لَكَ أَنْ تَمْشِيَ وَرَاءَهُ. قَالَ: فَإِنِّي أَتَوَكَّأُ عَلَى يَدِهِ. قَالَ: فَهَاهْ.

Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Abdulqoriydan rivoyat qilinadi:

«Umar ibn Abdulaziz otamning yonida ketayotganimni ko‘rib, «Otangning yonida yurma! Sen otangning orqasidan yurishing kerak!» dedi. Shunda otam: «Men uning qo‘liga tayanib ketyapman», dedi. «Unday bo‘lsa, mayli», dedi».

Sharh: Demak, ota-bola yo‘lda yurib ketayotgan bo‘lsa, bola otaning orqasida yursin. Otaning ehtiromi, hurmati, ulug‘lanishi mana shu darajadadir. Agar ota o‘zi ruxsat bergan bo‘lsa yoki rivoyatdagi kishiga o‘xshab o‘g‘liga suyanadigan bo‘lsa yoki yukini ko‘tarishib kelsa, mayli.

Bu rivoyatda Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhining begona bir bolaga otasini hurmat qilish bo‘yicha dars berishlari diqqatga sazovor. Musulmonlar hamisha mana shunday yo‘l tutib, jamiyatda islomiy odob-axloq qaror topishiga hissa qo‘shadilar.

Musulmon xalqlarda barcha zamonlar va makonlarda kattalar kichiklarga tarbiyachi, maslahatchi, ustoz, tanqidchi bo‘lib kelganlar. Bu ishni kattalar o‘z burchlari deb, kichiklar o‘zlari uchun foydali saboq deb qabul qilganlar.

Shu yo‘l bilan xalq o‘zini o‘zi tarbiyalab borgan. Kattalar o‘z zimmalaridagi amri ma’ruf va nahyi munkar vazifasini ado etganlar. Kichiklar ulardan dars olganlar, tajriba o‘rganganlar.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Boshqa maqolalar

Yetkazib berish kechikkani sababli qo‘shimcha taom berish

07.07.2025   7499   1 min.
Yetkazib berish kechikkani sababli qo‘shimcha taom berish

Savol: Ba’zi yemakxonlar taom yetkazib  berishni kechiktirgani uchun buyurtmadan tashqari qo‘shimcha taom taqdim etar ekan. Shu ish joizmi? Agar reklamada qo‘shimcha bepul taom berish emas, balki yetkazib berilgan taomning pulini olmaslik aytilgan bo‘lsa, hukm qanday bo‘ladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

1. Taomga buyurtma berish bitimi shariatdagi istisno’, ya’ni buyurtma asosida ma’lum mahsulotni tayyorlab berish shartnomasiga to‘g‘ri keladi. Agar savoldagi shart faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida alohida bunday shart qo‘yilmasa, sotuvchi tarafidan berilgan bu va’da joiz hisoblanadi va unga vafo qilishi kerak bo‘ladi.

Agar buyurtma berishda yetkazib berish kechikishi sababli qo‘shimcha taom berish sharti qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Bitimdagi bunday shart moliyaviy jarima sanaladi. Mahsulot tayyorlab berish (istisno’) bitimida sotuvchiga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashga ruxsat etiladi.

Demak, qo‘shimcha bepul taom berish va’da ko‘rinishida bo‘lsa ham, shartnomada aks etgan bo‘lsa ham joiz ekan.

2. Yetkazib berish kechiksa, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik faqat reklamada aks etib, buyurtma jarayonida bunday shart qo‘yilmasa, bu ham sotuvchi tarafidan berilgan va’da bo‘ladi va joiz hisoblanadi. Ammo buyurtma berish jarayonida yuqoridagi shart qo‘yilsa, bu shartnomaning bir qismiga aylanadi. Shartnomada esa buyurtma summasidan voz kechish shartini qo‘yish durust emas.

Demak, buyurtma qilingan taomning pulini olmaslik va’da ko‘rinishida bo‘lsa joiz, bitimda shart qilinsa, joiz emas. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi