Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mashhur faqih, usuliy alloma shayx Muhammad Adnon ibn Yosin Darvish 1970 yil 17 noyabrda Suriyaning Damashq shahrida tavallud topgan.
Misrning “Al-Azhar” universitetining bakalavriati (shariat va qonun fakulteti) va magistratura bosqichini (usulul fiqh) tamomlagan.
Usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy unvoniga ega.
«Abdulaziz Buxoriyning usulul Bazdaviyga sharhi “Kashful asror” asarining ilmiy tahqiqi» mavzusidagi magistrlik ilmiy ishini himoya qilgan.
“Ibn Hojibning usuldagi fikrlari” doktorlik ilmiy ishi birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Damashq shahri va viloyatidagi o‘rta maktablarda mudarrislik qilgan.
1989 yildan Fath Islom institutida, 2006 yildan ushbu ta’lim dargohining yuqori universitet qismida dars berib keladi.
2014 yildan buyon Turkiyaning Istambul shahridagi Sabohuddin Zaim masjidida mudarris sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shom oliy ma’hadida fiqh va mazhablar fiqhi bo‘yicha ham mudarrislik qilgan. Damashq viloyatidagi Huda ma’hadining asoschisi va mudiri sanaladi.
O‘tgan zabardast ulamolar, xususan Imom Suyutiyning “Sahihi Muslim”ga yozilgan “Deboj” nomli sharhini, Imom Kosoniyning “Badoi’us-sanoi’” kitobini, “Hidoyatul Fattoh fi zikri adillati nurul iyzoh” kitobini, Meros ilmiga oid “Sirojiya” kitobi sharhini, Munziriyning “Arba’iyn fi istisno’il ma’ruf” kitobini, Imom Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini, Imom Musiliyning “Ixtiyor” kitobini, “Sahihul Buxoriy”ning eng katta sharhlaridan bo‘lmish “Najohul qoriy bisharhil Buxoriy” kitobini sharhlagan va tahqiq qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Aksa urish Alloh taolodan, esnash esa shaytondandir. Shuning uchun qachon birortangiz esnasa, qo‘lini og‘ziga qo‘ysin. Agar (esnagan paytda): “ooh, ooh” desa, shayton uning ichida kuladi. Alloh taolo aksa urishni yaxshi ko‘radi, esnashni yomon ko‘radi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
1. Aksirganda qo‘li yo kiyimini og‘ziga qo‘yish.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aksirganlarida qo‘llarini yoki kiyimlarini og‘zilariga qo‘yardilar va u bilan ovozlarini pasaytirardilar” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu sunnatga amal qilish tufayli aksirgan paytda yonidagi kishilarga aziyat berishdan saqlangan bo‘ladi.
2. Aksirganda ovozini pasaytirish.
Aksirishda juda baland ovoz chiqarish odobsizlikdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa, ikki kaftini og‘ziga qo‘ysin va ovozini pasaytirsin”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
3. Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish.
Aksirgandan keyin Allohga hamd aytish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdu lillah” (Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum (Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
4. Aksirib Allohga hamd aytgan kishiga “tashmit” aytish. Musulmon kishining haqlaridan biri aksirganda unga tashmit aytish hisolanadi. Aksirgandan so‘ng Allohga hamd aytgan kishiga “Yarhamukalloh”, deb aytishdir.Tashmit aytish uchun, aksirgan odam Allohga hamd aytishi kerak bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa “alhamdulillah”(Allohga hamd bo‘lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum”(Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD